Identiv o‘quv maqsadlar:
1. Mirzo Ulug‘bekning hayoti haqida tushunchaga ega bo‘ladi.
2. Mirzo Ulug‘bekning “Ziji Ko‘ragoniy” asarni biladi.
3. Mirzo Ulug‘bekning ilmiy merosini sharhlay oladi.
4. Mirzo Ulug‘bekning o‘z akademiyasidagi faoliyatini izohlaydi.
2-asosiy savolning bayoni:
Ulug‘bek (1894-1449)
Nomi Sharq musulmon olamidagina emas, G‘arbdagi xristian dunyosida ham bir necha asrlar mobaynida yod etilib va e’zozlanib kelinayotgan buyuk zotlardan biri soxibqiron Amir Temurning suyukli nabirasi, Shoxruh Mirzoning o‘g‘li-Muhammad Tarag‘ay- Mirzo Ulug‘bek xazratlari (1394-1449 yy.)dir.
Hazrat Alisher Navoiy ta’biri bilan aytadigan bo‘lsak, Amir Temur naslidan chiqqan Ulug‘bekdek sultonni olam hali ko‘rgan emas. Mirzo Ulug‘bek sultonlar o‘rtasida donishmand, donishmandlar tepasida esa sulton sifatida tarixda ma’lum va mashhurdir.
Jahonda Ulug‘bek nomi bilan shuhrat qozongan Muhammad Tarag‘ay 1394 yil 22 martda tug‘ildi. Bobosi Amir Temurning katta xotini Saroymulk-Bibixonim tarbiyasini olib ulg‘aydi. Amir Temur unga aloxida e’tibor bilan qaragan. Saroyda bo‘ladigan maslahatlar, olimlar bilan bo‘ladigan uchrashuvlar va suhbatlarda, chet ellardan kelganlarni qabul qilishlar, shuningdek harbiy mashqlar va yurishlarida Ulug‘bekni ishtirok zttirgan. Amir Temur o‘z nabirasi Ulug‘bekni qilichboz sarkarda emas, balki buyuk olim bo‘lib yetishishini orzu qilgan va shu yo‘lda unga xomiylik qilgan.
Mirzo Ulug‘bek yoshlik paytlaridanoq qaerda bo‘lmasin, olimlar, shoirlar, san’atkorlar, ulamolar, shayxlar, dunyoga taniqli allomalar davrasida bo‘lgan, ilmiy baxslardan ma’naviy bahra olgan, ilhomlangan, ulardan ko‘p narsa o‘rgangan, asta-sekin ko‘zi pishib, aqli teranlashib, fikran boyib, dunyoqarashi kengayib va chuqurlashib borgan.
Buyuk bobosi Amir Temur vafot etgan paytda 15 yoshda, Movarouniaxrni boshqarishdek og‘ir, murakkab vazifa topshirilganda Mirzo Ulug‘bek endigina 19 yoshga to‘lgan edi. Ammo uning podshoxligi temuriylar saltanatining saodatli davri sanaladi.
O‘ta murakkab, alg‘ov-dalg‘ovli va ziddiyatli bir sharoitda yashagan va shakllangan Ulug‘bek mamlakatning siyosiy va iqtisodiy hayotini boshqarish bilan bir qatorda ilmiy ishlar bilan shug‘ullangan, olimlarga rahnamolik qilgan, o‘z ustida tinimsiz ishlab, o‘tmish ilmiy bilim xazinalarini tinmay o‘rganish, mutolaa qilish, ilmiy falsafiy tafakkurini mutassil kengaytirish va chuqurlashtirish bilan mashg‘ul bo‘lgan. Ulug‘bek Axmad Farg‘oniy, Muso Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayxon Beruniy singari o‘tmishdoshlarining falsafa, mantiq, tarix, matematika, astranomiya, tabiatshunoslik va fiqhga oid asarlarini katta qiziqish bilan o‘rgandi. Yunon olimlaridan Platon, Aristotel, Ptolomeyning klassik asarlari bilan tanishdi. Ilm-fan va madaniyatning, tarix ilmi va falsafaning Ulug‘bek e’tiboridan chetda qolgan biron-bir sohasi bo‘lgan emas.
O‘tmish ajdodlardan, xususan, Markaziy Osiyo qomusiy aql egalaridan qolgan madaniy meros, umuminsoniy mazmundagi ma’naviy qadriyatlar Ulug‘bek ilmiy falsafiy dunyoqarashi rivojida manba bo‘lib xizmat qildi. Ulug‘bekning bilimi va tafakkuri zamondoshlaridan bir necha bor o‘zib ketgan edi.
Ulug‘bek boshqa ko‘pgina xukmdorlardan farqli o‘laroq, ham davlat arbobi, ham asl olim sifatida faoliyat ko‘rsatdi, olimlikni arboblik, arboblikni olimlik bilan qo‘shib olib bordi, ilmu amal yo‘lini o‘z faoliyatida birlashtirdi.
Davlat arbobi sifatida qurilish ishlarini haddan tashqari rivojlantirdi, poytaxtni me’morchilik san’ati bilan bezadi, ulkan binolar bilan obod qildi, o‘zigacha boshlangan qurilishlarni nihoyasiga yetkazdi.
Ulug‘bek zamonasida Samarqandda «Shohi Zinda», «Go‘ri Amir» maqbarasi singari yirik arxitektura ansambllari, Registonda katta xonoqo, bir qancha hammom va kutubxonalar qurildi. Hunarmandchilik, ishlab chiqarish va savdo rivojlandi. Uning Farmoniga binoan 1420 yilda Buxoro va Samarqandda, 1432— 1438 yillarda G‘ijduvonda madrasalar kurildi. Mirzo Ulug‘bek xukmronligi davrida adabiyot, san’at, tarix falsafa, tibbiyot bilan bir qatorda matematika, astranomiya ham tez rivojlandi.
O‘zi allomai jahon hisoblangan Mirzo Ulug‘bek fan va madaniyat tarakqiyotiga alohida ahamiyat berib, atrofiga o‘z zamonasining eng buyuk olimlari, astronomlar va matematiklarni to‘plab, ular bilan yaqin ilmiy muloqotda bo‘lib, ilmiy yo‘nalish va yo‘l yo‘riqlar berib turdi.
Ulug‘bek davrida «Zubdat ut tavorix» (Salnomalar qaymog‘i») nomli ajoyib asar yozgan tarixchi Lutfulla Xofizi Abru (1431) yilda vafot etgan), «At tarifati Jurjoniy» nomli falsafiy risola muallifi Ali ibn Muhammad Jurjoniy (vafoti-1413), mashhur tibbiyot olimi Mavlono Nafis, lirik shoirlardan Sirojiddin Basoton Samarqandiy (1412 yilda vafot etgan), Hayoliy Buxoriy (1449 yilda olamdan ko‘z yumgan), 1409-1410 yillarda yozilgan «Yusuf va Zulayxo» dostoni muallifi Badaxshiy Durbek, qasida janrini vujudga keltirgan Sakkokiy (1465 yoki 1468 yilda vafot qilgan) va boshqa ko‘plab taniqli olim va san’atkorlar yashab ijod etishgan.
Matematika va astronomiya ilmida peshqadam, «Aflotuni zamon» laqabiga sazovor bo‘lgan Salohiddin Muso Qozizoda Rumiy, taniqli matematik va astranom G‘iyosiddin Jamshid ibn Mas’ud, uning o‘g‘li Mansur Koshiy, o‘z davrining Ptolomeyi degan nom olgan Ali Qushchi, Mirab Chalabiy singari yirik olimlar ham Ulug‘bekning rahbarligi ostida samarali ilmiy tadqiqot ishlarini olib borganlar.
Ulug‘bek fan va madaniyatda, ayniqsa, matematika va astranomiya ilmida mavjud bo‘lgan imkoniyatlarni, ilmning hamma sohalari bo‘yicha o‘ta qobiliyatli va iste’dodli olimlarning borligini e’tiborga olib yangi oliy maktab - ilmu tafakkur markazini yaratishga qaror qildi. Ana shu maqsadda qurilgan madrasalar ichida eng muhtashami va mashhuri - Samarqanddagi Ulug‘bek madrasasidir. 1420 yilda Madrasa ochilgan kuni birinchi bo‘lib ma’ruzani Mavlono Shamsiddin Muhammad Xavafiy mudarris sifatida o‘qigan. Muhammad Xavafiyning olimlardan 90 kishi ishtirokida o‘qigan ma’ruzasini o‘ta chuqur ma’noli, juda murakkab, ilm-fanning barcha sohalarini qamrab olganligi hamda muammoli tarzda bo‘lganligi sababli Ulug‘bek bilan Qozizoda Rumiydan boshqa hech kim tushunmagan.
Zamonasining dorulfununi hisoblangan Samarqand madrasasi hamda boshqa madrasalarda Qur’on, hadis, tafsir, fiqh (din va shariat qonun qoidalari bilan bir qatorda riyoziyot, xandasa (geometriya), ilmi hay’at (astranomiya), tibbiyot, tarix, geografiya, ilmi aruz (poetika), arab tili va uning grammatikasi kabi dunyoviy ilmlar ham o‘qitilgan. Madrasa o‘z davrining yirik ilmiy markazga aylangan. Ulug‘bek yirik olimlar va ko‘pchilik shogirdlari bilan birgalikda muntazam ilmiy ishlar olib borgan.
Ulug‘bek 1424-1428 yillarda Samarqand yaqinidagi Obiraxmat anhori yonidagi tepalikda rasadxona qurdirdi. Olimlarning qoyil qolib aytishlaricha, Samarqandda barpo etilgan Ulug‘bek rasadxonasiga o‘zining jihozi, ilmiy yutuqlari bilan tenglasha oladigan rasadxona jahonda na undan oldin, na undan keyin ham yaratilgan emas. U aholi o‘rtasida «Naqshi jahon» degan nom bilan shuhrat qozongan. Rasadxonada olib borilgan kuzatish va tadqiqotlar tufayli 1018 qo‘zg‘almas yulduzlarning o‘rni va holati aniqlanib, ularning astronomik jadvallari tuzilgan. Ulug‘bekning astronomik jadvali va uning rahbarligida bino qilingan rasadxona o‘sha davr astronomiya fani yutuqlaridan bo‘lib, fan taraqqiyotida chuqur iz qoldirdi.
Qomusiy bilim egasi bo‘lgan Mirzo Ulug‘bek riyoziyot, falakkiyot, musiqashunoslik fiqh, tarix ilmlari sohasida ijod qilgan. Mirzo Ulug‘bek «Bir darajaning sinusini aniqlash haqida risola», «Risoda dar ilmi musiqa», «Risolai Ulug‘bek» nomli asarlardan tashqari «Tarixi arba’ ulus» («To‘rt ulus tarixi») degan yirik tarixiy kitobning ham muallifidir. Olimning nomini butun dunyoga yoygan, unga shon-shuhrat keltirgan bebaho asar - «Ziji jadidi Kuragoniy»dir. Bu asar Ulug‘bekning yigirma yil davomida olib borgan astronomik kuzatishlari natijasi bo‘lib, uning asosiy qismi yulduzlar jadvalidan iboratdir. Ulug‘bek o‘limidan keyin ikki yuz yil davomida bu jadval o‘zining aniqligi va ilmiyligi bilan tengi yo‘q hisoblanib kelgan.
Mirzo Ulug‘bek hayoti, amaliy faoliyati ilm - fan taraqqiyotiga bag‘ishlangan edi. U ilm yordamida kelajakni oldindan ko‘rdi. Ulug‘bekning astronomiya va boshqa fanlar sohasidagi kashfiyotlari va ilmiy ta’limotlari insoniyatning keyingi ilmiy tafakkuri rivojiga favqulodda muhim zamin tayyorlab berdi.
Mirzo Ulug‘bek tavalludining 600 yilligiga bag‘ishangan tantanali yig‘ilishda so‘zlagan nutqida Prezidentimiz aytganidek «Taqdir bu ulug‘ zotning zimmasiga bexad ulkan va mashaqqatli vazifalar yukladi. Buyuk sarkarda Amir Temur bunyod etgan saltanatning vorisi bo‘lishdek mislsiz sinov aynan unga nasib etdi. O‘zining cheksiz aql idroki, azmu qat’iyati, odilona siyosati bilan Mirzo Ulug‘bek qariyb qirq yil mobaynida Movarounnaxr diyorining donishmand xukmdori bo‘lib, xalqlarning azaliy orzusi — tinchlik totuvlik har tomonlama taraqqiyotni qaror toptirish yo‘lida mislsiz shijoat va matonat ko‘rsatdi»11. Uning umumbashariy qadriyatlarga qo‘shgan hissasi beqiyos bo‘lib, u bugungi kunda ham hayotimizda ulkan ahamiyat kasb etmoqda va O‘zbekistonning xalqaro obro‘sini oshirish yo‘lida katta xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiniig farmoniga binoan 1994 yil Mirzo Ulug‘bek tavalludining 600 yilligi munosabati bilan mamlakatimizda katta tantanalar va xalqaro ilmiy anjumanlar o‘tkazildi. Larijda ham YuNESKO qarori bilan uchrashuvlar va konferensiyalar bo‘lib o‘tdi.
Ulug‘bek 1394 yilning mart oyida Eronning g‘arbidagi Sultoniya shahrida, bobosi Temurning harbiy yurishi paytida tug‘ildi. U Shohrux Mirzoning to‘ng‘ich o‘g‘li bo‘lib, unga Muhammad Tarag‘ay ismi berilgan, lekin bolaligidayoq u Ulug‘bek deb atala boshlab, bu atama keyinchalik uning asosiy ismi bo‘lib qoldi.
Ulug‘bekning bolalik yillari bobosi Temurning harbiy yurishlarida o‘tdi. 1405 yil Xitoyga qilinayotgan yurish boshida Temur vafot etgach, ikki yil davomida uning avlodlari o‘rtasida taxt uchun kurash davom etdi va bu kurashda Temurning kenja o‘g‘li Shohruxning qo‘li baland keldi. Lekin Shohrux o‘ziga poytaxt qilib Hirotni tanlab, Movarounnahr poytaxti Samarqandni esa o‘g‘li Ulug‘bekka topshirdi. Shunday bo‘lsa ham Shohrux Eron va Turonning yagona xoqoni deb hisoblanardi.
Shohrux to‘ng‘ich o‘g‘li Ulug‘bekni 1411 yili Movarunnahr va Turkistonning hokimi etib tayinlaydi. Ulug‘bek 17 yoshida hokim bo‘lib, bobosidan farqli o‘laroq harbiy yurishlar bilan qiziqmas, lekin ko‘proq ilm-fanga moyil edi. Afsuski, Ulug‘bekning boshlang‘ich ma’lumoti va murabbiy hamda ustozlari haqida aniq ma’lumot saqlanmagan. Ulug‘bek bolalik yillarida buvisi Saroymulk xonim tarbiyasida bo‘lgan. Albatta biz bu ayol o‘zining sevimli nabirasiga o‘quv-yozuvni o‘rgatgani hamda tarixiy mavzudagi hikoya va ertaklarni so‘ylab berganligini taxmin qilshimiz mumkin. 1405-1411 yillarda amir Shoh Malik yosh mirzoning og‘abegi bo‘lgan. Lekin u Ulug‘bekka asosan harbiy va siyosiy tarbiya bera olishi mumkin edi.
Ulug‘bekning ustozlaridan biri munajjim Mavlono Ahmad bo‘lganligini taxmin qilish mumkin, chunki bu kishi Amir Temurning saroyidagi eng yirik olimlardan bo‘lib, sayyoralarning kelajak ikki yuz yillik taqvimlari jadvallarini tuza olgan. Lekin Ulug‘bekning o‘zi keyinchalik asosiy asari bo‘lmish «Zij»ida faqat Qozizoda Rumiyni «ustozim» deb ataydi. Haqiqatan ham Qozizoda 1360 yillarda tug‘ilgan bo‘lib, 20-25 yoshlarida, ya’ni Ulug‘bek tug‘ilmasidanoq Amir Temurning safiga o‘tadi. Natijada Ulug‘bek umrining ilk davridanoq Mavlono Ahmad va Qozizoda Rumiy kabi astronom va matematiklar ta’sirida ulg‘ayadi. Shu sababli uning hayotida aniq fanlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Ulug‘bek yigirma yoshlarida o‘z davrining yirik olimlaridan bo‘lib, uning hokimligi davridagi muhim yangiliklar butun o‘rta asr madaniyati tarixida ulkan ahamiyat kasb etdi. Ulug‘bekning xodimi bo‘lmish G‘iyosiddin Jamshid Koshiy 1417 yili Samarqanddan Koshonga otasiga yozgan maktubida Ulug‘bekning faoliyati va bilimdonligini quyidagicha ta’riflaydi: «Allohga va uning ne’matlariga shukronalar bo‘lsinkim, yetti iqlimnipg farmonbardori, Islom podshohi (ya’ni Ulug‘bek A.A.) donishmand kishidirlar. Men bu narsani odob rasmi yuzasidan aytayotganim yo‘q. Haqiqat shuki, avvalo u kishi Qur’oni karimning aksariyat qismini yoddan biladilar. Tafsirlarni va mufassirlarning har bir oyat haqidagi so‘zlarini aqlda saqlaydilar va yoddan biladilar va arabchada g‘oyat yaxshi yozadilar. Shuningdek u kishi fiqhdan ancha xabardorlar, mantiq ma’nolarining bayoni va usullaridan ham xabardorlar.
U kishi riyoziyot fanining barcha tarmoqlarini mukammal egallagan va shunday jiddiy mahorat ko‘rsatganlarki, kunlardan bir kuni otda ketayotib, 818 yil rajab oyining o‘ninchi va o‘n beshinchi kunlari orasidagi (melodiy 1415 yil 15-20 sentabr) dushanba kuni yil mavsumining qaysi kuniga munosib kelishini aniqlashni aytadilar. Shunga ko‘ra otda ketayotib, hayoliy xisob bilan Quyoshning taqvimi o‘sha kuni bir daraja va ikki daqiqa ekanligini topdilar. Keyin otdan tushgach, xisob to‘g‘riligini bu bandai bechoradan (Koshiydan - A. A.) so‘rab, aniqlab oladilar.
Haqiqatan ham, xayoliy hisobda ko‘p miqdorlarni yodda tutmoq o‘sha boshqa miqdorlarni bularga asoslanib topmoq kerak. Lekin insonning yodlash quvvati zaifdir va u daraja daqiqalarini u qadar aniq topolmaydi. Inson bino bo‘lganidan beri shu kungacha hali hech kimsa bu qadar aniq hisoblay olmagan edi.
Qisqa qilib aytmoqchimanki, u kishi bu fan sohasida g‘oyat katta mahoratga erishganlar, yulduzshunoslikka taalluqli amallarni yashi bajaradilar va chuqur dalillar bilan xuddi keragidek isbotlaydilar. «Tazkira» va «Tuhfa»dan shu qadar zo‘r dars o‘tadilarki, ularga hech qanday qo‘shimcha qilishning hojati qolmaydi».
Ulug‘bekning ilmga qiziqqanligi va mamlakatning ravnaqini ko‘zlaganligi tufayli yangi usuldagi bilim yurti - maktab va madrasalar barpo qilishga qaror qilib, deyarli bir vaqtning o‘zida Samarqand, Buxoro va G‘ijduvonda uchta Madrasa barpo etadi.
Ulug‘bek atrofida to‘plangan Samarqand olimlari katta ahamiyat bergan eng muhim ilmiy yo‘nalishlardan biri astronomiya fani edi. Islomdagi eng avvalgi astronomik asarlar «Zij» deb atalib, ular asosan jadvallardan iborat bo‘lgan.
Ulug‘bekdan avval yozilgan eng mukammal «zij»lar Beruniyning «Qonuni Mas’udiy»si va Nasiriddin Tusiyning 1256 yili yozib, Xulaguxonga tavdim etgan «Ziji Elxoniy» asari edi. XV asr boshlarida yozilib, Shohruxga atalgan Jamshid Koshiyning «Ziji Xoqoniy» asari asosan xitoy va mo‘g‘ul an’analariga .asoslangan bo‘lib, Islom mamlakatlari uchun deyarli ahamiyatga ega emas va ilmiy jihatdan ham ancha sayyoz edi. Movarounnahrda esa mo‘g‘ul istilosidan keyin birorta «zij» yozilmagan edi. Ana shu sabablarga ko‘ra Ulug‘bek eng avvalo astronomik izlanishlarni yo‘lga qo‘yishi, buning uchun rasadxona barpo etishi kerak edi. Bu haqda Abu Toxirxo‘ja bunday xabar qiladi: «Madrasaga asos solingandan to‘rt yil keyin Mirzo Ulug‘bek Qozizoda Rumiy, Mavlono G‘iyosiddin Jamshid va Mavlono Muiniddin Koshoniylar bilan maslahatlashib, Ko‘hak tepaligida Obi Rahmat arig‘ining bo‘yida rasadxona binosini qurdiradi. Uning atrofida esa baland hujralar barpo etadi».
Rasadxona qurilishi 1424 yildan 1429 yilgacha davom etadi, Rasadxona bitishi bilan astronomik kuzatishlar boshlanib ketadi. Rasadxona bilan madrasaning birgalikdagi faoliyati Ulug‘bek ilmiy maktabida astronomiya va matematikani o‘rta asrlar davrida eng yuqori pog‘onaga ko‘tarish imkonini berdi.
Davlat ishlari bilan bog‘liq bo‘lgan yurish-ko‘chishlar, rasadxonadagi kuzatishlar va madrasadagi darslar, undan tashqari ilmiy ishlarga umumiy rahbarlik qilish ham Ulug‘bekning ko‘p vaqtini olardi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, bevosita Ulug‘bekning qalamiga mansubligi ma’lum bo‘lgan ilmiy asarlar son jihatdan ko‘p emas - ular to‘rtta.
Ulug‘bek ilmiy asarlarining eng asosiysi, ma’lum va mashhuri uniig «Zij»i bo‘lib, bu asar «Ziji Ulug‘bek», «Ziji jadidi Ko‘ragoniy» deb ham ataladi. «Zij»dan tashqari uning qalamiga mansub matematik asari «Bir daraja sinuslarni aniqlash haqida risola», astronomik asari «Risolayi Ulug‘bek» (yagona nusxasi Hindistonda Aligarx universiteti kutubxonasida saqlanadi, va tarixga doir «Tarixi arba’ ulus» («To‘rt ulus tarixi») asaridir.
Ulug‘bek «Zij»i o‘z tarkibiga ko‘ra VIII — IX asrlarda boshlangan astronomik an’anani davom ettirsa ham ilmiy darajasi ularga nisbatan beqiyos, balanddir. Bu asar ikki qismdan: keng muqaddima va 1018 sobita yulduzniig o‘rni va holati aniqlab berilgan jadvallardan iborat bo‘lib, muqaddimaning o‘zi mustaqil to‘rt qismni tashkil qiladi. Muqaddimaning boshida Qur’ondan yulduzlar va sayyoralarga ta’luqli oyatlar keltiriladi. Ulug‘bek bu bilan astronomik kuzatishlarning zarurligini g‘oyaviy asoslamoqchi bo‘ladi. Muqaddimaning keyingi qismida Ulug‘bek ushbu so‘zlarni bitgan: «So‘ng, larvardigor bandalarining faqiru haqiri, ulardan Allohga eng intiluvchisi Ulug‘bek ibni Shohrux ibni Temur Ko‘ragon bunday deydi...» Bu so‘zlardan ko‘rinadiki, «Zij»ning muallifi Ulug‘bekning o‘zi bo‘lgan. Biroq bu ishda unga yordam berganlarni Ulug‘bek quyidagi so‘zlar bilan odilona taqdirlaydi: «Ishning boshlanishi olimlar allomasi, kamolot va hikmat bayrog‘ini o‘rnatgan, tahlil va tahqiq maslagida bo‘lgan Qozizoda Rumiy deb shuhrat qozonmish janobi hazrat Mavlono Saloh al-milla vad din Musoning, unga rahmat va g‘afforlar bo‘lsun, va hazrat Mavlonoi A’zam, olamdagi hukamlarning iftixori, qadimgi bilimlarda mukammal, masalalar mushkilotlarini hal etuvchi Mavlono G‘iyosiddin Jamshid, Alloh taolo uning qabrini salqin qilsun, ikkisining qo‘llashi va yordamida bo‘ldi.
Ahvol boshida hazrat Mavlono marhum G‘iyosiddin Jamshid: «Ajibu do’i Alloh» chaqirig‘ini eshitib, toat bilan ijobat etdi va bu jahon dorulg‘ururdan u jahon dorulsururga rixlat etdi. Ish asnosida, hali bu muhim asar bajarilib tugatilmasidan, hazrat ustoz Qozizoda, Alloh taolo uni rahmat qilsin, larvardigor raxlatiga payvasta bo‘ldi.
Biroq farzandi arjumandi Ali ibn Muhammad Qushchi bolalik yillaridan fanlar sohasida ilg‘orlab boradi va uning tarmoqlari bilan mashg‘ul bo‘lib, umid va ishonch komilki, uning shuhrati insholloh, yaqin va zamon va tez onlarda jahon atroflari va mamlakatlarga tarqaladi. Va bu muhim kitob tamomila yozilib bo‘ldi. Yulduzlarning sifatlaridan kuzatilgan barcha narsalar imtihon qilinib, bu kitobga kiritilib sobit etildi».
Bu keltirilgan katta larchadan ko‘rinadiki, Qozizoda Ulug‘bekning ustozi bo‘lgan va «Zij»ning ancha qismi uning ishtirokida yozilgan. Bundan yana shu narsa ko‘rinadiki, Ulug‘bek Samarqanddagi yana bir yirik olim Jamshid Koshiyni ustoz demaydi, balki uning yoshi Rumiydan katta bo‘lgani uchun Mavlonoyi A’zam deyish bilan cheklanadi. Haqiqatan ham, u kishi Samarqandga 1416 yili, ya’ni Ulug‘bek 22 yashar navqiron yigit va olim sifatida tanilganda keladi va u rasadxonadagi kuzatishlar boshlanishi bilanoq vafot etadi. Biroq fan tarixidan shu narsa ma’lumki, Koshiy «Zij»ning nazariy qismini arab tiliga tarjima etgan va hozir bu tarjimaning nusxalari mavjud. Demak, bundan ko‘rinadiki, Ulug‘bek avval «Zij»ning nazariy qismini yozgan, so‘ng jadvaliy qismi uzoq kuzatishlar natijasida tuzilgan. Koshiy esa nazariy qism yozilishi bilan uni arabchaga ag‘dargan va jadvallar ustida ishlar boshlanishida vafot etgan.
Yana bir diqqatga sazovor narsa, bu Ulug‘bek Ali Qushchini «farzandi arjimand» deyishidir. Aslida Ali Qushchi uning farzandi emas, shogirdi bo‘lib, ilm sohasida ustoziga Abdullatif va Abdulazizlardan, ya’ni o‘z farzandlaridan ham sodiq va vafodor edi. Shuning uchun ham Ulug‘bek unga o‘z o‘g‘lidek qarar edi va uning yordami bilan «Zij»ni «farzandi arjimand Ali ibn Muhammad Qushchi... ittifoqligida» poyoniga yetkazdi.
Endi «Zij»ning mazmuni haqida to‘xtalaylik. Asarning birinchi - «Ta’rix, ya’ni xronologiyaning ma’rifati» deb nomlagan maqolasi 7 bobdan iborat bo‘lib, u eralar va kalendar masalalariga bag‘ishlangan.
Ikkinchi, "Vaqtlar va unga ta’luqli narsalar" deb nomlangan maqola 22 bobdan iborat. U asosan matematik va sferik astronomiya masalalariga bag‘ishlangan.
"Zij"ning 3 maqolasi 13 bobdan iborat bo‘lib, faqat astronomiya masalariga bag‘ishlangan.
"Zij"ning oxirgi -"Yulduzlarning doimiy harakati" deb nomlangan 4 maqolasi faqat 2 bobdan iborat va u asosan ilmi nujumga bag‘ishlangan.
Mashhur rus olimi V.Bartold «Ulug‘bek va uning davri» kitobida quyidagi hikoyani yozib qoddirgan: «Madrasa binosi bitay deb qolganda, u yerdagi odamlar Ulug‘beqdan madrasaga kimni muddaris qilib tayinlamoqchisiz, deb so‘raganlarida, Ulug‘bek, barcha fanlardan xabardor bo‘lgan biror odamni qidirib topaman, deb javob bergan. Shu yerda g‘ishtlar orasida iflos kiyimda o‘tirgan mavlono Muhammad Ulug‘bekning bu gAlini eshitib qolgan va shu onda o‘rnidan turib, bu vazifaga men loyiqman, - degan. Shundan so‘ng Ulug‘bek uni imtihon qilgan va Mavlono Muhammadning chinakam bilimdon odam ekanligiga ishonch hosil qiladi va uni hammomda yuvintirib, yaxshi kiyintirish haqida buyruq bergan. Madrasaning ochilishi kunida Mavlono Muhammad nutq so‘zlagan. Mavlono Muhammadning nutqini Ulug‘bek va Qozizoda Rumiy bilan birga 90 dono ham tinglagan. Riyoziyotdan bahs etgan bu va’zni Ulug‘bek bilan Rumiygina tushunib yetganlar».
Ha, Ulug‘bek ilm-fanni, olimlarni e’zozlagan buyuk alloma edi. U 1394 yili Hirotda tug‘iladi. To‘rt yoshidan boshlab uning tarbiyasi bilan buvisi Saroymulkxonim va bobosi Amir Temur shug‘ullanadilar, Shoir tabiat, bilimdon, rivoyatgo‘y Hamza binni Ali Tusiy (Xo‘ja Orif Ozariy) shahzodaning xizmatiga tayinlanadi. U yosh Ulug‘bekning tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullanadi, adabiyot, tarix bilan bog‘liq naqllar, rivoyatlarni qiroat qiladi. Hatto Amir Temur sevimli nevarasini safarlarda, yurishlarda ham birga olib yurgan. Xususiy muallimlarda o‘qitgan. Sayd Sharif Jurjoniydan riyoziyot bo‘yicha dars tinglagan. Ulug‘bek yoshligidanoq diniy va dunyoviy bilimlarni mukammal egallaydi. Amir Temur 1405 yilda O‘trorda favqulodda kasalga chalinib vafot etadi. To‘rt yil mobaynida Amir Temur o‘g‘illari orasida taxt-toj uchun davom etgan jangda Shohrux g‘alaba qozonadi. U hozirgi O‘rta Osiyo yerlarini birlashtirib, poytaxti Samarqand bo‘lgan Movarounnahr davlatini tuzadi va 15 yashar o‘g‘li Ulug‘bekni unga hokim etib tayinlaydi. Poytaxti Hirot bo‘lgan Xuroson davlatini esa o‘zi boshqaradi.
Boshqa hukmronlar singari Ulug‘bek kuchi, aql-zakovatini jangu jadallarga, yurt olish, boylik orttirishga emas, adolat bilan hukm surish, mamlakatni obod qilish, adabiyot, ilm-fanni rivojlantirishga sarflaydi, Ulug‘bek atrofiga «O‘z davrining Aflotuni» deb nom qozongan mashhur matematik, astronom Qozizoda Rumiy, Ulug‘bek va Qozizodalarning shogirdi, «O‘z zamonasining Ptolomeyi» taniqli matematik va astronom Ali Qushchi, matematik va astronomlar Mansur Koshiy, Ali ibn Muhammad Birjandiy, Miram Chalabiy, 1416 yili astronomik asboblar haqida risola yozgan G‘iyosiddin Jamshid, Muhammad ibni Umar Chag‘miniy kabi olimlar jamlangan edilar. Ulug‘bek ana shu olimlar maslahati, kengashi, hamkorligida matematika, astronomiya, geometriya kabi fanlarga doir tadqiqotlar olib boradi. Samarqand shahri atrofidagi Obirahmat soyi yoqasida rasadxona qurdiradi. Unga dastlab G‘iyosiddin Jamshid, keyin Qozizoda Rumiy, Ali Qushchilar mudirlik qilishgan. Rasadxona atrofida muhtasham binolar, go‘zal bog‘u-rog‘lar barpo ettiradi. Uch qavatdan iborat bo‘lgan bu rasadxonaning balandligi 50 metr bo‘lgan. Unda G‘iyosiddin Jamshid usturlob yordamida osmoniy jismlarni kuzatgan, 1018 ta yulduzning muvozanati aniqlangan. Rasadxonada olib borilgan kuzatishlari natijasida Ulug‘bek 1437 yili «Ziji Ko‘ragoniy» risolasini yozib tugatadi.
Asar nazariy qism hamda rasadxonadagi tadqiqotlar yakuni - Ulug‘bek taqvimidan iborat.
Professor H. Hasanovning uqtirishicha, Obirahmat rasadxonasida 70 ta olim ishlagan. Ular Beruniyning «Qonuni Mas’udiy» asaridan ham foydalanganlar.
Ulug‘bek ilmiy kuzatishlar olib borish va madrasada falakkiyot ilmidan va’z aytish bilan birga madaniy ishlarga ham jiddiy e’tibor berdi, ko‘plab madrasa, xonaqoh, masjid, karvonsaroylar qurdirdi. Oldinroq qurila boshlagan Bibixonim masjidi, Go‘ri Amir maqbarasi, Shohizinda ansamblini nihoyasiga yetkazdi. Otasi Shohruh Hirotda diniy bilim donishmandlari qurshovida shariat va dinni mustahkamlash uchun kurashayotgan bir vaqtda Ulug‘bek ma’rifatni, ilmni rivojlantirish uchun intildi, adabiyot, ilm-fan ahllarini e’zozladi. Buyuk olim Ulug‘bek ruhoniylar fatvosi va o‘g‘li Abdulatifning bevosita roziligi bilan 1449 yili yollangan qotil Abbos tomonidan o‘ldirildi.
Ulug‘ kishilar, daholar jisman o‘lsalar-da, lekin ularning nomi o‘z asarlarida mangu qoladi. Ular yoqqan ma’rifat chirog‘i, ilm ziyosi xalq yo‘lini yoritib boradi, avloddan avlodga o‘tib, taraqqiylarvar insoniyatga xizmat qilaveradi. Shuning uchun ham ko‘pgina o‘tmish mutafakkirlari Ulug‘bekni adolatli sulton, donishmand murabbiy, aniq fanlar ustozi sifatida tilga oladilar, madh etadilar, xalq esa o‘zining ardoqli farzandi haqida hikoyatlar, rivoyatlar to‘qigan Mashhur turkiygo‘y shoir Sakkokiy Ulug‘bekka bag‘ishlab qasidalar yozdi. Bu she’rlar laganbardorlik madhiyasi bo‘lmay adolatpesha olimga berilgan haqqoniy ta’rifdir. Ulug‘ bobomiz Navoiyning «Farhod va Shirin» dostonida «Ulug‘bek madhiyasi» degan maxsus bob mavjud, unda shoir Ulug‘bekni zaminda osmon yaratgan olim deb ta’riflaydi:
Rasadkim bog‘lamish zebi jahondir,
Jahon ichra yana bir osmondir.
Bilib bu nav’ ilmi osmoniy,
Ki andin yozdi «Zichi Ko‘ragoniy».
Qiyomatga degancha ahli ayyom,
Yozarlar aning ahkomidin ahkom.
O‘sha zamon tarixchilarining hamda yozuvchilarning asarlarida ham ana shunday ta’riflar ko‘p. Chunonchi, «Boburnoma»da, Sayfiddin Ali Safiyning «Turli toifalar haqidagi latifalar», Vosifiyning «Badoe’ ul-vaqoe’» («Ajoyib voqealar») singari kitoblarida biz Ulug‘bek haqidagi ko‘plab hayotiy hikoyalar va rivoyatlarni uchratamiz. Chunonchi, Bobur: «Yana bir oliy imorati pushtai Ko‘haq domanasida rasaddurkim, zij bitimakning olotidur, Uch oshyonlidir. Ulug‘bek Mirzo bu rasad bila «Ziji Ko‘ragoniy»ni bitibdurkim, olamda holo (hozir) bu zij musta’maldur. O‘zga zij bila kam amal qilurlar», deb yozib qoldirgan.
Ulug‘bek ijodini o‘rganishda mashhur olimlar T.Qori Niyoziy, B.Ahmedov, A.Ashrapovlarning xizmatlari katta.
Do'stlaringiz bilan baham: |