XULOSA
Komil inson tadiqotchisi Aziziddin Nasafiy kamolot belgisi sifatida ikki
narsani asos qilib olgan. Buning biri – hamida (go'zal) axloq bo'lsa, ikkinchisi –
o'z-o'zini tanish. Shu ikki asosning bor yoki yo'qligiga qarab u odamlarni uch
qismga ajratgan. Birinchisi, hamida axloqiy xislatlar bilan bezanmagan va o'z-
o'zini tanimagan odamlar. Ikkinchisi, hamida axloqiy xislatlar bilan bezangan
ammo o'z-o'zini tanimagan odamlar. Uchimchisi, hamida axloqiy sifatlar bilan
bezangan va o'z-o'zini tanigan odamlar.
Hazrat Alisher Navoiy esa "Nasoyimul muhabbat min shamoyimul futuvvat"
asari muqaddimasida quyidagi fazilatlarni avliyolarga xos xislatlar sifatida qayd
qiladi: barchadan o'zini kam deb bilish, hech kimga hatto, oddiy xizmatkorga ham
qo'pol, bepisand muomala qilmaslik, shirin so'z bo'lish, rahmdil bo'lish, saxiy
bo'lish, mard bo'lish, halimlik, xushxulq bo'lish, rizo-rozilik bilan kun o'tkazish,
sabrli bo'lish, sadoqatli, vafoli bo'lish, riyozat chekish…
Komil insonga xos ayni fazilatlar Navoiy "Xamsa"sining ikkinchi dostonida
Farhod va Shirin obrazlari misolida badiiy talqin qilingan.
Farhod va Shirin timsollari ruhiy ma'naviy qudrat, aql-u zakovat, eng yaxshi
xislatlarning jamuljamidir.
Asarni g'oyaviy-badiiy tahlil qilar ekanmiz, unda talqin qilingan komil inson
haqidagi g'oyalar katta ijtimoiy-axloqiy ahamiyatga ega bo'lib, Istiqlol davri
avlodini yaxshilik va ezgulik ruhida tarbiyalash, ular qalbida mehr-u muhabbat,
vafo va sadoqatni kuchaytirishga xizmat qiladi. Har zamon, har lahzada inson
zotiga insonligini eslatib, uni yovuz, qabih ishlardan saqlanishga targ'ib qilib
turadi.
Dostondagi Farhod va Shirinning sof muhabbati ila yuzaga kelgan beg'ubor
tuyg'ular talqinidan kelib chiqadigan mantiqiy xulosa shuki, inson go'zalligi Alloh
jamolining aksi, bu jamol olamda va odamda qancha ko'p jilo etgan bo'lsa, u
shuncha go'zal bo'la oladi.
Shirinning Farhodga yozgan ishqiy nomalaridan kelib chiqadigan mantiqiy
xulosa shuki, Shirin komil so'z, komil ma'no va komil tafakkur imsolidir.
Farhod timsolini, undagi jamiki insoniy xususiyatlarni ko'rib, Navoiyning
badiiy tasvir vositalarining juda o'rinli, ta'sir kuchini oshiradigan shakllardan
qo'llanganligining guvohi bo'lamiz. Farhodning har bir yaratuvchanlik faoliyati aks
etgan lavhalardan zohiriy haqqoniyat, botiniy go'zallik, fusunkor samimiylikning
yorqin namoyishini ko'ramiz.
Asarni g'oyaviy tahliliga e'tibor qaratsak, har ikkala qahramon ham
chinakkam oshiq, haqiqiy komil inson timsollaridir. Shirinning shaxsiyatida
haqiqiy oqila qiz timsolini ko'ramiz. Zero, u o'z el-u yurtining obodligi uchun
g'amxo'rlik qiluvchi, o'z xalqining tinch va omonligini ta'minlashga intiluvchi
xalqparvar va vatanparvar insondir.
Farhod obrazida ham haqiqiy shijoatning yuqori darajaga ko'tarilganlini
ko'ramiz. U ham aqlda, ham kuch-quvvatda tengi yo'q, odamiylik tuyg'ularini
o'zida mujassam etgan, mehnatdagi matonati, oqil va donishmand bir zot ekanini,
sevgida qat'iyatli, halol, pok, vafoli, kamtarin, mard inson ekanini asarning turli
lavhalarida ko'ra olamiz. Asar ,shubhasiz, bugungi kunda yetishib kelayotgan yosh
avlodni chinakkam komillik sari yetaklovchi nurli ganjinadir.
Hazrat Alisher Navoiy ma'naviy merosi – yaxlit bir adabiy voqelik, bebaho
ma'naviy xazina. Ulug' shoirning yuksak xalqparvarlik ruhi bilan yo'g'rilgan
hayotbaxsh g'oyalari "dunyoviy" talqinlarda qanday porlab tursa, "ilohiy"
talqinlarda ham shunday nur taratadi.
Odam mohiyati nimadan iborat, inson nega dunyoga keladi? Nega inson zoti
bir xil emas? Firibgarlik, qonxo'rlik, yolg'on, hasad qayerdan kelib chiqqan?!
"Farhod va Shirin" dostoni mutolaasi jarayonida biz bu savollarga javob topganday
bo'lamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |