Moliyaviy hisobot – xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning hisobot davri davomida amalga oshirgan moliyaviy mablag‘larining harakati va natijalari to‘g‘risidagi aniq ma’lumotlar yig‘indisi bo‘lib, undan xo‘jalik faoliyatining iqtisodiy tahlil, oqilona nazorat yuritilishi va samarali boshqarish uchun foydalaniladi.
Moliyaviy hisobotning maqsadi xo‘jalik sub’ektining moliyaviy ahvoli, faoliyati, moliyaviy ahvolidagi o‘zgarishlar to‘g‘risidagi axborotni taqdim etishdan iborat. Biroq moliyaviy hisobot iqtisodiy qarorlar qabul qilish uchun foydalanuvchilarga zarur bo‘lgan butun axborotni o‘z ichiga olmaydi, chunki hisobot asosan avvalgi voqealarning natijalarini aks ettiradi.
Moliyaviy hisobotning maqsadi— buxgalteriya hisobi sub’ektining hisobot sanasidagi moliyaviy ahvoli, uning hisobot davridagi faoliyatining moliyaviy natijasi va pul mablag‘larining aylanishi to‘g‘risidagi axborotni taqdim etishdan iborat hisoblanadi. Xalqaro standartlar bo‘yicha tuziladigan moliyaviy hisobotga doir talablar moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarida belgilanadi. Buxgalteriya hisobi sub’ekti moliyaviy hisobotni tuzishda mustaqil balansga ajratilgan o‘z vakolatxonalarining, filiallarining va boshqa tarkibiy bo‘linmalarining buxgalteriya balanslarini hamda boshqa hisobot shakllarini moliyaviy hisobot tarkibiga kiritadi. Moliyaviy hisobot hisobot yili boshidan ortib boruvchi yakun bilan tuziladi.
O‘zbekiston Respublikasining «Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida»gi Qonunning 24- moddasiga muvofiq moliyaviy hisobotning hisobot davri
1 yanvar - 31 dekabr kalendar yili yillik moliyaviy hisobotning hisobot davri bo‘lib hisoblanadi. Yangidan tashkil etilgan yuridik shaxslar uchun yuridik shaxs huquqi qo‘lga kiritilgan sanadan boshlab o‘sha yilning 31 dekabriga qadar bo‘lgan davr, yuridik shaxs bo‘lmaganlar uchun esa, ular davlat organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilgan sanadan boshlab o‘sha yilning 31 dekabriga qadar bo‘lgan davr birinchi hisobot yili deb hisoblanadi. Agar yuridik shaxs 1 oktyabrdan keyin ro‘yxatga olingan bo‘lsa, birinchi hisobot yili keyingi yilning 31 dekabrida tugaydi. Moliyaviy hisobot hisobot yili boshidan ortib boruvchi yakun bilan tuziladi.
O‘zbekiston Respublikasining «Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida»gi Qonunning 25- moddasiga muvofiq moliyaviy hisobot quyidagilarga taqdim etiladi:
davlat soliq xizmati organlariga;
ta’sis hujjatlariga muvofiq mulkdorlarga;
davlat statistika organlariga;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa organlarga.
Moliyaviy hisobot elektron hujjat tarzida taqdim etilishi mumkin.
Moliyaviy hisobot yilning har choragida taqdim etiladi.
Kichik korxonalar va mikrofirmalar buxgalteriya balansidan hamda moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobotdan iborat faqat yillik moliyaviy hisobotni taqdim etadi.
Moliyaviy hisobotni taqdim etish muddatlari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
Yuqorida aytib qtilgan axborotlardan tashqari, moliyaviy hisobotda batafsilroq ma’lumotlar ham beriladi. 1-BHMAga asosan, moliyaviy hisobotlar foydalanuvchilarga pul mablag‘lari harakati oqimini taxmin qilishga yordam beradigan, korxonaning mulki va ixtiyoridagi resurslari tqg‘risida quyidagi ma’lumotlarni qz ichiga olishi lozim:
korxonaning nazorati ostida bo‘lgan aktivlar haqida;
korxonaning passivlari haqida;
korxonaning taqsimlanmagan daromadi, korxonaning bir davrdan boshqa davrga o‘tishdagi iqtisodiy imkoniyatlari va majburiyatlaridagi o‘zgarishlar haqida;
pul mablag‘larining harakati haqida.
Moliyaviy hisobot iqtisodiy qarorlar qabul qilish uchun foydalanuvchilarga zarur bo‘lgan butun axborotni o‘z ichiga olmaydi, chunki hisobot asosan bo‘lib o‘tgan voqealarning natijalarini aks ettiradi. Korxonaning istiqboli (prognozi) va budjetiga oid barcha hisob-kitoblar fan va texnikaning yutuqlariga asoslanib, istiqboldagi rivojlanishni hisobga olib real bo‘lishi lozim. Bunday budjetlash va istiqbolni belgilash to‘g‘ri va aniq hisobot ma’lumotlari negizidagina ro‘yobga chiqishi mumkin, ana shu hisobot ma’lumotlarining o‘zi esa istiqbolni belgilash davri boshlanishi oldidan korxona erishgan darajani ta’riflab beradi.
Hisobot shakllarida korxona ishlab chiqarish-xo‘jalik va moliya faoliyati natijalarining yig‘ma ma’lumotlarni jamlaydi. Buxgalteriya, statistika, operativ-texnikaviy hisobot ma’lumotlarida asosiy va oborot mablag‘larining holati, ularning shakllanish manbalari va ulardan foydalanishning holati hamda moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi umumlashgan va hisobot shakllari bir-biri bilan chambarchas bog‘langan ko‘rsatkichlarning tizimlashtirilgan majmuasidan iboratdir. Hisobot ko‘rsatkichlaridan korxona va uning alohida tarkibiy bo‘linmalari (uchastka, tseh va shu kabilar) ho‘jalik faoliyatiga baho berish uchun keng ko‘lamda foydalaniladi. Haqiqiy ko‘rsatkichlarni rejadagi ko‘rsatkichlar bilan taqqoslashning mumkinligi korxona faoliyatini boshqarish, nazorat qilish va bu faoliyatga holisona baho berishning zarur shartidir. Taqqoslash uchun muhimi- ushbu ko‘rsatkichlar o‘sha bir hil ko‘rsatkichlar doirasini, bir davrni qamrab olishi, yagona uslub asosida aniqlanishi va baho berilishidir.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hisobotga uslubiy rahbarlik qiladi, mazkur vazirlik barcha tashkiliy- huquqiy shakllardagi korxonalarda amal qilishi lozim bo‘lgan moliyaviy buxgalterik hisoboti shakllarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.
Korxona yillik hisobotni tuzayotganda O‘zbekiston Respublikasining «Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida»gi Qonuni, korxonalar moliyaviy - ho‘jalik faoliyati buxgalteriya hisobi schyotlari rejasi, shuningdek, boshqa me’yoriy va qonun hujjatlariga tayanishi lozim.
Turlariga ko‘ra u operativ, buxgalteriya(boshqaruv hisobotlari, moliyaviy hisobot), statistika va soliq hisobotlariga bo‘linadi.
Korxonalarning hisobotini quyidagi alomatlarga ko‘ra, ya’ni turlari, tuzishning maqsadi, davriyligi, hajmi va shu kabilarga qarab tasnif etish mumkin.
Xo‘jalik yurituvchi subektning hisobotlari uchta asosiy mezon bo‘yicha turkumlanadi:
tuzilish maqsadiga ko‘ra;
davriyligi bo‘yicha;
axborotlar hajmiga ko‘ra.
Hisobotni tuzish maqsadiga ko‘ra - hisobotlar tashqi va ichki hisobotlarga bo‘linadi.
Tashqi hisobot axborotlaridan tashqi foydalanuvchilar tomonidan korxona moliyaviy ahvoliga baho berish uchun mo‘ljallangan korxonaning moliyaviy hisoboti, soliq hisoboti, statistik hisobotlari misol bo‘ladi.
Ichki hisobot esa korxona va uning tarkibiy bo‘linmalari faoliyatini boshqarish uchun mo‘ljallangan operativ va boshqaruv hisobotlari zarurdir.
Tashqi hisobot ikki tomonlama tusdadir. Bir tomondan u axborotning tashqi iste’molchilari, ya’ni mazkur korxonaning aksiyadorlari va mijozlariga - korxona faoliyatining natijalari to‘g‘risida to‘g‘ri axborot olishdan manfaatdor bo‘lgan kishilar va tashkilotlarga mo‘ljallangan. Ikkinchi tomondan esa, bu hisobot korxona rahbari tomonidan boshqaruv qarorlari qabul qilish uchun xizmat qiladi.
Tashqi hisobot muayyan talablarga javob berishi lozim. Bu talablarning eng asosiysi - korxonaning mulki va majburiyatlari, uning moliyaviy ahvoli hamda hisobot davridagi faoliyati natijalari to‘g‘risida majburiy tarzda va o‘z vaqtida ahborot taqdim etish, bu axborotning to‘g‘ri bo‘lishi, bularni boshqa korxonalarning rejasi va ko‘rsatkichlari bilan taqqoslash mumkinligi, mulkchilikning turli shakllaridagi barcha korxonalar uchun hisobot tuzish shakllari va uslubiyatini yagonaligi, oddiyligi, aniqlik, ahborotni ola bilish, oshkoralik, tejamkorlik, ratsionallik, ta’sirchanlik va qisqalilikdir.
Taqdim etilishining davriyligiga qarab davriy hisobot (oylik, choraklik, yarim yillik, to‘qqiz oylik) va kalendar yil (yillik) hisobotni farqlaydilar.
Davriy hisobot chorak, yarim yil, to‘qqiz oy uchun tuziladi hamda unda shakl va ko‘rsatkichlar soni cheklangan bo‘ladi. Davriy hisobotni taqdim etish muddatlari ancha qisqa, uni tahlil etish ishdagi kamchiliklarni aniqlash va ularni tez tuzatishga imkon beradi.
Yillik hisobot hisobot yili uchun korhona ishining moliyaviy natijalarini tavsiflaydi.
Hisobotdagi ma’lumotlar hajmiga ko‘ra xususiy hisobot va umumiy hisobotlarga bo‘linadi. Xususiy hisobot xo‘jalik yurituvchi subektning bitta faoliyat uchastkasidagi ishi to‘g‘risidagi axborotlarni o‘z ichiga oladi.
Hajmiga ko‘ra hisobot birlamchi va yig‘ma bo‘lishi mumkin: birlamchi hisobotlar korxonalar tomonidan joriy hisob ma’lumotlariga ko‘ra tuziladi, yig‘ma hisobot esa hududiy prinsipga ko‘ra statistika idoralari tomonidan tuziladi. Odatda, yig‘ma hisobotda korxona faoliyatining umumlashgan ko‘rsatkichlari bayon etiladi hamda u birlamchi hisobot shakllaridagi tegishli ko‘rsatkichlarning ko‘shilishidan hosil bo‘ladi.
Buxgalteriya hisobining xalqaro standartlari va O‘zbekiston Respublikasi Buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi onunining 22-moddasiga asosan:
xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning yillik moliyaviy hisoboti manfaatdor banklar, birjalar, investorlar, kreditorlar, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq boshqa shaxslar uchun ochiqdir.
aksiyadorlik jamiyatlari, shuningdek sug‘urta tashkilotlari, banklar, jamoat fondlari va qonun hujjatlariga muvofiq boshqa tashkilotlar har yilgi moliyaviy hisobotni aksiyadorlarning yoki buxgalteriya hisobi sub’ekti boshqa yuqori boshqaruv organining yillik umumiy yig‘ilishi o‘tkaziladigan sanadan kamida ikki hafta oldin auditorlik xulosasi bilan birga e’lon qilishi shart
Yillik moliyaviy hisobot quyidagi shakllardan iborat bo‘ladi:
Do'stlaringiz bilan baham: |