Faoliyatning asosiy turlari
Odamlarning faoliyati ongli faollik sifatida inson ongining tarkib topishi va
taraqqiyoti bilan bog’liq holda tarkib topadi va rivojlanadi. Inson faoliyatida taraqqiyotning asosi hamda ong mazmunining manbai bo’lib xizmat qiladi.
Faoliyatda insonning shaxsi ifodalanadi, shu bilan birga faoliyat odam shaxsini tarkib toptiradi. Odamlarda har xil turdagi faoliyatlarning paydo bo’lishi va taraqqiyoti juda ham murakkab hamda uzoq davom etadigan jarayon. Bolaning faoliyati uning kamoloti davomida faqat asta-sekin ta'lim va tarbiyaning ta'siri ostida ongli maqsadga mos faoliyat shaklini egallab boradi. Inson faoliyati asosan uch turga bo’linadi: o’yin, mehnat, ta'lim faoliyati. Bu faoliyat turlari bola shaxsining tarkib topishida hal qiluvchi rol o’ynaydi.
O’yin. Bola bir yoshga to’lgandan boshlaboq unda faoliyatning sodda shakllarini egallash uchun shart-sharoitlar yuzaga kela boshlaydi. Bunday shart-sharoitlardan birinchisi o’yindir. O’yin faoliyatini hayvon bolalarida ham uchratish mumkin. Hayvonlarning yosh bolalarida kuzatiladigan o’yin faoliyatiga har xil narsalar bilan shug’ullanish, yolg’ondakam urishishlar, yugurishni va shu kabilarni kiritish mumkin. Bolalarda ham o’yin ularning faoliyatlarini, faolliklarini amalga oshirish shaklidir. Sof holdagi o’yin faoliyatini yuzaga keltiradigan sabab ehtiyoj bo’lsa, uning manbai tahlid va tajribadir. Bolalar narsalar bilan rolli qoidali, harakatli, didaktik mazmunli o’yinlarni o’ynaydilar.
O’yin narsa va hodisalarning mazmunini bolaning o’z tajribasida bilib olishga, mazkur mazmunlarni ishlata bilishga mashq qildiradi. Bolaning shaxsiy sifatlari boshqalar bilan munosabatlarda tarkib topib boradi. O’yin faoliyatida bola ijtimoiy voqelikni taqlid, rol orqali ijro etishga harakat qiladi va shu yo’sinda atrof-muhit to’g’risidagi, ijtimoiy turmushdagi shaxslararo munosabatlarni o’zlashtira boradi. Ijtimoiy turmushdagi u yoki bu hodisani rol orqali ijro qiladi. So’z bilan harakatning birikuvi natijasida o’yin faoliyati tusini oladi va muayyan ma'noda axborot berish, uzatish imkoniyatiga ega bo’ladi. Dastlabki o’yin aynan kattalar xatti-harakatini takrorlash, ularga taqlid qilish bilan tavsiflanadi. Syujetli o’yinlar borliqning goh anglangan, goho anglanmagan tarzda u yoki bu tomonlarini egallashga harakat qiladi.
O’yin dastavval bola uchun vaqt o’tkazish, uni mashg’ul qilish funksiyasini bajarsa, keyinchalik ijtimoiy-tarixiy taraqqiyot namunalarini ifodalash darajasiga o’sib o’tadi. Rollar, ma'noli harakatlar, ibratli imo-ishoralar, tushunchalar bola shaxsini shakllantirishda faol ishtirok etadi. Bola tug’ilgandan to maktab ta'limigacha uning uchun o’yin faoliyati yetakchi faoliyat rolini bajaradi, shuningdek o’yin didaktik tus kasb etishi ham mumkin.
Ta'lim faoliyati o’yin faoliyatining pirovardida yuzaga keladi. Bu faoliyatning maqsadi ma'lum axborotlarni, bilimlarni, harakatlar va amallarni o’zlashtirishdan iboratdir. Odamning o’z maqsadiga ko’ra batamom o’rganish va o’zlashtirishdan iborat bo’lgan mana shunday maxsus faoliyati ta'lim faoliyati deyiladi. Psixologik jihatdan olganda, ta'lim faoliyati o’z ichiga quyidagi jarayonlarni oladi: ma'lum bir nazariya va amaliy faoliyat turini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun ob'ektiv olamning eng muhim xususiyatlariga doir axborotlarni o’zlashtirish. Bu jarayonning mahsuloti bilimlardir. Mana shu faoliyatni, ya'ni bilimlarni o’zlashtirishda yuzaga keladigan usul va operasiyalarni egallash, bu jarayonlarning mahsuloti malaka va uquvlardan iboratdir. Ta'lim faoliyatining tarkibi juda ham murakkab bo’lib, bilimlar, tushunchalar, malakalar, odatlar, uquvlar kiradi.
Ta'lim faoliyati ma'lum ravishda tashkil etilgan sharoitda amalga oshiriladi. Katta yoshli kishilar bolalarning taraqqiyotiga faol ta'sir etib, ularning ta'lim faoliyatlarini hamda bu faoliyat bilan bog’liq bo’lgan xatti-harakatlarni tashkil qiladilar. Bu faoliyat va harakatlarni insoniyat ijtimoiy tajribasini o’rganish tomon yo’naltirishdir. Shunday qilib, ta'lim faoliyati katta kishilar tomonidan tashkil qilinib, boshqariladi va tizimli ravishda nazorat qilib boriladi. Ma'lumki, ta'lim faoliyati bilan tarbiya ishlari uzviy bog’liqdir. Bizning maktablarimizda har ?anday ta'lim jarayoni hamma vaqt tarbiyaviy xarakterga ega, bolalarga u yoki bu fan bo’yicha ta'lim berar ekanmiz, shuning bilan birga ularni biz tarbiyalashimiz kerak. Maktabdagi tarbiyaviy ishlarni asosan tushuntirish, ishontirish, ko’rsatish, rag’batlantirish, talab qilish, vazifa berish va jazolash kabi vositalar yordamida amalga oshiriladi. Maktabdagi barcha tarbiyaviy ishlarni asosiy maqsadi o’quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdan iboratdir.
Mehnat faoliyati - ma'lum ijtimoiy foydali, moddiy yoki madaniy, ma'naviy mahsulot ishlab chiqarishga qaratilgan faoliyatdan iborat. Kishilarning mehnati ma'lum maqsadga qaratilgan har doim ijtimoiy tabiatga ega bo’ladi. Mehnat faoliyatining maqsadi kishilarning iste'mol qilinadigan narsalarni, ya'ni non, mashinalar, turli ishlab chiqarish mahsulotlarini tayyorlash, ya'ni kiyim-kechak oziq-ovqat va boshqa shu kabi narsalarni ishlab chiqarishga qaratilgan bo’lishi mumkin.
Mehnat faoliyati o’z mohiyati jihatdan ham ijtimoiydir. Mehnat taqsimoti ham ijtimoiydir. Mehnat taqsimoti tufayli birorta kishi ham o’ziga kerak bo’ladigan narsalarni faqat ishlab chiqarishga qatnashmay, balki deyarli hech qachon hatto birgina narsani boshdan oxirigacha ishlab chiqarishda ham qatnashmaydi. Shuning uchun odam hayoti uchun zarur bo’lgan hamma narsalarni jamiyatdan oladi, o’z ehtiyojlarini qondiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |