Hamza Hakimzoda
–
ma’rifatparvar bolalar shoiri (1889-1929)
Ilmning ahamiyatini, inson hayotida ma’rifat tutgan yuksak maqomni
tasvirlashga yo‘naltirilgan adabiyot ma’rifatchilik adabiyoti hisoblanadi. O‘zbek
adabiyotida juda qadim zamonlardan buyon ma’rifatni tarannum etishga alohida
e’tibor berilgan. Bu yo‘nalishdagi adabiyot XIX asrning ikkinchi yarmi, XX asr
boshlarida qayta rivojlandi. Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Avaz O‘tar, Avloniy, Fitrat,
Qodiriy, Cho‘lpon singari yozuvchilarimiz shu adabiyotning vakillari sifatida
shuhrat topdilar. Hamza Hakimzoda Niyoziy ana shunday adiblardan biridir. U
1889-yili Qo‘qonda tug‘ildi. 7 yoshidan maktabda xat-savod o‘rgana boshlaydi.
Maktabni bitirgach, madrasaga va I.V.Orlovning kechki rus-tuzem maktabiga
o‘qishga kirdi. Hamza madrasada o‘qigan chog‘laridayoq Firdavsiy, Hayyom,
Sa’diy, Nizomiy, Hoqoniy, Jomiy, Fuzuliy, Bedil va boshqalarning ulkan
she’riyati bilan tanishdi, shuningdek, Sharq olimlarining asarlarini o‘qidi. 1908-
yilda Hamza ota-onasining noroziligiga qaramay, madrasani tashlab ketdi. Uning
o‘zi yozganidek, ota-onasining o‘jarligi, ma’murlarning zulmi, kambag‘allik
tufayli dunyoviy bilimlarni egallash to‘g‘risidagi orzusini amalga oshira olmadi.
Hamza Hakimzoda Niyoziy bor-yo‘g‘i 40 yil umr ko‘rgan bo‘lsa-da, butun
hayotini xalqqa xizmat qilish uchun bag‘ishlagan olovqalb shoir va dramaturgdir.
Shu bilan birga u tarbiyachi, murabbiy, jamoat arbobi sifatida nom qoldira oldi.
Hamza o‘z xalqiga ilm-ma’rifat tarqatish uchun, xalqining ozod hayot
kechirayotganini ko‘rish uchun shaxsiy manfaatlaridan butkul voz kecha olgan
yozuvchidir.
Hamza o‘zining pedagogik faoliyatini 1910-yilda Toshkentda Qashqar
mahallasida maktab ochib, bolalarni o‘qitishdan boshlaydi. Shu yilning oxirlarida
u Qo‘qondagi mahalliy rus-tuzem maktabida muallim bo‘lib ishlaydi va 1911-
yilda yangi maktab ochib, ta’lim-tarbiya ishlariga ba’zi o’zgartirishlar kiritadi.
O‘quvchilarning o‘rganayotgan materialni quruq yod olishi foydasiz ekanligini
aytib, sinfdan tashqari mashg‘ulotlarga ko‘proq e’tibor beradi, ona tili darslarini
122
ko‘paytiradi, yangi darsliklar yozadi. Biroq bolalarning o‘quv qo‘llanmalari, oziq-
ovqat va kiyim-kechak bilan to‘liq ta’minlanmagani bu xildagi maktablarning
ishlashida katta qiyinchiliklar tug‘dirardi. Ammo Hamza “Jamiyati xayriya”
tashkil qilib maktabini saqlab qolish uchun kurashadi. Uning ishlari haqidagi shov-
shuv Qo‘qon shahridan tashqariga ham tarqala boshlaydi. Mahalliy ma’murlar
bunday “xavfli ta’lim-tarbiya manbai”ga toqat qilolmaydilar va 1913-yilda
maktabni yoptirishga muvaffaq bo‘ladilar. Hamza o‘z ona yurtini tashlab, chet
elga ketishga majbur bo‘ladi. 1913-1914-yillarda Hamza Afg‘oniston, Hindiston,
Suriya, Turkiya mamlakatlarida, Makkada sayohatda bo‘lib, bu mamlakatlardagi
o‘zgarish va yangiliklar bilan tanishadi.
Hamza 1914-yilda Qo‘qonga qaytib keladi va kambag‘al yetim bolalar uchun
maktab ochishga harakat qiladi. Nihoyat, “Dorul yatim” ya’ni, “Yetimlar
maktab”ini ochadi. Maktab Qo‘qonda 1914-yil sentabrdan ishga tushadi. Unga
Qo‘qonning har tarafidan kelgan faqir va yetim bolalar pulsiz qabul qilinib, hatto
ba’zi bechorahollarga daftar ham berilgan.
Hamzaning “Doril yatim” maktabi uchun o‘zbek tilida tuzgan darsligi
tabiatga, yo xalqlar tarixiga oid hikoyalardan iborat bo`lgan. Shunga ko‘ra,
ruhoniylar uni ollohga va podshoga qarshi chiqishda ayblaydilar. Ko‘p o‘tmay,
“Doril yatim” maktabi yopib qo‘yiladi, Hamza esa siyosiy jihatdan ishonchsiz va
milliy ozodlik harakatining ishtirokchisi degan mulohaza bilan mirshabning
maxfiy nazorati ostiga olinadi.
Hamza 1915-yilda Marg‘ilonga keladi. U oshkora ravishda yangi maktab
ochishga, lekin ehtiyot bilan ish ko`rishga harakat qildi. Shu tariqa,
Marg‘ilonnning tinch va xilvat ko‘chasida yangi maktab paydo bo‘ladi. Uning
binosi Qo‘qondagi maktab binosidan ham yomonroq edi.
Hamza ta’lim-tarbiya masalasini nazariy jihatdan ishlab chiqish bilan birga,
Turkistonda maktablarni qayta qurishning amaliy masalalarini hal qilishda faol
qatnashdi. U 1916-yilda Zavqiy, Ahmad Aliyev va boshqa jamoat arboblari bilan
birgalikda “Farg‘ona vodiysidagi musulmon aholi orasiga xat-savod yoyish
jamiyati”ni tuzadilar. Jamiyat pul to‘plab, boshlang‘ich maktablar ochadi. Ularda
darslar o‘zbek tilida olib borildi.
Hamza boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga mo‘ljallangan darsliklari hamda
she’rlari bilan o‘zbek bolalar adabiyotining rivojiga katta hissa qo‘shgan. Uning
o‘zi tashkil qilgan yangi usuldagi maktab talabalari uchun yozgan “Yengil
adabiyot”, “O‘qish kitobi”, “Qiroat kitobi” darsliklari, ularga kiritgan she’r, hikoya
va masallari, ta’limiy-ma’rifiy ahamiyatga ega asarlari shu jihatdan e’tiborli.
Ayniqsa, shoirning o‘quv qurollari madhiga bag‘ishlangan she’rlari, “Bolaning
yomon bo‘lmog‘iga sabab bo‘lgan onaning jazosi” hikoyasi, “Toshbaqa bilan
chayon” masali bolalar yosh xususiyatlariga muvofiqligi bilan diqqatga sazavor.
Niyoziyning “Yengil adabiyot”ida ilm va jaholat muqoyasasiga oid ko‘plab
she’rlar mavjud. Masalan, quyidagi she’rda ilmni jannatning eshigini ochuvchi,
xazinaning yo‘lini ko‘rsatuvchi porloq nur sifatida, maktabni esa insonning ilm-
ma’rifat nuridan bahramand bo‘lib, olim bo‘lishidagi dastlabki bosqich – beshik
sifatida tasvirlaydi:
123
Ilm - jannat eshigi,
Xazinaning teshigi,
Insonni olim qilan,
Maktab erur beshigi.
Bu ifoda jaholat bilan muvoziy qo‘llanilib, jannat va do‘zax, xazina va
jahannam, olimlik va so‘qirlik, maktab va g‘aflat singari zid ma’noli tushunchalar
orqali realistik mohiyat kasb etadi.
Jahl – do‘zax eshigi,
Jahannamning teshigi,
Bog‘lab solan ko‘zingni,
G‘aflat erur beshigi .
So‘ngra, olimlik xosiyati va johillik kasofati aniqroq ko‘rsatib beriladi:
Olim bo‘lsak dunyoda,
Kelur har ish bunyoda,
Biz ham suv ostin kezub,
Ham ucharmiz havoda.
Johil qolsak dunyoda,
Xo‘rlik kelur ziyoda,
Hayvon kibi yuk tashub,
Cho‘l kezarmiz piyoda.
Demak, shoir yosh avlodlarining bir kuni olimlar qatoridan o‘rin olishiga,
hatto suv osti va osmonda kezadigan bilimdon bo‘lishiga ishonadi. Kelajakka
ishonch ruhi adibni bolalar uchun ko‘plab darsliklar, ijtimoiy-siyosiy mavzuda,
dunyoviy ilm, kasb-hunarni o‘rganishga undovchi she’rlar bitishiga turtki bo‘ladi.
Shoirning “Qalam” she’ri qasida tarzida yozilgan. Lirik qahramon maktabga kelib,
qalamga oshno bo‘lgani va shu tufayli aqli raso, ilm-u adab egasi bo‘lib, barcha
orzu umidlari ro‘yobga chiqqanini ta’rif-tavsif etadi:
O‘qudim, chiqdi savodim ham xatim yaxshi bo‘lub,
G‘ayratimga yarasha ishlar mango qildi qalam.
Harna kim yozmish qalam so‘zidin also chiqmadim,
Ul mani ham aytganim axir bajo qildi, qalam.
Shoir bolalarni maktabga qiziqtirish, o‘quv qurollariga havas uyg‘otish
borasida ilmning xosiyatini teran idrok etadi. Yosh qahramon tilidan “Bor edi
ko‘nglumda bo‘lmoq podsholik orzu, O‘tmadi fursat, bu hojatim ravo qildi qalam.
Bir gadoni o‘g‘li erdim podsho qildi qalam”,– deya ma’rifatni ulug‘laydi. Natijada
shoir she‘ri va talqinidan insonning jamiyatdagi mavqeyi, qanday inson bo‘lib
yetishuvi ilm sharofatidan ekanligi anglashiladi.
Hamzaning bolalar uchun yozgan yana bir she’ri “Bir kishining bor edi to‘rt
bolasi” deb nomlanadi. Aslida bu mavzu o‘tgan asr boshlaridagi o‘zbek bolalar
adabiyotida alohida yo‘nalish sifatida ko‘zga tashlanadi. O‘sha davr o‘qish
kitoblaridagi axloq-odob mavzusi insoniylikning turli yaxshi va yomon jihatlarini
qamrab olgan. Saxiylik va baxillik, to‘g‘ri so‘zlik va yolg‘onchilik, mehnatsevarlik
124
va dangasalik, sabr va sabrsizlik, qanoat va ta’magirlik, sadoqat va bevafolik,
adolat va jabr-zulm singari insoniylikning qarama-qarshi qutblarida turgan o‘nlab
fazilat va illatlarning yaxshi-yu yomon jihatlari xususida fikr yuritilib, yaxshisidan
o‘rnak olishga, yomonidan hazar qilishga undovchi she’r, hikoyalarga keng o‘rin
ajratilgan. Hamzaning yuqoridagi she’ri shu mazmunni o‘zida ifoda eta oladi.
Unda hikoya qilinishicha, bir oilaning to‘rt farzandi bo‘lib, uylariga kelgan
mehmonning puli yo‘qoladi. U pulni hech biri oldim demaydi, barchasi ko‘rganim
yo‘q deydi. Shunda ota bolalarni tergash befoydaligini anglab, hiyla ishlatishga
majbur bo‘ladi: to‘rt bolasini ham bir uyga qamab, oldiga qora kuya qo‘yadi va
deydi:
Kimki rost esa gar so‘zi,
Qora bo‘lur o‘zicha ikki yuzi;
Kimni agar yolg‘on erursa so‘zi,
Bor-yo‘g‘i qora bo‘lur o‘ng yuzi.
Bolalarning kattasi pulni olganligi uchun bu hiylani tushunmay, o‘ng yuzim
o‘zicha qora bo‘lsa, chap yuzimni o‘zim qora qilay, deb kuyani surkaydi. Ota
bolalarni tashqariga chiqarganida kattasining chap yuzi qoraligini ko‘radi,
qolganlarining yuzi esa oq bo‘ladi. Shunda kimning o‘g‘ri ekanligi bilinib,
xolaning puli qaytib beriladi. Shu tufayli bu fe’lini tashlagan bolani shoir yosh
kitobxonlarga ibrat qilib ko‘rsatar ekan, qissadan hissa tariqasida:
Kimi bo‘yla xiyonat qilur,
Bir kuni o‘zini shuyla xijolat qilur,–
deb ta’kidlaydi.
Hamza Hakimzodaning tugallanmay qolgan “Qiroat kitobi” Avloniyning
“Turkiy Guliston”iga hamohang bo‘lib, uning mantiqiy davomi, hatto ma’lum
jihatlardan uni to‘ldiruvchi asar. “Turkiy Guliston”da avval yaxshi xulqlar, keyin
yomon xulqlar xususida alohida fikr yuritilgan bo‘lsa, “Qiroat kitobi”da har bir
yaxshi xulq va uning ziddi bo‘lgan yomon xulq xususida ketma-ket fikr yuritiladi,
ma’lumot beriladi. Mavjud qo‘lyozmada Hamza Hakimzoda Niyoziy kibr va
tavoze’, baxil va saxiy, kizb va
siddiq
, shitob va sabr, zulm va rahm, xiyonat va
sadoqat mavzularini qalamga olgan. Biroq “Sadoqat” sarlavhasi qo‘yilgan bo‘lsa-
da: “Endi sadoqatni xudo xohlasa, ikkinchi kitobdan boshlab o‘qursiz”, – deb izoh
berilgan.
“Qiroat kitobi”dagi har bir mavzu bir darsga mo‘ljallangan. Shuningdek,
mavzuga hikoyat keltiriladi. Darslik bu jihati bilan Alisher Navoiyning “Hayrat
ul-abror”idagi maqolat va hikoyatlarga ham o`xshab ketadi.
H.H.Niyoziyning
“Mevalar mojarosi” turkumidagi she’rlari ham
bolalarbopligi bilan diqqatni tortadi. Unda bolalarga xos xarakter-xususiyatlar,
chunonchi,
maqtanchoqlik,
baxillik,
manmanlik,
chaqmachaqarlik,
mushtumzo‘rlik odatlari mevalar mojarosi misolida ko‘rsatib berilgan.
Bundan tashqari, Hamza xalq orasidan turli mazmundagi qo‘shiq va
ashulalarni yig‘ib, ularning ayrimlari uchun o‘z davri hayot voqealarini aks
ettiruvchi matnlar yozgan. Hatto u yozgan qo‘shiqlarning ayrimlari hajviy holatni
ifodalaydi. Shoirning bunday she’rlari uning “Oq gul”, “Qizil gul”, “Yashil gul”,
125
“Pushti gul”, “Sariq gul”, “Safsar gul” kabi ramziy nomlar bilan nashr ettirilgan
“Milliy ashulalar uchun milliy she’rlar majmuasi” kitobidan o‘rin olgan. Hamza
folklorga xos nozik poetik uslub elementlarini chuqur o‘zlashtirib, ulardagi ilg‘or
gumanistik g‘oyalarni rivojlantirdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |