Yosh shogirdlar esa, savodli bo‘lmoq, ilm orttirmoq, naql aytmoq maqsadida bu
kitobda yozilganlarni osonlik bilan yodlarida saqlab qolgusidirlar. Katta bo‘lib, aql va
tajriba egasi bo‘lganlarida, yodlab olgan va esda saqlab qolgan naqllar ustida fikr yuritib,
ularni tushunganlarida dillari naqadar foydali hikmatlar bilan to‘lganligini ko‘radilar va
o‘zlari kutmagan ulkan boylikka, bitmas-tuganmas xazinaga ega bo‘lganlarini biladilar.
Yoshlarning xursandligi katta bo‘lganda otasidan meros bo‘lib qolgan xazinani topgan va
shu tufayli umrining oxiriga qadar qiyinchilik ko‘rmasdan yashay olishini bilgan odamning
sevinchiga o‘xshaydi.”
3
Ta’kidlangan jumlalarni Gulxaniyning “Zarbulmasal” asari haqida ham aytish
mumkin. Bu esa asarning yosh kitobxonlar uchun g‘oyat muhimligini asoslaydi. Gulxaniy
ham Yapaloqqush va Ko‘rqush suhbatida ayrim hikoyatlar bayonini “Kalila va
Dimna”nadan topmoq joizligini ta’kidlaydi.
4
“Zarbulmasal” Umarxonning amri, istagi bilan
yozilganligi, u xalq orasida keng tarqalgan zarbulmasallarni – xalq maqollarini yig‘ib, kitob
holiga keltirish lozimligini aytgani hamda Gulxaniy shu nozik xizmatga loyiq, deb topilgani
nazarda tutilsa, mazkur asarlarning maqsad-mohiyati juda yaqinligi oydinlashadi.
“Zarbulmasal” so‘zi “zarb” va “masal” so‘zlarining qo‘shilmasidan iborat bo‘lib,
adabiy atama sifatida masal, maqol, matal keltirib so‘zlamoqlikni anglatadi. Zero, undagi
pandnamo hikoyatlar, xususan, majoziylik, qushlar, hayvonlar tilidan so‘zlash, “Tuya bilan
bo‘taloq”, “Maymun bilan najjor”, “Toshbaqa va chayon”, “Bozanda va Navozanda” kabi
bir qancha masallar hamda xalq maqollarining keltirilishi bilan ham yuqorida zikr qilingan
asardan ijodiy ilhomlanib yozilganligini tasdiqlaydi. Ammo, aytish joizki, “Kalila va
Dimna” turli mavzudagi hikoyatlar zamirida qurilgan pand-u hikmatlardan iborat, voqealar
bayoni, hikmat va maqollar ifodasi ham mumtoz adabiyotga xos yashirin, majozlar tilida
so‘zlashdan iborat. Undagi masallar garchi turli parranrdalar, qushlar va yirtqich hayvonlar
o‘rtasidagi munozaralar, munosabatlar orqali hikoya qilinsa-da, yuksak andisha, falsafiy va
purhikmat o‘gitlar ustuvorlik qiladi. Gulxaniy esa feodal jamiyatining kishisi sifatida o‘tkir
satiraga keng o‘rin bergan. Binobarin, “Zarbulmasal” majoz asosiga qurilgan qissa bo‘lib,
unda turmush voqea-hodisalari, turli ijtimoiy toifaga mansub kishilarning fe’l-atvorlari, bir-
biriga munosabatlari qushlar, hayvonlar tilida bayon qilinadi. Muhimi, asarda xalq maqollari
va naqllari (400 dan ortiq) keng o‘ringa ega. Undagi asosiy voqea-hodisalar qushlar–
hayvonlar timsollari orqali ifodalanganligi, bosh qoliplovchi hikoya boyo‘g‘li va
Yapaloqqush hikoyasi bilan bog‘lanib ketuvchi katta-kichik masal-hikoyalar ham
keltirilganligi uchun adib uni “Zarbulmasal” deb nomlagan. Qushlar obrazlari asarning
asosiy mazmunini belgilaydi, hayvon-hasharot va kishi obrazlari qushlarning o‘zaro
suhbatlarida, ular tomonidan keltirilgan naql-u rivoyatlarda namoyon bo‘ladi.
Asar sujetidagi voqealar xalq ertaklariga monand yozilgan: Yapaloqqush o‘g‘li
Kulonkir sultonni uylantirish maqsadida o‘z yaqini Ko‘rqushni Boyqush huzuriga
sovchilikka yuboradi. Boyo‘g‘lining nihoyatda go‘zal, quyosh yanglig‘ Gunashbonu ismli
qizi bor edi. Yapaloqqushning har qancha qalin bo‘lsa topilur deya o‘z tarafidan sovchilikka
borishga unaganida, Ko‘rqush quyidagi maqollar orqali unga gap uqtirmoqchi bo‘ladi: “Bor
maqtansa topilur, yo‘q maqtansa chopilur”, “Yolg‘on masal turmas”, “Uyat o‘limdan
qattiq”,”Ermon yog‘ochining egilgani–singani, er yigitning uyalgani – o‘lgani”, “Oyoq
yugurigi oshqa, og‘iz yugurigi boshqa...” Sen kim, Boyo‘g‘lining eshigiga kishi yubormoq
kim? Hech bilmasmusenki, “Teng tengi birla, tezak qopi birla”. Yapaloqqush: “Andin
bizning nima kamligimiz bor?",–deganda esa Ko‘rqush: “Maqtangan qiz to‘yda uyalur”,
“O‘zini maqtag‘on o‘lumning qarovuli”. Sening ahvoling olamg‘a ma’lumdir. “Oyni etak
3
Kalila va Dimna. S.G`aniyeva tarj. Toshkent, “O`zbekiston”, 1992. –B.38.
4
Bu haqda qarang: Gulxaniy. Zarbulmasal. Toshkent, “Ma’naviyat”, 2009. –B.8
171
birla yashirsa bo‘lurmi?”, “Chumchuq semursa, botmon bo‘lurmi?”, “Olako‘zanak ola
bo‘lsa ham, arslon bo‘lmas, olato‘g‘anoq olg‘ur bo‘lsa ham, ahvoli ma’lum” kabi.
Ana shunday maqolli aytishuvlar, “sovchi”ning yo‘ldagi hamsuhbatlari orasidagi
masallar hikoyasi, bir-ikki bordi-keldidan so‘ng ming xaroba– chaldevor(chordevor) qalin
badaliga Boyo‘g‘li rozilik beradi. Yapaloqqush shonu shavkat bilan to‘y anjomlarini
keltiradi, o‘sha davrdagi quda-andachilikka xos hamma rasm-rusumlar, milliy odatlar bajo
keltirilib, to‘y marosimlari o‘tkaziladi. Bu marosimlarda ikki tomondan juda ko‘p qushlar–
Ko‘rqush, Hudhud, Turumtoy, Kordon, Bozanda, Navozanda, Anqo, Humo, Ukob, Lochin,
Oqqush, Turna, G‘oz, O‘rdak, Suqsur, Kaklik, Bedana, Olato‘g‘anoq, Zarqaldoq kabilar
qatnashadi va har biri o‘ziga yarasha xizmatni ado etadilar. Farg‘ona iqlimida xarobalar kam
bo‘lganligi uchun Mavorounnahr iqlimidan (Buxoro amirligi) 1000 chordevor topishib,
kelin Gunashbonu mahriga to‘laydilar.
Ko‘rinadiki, Gulxaniy asarda aniq makon (Ho‘qand, Buxoro) va zamon (XIX asr),
hayotiy voqelik (feodal jamiyatidagi notenglik)ni hamda xalq an’analarining yaxshi-yomon
qirralarini majoz va kinoya, so‘z o‘yinlari, kesatiqlar orqali bayon etadi. Garchi unda o‘z
yurti (Qo‘qon) va uning xoni (Umarxon)ga sodiqlik, u boshqarayotgan yurtning boshqa
hududlardan ko‘ra obodroq ekanligiga ishora etilsa-da, Xolboqi misgar, Yodgor po‘stindo‘z,
Muhammad Amin mufti, Otaboy amin, Sayid Azimxon, eshon kalla haqidagi hajviy-
rivoyaviy epizodlarni ochiq-oydin keltiradi.
Muallif o‘z masallaridan majoziy obrazlar orqali hukmron sinf vakillarini fosh qiladi,
mamlakatga xarobalik, xalqqa qashshoqlik keltirgan o‘zaro feodal urushlarga qarshi
ommaning noroziligini ifodalaydi. Shuning uchun Yapaloqqush va Boyo‘g‘lining bir-biriga
quda bo‘lishi voqeasini keltiradi. Bu ikki quda to‘y bahonasi bilan mamlakatni xonavayron
qiladi. Yozuvchi Ko‘rqush, Hudhud, Kulonkirsulton, Sho‘ranul, Malik Shohim va
Kordonlarning bir-birlariga aytgan masallari, hikoyalari orqali asarning g‘oyaviy mazmunini
ravshanlashtiradi.
Gulxaniy “Maymun bilan najjor” masalida hunar va hunar ahlini ulug‘laydi,
qo‘lingdan kelmaydigan ishga aslo urinib kulgi bo‘lma, ko‘r-ko‘rona birovga taqlid qilib
falokatga yo‘liqma, degan fikrni maymun qismati orqali ko‘rsatadi. Bu masal axloqiy
tarbiyaviy mavzuda bo‘lib, ishning mohiyatini bilmay, pala-partish kirishuvchi va oxirida
o‘zi sharmanda bo‘lib qoluvchi kishilarga o‘git-nasihat tarzida keltirilgan.
Mehnatkash xalqning og‘ir hayoti va mehnati, huquqsizligi va nochorligi, ayanchli
qismati esa “Tuya bilan bo‘taloq”da badiiy tasvirlangan. Gulxaniy bu masalda Sarbon, Tuya
va Bo‘taloq orqali xususan, o‘zi yashayotgan jamiyatdagi tengsizlikni, uning og‘ir
mashaqqatlarini bayon qiladi. Chunki, xalq uchun “tirikchilik toshdan qattiq”, Sarbon o‘z
g‘amida, tuya og‘ir yuk ostida, Bo‘taloq esa ona sutidan mahrum.
Gulxaniyning “Toshbaqa bilan chayon” masalida esa bir-biriga zid va qarama- qarshi
ikki obraz berilgan: toshbaqa–aqlli, farosatli, safarlarda ko‘p yurib, ancha tajriba orttirgan,
insofli, sodiq va qadrdon do‘st timsoli, chayon esa uning ziddi. U boshqalarga yomonlik
qilishdan huzur qiladi, yaxshilikni bilmaydigan kimsalarning ramziy obrazidir.
Gulxaniy qissadan hissa chiqarib, kishilarni hushyorlikka odamoxunlikka undab:
“Aslning xatosi bo‘lmas, nojinsning oshnosi bo‘lmas”, “Bo‘ynida illati borning oyog‘i
qaltiraydi”,–degan maqollarni keltiradi.
“Zarbulmasal” majoz va masallar, xalqning jonli iboralari asosiga qurilgan asar.
Undagi she’riy va nasriy matnlar turli badiiy san’atlar vositasida ta’sirchan ifoda etilgan.
“Zarbulmasal” ham “so‘z matosi qadim o‘tmishda to‘qilgani, ranginkamon rishtalari
butun yer yuzini, go‘zal so‘z gilamlari bilan burkab chiqqan” yodgorliklarga monandligi
jihatidan, nafaqat kattalar, balki bolalar ham zo‘r qiziqish bilan o‘qib kelayotganligi uning
bolalar kitobxonligidagi muhim o‘rnini belgilaydi. Umuman, asarda zarb, zarblash usulidan
foydalanilgani uchun nomi “Zarbulmasal” hisoblangan. Unda 400 dan ortiq maqol va
iboralar singdirilgan. Asar tarkibida quyidagi masallar bor: “Toshbaqa bilan chayon”, “Tuya
172
bilan bo‘taloq”, “Maymun bilan Najjor”, “Kabutar bilan zog‘”, “Yodgor po‘stindo‘z”,
“Dumsiz eshak”, “Yolg‘onchi tuya”. Asardagi masallarning jami 15 dan ortiq.
“Zarbulmasal” xalq orasida “Yapaloqqush hikoyasi” ham deyiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |