Ikkinchi daraja jamoaning yuqoriroq ta’lim sifati ko’rsatkichlariga erishishini ko’zda tutadi. Kasb-hunar kollejiga oid misolni davom ettirgan holda shuni ta’kidlab o’tishimiz kerakki, bu «...ta’lim muassasasi negizida O’MKO’T sohasida shaxs va ishlab chiqarish ehtiyojlarini qondiradigan, yuqori darajadagi ta’lim va kasbiy tayyorgarlikni ta’minlaydigan malakali kadrlar tayyorlashning tegishli ixtisosligiga doir ilg’or metodlar ishlab chiqilishi va joriy qilinishi mumkin», degan tegishli qoidaga binoan ko’zda tutilgan (Kasb-hunar kolleji haqidagi Nizom).
Bunda boshqaruv faoliyati tizimni yuqoriroq darajaga o’tkazishni ko’zda tutadi, ya’ni rivojlanish rejimi amalga oshiriladi.
Boshqaruvning bunday darajasiga o’tilishi ta’lim muassasasi tomonidan avvalgi darajadagi barqarorlashuvga erishilgandagina, ya’ni boshqaruv ob’yekti parametrlari doimiy normativ darajada turgandagina o’zini oqlaydi.
Shunday qilib, ta’lim muassasasida sifatni boshqarish rejasi to’g’ri tanlanganligiga ushbu jarayonni samarali loyihalashtirishning muhim omillari sifatida qarash mumkin. Pedagogik loyihalashtirish algoritmida konkrekt ob’yekt, uni tarkibiy qismlari bo’yicha tahlil qilish, maqsad ta’rifi alohida ajratib ko’rsatiladi. Ular ta’lim muassasasida sifatni boshqarish tizimini loyihalashtirish uchun ham muhimdir. Ammo bunday loyihalashtirish mantiqi, mazmuni va bosqichlari ta’lim muassasasining turi taqozo etadigan xususiyatlarga ega (V. S. Bezrukova).
Sifatni boshqarish nazariyasiga muvofiq rahbarlar, eng avvalo, ta’lim muassasasida sifatni boshqarish tizimining tarkibiy qismlarini biron-bir parametrik makonda tavsiflab, so’ngra ularni o’lchashning samarali usullarini topish, ya’ni zarur o’lchovni aniqlash va shu o’lchov bilan qiyoslash metodini aniqlashlari lozim bo’ladi. Pirovard natijada barcha ko’rsatgichlarni ta’lim sifatini tavsiflash imkonini beruvchi biron-bir integrativ ko’rsatkichga birlashtirish jarayoni belgilanadi. Shundagina ta’lim muassasasi boshqaruv xodimlari ishning ahvoliga mos ravishda maqsadlarni aniqlash va boshqaruv faoliyati mazmunini loyihalashtirish imkoniga ega bo’ladilar.
Ta’lim sifatini boshqarish maqsadlariga erishish bosqichiga to’xtalib o’tamiz.
Ma’lumki, faoliyat maqsadi strategiya asosida ta’riflanadi. Ta’lim sifatini boshqarish maqsadlarining belgilanishi shaxsga, jamiyat, konkret ishlab chiqarish va mintaqaning mutaxassislarga bo’lgan ehtiyojlarini prognoz qilishga asoslanadi. Buning uchun mehnat bozorida aynan qaysi mutaxassislar kerakligi; mutaxassislarning kasbiy sifatlariga qanday talablar qo’yilishi; ushbu sifatlarni baholashda nimaga tayanilishi, ularni o’lchash va baholash uchun qanday vositalar kerakligi to’g’risidagi tegishli axborotga ega bo’lish zarur.
Natijada ta’lim muassasasining ta’lim sifatini boshqarish maqsadi bo’lgan zamonaviy mutaxassisning qandaydir ideal obrazi vujudga keladi (I. Kaoru). Boshqaruv xodimlari ta’lim muassasalarining barcha bo’linmalarini, pirovard maqsadga erishishga, uni mantiqan asoslagan holda, yo’naltirishlari kerak.
Ta’lim muassasasining boshqarish maqsadlarini ta’riflashda ta’lim sifatining maqbul darajasini ta’minlash, ya’ni undan yuqori va past darajada bo’lganda kadrlar tayyorlash masalasi ijtimoiy-shaxsiy va iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq bo’lmaydigan holda, maqbul darajada bo’lishiga erishish diqqat markazida bo’lishi kerak. Bundan tashqari, maqsadni qo’yish DTSda ta’riflangan ta’lim sifatiga oid ijtimoiy normaga, malakaga doir tavsiflarga va boshqa me’yoriy-yo’riqnoma hujjatlarga tayanadi. Bunda ijtimoiy-shaxsiy va kasbiy yo’naltirilgan mutaxassisni tayyorlash borasida qo’yilgan asosiy talablar aks ettirilgan. Ushbu normativ hujjatlarda yangi kasb ixtisosligiga doir quyidagi ko’rsatkichlar mavjud:
- ijtimoiy va kasbiy javobgarlik;
- kasbiy safarbarlik;
- kasbiy mustaqillik;
- kreativlik;
- kooperatsiyalashishga qodirlik (I.Kaoru).
Masalan, O’MKO’T ta’lim muassasalari bitiruvchilarining malakasiga oid zamonaviy tavsiflarining farqli xususiyati - ularni asosiy malaka bilan to’ldirishdir, ya’ni bunda «nimani bilishi va qila olishi kerak» degan an’anaviy talablardan tashqari, kichik mutaxassisning kasbiy sifatlariga oid aniq talablar ta’riflab berilgan.
Ta’lim muassasasi rahbarlari ta’lim jarayoni qatnashchilarining o’zaro aloqalari va o’zaro munosabatlarini muntazam ravishda o’rganib borsalar, ta’lim sifatini boshqarish maqsadlari va mazmunining loyihalashtirilishi birmuncha samaraliroq bo’lur edi. Ta’lim muassasasi xodimlarining pedagogik ishlaridagi asosiy o’zaro aloqalarini ularning malakali talablarini o’rganish, aniqlash va tegishli matritsani tuzish mumkin.
Kasb-hunar ta’limi tizimida, masalan, «maxsus fanlar o’qituvchilari - umumta’lim fanlari o’qituvchilari» kabi matritsa satrlaridan birining namunali bayonini keltiramiz.
Zikr etilgan o’zaro aloqadagi matritsani, masalan, o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi darajasida tahlil qiladigan bo’lsak, u quyidagi ko’rinishga ega bo’ladi:
Do'stlaringiz bilan baham: |