6.5. Buyurtmachi va pudratchining huquq va majburiyatlari
Kapital qurilish tizimida buyurtmachi va pudratchilarning ma’lum huquqlar va majburiyatlarga ega.
Buyurtmachi quyidagi huquqlarga ega: talabgorning malakasini oldindan aniqlash yoki buningsiz tanlov savdolari o’tkazish to’g’risida qaror qabul qilish; rasmiy farmoyish beruvchi hujjat chiqargan holda tanlov savdolarini o’tkazish shakli, turi va sanasini belgilash; tanlov savdolari tashkilotchisi funktsiyasini amalga oshirish (ushbu funktsiyalarni jalb etiladigan tashkilotga berishi mumkin); mustaqil ravishda yoki ixtisoslashtirilgan tashkilotni jalb etgan holda tanlov savdolari predmetining boshlang’ich qiymatini belgilash.
Buyurtmachining majburiyatlari quyidagilardan iborat:
– barcha ishlar bajarib bo’linganidan keyin belgilangan narxning hammasini pudratchiga to’lashi yoki ishlarning ayrim bosqichlari tugallanganidan keyin narxning tegishli qismini to’lashi;
– pudratchidan olingan loyiha-smeta hujjatlaridan faqat shartnomada nazarda tutilgan maqsadlarda foydalanishi, loyiha-smeta hujjatlarini pudratchining roziligisiz uchinchi shaxslarga bermasligi va undagi ma’lumotlarni oshkor qilmasligi;
– loyiha va qidiruv ishlarini bajarishda shartnomada nazarda tutilgan hajmda va shartlarda pudratchiga xizmat ko’rsatishi;
– tayyor bo’lgan loyiha-smeta hujjatlarini tegishli davlat organlari va fuqarolarning o’zini-o’zi boshqarish organlari bilan kelishib olishda pudratchi bilan birga qatnashishi;
– pudratchiga bog’liq bo’lmagan holatlar tufayli loyiha va qidiruv ishlarini bajarish uchun boshlang’ich ma’lumotlar o’zgarishi bilan bog’liq qo’shimcha xarajatlarni pudratchiga to’lashi;
– tayyorlangan loyiha-smeta hujjatlarining yoki bajarilgan qidiruv ishlarining kamchiliklari borligi munosabati bilan uchinchi shaxs tomonidan buyurtmachiga nisbatan qo’zg’atilgan da’vo yuzasidan ishda qatnashishga pudratchini jalb qilishi shart.
Pudratchining majburiyatlari. Loyiha va qidiruv ishlari pudrat shartnomasiga muvofiq pudratchi:
– ishlarni loyihalash haqidagi topshiriq va boshqa boshlang’ich ma’lumotlarga muvofiq bajarishi;
– tayyor bo’lgan loyiha-smeta hujjatlarini buyurtmachi bilan kelishib olishi, shuningdek, buyurtmachi bilan birga tegishli davlat organlari va fuqarolarning o’zini-o’zi boshqarish organlari bilan kelishib olishi;
– tayyor bo’lgan loyiha-smeta hujjatlarini va qidiruv ishlari natijalarini shartnomada belgilangan muddatlarda buyurtmachiga topshirishi;
– buyurtmachining roziligisiz loyiha-smeta hujjatlarini uchinchi shaxslarga bermasligi shart.
Kapital qurilishda buyurtmachi tomonidan quyidagilar ta’minlanadi: er uchastkasini tanlash va ajratish, birlamchi ruxsat beruvchi hujjatlarni va qurilish hududini tayyorlash, loyiha oldi ishlarini tashkil etish, loyihaning, ish hujjatlarining (ob’ektni foydalanishga tayyor holda qurish hollaridan tashqari) va tanlov hujjatlarining tasdiqlanadigan qismini kelishish, ekspertizadan o’tkazish va tasdiqlash; loyihalovchi va pudratchini (bosh pudratchini) tanlov savdolari orqali tanlash; ishlarni bajarish va moliyalashtirish jadvallari bilan birgalikda shartnomalar tuzish; qurilish ob’ektini Davlat arxitektura qurilish nazorati organlarida ro’yxatdan o’tkazish; pudratchiga qurish uchun birlamchi ruxsat beruvchi hujjatlarni berish; buziladigan, ko’chiriladigan yoki rekonstruktsiya qilinadigan binolarda, shuningdek, ob’ekt qurilishi hududida yashayotgan shaxslarni ko’chirish; moliyalashtirish, pudratchi tomonidan qabul qilingan shartnoma majburiyatlariga va shartnomada qayd etilgan boshqa funktsiyalarga rioya qilinishi ustidan nazorat qilish; texnik kuzatish va ob’ekt qurilishi ustidan texnik nazorat qilish; qurilishi tugallangan ob’ektni belgilangan tartibda foydalanish uchun qabul qilish; kafolatli davrda aniqlangan nuqsonlar bartaraf etilishi ustidan nazorat qilish.
Pudratchi tomonidan quyidagilar ta’minlanadi: ish hujjatlarini ishlab chiqish va uning texnologiya qismini buyurtmachi bilan kelishgan holda qurilish jarayonida (ob’ekt foydalanishga tayyor holda qurilganda) ekspert kuzatish; ish hujjatlarini (ob’ekt foydalanishga tayyor holda qurilganda) texnologik izchillik va ob’ekt qurilishining aniq shartlari bilan bog’liqlikda hajmlar va muddatlarda ishlab chiqarishga berish; ishlarni bajarish jadvaliga muvofiq hamda belgilangan standartlarga, qurilish me’yorlari va qoidalariga rioya qilgan holda tasdiqlangan loyihada nazarda tutilgan ishlarni bajarish; shartnomaga muvofiq qurilishni asbob-uskunalar, konstruktsiyalar va qurilish materiallari bilan butlash; loyiha echimlariga hamda qurilish me’yorlari va qoidalariga rioya qilgan holda qurilish-montaj, maxsus va ishga tushirish-sozlash ishlarini o’z vaqtida va sifatli bajarish; ob’ektning ijroiya hujjatlarini, shu jumladan, sertifikatlanishi shart bo’lgan mahsulotga muvofiqlik sertifikatlarini, foydalanilgan qurilish materiallari va asbob-uskunalarga texnik pasportlarni tuzish va buyurtmachiga berish; tasdiqlangan loyihalarga, boshqa talablarga va shartnoma majburiyatlariga muvofiq ob’ektni buyurtmachiga topshirish.
Buyurtmachi va pudratchi qonun hujjatlariga va shartnoma shartlariga muvofiq boshqa funktsiyalarni ham bajaradi.
Buyurtmachi bilan pudratchi o’rtasidagi vazifalarni aniq taqsimlash, shuningdek, ularning mulkiy javobgarligi darajasi qonun hujjatlariga va tanlov savdosi shartlariga muvofiq aniq bir pudrat shartnomasini tuzishda aniqlashtiriladi. Ob’ektni foydalanishga qabul qilib olish belgilangan sifat standartlari hisobga olingan holda «Davarxitektqurilish» qo’mitasi organlarining xulosasi asosida buyurtmachi tomonidan ta’minlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |