Hozirgi zamon bozor iqtisodiyotining barcha eng muhim hodisalarini
J.K.Gelbreyt zamonaviy texnika taraqqiyotining to’g’ridan-to’g’ri va bevosita natijasi
deb tushuntiradi. Texnika va texnalogiya, uning fikriga ko’ra, hozirgi zamon
kapitalizmi uchun xarakterli bo’lgan yangi iqtisodiy belgilarni vujudga keltiradi.
Ulardan eng muhimi rejalashtirishdir. Korporatsiyalarni boshqaruvchi texnostruktura
ularning ish faoliyatini bir necha yil oldinga rejalashtiradi. Rejalashtirish va bitimlar
tizimi (xom ashyo, asbob ukunalar, ilmiy va konstruktorlik ishlamalarni etkazib
berish bo’yicha) barqarorlikni keltirib chiqaradi, raqobatni esa bartaraf etadi. Chunki
reja raqobat bilan unchalik «chiqisha olmaydi». Shuning uchun hozirgi zamon
iqtisodiyotida muttasil va har tomonlama korporatsiyalararo shartnomalar tuzuladiki,
ular bozorning boshqarilib turilishini, barqaror bo’lishini ta’minlaydi. Stixiyali bozor
va erkin raqobat faqat darsliklarda qolib ketadi, zamonaviy rivojlangan mamlakatlar
iqtisodiyoti esa, uzoq muddatli rejalashtirish asosida texnostruktura bilan boshqarilib
turiladi.
J.K.Gelbreyt o’zining keyingi asarlarida texnostrukturaga nisbatan tanqidiy
fikrlarni aytgan. U infrastrukturani «bozor tizimini» eksplutatsiya qilishda (mayda va
o’rta biznesni), davlat amaldorlari bilan qo’shilib ketishda, qurollanish ketidan
quvishda, tabiiy resurslardan foydalanishdagi isrofgarchilikda, bozorga ta’sir
ko’rsatishning monopolistik uslublarini qo’llashda ayibladi. Yirik korporatsiyalar
davlat mashinasi bilan uzviy bog’langan va undan naf ko’radi: qulay buyurtmalarni
va soliq imtiyozlarini oladi, raqobat kurashida siyosiy mexanizmdan foydalanadi.
J.K.Gelbreyt davlat va jamiyat tomonidan texnostruktura faoliyati tartibga solinib
turilishini qayd qilib o’tadi.
U shuningdek mayda va o’rta tadbirkorlikni va sotsial texnostrukturani (uy-joy
qurilishini, ijtimoiy transportni, tibbiy xizmatni, qishloq xo’jaligini, san’atni)
davlatning qo’llab quvvatlashini talab qilib chiqdi. «Bozor tizimida» bahoni va ish
haqini bevosita tartiblash, uning fikricha, tadbirkorlarda va ishchilarda kelgusidagi
baho va daromadlarga bo’lgan ishonchini o’yg’otadi. Bu ishlab chiqarish va xususiy
investitsiyalarning barqarorlashuviga olib keladi. Davlatning aralashuvi eng avvalo
«bozor tizimi» zarar ko’radigan inflyatsiyani to’xtatish uchun ham zarur. Hukumat
korporatsiyalar bilan nufuzli kasaba uyushmalarining o’zaro ta’sir ko’rsatish
jarayoniga aralashuvi va yirik biznesdagi baho va mehnat haqi darajsini bevosita
nazorat qilib turishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: