13. An'anaviy boblar. 2 soat.
An'anaviy boblar an'anaviy muqaddimotlardan o'zining qat'iy emasligi ila tafovut qiladi. Asar bag'ishlangan shoh, sulton, malik, malika, amir madhi bobi qat’iy muqadsima qismida keladi. Masalan "Qutadg'u bilig", "Hibat ul- haqoyiq", "Qisasi Rabg'uziy"da "hamdu sano" va "na'tu duo"dan so'ng Bug'roxon, Dod Sipohsolor, Nosiruddin To'qbug'abek madhi beriladi. Kitob yozilish sababi ham asar boshida keladi va uning sarlavhasi: "Kitob nazm kilmoqka sabab bayon ayur" (Qutb "Xusravu Shirin"), "Sababi nazmi kitob" (Haydar Xorazmiy "Gulu Navro'z"), "Kitob sababi" (Said Ahmad Mirzo "Taashshuqnoma"), "Dar sababi nazmi kitob" (Amiriy "Dahnoma"). Goho muallif o'z ahvoli xaqida so'z yuritadi, ushbu holat qat'iy emas, u asar ibtidosida yoki intixosida kelishi mumkin.
Haydar Xorazmiy "Gulshan ul-asror" boshida "Musannifning vasfi holi" yoki Yusuf Amiriy "Dahnoma" oxirida "Dar arzi holi xud" sarlavhasida mualliflar ahvoli keltiriladi. "Xotimat ul-kitob", "Iltimosin aytur" (Xorazmiy "Muhabbatnoma"), "Kitob xatmin aytur", "Iltimosin aytur" (Said Ahmad Mirzo "Taashshuqnoma") qismlari ham an'anaviy boblar sirasiga taalluqli.
14. Soqiynoma, muganniynoma va mutribnoma 2 soat.
Soqiynoma (soqiy - suv yoki may tarkatuvchi, noma - bitik, ya'ni soqiy haqida bitik-yozma) mumtoz she'r navlaridan biri, soqiyga murojaat tarzida ibtido topadi, unda may, ishq, yoshlik, ezgulik kuylanadi. Soqiynomaningn ilk shakllari "Shohnoma" (Firdavsiy, 934-1020), "Iskandarnoma" (Nizomiy, 1141-1209) va unga payrav qilingan dostonlarda uchraydi. Chunonchi Nizomiy "Sharafnoma"ning asosiy qismidagi har bir voqea-hodisa tasviridan oldin ikki baytli soqiynomalar beradi va bu soqiynomalar o'sha bobning debochasi sifatida jaranglaydi. O'zbek mumtoz adabiyotida "Muhabbatnoma" (Xorazmiy), "Latofatnoma" (Xo'jandiy) va "Taashshuqnoma"(Sayyid Axmad Mirzo) kabi nomalarda soqiynomalar mavjuD) Bu soqiynomalar aslida nomalardan keyin kelib, ularning yakuniy xulosasini yasaydi, qissadan hissa chiqaradi, "Muhabbatnoma"da "Masnaviy" va "Taashshuqnoma"da "So'znung xulosasi" sarlavhalarida kelgan soqiynomalar nakorat baytlarini hisoblamasa, asosan, ikki va uch baytlidir. "Latofatnoma" soqiynomalari bir baytli va ular noma ichida, uning oxirida kelib, o'sha nomaning yakuni hisoblanadi.
Alisher Navoiyning "Favoid ul-kibar" devoni tarkibidagi "Soqiynoma" ushbu she'riy shaklning eng ko'rkam namunasidir, u har biri mustaqil 32 bandli (bandlar hajmi turlicha) va 158 baytdan iborat. Bandlar soqiyga murojaat yo'sinidagi baytlar ila ibtido topadi, chunonchi, 28-band quyidagi bayt ila boshlanadi:
Soqiyo, may tutu qo'yg'il so'zni,
Xon qurultoyig'a yetkur o'zni .
Soqiynomalar o'z tabiati va talabiga ega, unda soqiy vasfi, may ta'rifidan bo'lak, dunyoning o'tkinchiligi, boylik, mol-mulk bevafoligi, hayot ziddiyatlari, dunyo bedodliklaridan nolish, adolatsizliklardan bezish g'oyalari yetakchilik qiladi. Nishotiy "Husnu Dil"ning va Munis "Savodi ta'lim"ning oxirida soqiyga murojaat qilishadi, shu zaylda asarlar yakuniga yetkaziladi.
Mug’anniynoma (mug’anniy - hofiz va sozanda)lar ham soqiynomalarga yaqin turadi, o'zbek mumtoz adabiyotida bu xil she'r shakli ma'lum mikdorda kuzatiladi, ammo fors-tojik adabiyotida Nizomiy va Xoja Hofiz (1325-1388) ijodida uning ajoyib namunalari ko'zga tashlanadi. Nizomiy "Ikbolnoma"sining 29 bobida mug'anniyga murojaat yo'sinidagi debocha mug'anniynomalar bor, ularning bari ikki baytlidir, shoir 12-bobni mutribnoma deb nomlagan. Hofiz kalamiga mansub "Soqiynoma" 138 baytli bo'lib, shoir uning 27 joyida soqiyga murojaat qilsa, 17 o'rnida mug'anniyga xitob qiladi. O'zbek mumtoz adabiyotida mug'anniynoma namunalari Alisher Navoiy "Saddi Iskandariy" dostoniga xos bo'lib, asarning 22 bobi mug'anniyga murojaat bilan xotima topadi. Bu mug'anniynomalar soqiyga xitob ila boshlanib, mug'anniyga murojaat bilan davom ettiriladi, qizig'i, mug'anniynomalarning barchasida Navoiy taxallusi vostasida shoir shaxsan o'ziga murojaat etish ila shu yoki boshqa bobga xotima yasaydi. Nizomiy "Sharafnoma"sining 49 bobi soqiyga va "Iqbolnoma"sining 29 bobi mug'anniyga murojaatlari debocha - boshlanma bo'lib kelsa, Navoiy "Saddi Iskandariy" dostonining 24 bobi ayni soqiy va mug'anniyga murojaat bilan xotima topadi. Demak ustod Nizomiy "Iskandarnoma"sining birinchi qismi "Sharafnoma" soqiynoma (ayrim bob)lar va ikkinchi qismi "Iqbolnoma" mug'anniynoma (ayrim boblar, bir bob boshlanmasi mutribnoma)lar bilan ibtido topadi. Shogird Alisher Navoiy bo'lsa, shu an'anaga sodiq holda "Saddi Iskandariy"ning 25 bobida soqiyga, mug'anniyga, o'ziga (Navoiy taxallusi bilan) murojaatlarni bobning xulosa qismiga ko'chiradi va bu bilan o'ziga xoslikka erishadi. Bu soqiynomalar, mug'anniynomalar va shoirning o'z, o'zligiga xitoblari bari ikki baytli she'rlardir, fikrimizcha, bu xil hodisa alohida o'rganishga molik.
Do'stlaringiz bilan baham: |