Nazorat savollari:
1. “Vegetativ buzilish sindromi” qanday bilinadi?
2. “Astenik sindrom» qanday bilinadi?
3. “Fobiya sindrom» qanday bilinadi?
4. Bolalar bilan ishlaydigan tibbiyot xodimlari nimalarni bilishi va nimalarga ahamiyat qilishi lozim?
5. Shifokorlar operatsiyadan oldingi va keyingi davrda bolalarning qanday psixologik muammolariga duch kelishadi?
6. Tibbiyot xodimini bemor bola yaqinlari va qarindoshlari bilan muloqot qilish taktikasi qanday?
4.14. Shifokor tomonidan operatsiyadan keyingi davrda bajariladigan muolajalar ahamiyati. Ichak va siydik oqmasi bo’lgan bemorlarni parvarishlash
Operatsiyadan so’nggi davr to’g’risida tushuncha. Operatsiyadan so’nggi davr – bu operatsiya tugagandan to bemorning kasalxonadan tuzalib chiqib, mehnat faoliyati tiklanguncha bo’lgan davri hisoblanadi. Operatsiya hajmi, xarakteri va bemor umumiy holatiga ko’ra bu davr bir necha kundan bir necha oygacha cho’zilishi mumkin. Xirurgik operatsiya natijasi operatsiyadan so’nggi davr qanday olib borilishiga bog’liq bo’ladi. Bu davrda bemorlarni parvarishda o’rta tibbiyot xodimi o’rni juda katta. Shifokor ko’rsatmasini to’g’ri va o’z vaqtida bajarish, bemorga to’g’ri munosabatda bo’lish bemorni tezroq sog’ayishi garovi hisoblanadi.
Kichik operatsiyalardan keyin, asosan mahalliy og’riqsizlantirilib qilingan operatsiyalardan keyin bemor bolani umumiy palataga qo’yiladi. Ko’krak yoshidagi bolani onasi qo’liga beriladi. Katta operatsiyalardan keyin bemor maxsus jihozlangan, reanimatsion yordam ko’rsatishga mo’ljallangan operatsiyadan keyingi palatalarga o’tkaziladi. Operatsiya xonasidan bemor bolani operatsiyadana keyingi palataga o’tkazish shifokor-anesteziolog yoki operatsiyadana keyingi palata hamshirasi yordamida amalga oshiriladi. Bu vaqtda bemorga qo’shimcha jarohat yetkazmaslik, bog’lamni surib yubormaslik, gipsni sindirmaslikka katta ahamiyat berish lozim. Operatsion stoldan bemorni katalkaga o’tkaziladi va unda operatsiyadana keyingi palataga olib boriladi. Katalka zambili bilan krovatni oyoq tomoniga to’g’rilab qo’yiladi. Keyin katalkadan bemorni qo’lda olib krovatga yotqiziladi. Bemorni boshqa holatda, ya’ni zambilni krovatni bosh tomoniga to’g’rilab ham yotqizsa bo’ladi
Hozirgi vaqtda umumiy narkoz stida o’tkazilgan murakkab operatsiyalardan keyin bemor 2-4 kunga reanimatsiya bo’limiga o’tqaziladi. Keyinchalik bemor ahvoli yaxshilanishiga qarab operatsiyadan so’nggi palataga yoki umumiy palataga o’tkaziladi. Operatsiyadan so’nggi palata katta bo’lmasligi lozim (ko’pi bilan 2-3 bemorga mo’ljallangan). Bu palatada markazlashgan kislorod berish tizimi va reanimatsion yordam ko’rsatishga kerak bo’ladigan hamma instrumentlar jamlanmasi, apparatlar, dori vositalari bo’lishi shart.
Asosan bemorga ma’qul joylanishni amalga oshirishga imkon beradigan fuksional krovatlar bo’ladi. Krovatga tagidan kleyenka qo’yilgan toza oqlik solingan bo’ladi. Bemorni krovatga yotqizishdan oldin oqliklar isitgich bilan isitiladi.
Bemorni kuzatish va parvarishlash. Operatsiyadan keyingi davrda bemorni kuzatish va parvarishlashda shifokor roli katta ahamiyat kasb etadi. Bemor shikoyatini tinglash, bemorni yuzi holatiga (stradalgik, xotirjam, tetik va h.o.), teri rangiga (rangpar, qizargan, ko’kargan) va tana haroratiga (tushishi, normal, ko’tarilishi) ahamiyat qilish lozim. Har kuni bemorni umumiy ko’rikdan o’tkazish kerak. Hayotiy muhim a’zolar faoliyatini doimo kuzatib turish lozim. Har xil asoratlarni oldini olish – bu to’g’ri tashkil qilingan bemorni parvarishidir.
Yurak qon-tomir faoliyatini puls, arterial bosim, teri rangi baholaydi. Puls sekinlashib to’liqligini kuchayishi (daqiqada 40-50 zarba) markaziy nerv sistemasini buzilishi (bosh miya shishi yoki bosh miyaga qon quyilishi), meningit sababli bo’lishi mumkin. Puls tezlashib to’liqligini susayishi (daqiqada 100 zarba) ikkilamchi shokdan yoki qon ketishdan dalolat beradi. Agarda ushbu holat birdan, ko’krak qafasida og’riq va qon tuflash bilan boshlansa o’pka arteriyasi emboliyasi to’g’risida o’ylash mumkin. Bu holda bemor bir necha soniyada o’lib qoladi.
Operatsiyadan so’nggi davrda operatsiya turi, hajmidan qat’iy nazar o’pka ventilyatsiyasi kamaydi (yuzaki, tez nafas olish). Bu holat o’pka nafas ekskursiyasini kamayishi (og’riq, bemorni majburiy holati), bronxlarga suyuqlik to’planishi (balg’amni yaxshi ko’chmasligi) bilan bog’liq bo’ladi. Bunday holatlar nafas yetishmovchiligiga va o’pka yallig’lanishiga olib keladi. Nafas yetishmovchiligi va operatsiyadan keyingi davrda o’pka yallig’lanishini profilaktikasi: bemorni erta aktiv harakatlantirish, davolovchi fizkultura, massaj, davriy ravishda kislorod ingalyatsiyasi, antibiotikoterapiya, balg’am ko’chiruvchi dorilar berish.
Har bir operatsiya hazm qilish a’zolari faoliyatiga ta’sir ko’rsatadi, hattoki ushbu a’zolarda operatsiya o’tkazilmagan bo’lsa ham. Markaziy nerv sistemasini tormozlovchi ta’siri, operatsiyadan keyingi davrda bemor harakatini cheklanishi hazm qilish a’zolari disfunksiyasiga olib keladi. Hazm qilish a’zolari “oynasi” – tildir.
Til qurishi organizmni ko’p suv yo’qotishini va suv almashinuvini buzilganini bildiradi. Zich oq karash bilan qoplangan quruq, yorilgan til esa qorin bo’shlig’i a’zolari patologiyasi – peritonit, ichaklar parezini bildiradi.
Og’iz quriganda og’iz bo’shlig’ini nim tuzli suv, yoriqlar bo’lganda esa soda eritmasi (bir stakan suvga 1 choy qoshiq), 2% bor kislotasi, vodorod pereoksid eritmasi (bir stakan suvga 2 choy qoshiq), 0,05-0,1% kaliy permanganat eritmasi bilan chayish, glitserin surtish tavsiya etiladi. Og’iz qurish fonida stomatit (og’iz shilliq qavati yallig’lanishi) yoki parotit (quloq orldi bezi yallig’lanishi) rivojlanishi mumkin. Salivatsiyani kuchaytirish maqsadida suvga limon yoki klyukva soki qo’shiladi.
Ko’ngil aynish va qusish narkoz, intoksikatsiya, ichak tutilishi, peritonit tufayli kelib chiqadi. Ko’ngil aynish va qusishni sababini aniqlash lozim. Birinchi yordam: boshni yon tomonga buriladi, burundan ingichka zond o’tkaziladi va oshqozon yuviladi.
Meteorizm sababi bo’lib ichak parezi yoki ichaklarda gaz yig’ilishi hisoblanadi. Meteorizmni bartaraf etish uchun bemorni tez-tez turg’azish, gaz chiqaruv naycha qo’yish, tozalovchi yoki gipertonik klizmalar qilish tavsiya etiladi.
Bemorni aktiv hvrvkatlantirish qabziyatni oldini oladi. Ovqat kletchatkaga boy bo’lishi, ichni yumshatish effektiga (prostokvasha, kefir, mevalar) ega bo’lishi lozim. Huqna qilsa ham bo’ladi.
Normada bemor sutkasiga 1500 ml siydik ajratadi. Ba’zi holatlarda buyraklar faoliyati buziladi (intoksikatsiya, nerv-reflektor va h.o. sabablar), to siydik ajratishni to’xtashigacha – anuriyagacha. Ba’zan buyrak normal ishlashi fonida siydik ajralishi vaqtincha to’xtaydi – ishuriya, asosan nerv-reflektor sababga ko’ra. Ishuriyada bemor ahvoli ko’tarsa bemor turg’iziladi, o’tqiziladi, qorin pastki sohalariga isitkich qo’yiladi, isitilgan tuvakka o’tqaziladi, tog’oraga suv tomiziladi (reflektor ta’sir). Bu muolajalar natija bermasa siydik qopiga kateter qo’yiladi.
Operatsiyadan so’nggi davrda psixika holati katta ahamiyatga ega. Injiq bemor rejim va ko’rsatmalarni yomon bajaradi. Shu sababli ham ularda yara bitishi asoratli bo’ladi. Operatsiyadan so’nggi davrda nerv-psixik zo’riqishni kamaytirish lozim. Bu esa nafaqat dori bilan, balki yaxshi parvarish bilan amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |