UMUMIY XULOSA
1. Urush mavzusida yaratilgan dastlabki asarlar xalq og‘zaki ijodiga mansub bo‘lib, bunday asarlarda qahramonlik motivi va tantanavor ruh ustun turgan. Xalq eposlari syujetlari asosida qadimgi ijodkorlar tomonidan yozma dostonlar ham yaratilgan. Ushbu qahramonlik eposlari, jangnoma va dostonlarda bahodirlarning kuch-qudrati va ma’naviy fazilatlari urush tasvirlari vositasida madh etilgan. Qadimgi davr va o‘rta asrlar adabiyotida urush hodisasi qahramonlik va jasorat vositasi sifatida talqin etilgan. 2. Uyg‘onish davridan keyin Yevropa adabiyotida urushga bo‘lgan munosabat o‘zgara boshladi. Bunga gumanizm g‘oyasining keng tarqalishi sabab bo‘ldi. Endilikda, urush mavzusidagi asarlarning qahramonlari qudratli bahodir ko‘rinishidagi ideal obrazlar sifatida emas, jabrlangan, fojiali taqdir egasi bo‘lgan real obrazlar sifatida tasvirlana boshlandi. 3. XX asrga kelib, G‘arb prozasida urush vayronkor hodisa sifatida talqin etildi. Urush mavzusidagi asarlarda patsifizm g‘oyasi yetakchi o‘rinni egalladi. A.Barbyus, S.Fitsjerald, E.Xeminguey, R.Oldington, U.Folkner, E.M.Remark kabi yozuvchilarning asarlarida urushning g‘ayriinsoniy mohiyati, insoniyat hayotiga salbiy ta’siri realistik obrazlar vositasida tasvirlandi. 4. Nemis yozuvchisi Erix Mariya Remark asarlarida urush mavzusi yetakchi o‘rinni egalladi. Remark romanlari ikki guruhga bo‘linadi: 1) “yo‘qotilgan avlod” haqidagi asarlar; 2) muhojirlik mavzusidagi asarlar. Remark har ikki guruhga mansub asarlarida jahon urushlari sababli hayoti izdan chiqqan obrazlarni tasvirlaydi. 5. XX asr o‘zbek nasrida urush mavzusi muhim o‘rin tutadi. Ikkinchi jahon urushi va afg‘on urushi haqida qator asarlar yaratildi. Ikkinchi jahon urushi mavzusida yozilgan asarlarning aksariyatida qahramonlik motivi, afg‘on urushi mavzusidagi asarlarda esa fojiaviy ruh ustun turadi. 6. O‘.Hoshimov ijodida urush mavzusi alohida o‘ringa ega. Adibning “Urushning so‘nggi qurboni” va “Ikki eshik orasi” romanida ikkinchi jahon urushi, “Nega, nega-a!” hikoyasi va “Tushda kechgan umrlar” romanlarida afg‘on urushining salbiy oqibatlari aks ettiriladi. O‘.Hoshimovning urush mavzusidagi barcha asarlarida qahramonlarning taqdiri fojiali kechadi va bu orqali patsifizm g‘oyasi ifodalanadi. 7. E.M.Remarkning “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q” va O‘.Hoshimovning “Tushda kechgan umrlar” romanlarida askar obrazi bosh qahramon sifatida tasvirlangan. Har ikki romanda frontdagi askarlarning ichki kechinmalari, psixologik holati vositasida urushning yoshlar ongi va ruhiyatiga ta’siri aks ettirilgan. Asarlarda tipik obrazlar, psixologik tasvir va simvolizm elementlaridan unumli foydalanilgan. 8. “Uch og‘ayni” va “Tushda kechgan umrlar” romanlarida asosiy obrazlar “yo‘qotilgan avlod”ga xos xususiyatlarga ega. “Uch og‘ayni” romanida birinchi jahon urushining salbiy asoratlari, “Tushda kechgan umrlar” romanida afg‘on urushi va qatag‘on siyosatining oqibatlari tipik obrazlar vositasida aks ettiriladi. “Yo‘qotilgan avlod” qahramonlariga xos “behuda umr”, “yolg‘on taqdir” kabi xususiyatlar har ikki romandagi personajlar taqdirida o‘z ifodasini topgan. 9. E.M.Remark va O‘.Hoshimovlarning urush mavzusida yozilgan asarlarida quyidagi umumiy xususiyatlar mavjud: 1) patsifizm g‘oyasining ifodalanishi; 2) tipik obrazlardan foydalanilishi; 3) ichki nutq va psixologik tasvirlarning keng qo‘llanilishi; 4) tragik pafosning ustunligi.
Do'stlaringiz bilan baham: |