Superfosfat. Superfosfatni nisbatan yuqori konsentratsiyali qo‘shaloq superfosfatdan farqlash maqsadida oddiy superfosfat deb ham ataladi. Tabiiy fosfatlar (apatit konsentrati yoki fosforit uni) ni sulfat kislota bilan parchalash orqali superfosfat olinadi. Sulfat kislota miqdori tabiiy fosfatdagi kalsiyni to‘la bog‘lashga ketadigan miqdorga nisbatan shunday hisobda kam olinadiki, buning natijasida quyidagi tenglama bo‘yicha monokalsiyfosfat va kalsiy sulfatning aralashmasi hosil bo‘ladi:
2Ca5(PO4)3F + 7H2SO4 + 3H2O = 3Ca(H2PO4)2∙H2O + 7CaSO4 + 2HF.
Superfosfat ishlab chiqarishda fosfatli xomashyo va sulfat kislotaning aralashtirilishidan dastlab suspenziya hosil bo‘ladi, unda kimyoviy reaksiyalar va kristallanish jarayonining sodir bo‘lishi tufayli u asta-sekin quyiladi va yaxlit massa holatida qotadi. Uning maydalanishidan hosil qilingan superfosfat – kulrang kukun yoki donador mahsulotdir. U bir necha qattiq faza va ularga shimilgan suyuq fazadan iboratdir. Qattiq fazada kalsiy (asosan monokalsiyfosfat), magniy, temir, aluminiy fosfatlari, CaSO4∙0,5H2O qo‘shimchasi bilan CaSO4 (apatit konsentratini qayta ishlashda esa shuningdek CdSO4), boshlang‘ich fosfat tarkibiga kiruvchi parchalanmagan mineral qoldiqlari, kremnegel SiO2∙nH2O va boshqalar bo‘ladi. Qattiq fazaning miqdori 65-72% ni, shu jumladan 50-55% CaSO4 (va CdSO4) ni tashkil etadi. Suyuq faza esa monokalsiyfosfatga to‘yingan va tarkibida Mg2+, Fe3+, Al3+, F-, SiF62- va boshqa ionlar bo‘lgan fosfat kislotaning suvli eritmasidan iboratdir.
Superfosfat ishlab chiqarishdagi asosiy vazifalar: apatit konsentrati yoki fosforit unini sulfat kislotasi bilan qorishtirish va hosil qilingan suspenziyani kameralarda pishitish (etiltirish) dan iboratdir. Uning batamom pishitilishi kimyoviy sexlarda mahsulotni saqlashda to‘la amalga oshadi. Xomashyolar aralashtirgichlaridan va superfosfat kamerasidan chiqadigan ftorli gazlar – ftor tutgan boshqa mahsulotlarga aylantiriladi.
Kukunsimon superfosfat gigroskopikdir va suyuq fazadan monokalsiyfosfatning kristallanishi natijasida kuchli yopishqoq bo‘lib qoladi. Sovutilgan va yetarli darajada pishitilgan superfosfatda kristallanish tugallanganligi uchun yopishqoqligi kam bo‘ladi.
Neytrallangan va donadorlangan superfosfat deyarli yopishib qolmaydi.
Hozirgi paytda konsentrlangan fosforli va murakkab o‘g‘itlar ishlab chiqarish juda tez suratlarda rivojlanayotganligi sababli mineral o‘g‘itlarning dunyodagi assortimentida oddiy superfosfatning nisbiy ulushi kamayib bormoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |