21. Lug'z va chiston hamda sirli mazmun talqinlari.
2 soat.
Lug’z - arabcha so'z (ko'pligi Alg’oz), uning lug'aviy ma'nolari: yashiringan narsalar, yashirilgan buyumlar yoki yanada aniqrog'i topishmoq, boshkotirma. mahfiy, yashirin, sirli, adabiy istiloq sifatida ma'nosi: chiroyli, chuqur mazmunli, go'zap ifodali so'zlar tizmasi, Navoiy lug'zga nisbatan e'tiborli, xurmatli, qimmatbaho ma'nolarini qo'llaydi. "Funun ul-balog'a"da turkiyda bitilgan lug'zga chiroyli bir misol keltiriladi:
Nedur ul la'lki, paydo bo'lur andin guhar?
Goh paydo bo'lur anda mayu gah shiru shakar. Mumtoz adabiyotimizda bu adabiy istilohga nisbatan chiston atamasi ishlatiladi, chiston fors-tojikcha kalima bo'lib, chist - chi ast - nimadir, on - u, ya'ni u nimadir degan ma'nolarni talqin etadi. Chistonning Navoiy, Uvaysiy (1779-1845) va Ogahiy (1809-1874) tomonidan ijod etilgan ajoyib namunalari mavjuD)
22. Mav'iza, masal, maqolat, nukta,
tamsil, tanbih, foyda, hikmat. 2 soat.
Yuqoridagi istilohlar, asosan, bir adabiy shakl ifodasini anglatadi, ammo bu so'zlarning lug'aviy ma'nosi turfa xildadir, ma'nolar turlichaligidan qat'i nazar ushbu so'zlar bitta adabiy shakl ma'nosini o'zida tajassum etadi. Chunonchi, mav'izaning lug'aviy ma'nosi: va'z, nasihat, o'git, pand, bu istiloh "Gulshan ul- asror" (Haydar turkigo'y) va "Maqsad ul-atvor" (Xoja) mundarijalarida tez-tez uchraydi, mav'izalar hikoyatlarning debochasi yoki xotimasi bo'lib kelgan. Navoiy "Badoe' ul-bidoya" debochasida bu kalimaga ko'p bor murojjat qiladi: mav'iza, mav'izat, mav'izatangez, mav'izapardoz kabi. Masal ning ikki lug'aviy ma'nosi mavjud: biri monand - o'xshash, ikkinchisi xalq orasida mashhur bo'lgan qissa yoki gap (har ikkalasining ham ko'pligi - amsol). Amsol ham xuddi shu ma'nolarni ifodalaydi, ammo masal atamasini Navoiy maqol ma'nosida ishlatadi, "Majolis un-nafois"da Mirzo Hoji So'g'diydan bir bayt keltirib:
Uxshatti qomatingga sanavbarni bog'bon,
Bechora bilmas ermish alifdin tayog’ni. - va uni ushbu tarzda: "Bug'ina masalni yaxshig'ina bog'lag'on", deya xotimalaydi. Maqolat (maqol, maqola, maqolat, maqolot) so'zining lug'aviy ma'nosi: so'z, nutq, bob, suxbat bo'lib, bu adabiy istiloh Nizomiy "Maxzan ul-asror", Dexlaviy "Matla' ul-anvor", Haydar turkigo'y "Gulshan ul-asror", Navoiy "Hayrat ul- abror" asarlarida uchraydi, maqola istilohini Jomiy "Tuhfat ul-ahror" va Xoja "Maqsad ul-atvor" asarlarida qo’llaydi.
Nukta (nuqta ham deyiladi, nukat va nukot ko'pligi) ning ma'nosi: kishilarga ta'sir qiluvchi latif jumla va go'zal masalalar, umuman, nozik ma'noli, pokiza, tushunilishi mushkul, yashirin ma'noli so'zlar tizmasi. Nukta istilohi "Qisasi ar-Rabg'uziy"ning va nukta istilohi "Gulistoni bit- turkiy"ning bir o'rnida uchraydi. Tamsil - ham arabcha so'z va masal, misol, misl, amsol so'zlariga mushtarak hamda o'zakdoshdir, misol keltirish, o'xshatish ma'nolariga ega. Husayn Voiz Koshifiy (1440-1505) "Badoe' ul-afkor"da tamsilni istioraga yaqin deydi, ya'ni tamsilda majoz kuchlirok bo'lishi nazarda tutilgan bo'lsa, ajab emas.2 Tamsil adabiy istiloh sifatida Navoiyning "Lison ut-tayr" va Xojaning "Maqsad ul-atvor" asarlarida uchraydi. Tanbihning lugaviy ma'nosi: uygotmok, g'aflat uyqusidan bedor qimlmoq, hushyorlik va ogoxlikka da'vat, adabiy istiloh sifatida keng ishlatiladi. "Qisasi ar-Rabg'uziy"da tanbih istilohi bir o'rinda uchrasa, "Mahbub ul-kulub"ning 3-qismida turfa mavzularga doir 124 o'rinda tanbih uchraydi. Foyda ham adabiy istiloh tarzida mumtoz adabiyotimizda keng iste'moldagi so'z, u nakd naf keltiruvchi ma'nosini anglatadi, ushbu adabiy istiloh "Qisasi ar-Rabg'uziy"ning ko'p o'rnida keladi. Hikmat so'zi donolik, ilmda bahsu munozaraga kirishuv ma'nolarini ifodalaydi, ushbu istiloh Yassaviy ijodiga kuprok xos, Rabguziy bu istilohdan ko'p bor istifoda etadi, shuningdek, Sayfi Saroyi ham "Gulistoni bit-turkiy"ning ellik o'rnida xuddi shu istilohga murojaat qiladi. Rabg'uziy hadis, nasihat, mas'ala istilohlaridan ham istifoda etadi, Sayfi Saroyi o'n sakkiz o'rinda nasihat istilohini ishlatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |