8-amaliy mashg’ulot
Mavzu: Soha leksikografiyasi..
REJA:
1. .Leksikografiya haqida umumiy ma’lumot
2. Soha lug‘atlarini yaratish tamoyillari.
3.Sohaviy terminlarning morfologik, sintaktik, semantik usul bilan
yasalishi.
Tayanch so‘zlar: konkret tushuncha, til, atama (termin), nominativ (atash) vazifa, leksemalar, kelishik, qo‘shimcha, so‘z, muzey, tarix, kelajak, o‘tmish, termin, sohafonema, grafika, grammatika, leksika, evfemizm, disfemizm, signifikat, referent, pragmatika, sintagmatika, paradigmatika
Mavzuning qisqacha bayoni
1.Ilmiy uslub va uning xususiyatlari.
Til birliklari va materialidan fikrni ifodalash maqsadida foydalanish jarayoni nutq sanaladi. Hayotning turli sohalari, turlicha nutq vaziyatlarida tildagi leksik, frazeologik, fonetik va grammatik vositalarni tanlash va ulardan foydalanish usullari ham har xil bo‘ladi. Shunga ko‘ra, nutqning quyidagi uslublari o‘zaro farqlanadi: so‘zlashuv uslubi, rasmiy-idoraviy uslub, ilmiy uslub, publitsistik uslub va badiiy uslub.
Ilmiy uslub tabiat va ijtimoiy hayotdagi barcha narsa hamda hodisalar to‘g‘risida aniq, asoslangan, izchil ma’lumot berishda qo‘llanadi. Unda narsa-hodisa mohiyatini ta’riflash, tahlil qilish, sababini aniqlab, dalillar bilan isbotlash va asosli natijalarni bayon etish muhim hisoblanadi. Maxsus atamalar bu uslubning leksikasini tashkil qiladi, unda adabiy me’yorga qat’iy rioya etilgani holda majhul nisbatdagi fe’llar va murakkab qurilishli gaplar keng ishlatiladi. Ilmiy uslub bilimning turli sohalariga qarab, shuningdek, kimga mo‘ljallanganligiga nisbatan o‘zaro farqlanadi. Masalan, fan sohalari muayyan shartli belgilar, formulalar, bayon qilish materiali bilan ajralib turadi. Ilmiy uslubdagi kitoblar ilm-fanga oid ma’lumotlar berish bilan mutaxassislargagina mo‘ljallanishi yoki bunday ilmiy ma’lumotlar keng ommaga qaratilgan bo‘lishi mumkin. Keng jamoatchilikka tushunarli bo‘lgan, tasvir bayonida emotsionallik, obrazlilik mavjud bo‘lgan uslub ilmiy-ommabop uslub sanaladi. Ko‘pchilikka mo‘ljallangan ma’ruzalar, risola va darsliklar shu uslubning ko‘rinishlaridir.
Ilmiy-ommabop uslubda maxsus atamalar kam ishlatiladi (ishlatilganda esa izohi beriladi), fikrlar qiziqarli tilda tushuntiriladi, bayonda obrazlilikni ta’minlovchi badiiy tasvir usullaridan foydalaniladi.
Ilm-fan, texnika, san'at sohasida ishlatiladigan bir ma'noli so‘zlarga termin (atama) deyiladi. Atamalar bilan shug‘ullanuvchi tilshunoslikning bo‘limiga terminologiya deyiladi.
«Terminlar maxsus leksikaga kiradi» degan qarashlar ham mavjud.Terminlarni iste'mol doirasiga ko‘ra ikkiga bo‘lib yuborish mumkin.
1. Umumxalq ishlatadigan atamalar. 2. Ma'lum bir fan sohasidagina tor doirada ishlatiladigan so‘zlar.Masalan, tabobat atamalari ichida hammaga tushunarli bo‘lgan vrach, jarroh, dori, bemor, ukol singari so‘zlar uchragan holda faqat vrachlarning nomini anglatuvchi neyrolog, urolog, okulist, onkolog, travmatolog kabi atamalar ham uchraydi.
Shunday atamalar ham bo‘ladiki, ularni faqat shu soha vakillarigina tushunadilar. Ularni ishlatish, qo‘llash uchun maxsus fan tayyorgarligi talab etiladi. Misol uchun fonema, grafika, grammatika, leksika atamalarini har bir tilchi tushungani holda evfemizm, disfemizm, signifikat, referent, pragmatika, sintagmatika, paradigmatika kabi lingvistik atamalarni faqat filolog olimlargina anglaydilar.Termin (atama)da quyidagi xususiyatlar mavjud bo‘lishi darkor.
1. Atama (termin) aniq, konkret tushunchani ifodalamog‘i kerak: o‘zak, ot, sifat, son, olmosh, fe'l kabi (tilshunoslik atamalari)
2. Atama (termin)lar emotsional-ekspressivlikdan, uslubiy bo‘yoqdorlikdan xoli bo‘lishlari lozim: kislorod, vodorod, azot, simob, ishqor, kukun kabi.
3. Termin nominativ (atash) vazifani bajaradi: bosim, tezlik, birikma, aylana, ishqalanish, ko‘paytirish singari.
4. Termin bir ma'noga ega bo‘ladi: o‘g‘itlagich, sudraluvchilar, mikroorganizm, ultrabinafsha nurlar va hokazo.
5. Atamalar ma'lum bir soha vakillari tomonidan rasmiylashtirilgan va me'yoriy qoliplarga solingan bo‘ladi. Misol uchun: richak, kvant, anod, optika, magnit maydoni kabi.
Atamalar ikki xil yo‘l bilan yasaladi. 1. Ichki imkoniyatlar asosida; ziddiyat, makon, zamon, sichqoncha, tekislik kabi. Ular ichida so‘z yasovchi qo‘shimchalar yordamida hosil qilingan leksemalar ham uchraydi: gulxayridoshlar, o‘g‘itlagich, zirkgullilar, kemasoz kabi. 2. Tashqi imkoniyat. Bu usul bilan atamalar yasalganda boshqa tillardan so‘z o‘zlashtiriladi: yadro, neytron, litsey, kollej, bakalavr, magistr, mikrob kabi. Ular ichida ultra, mikro, anti, avia bilan yasalgan atamalar uchraydi. Antibiotik, mikrokimyo, ultrafiltr, antioksidlovchi singari.
Bugunga kelib atamashunoslik o‘zbek tilining eng dolzarb muammosiga aylandi. O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi, tilimizning boshqa tillar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kontaktga kirishishi tilimizga minglab yangi atamalarning kirib kelishiga sababchi bo‘lmoqda. Masalan: monitoring, marketing, injenering, menejer kabi. Bu atamalarning aksariyati iqtisodiyot sohasiga taalluqlidir.Ularning ichidan ayrimlari atamalik bo‘yog‘ini yo‘qotib hammaga tushunarli so‘zga aylandi. Bu hodisaga determinazatsiya deyiladi. Misol uchun diler, kollej, litsey, dasturlash, kichik korxona, qo‘shma korxona, fermer, shirkat xo‘jaligi singari.
4. Kasb-hunarga oid so‘zlar.
O‘zbek xalqi azaldan son-sanoqsiz kasb-korlar bilan shug‘ullanib keladi. Paxtachilik, pillachilik, temirchilik, bog‘dorchilik, novvoylik, kashtachilik kabi kasb-hunarlar ota-bobolarimiz tomonidan puxta o‘zlashtirib olingan. Yuzaki olib qaraganimizda, mazkur kasb-korlarning tilshunoslik faniga hech qanday aloqasi yo‘qqa o‘xshaydi. Chuqurroq yondashilsa, har bir kasb-kor ostida son-sanoqsiz leksik birliklarning yotganligini ko‘rishimiz mumkin.
Muayyan kasb-hunarga tegishli bo‘lgan iste'mol doirasi chegaralangan so‘zlarga kasb-hunarga oid so‘zlar yoki professionalizmlar deyiladi. Professionalizmlar (professional so‘zlar) ham xuddi termin (atama) lar singari maxsus leksikaga kiradi. Ularning ishlatilishida qat’iy chegara bo‘ladi. Misol uchun do‘ppido‘zlar atamasida suv, zanjir, gul, piltakachlash, presslash kabi so‘zlar uchraydiki, ular neytral leksikada boshqa bir ma'noda ishlatiladi. O‘zbek tilida kasb-hunar leksikasi borasida juda ko‘p ishlar qilingan. Ayniqsa, S. Ibrohimov “Farg‘ona shevalarining kasb-hunar leksikasi” bo‘yicha uzoq yillar davomida fundamental tekshirishlar olib bordi hamda temirchilar, rixtagarlar, pichoqchilar, tunikasozlar leksikasidan 2,5 mingga yaqin professional so‘zlarni to‘plab, ularga izohlar bergan.Kasb-hunarga oid so‘zlar atamalardan quyidagi xususiyatlariga ko‘ra farqqilib turadi.
1. Atamalar ilm-fan, texnikaning muayyan bir sohasiga tegishli bo‘ladi. Shu bois ilm-fan, texnika yangiliklari muntazam ravishda ularda o‘z aksini topib boradi. Professional so‘zlar esa ma'lum toifa kishilari tildagina ishlatiladi. Ular ko‘p asrlar davomida yaratiladi.
2. Atamalar rasman qabul qilinadi va ular mutaxassislar hamda atamashunoslik qo‘mitalari tomonidan doimiy ravishda nazorat qilib turiladi. Misol uchun 1989-yilning 21- oktabr kuni O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgandan so‘ng atamalarni tartibga solish hamda me'yorlashtirish masalalari bilan shug‘ullanuvchi atamashunoslik qo‘mitasi tuzildi.
Professionalizmlarni esa hech kim tartibga solib turmaydi. Ular muayyan kasb-hunar egalari tomonidan avloddan avlodga o‘tkaziladi.
Misol uchun paxtachilikda kvadrat uyalab ekish, plyonka ostiga chigit ekish, fermer xo‘jaligi, jamoa xo‘jaligi kabi yangi atamalar paydo bo‘ldi.
Kasb-kor nuqtai nazaridan esa ketmon, chopiq, suvchi, yagana kabi so‘zlar hamon o‘z ma'nosida ishlatilib kelinmoqda.
3. Atamalar aniq bir ma'noni ifodalovchi so‘zlar sifatida yozma nutqda paydo bo‘ladi. Kasb-hunarga oid so‘zlar esa shu kasb-kor bilan shug‘ullanuvchi kishilarning og‘zaki nutqida yashaydi.
4. Terminlarning ishlatilish doirasi keng bo‘ladi. Ayrim atamalar umumjahon ahamiyatiga ega bo‘ladi. Professionalizmlar esa tor doirada qo‘llaniladi.
Mavzu yuzasidan savol va topshiriqlar:
1-mashq.Termin so’ziga sinkveyn tuzing.
1.Bir so’z
2.Ikkita sifat
3.Uchta fe’l
4. To’rt so’zdan iborat gap
5. Birinchi so’zga sinonim
Do'stlaringiz bilan baham: |