2. Halq og`zaki ijodi haqida
Eng qadimgi davrlarda yo`lga qo`yilgan ta'lim-tarbiyaga oid qimmatli ma'lumotlarni biz yana xalq og`zaki ijodi namunalari: afsonalar, qahramonlik eposlari, qo`shiqlar, maqol va iboralarda ilgari surilgan g`oyalardan ham olishimiz mumkin. Chunki xalq donishmandligining yorqin namunasi bo`lgan xalq og`zaki ijodida xalq pedagogikasiga xos bo`lgan tarbiya tajribalari umumlashgan.
Ibtidoiy kishilarning tabiat va jamiyat haqidagi tasavvurlari, ular tomonidan amal qilingan urf-odatlar, ijtimoiy munosabatlari mazmuni xalq og`zaki ijodining eng qadimgi janrlaridan biri bo`lgan afsonalarda ifodalangan. Afsonalarning qahramonlari yaxshilikning tantana qilishi uchun yomonlik hamda nurning muqarrar mavjud bo`lishi uchun zulmat bilan kurash olib boradilar, yaxshilik va baxt-saodatga chulg`angan o`lkalarini yaratadilar. Aksariyat afsonalarning qahramonlarini inson sifatida gavdalangan xudolar tashkil etgan. Ibtidoiy tuzum kishilarining orzu-istaklari, o`y-fikrlari, maqsad va intilishlarini yoritishga xizmat qilgan afsonalarning ko`pchiligi bizga eng qadimgi yodgorliklar - “Avesto”, Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma” asarlari orqali ma'lumdir.
Qadimgi miflarda kishilarning tabiiy ofatlar va yovuz kuchlardan saqlanish borasidagi dastlabki tasavvurlari tirik mavjudot boshiga falokat keltiruvchi tabiiy kuchlarga qarshi mardonavor kurashgan inson va uning xatti-harakatlari orqali ifoda etilgan.
Miflar asosida yaratilgan afsonalarning qahramonlari tomonidan olib borilgan harakatlar qahramonlik eposlarining yaratilishi uchun zamin hozirlagan. Qahramonlik eposlarida vatanga bo`lgan muhabbat, erk va ozodlik uchun kurash, yurtining har bir qarich erini asrash, qadrdon qabilasining farovonligi, to`kin-sochinligini ta'minlash yo`lida jonini fido etish, qabilaning sha'ni, sharafi, ori va nomusi uchun kurashish tuyg`ulari tarannum etilgan. Zarina, Sparetra, To`maris hamda Shiroq (Siroq)lar tomonidan ko`rsatilgan yuksak vatanparvarlik namunalari, Zarina va Striangey, Zariadr va Odatida muhabbatlari, mardlik va qahramonlik timsollari bo`lgan Rustam va Siyovush (Xorazm-qang` eposi)larning jasoratlari to`g`risida hikoya qiluvchi epopeyalar shular jumlasidandir. Bizgacha etib kelgan epik asar (afsona va rivoyat)larda asosan ajdodlarimizning yurt ozodligi, vatan ravnaqi va qabila farovonligi yo`lida olib borgan kurashlari o`z ifodasini topgan. qahramonlar vatanni va xalqni sevadi. Or-nomusni muqaddas deb bilish, do`st va safdoshlarga sadoqat, burchni yuksak darajada anglash, unga sodiqlik, vatan va xalqi uchun o`z jonini qurbon etish, har qanday mashaqqatga bardosh berish, o`z sevgi-muhabbati yo`lida aziyat kechishga tayyorlik kabi insoniy tuyg`ular ularning asosiy xususiyatlaridir. Qahramonlik eposlarida ulug`langan eng asosiy axloqiy xislatlari - jasurlik va mardlikdir.
Jasurlik, kuchlilik va mardlik – qadimiy kishilarda tarkib topishi zarur bo`lgan eng muhim fazilatlar sanalgan. Tarixiy shaxslarning hayoti va qahramonliklari borasida ma'lumotlar beruvchi rivoyatlar fikrimizning yorqin dalilidir. Ularda muayyan shaxs faoliyati, donishmandligi, qahramonliklari, tarixiy shaxs ega bo`lgan axloqiy fazilatlar: nazokat, kamtarlik, aql-idrok, o`zgalarga muhabbat, yorga vafo, sadoqat, baxt, odillik, odamiylik, oliy himmatlilik va mehnatsevarlik kabilar ulug`langan.
Eposlar mazmunida bayon etilishicha, xotin-qizlar turli sharoitlarda erkaklar bilan teng sharoitda faoliyat ko`rsatganlar. Ular xo`jalik ishlari bilan chegaralanib qolmay, urushlarda ham jasorat ko`rsatganlar.
Tarixdan ma'lumki, dastlab Amudaryoning asosiy tarmog`i O`zboy Kaspiy dengiziga quyilgan. Uning o`ng qirg`og`i Turon, chap qirg`og`i Eron deb yuritilgan. Eramizdan oldin Ahmoniylar sak va massaget qabilalariga ketma-ket hujum qilib turgan. Ana shu tarixiy voqealar sak va massagetlar tomonidan yaratilgan eposlarda o`z ifodasini topgan.
Eron shohi Kir ko`chmanchi sak va massaget qabilalariga qarshi urushib mag`lubiyatga uchraydi va 529 yilda halok bo`ladi. Tarixchilar Kir va uning qo`shinlarini avval o`z hududlarining ancha ichkarisiga bostirib kirishlariga imkon berib, keyin qo`shinning katta qismini qirqib tashlagan qahramonlar haqida ma'lumotlar beradi.
Polienning “Harbiy hiylalar” asarida ketirilgan rivoyatlarda Shiroq (Siroq) obrazi vatanparvarlik va qahramonlik timsoli sifatida hali hanuz yoshlarni tarbiyalab keladi.1 Yoki Gerodotning “Tarix” kitobida keltirilgan massagetlar hukmdori To`marisga uylanish bahonasida Eron shohi Kirning Turon o`lkasiga uyushtirgan hujumi haqidagi ma'lumotlar ham muhim ahamiyatga egadir.
Demak, xalqimizning ta'lim-tarbiyaga oid qarashlari, xulq-atvoriga oid xislatlari eng qadimgi epik yodgorliklar - “Avesto”, “Shohnoma” kabi asarlar, mif va afsonalar orqali bizgacha etib kelgan.
Qadimgi ajdodlarimiz insonga xos jasurlik, adolat, sadoqat va insoniylik kabi xislatlarni qadrlaganlar. Bu xislatlar insonda o`z-o`zidan shakllanmagan. Tabiat va jamiyat hayotida ro`y bergan o`zgarishlar, ibtidoiy urug`chilik davrida qaror topgan turmush tarzi insonda ana shunday xislatlarning shakllanishini taqozo etgan.
Ikki katta kuch - yaxshilik va yomonlik o`rtasidagi ayovsiz kurash insonda yuqorida qayd etilgan xislatlarning bevosita tarkib topishiga turtki bo`lgan.
Eng qadimgi qo`shiq va lirik she'rlarda jasurlik, adolat, sadoqat va insoniylik kabi xislatlar tarannum etilgan. Bunday qo`shiq va lirik sherlar XI asrda yashagan ulug` olim Mahmud Qoshg`ariy tomonidan yaratilgan “Devonu-lug`atit-turk” asari orqali bizgacha etib kelgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |