Faglarni tabiatda tarqalishi. Faglar tabiatda keng tarqalgan. Ularni mikroblar, ya’ni fag xo‘jayinlari bo‘ladigan xilma-xil substratlardan ajratib olish mumkin. Ichak faglarini oqava suvlar, tuproqdan, axlat-najasdan, stafilakokk faglarini esa burun, tomoq shilimshig‘i, teri qoplamlari, yaradan chiqadigan yiring va suvlardan ajratib olish mumkin. Hozirgi vaqtda deyarli barcha patogen va barcha nopatogen mikroorganizmlarning faglari: ichak guruhi bakteriyalari, korinobakteriyalar, streptokokklar, sporali mikroorganizmlarning faglari bor.
Fagni ajratib olish uchun tekshirilayotgan material filtrati zich yoki suyuq ozuqa muhitlariga ekiladi, ekilganida ham ajratilayotgan fag qaysi mikrob kulturasida ko‘payadigan bo‘lsa, o‘sha kultura bilan birga ekiladi. Test-kultura o‘sib chiqmaydigan bo‘lsa, bu holda fag bor deb faraz qilinadi. Tajriba qo‘yish hamisha test-kultura bakteriyalarini oziq muhitlariga kontrol uchun ekish bilan birga olib boriladi. Tekshirilayotgan materialda fag borligi aniq bo‘lganidan keyin uning miqdori ya’ni fag titri belgilanadi.
Fag titrini ikki ko‘rsatgich bilan ifodalash mumkin: 1) tekshirilayotgan 1ml materialdagi aktiv fag korpuskulalarining soni bilan; 2)tekshirilayotgan suyuqlik ko‘pi bilan necha baravar suyultirilganda fag o‘zining litik ta’sirini saqlab qoladigan bo‘lsa o‘sha suyultirish darajasi bilan. Fagni titrlash uchun har xil metodlar taklif etilgan,shularning orasida ketma-ket suyultirish,suyuq ozuqa muhitidagi fagni Appelman metodi bo‘yicha titrlash va Gratsia tomonidan ishlab chiqilgan ikki qavat agar metodi eng ko‘p tarqalgan.
Bakteriofaglarning qo‘llanishi. Fagodiognostika kasallik paydo qilgan mikroorganizm turini aniqlashning qo‘shimcha metodlaridan biridir. Spitsifik fag tufayli yuzaga kelgan lizisga qarab spitsefik immun zardob bilan agglyutinatsiyalanmaydigan shigellalar, salmonellalar, brutsellalar, vabo vibrionlarining qaysi turiga kirishi aniqlab olinadi. Fagning spitsifek ta’siriga qarab mikrobning turi yoki tipini aniqlash uchun tekshirilayotgan mikroorganizmning toza kulturasi suyuq yoki zich ozuqa muhitiga ekiladi. So‘ngra unga ma’lum fagning bir necha tomchisi qo‘shiladi. Suyuq muhitdagi mikrob suspenziyasini tiniq tortishi va zich muhitdagi mikroblarning o‘smay qo‘yishi fagning ajratib olingan kulturaga mos kelishini ko‘rsatadi. O‘rganilayotgan mikrob kulturasini ekib ko‘rish yo‘li bilan kontroller qo‘yish shart.
Fag titrini oshirish reaksiyasini infeksion kasalliklar dignostikasi uchun hamda tashqi muhitni patogen mikroorganizmlar bilan nechog‘li ifloslanganini aniqlash uchun mikrobiologlar B.D.Timakov va D.M. Goldfarb ishlab chiqishgan. Bu reaksiya mohiyati shundan iboratki tekshirilayotgan materialga indikator fagning ma’lum miqdor korpuskulalari qo‘shiladi,tekshirilayotgan materialda qo‘zg‘atuvchi bo‘lsa, indikator fag u bilan to‘qnashadi va ko‘paya boshlaydi. Tekshirilayotgan materialga su’niy ravishda qo‘shilgan fag korpuskulalarining ko‘payib o‘sib borishi unda gomologik qo‘zg‘atuvchi borligini ko‘rsatadi. Profilaktika vositasi tariqasida ishlatiladigan faglar, masalan qorin tifi va dizenteriya faglari shuningdek davo maqsadida beriladigan faglar bor. Antibiotiklar bilan fagni birga yoki bir-biridan keyin ketma-ket ishlatish ayniqsa yaxshi natija beradi. Vaboda kasallikni birinchi kunlarida fag juda yaxshi shifo bo‘ladi, keyinchalik esa antibiotiklar bilan qo‘shib ishlatilsa yaxshi natija beradi. Fag bilan antibiotiklarni birga qo‘shib ishlatish bakteriyalarning antibiotiklarga chidamli formalariga kuchli ta’sir qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |