19.1. Moliyaviy natijalar ko‘rsatkichlari.
Moliyaviy natijalar – bu xo‘jalik yurituvchi sub’ektning ma’lum hisobot davrida tadbirkorlik faoliyati jarayonida o‘ziga qarashli mablag‘ning oshishi yoki kamayishidir. Buxgalteriya hisobida bunday faoliyat natijasi hisobot davridagi barcha foydalar va zararlarni hisoblash yo‘li bilan aniqlanadi.
Respublikamizning jahon hamjamiyatiga qo‘shilishi va turli xalqaro tashkilotlarga a’zo bo‘lishi buxgalteriya hisobining jahon talablari asosida yuritilishini taqozo qilmoqda. Turli mulkchilik shakllaridagi korxonalar erkin raqobat asosida samarali faoliyat ko‘rsatib, mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishiga o‘zining munosib hissasini qo‘shishi kerak. Bu esa korxonalarda mavjud ishlab chiqarish va moliyaviy resurslardan samarali foydalanishni taqozo etadi hamda buxgalteriya hisobi va auditning oldiga yangicha vazifalarni qo‘yadi.
Korxonalarda buxgalteriya hisobini davr talabi asosida tashkil etish, mahsulot tannarxini to‘g‘ri aniqlash, umumishlab chiqarish xarajatlari hisobini yanada takomillashtirish bozor iqtisodiyotining muhim talablaridandir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida “...islohotlarning qay darajada samara berayotganini ko‘rsatadigan maqsadli dasturlarni amalga oshirish natijadorligi. Bular qatorida sanoat va boshqa tarmoqlarni rivojlantirishning quyidagi iqtisodiy va moliyaviy ko‘rsatkichlarini keltirish mumkin: ishlab chiqarish quvvatlarining ahvoli, xarajatlarni va tannarxni pasaytirish, mahalliylashtirish va rentabellik darajasini, mahsulot raqobatdoshligini so‘zsiz oshirish. Tarmoqlar bo‘yicha tannarx o‘rtacha 10 foizga qisqartirilgan bo‘lsa-da, kimyo va yengil sanoat, avtomobilsozlik, qurilish materiallari va boshqa bir qator tarmoqlarning ayrim mahsulotlari qimmatligi sababli tashqi bozorlarda raqobatdosh bo‘la olmayapti. Ayrim korxonalar zarar bilan ishlamoqda.”14 deb, ushbu sohada kelajakda amalga oshiriladigan vazifalar ko‘pligini ta’kidlab o‘tdilar. Bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishning asosiy maqsadi foyda olishga qaratilganligi bois har bir xo‘jalik yurituvchi sub’ekt ko‘proq foyda olishga intiladi. Binobarin, foyda miqdorida jamiyatning, korxona jamoasining va har bir xodimning manfaatlari o‘z ifodasini topadi. Shu bois, foyda iqtisodiy toifa bo‘lib, o‘zida ishlab chiqarish va taqsimot orqali tovar-pul munosabatlarini aks ettiradi.
Xo‘jalik yurituvchi sub’ektning olgan foydasi qancha ko‘p bo‘lsa, mulk egasida har bir xodimni shuncha ko‘p rag‘batlantirish, korxonani har tomonlama kengaytirish, takror ishlab chiqarish fondlari mablag‘ini ko‘paytirish imkoniyati tug‘iladi. Bundan jamiyat ham manfaatdor, zero korxonaning olgan foydasi qancha ko‘p bo‘lsa, foydadan davlat budjetiga to‘lanadigan soliq ham shuncha ko‘p bo‘ladi.
Ma’lumki, qo‘shimcha mahsulot ishlab chiqarish (foyda olish) har qanday iqtisodiy formatsiyaning muhim iqtisodiy va pirovard natijasi hisoblanadi, zero uni yaratmasdan turib ishlab chiqarishni kengaytirish hamda ko‘pgina ijtimoiy, iqtisodiy vazifalarni amalga oshirish imkoni bo‘lmaydi. Shu sababli jamiyatning, alohida olingan korxonalarning va tadbirkorning foyda olishga bo‘lgan manfaatdorligi ob’ektiv zarurat hisoblanadi.
Foyda sintetik baholovchi ko‘rsatkich bo‘lganligi bois, uning o‘zgarishiga ko‘pgina tashqi va ichki omillar ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, sanoat korxonalarida mahsulotni sotishdan tushgan yalpi foyda hajmining o‘zgarishiga quyidagi to‘rt omil ta’sir ko‘rsatadi :
mahsulotni sotish bahosining o‘zgarishi;
sotilgan mahsulotni ishlab chiqarish tannarxining o‘zgarishi;
sotilgan mahsulot hajmining o‘zgarishi;
mahsulot assortimenti va tarkibining o‘zgarishi.
O‘zbekiston Respublikasining 2-sonli buxgalteriya hisobi milliy standartiga ko‘ra, moliyaviy natijalar - xo‘jalik yurituvchi sub’ektning foyda yoki zarar shaklida ifodalangan faoliyatining pirovard iqtisodiy yakunidir, yoki boshqacha qilib aytganda moliyaviy natijalar – bu xo‘jalik yurituvchi sub’ektning ma’lum hisobot davrida tadbirkorlik faoliyati jarayonida o‘ziga qarashli mablag‘ning oshishi yoki kamayishidir. Bunday faoliyat natijasi hisobot davridagi barcha foydalar va zararlarni hisoblash yo‘li bilan aniqlanadi. Moliyaviy natijalarni shakllantirish jarayoni xalq xo‘jaligining turli tarmoqlaridagi korxonalarda o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Shunday bo‘lishiga qaramay, iqtisodiyotning barcha tarmoqlaridagi korxonalarda faoliyat moliyaviy natijalarini aniqlashda yagona an’anaviy usuldan foydalaniladi:
Daromad – Xarajatlar = Foyda (yoki Zarar)
Do'stlaringiz bilan baham: |