6-savol bo`yicha o`qituvchilarimizning 8 nafari (62%) ijtimoiy-siyosiy voqealarga qiziqib turishini bayon qilgan. 7-savol esa o`qituvchilarimizning ilmiy-ommabop maqolalarni o`tish usullari haqidagi fikrlarini bilishga qaratilgan edi. Bunda quyidagi javoblarni qoniqarli deb hisoblash mumkin: “Har qaysi matn va maqola ilmiy va tarixiy voqealarga asoslangan deb tushuntiraman”–(8%); “o`qiymiz, muhokama qilamiz, rasmlar bilan ishlaymiz”–(8%). Qolganlari an’anaviy, noan’anaviy, interfaol usullarda degan umumiy javoblar bilan cheklanishgan.
Ushbu savolning mantiqiy davomi bo`lgan 8-savol – ilmiy-ommabop matn va maqolalarni o`tish uchun sinfda qanday ko`rgazmalar tashkil etasiz, degan savolga “Allomalar haqida, O`zbekiston va uning ramzlari to`g`risida ko`rgazmalar tashkil qilaman”, “Allomalar rasmi, Vatan, milliy bayramlarimizga bag`ishlangan rasmlardan foydalanaman” degan javoblarni nisbatan qoniqarli hisoblash mumkin. Bu 38%ni tashkil qiladi. Qolgan o`qituvchilar esa fotolavhalar, slaydlar, rasmlar degan javoblar bilan cheklanishgan. Ilmiy-tarixiy manba, vidiolavha, gazeta-jurnal nashrlaridan, yoki, qo`shimcha adabiyotlarni esa e’tibordan soqit bo`lgan.
9-savolga bir xil javoblar yo`q hisobi. Ilmiy-ommabop maqolalar mavzusiga oid javoblardan odob-axloq, tarixiy-ijtimoiy, mamlakat iqtisodiyotiga oid, salomatlik, ekologiya va tabiat haqida degan javoblarni o`rinli, deb hisoblash mumkin. Ammo, bu 2-3 nafar o`qituvchining (24%) javobi, xolos. Qolgan o`qituvchilar badiiy va didaktikk matnlar to`g`risida fikr bildirishgan. 10-savolimizda esa o`quvchilarga tavsiya etiladigan matbuot nashrlari haqida bilishga qiziqqan edik. Bunda jami 30 ta javob, ya’ni ikki va undan ortiq javob varianti berilgan. Shundan “Gulxan” va “G`uncha” jurnalini tavsiya etish 17 %ni tashkil qiladi. “Bilimdgon”-30%, “Bilag`on”, “Buloqcha”, “Tramvay”, “Erudit OK”, “Argumentlar” jurnallari 3%dan, qolgani esa ertak va badiiy nashrlar javoblarini afzal ko`rishgan.
Shundan ham ko`rinadiki, boshang`ich sinf o`qituvchilari 1-4-sinf o`quvchilariga mo`ljallangan ommabop nashrlarni juda kam bilishadi hamda tavsiya etishadi. Holbuki, ulardan sinfda va sinfdan tashqari o`qish darslarida keng foydalanish lozim. Aslida boshlang`ich sinf o`quvchilarining ijtimoiy dunyoqarashini o`stirishga keng yordam beradigan, ularni davrning muhim yangiliklari bilan tanishtirib boradigan gazeta-jurnallar ham ijtimoiy-siyosiy nashrlardir. O`zbekistonda bunday nashrlar “Tong yulduzi” gazetasi, “G`uncha”, “Bilimdon” va “Gulxan”dir. Albatta, “Donovord”singari aqlni charxlaydigan nashrlarni kuzatib borish foydadan xoli emas. Ammo, ilmiy-ommabop maqolalarni o`rganishda qayd etilgan nashrlar muhim ahamiyat kasb etadi. Shunga qaramay, “Ilmiy-ommabop matn va maqolalar o`qish kitoblari uchun zarurmi”,-degan 12-savolimizga 10 nafar o`qituvchi (77%) “Ha” javobini bergan, 3 nafar o`qituvchi esa (23%) “Bilmayman” degan javobni beradi. Nihoyat, amaldagi o`qish kitoblarida berilayotgan ilmiy-ommabop maqola va matnlar yetarli deb o`ylaysizmi, degan 14-savolimizga 4 nafar o`qituvchi (31%) “Yetarli”, 4 nafari (31%)”Kam”, 5 nafari (38%) “Xilma-xil mavzuda va ko`proq bo`lsin”,-degan javoblarni berishgan.
Biz ana shu javoblarda qatnashgan barcha boshlang`ich sinf o`qituvchilariga o`z minnatdorchiligimizni bildiramiz, albatta. Va bunday tajriba sinov ko`rinishlarini bir necha maktabda o`tkazishga erishishimiz lozimligiga iqror ham bo`ldik. Shunday bo`lsa-da, mazkur so`rovnoma natijalari bizga zarur ma’lumotlarni berdi, albatta. Biz avvalo, o`qish darsliklarida berilayotgan ko`pgina janrlar, jumladan, ilmiy-ommabop maqolalar haqida o`qituvchilarimiz yetarli ma’lumotga ega bo`lishlari lozim, deb o`ylaymiz. Ikkinchidan, ularning janriy xususiyati, tabiati, maqsad-mohiyatini tushunmas ekanlar, qiziqarli o`tilishi, o`quvchiga yetkazib berishda samarali natijaga erishib bo`lmaydi. Uchinchidan, har bir o`qituvchi o`zi yashab turgan makon va zamonga faol munosabatda bo`lishi, ijtimoiy-siyosiy jihatdan o`ta hushyor va bilimdon bo`lishi zarur. To`rtinchidan, boshlang`ich sinf o`qituvchilari o`qish kitoblarida berilgan barcha janrdagi namunalarni bir xil qiziqish bilan, yuqori saviyada o`tishga erishishlari kerak. Aks holda, bilim to`laqonli bo`lmaydi. Beshinchidan, boshlang`ich sinflarga dars beradigan muallim albatta, bolalar matbuoti, davriy nashrlari bilan tanishib borishi hamda o`z o`quvchilarini o`qitishga ham erishishi zarur.
Binobarin, boshlang`ich sinflarda ilmiy-ommabop matn va maqolalarni o`rganishda kafolatlangan natijaga erishishda maktab darsliklardan tashqari, o`qituvchilarning bilim va izlanishlari ham muhim rol o`ynaydi.
Bunda sinfdan tashqari o`qish darslarini rejalashtirishga ham ahamiyat berilsa, 2-sinfda haftada 1 marta, 3-4-sinflarda 2 haftada bir marta o’tkaziladi. O’quvchilar mustaqil o’qishga o’rgatilar ekan, ular ,,G'uncha", ,,Gulxan", ,,Bilimdon" jurnallari, ,,Tong yulduzi" gazetasi bilan, ya'ni bolalar matbuoti bilan tanishtiriladi. Ta’bir joiz bo`lsa, xuddi shu jihat o`quvchilarni ilmiy-ommabop maqolalardan saboq olish, uning ma’rifiy-ma’naviy ahamiyatini anglashi kuzatiladi. Bir darsga o’quvchilar bir nechta tarixiy mavzudagi maqola o’qib kelib, bu nashrlarda aynan ajdodlarimiz merosi, ulug` allomalar hayoti keng targ`ib etiladi, ularning hayoti va ijodiga oid lavhalar beriladi, ayni paytda tengdoshlari haqida hikoyalar beriladi; o`quvchilar esa ular haqida o’z fikrlarini aytib beradilar, qahramonlarni tasvirlab, mulohaza yuritishga harakat qiladilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |