SO’ZBOSHI
Hayvonlar Yer sayyorasida mavjud bo’lgan boshqa tirik organizmlar (o’simliklar, mikroorganizmlar)dan o’zining turli-tumanligi, xilma-xil ekologik muhitlarda yashay olish qobiliyati va juda keng areallarga ega bo’lishi hamda oziqalanish usullari bilan ajralib turadi.
“Hayvonlar ekologiyasi” zoologik fanlar sistemasiga kirib, u boshqa umumiy va xususiy zoologiya fanlari, shuningdek, boshqa umumbiologik fanlar bilan chambarchas bog’liqdir. Shunga binoan universitetlarning biologiya va ekologiya yo’nalishlari bo’yicha bakalavriat o’quv rejasi asosida ta’lim oluvchi talabalar uchun ushbu tanlov ilmiy-nazariy ahamiyatga egadir.
“Hayvonlar ekologiyasi” fani asoslarini talabalarga o’tishdan asosiy maqsad, hayvonlarni yashash muhiti bilan munosabatlari qanday kechishi, ularni o’zgaruvchan muhit omillariga javob beraolish qobiliyati, organizmda bo’lib turadigan moddalar va energiya almashinuvining borishi, o’sishi, ko’payishi, rivojlanishi, nasl qoldirish intensivligi, ma’lum individning, tur populyatsiyasining va nihoyat turning biogeosenozdagi boshqa abiotik va biotik omillarga munosabati kabi xususiyatlar haqidagi ma’lumotlar bilan tanishtirishdan iborat.
Ushbu fan uch asosiy bo’limdan iborat
Individlar ekologiyasi.
Populyatsiyalar ekologiyasi.
Biosenozlar ekologiyasi yoki biosenologiya.
Individlar ekologiyasi bo’limidagi mavzularda har bir umurtqasiz va umurtqali hayvonlarning atrof-muhitdagi ma’lum bir omilning ta’sir etishi tahlil qilingan. Xususan, hayvon organizmiga abiotik omillardan harorat, namlik, suv, yorug’lik, qorong’ilik, oziqa, tuz va boshqa turli-tuman mineral moddalarning zarurligi, organizmda sodir bo’lib turadigan moddalar almashinuvi jarayoniga ta’sir etishi bo’yicha mulohazalar keltirilgan. Ma’lumki, organizmda sodir bo’lib turadigan moddalar almashinuvidagi assimilyatsiya tufayli energiya to’plansa, dissimilyatsiya jarayonida esa ushbu energiya sarf qilinadi. Almashinuvning bu qarama-qarshiligi har doim teng bo’lishi shart. Ushbu tenglik buzilsa, parchalanish (dissimilyatsiya) jarayonida organizmda to’planib, salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Organizmning tashqaridan oladigan va o’zidan tashqariga chiqaradigan moddalari va energiyaning nisbati muhit omillari tomonidan nazorat qilishini nazarda tutadigan bo’lsak, organizmdagi moddalar almashinuvi jarayoni va uning darajasi, shuningdek, hayvoning oziqlanishi, o’sishi, ko’payishi va rivojlanishida aynan tashqi muhit omillari hal qiluvchi rol o’ynaydi. Tashqi muhitning hal qiluvchi roli va uning ta’sirini assimilyatsiya va dissimilyatsiya jarayonlarining o’zaro teng (balans) holda kechishi organizmning nerv va gumoral sistemalari orqali tartibga solib turiladi.
Qo’llanmaning populyatsiyalar ekologiyasi bo’limida ma’lum bir turning tabiiy holda shakllangan va ma’lum bir arealni egallagan individlar to’plamidan iborat tabiiy guruhi populyatsiyalarning shakllanish sharoiti, tarkibi va dinamikasi haqida qisqa, lekin zaruriy ma’lumotlar berilgan. Qo’llanmada ma’lum bir turning tabiiy populyatsiyasi haqida mulohaza yuritilar ekan, uning ekologik va geografik populyatsiyalar ko’rinishida bo’lishi, shuningdek, uning tarkibida kenja tur, ekologik tip, biologik irqlarning yuzaga kelishi ham bayon qilingan.
Uslubiy qo’llanmaning biosenozlar ekologiyasi bo’limida, birinchi navbatda, ma’lum bir yashash joyida tirik organizmlarning hosil qilgan jamoalarini o’zaro bir-biri bilan hamda atrof-muhit bilan munosabatlari o’rganiladi. Biosenologiyaning o’rganadigan ob’yekti hayvonlar va o’simliklarning har xil turlarini hosil qilgan populyatsiyalari orasidagi munosabatlarini o’rganar ekan, hayvonlar ekologiyasi fanini o’simliklar (fitosenologiya) va mikroorganizmlar ekologiyasi fanlari bilan chambarchas bog’laydi.
Aytilganlardan tashqari, biosenologiya bo’limida tirik organizmlar orasidagi turli biotik bog’lanishlar, raqobatchilar orasidagi munosabat, kommensalizm, ijarachilik (kvartirantlik), parazit va uning xo’jayini hamda boshqa turdagi turli-tuman simbiotik va antibiotik munosabatlar haqida ma’lum materiallar berilgan. “Hayvonlar ekologiyasi” fani bo’yicha uslubiy qo’llanma yaratishda N.P.Naumovning “Ekologiya jivotnыx” (1963) o’quv qo’llanmasi asos qilib olindi. Shuningdek, T.Z.Zohidov va R.N.Meklenbursovning (1969) “Priroda i jivotnыy mir Sredney Azii”, V.V.Yaxontovning “Ekologiya nasekomыx” (1969), V.A.Dogelning “Obщaya parazitologiya” (1962) va boshqa birqator o’quv va uslubiy qo’llanmalar hamda monografiyalardan foydalanildi.
“Hayvonlar ekologiya”si fani bo’yicha yozilgan uslubiy qo’llanma ekologiya yo’nalishi bo’yicha III kurs va biologiya yo’nalishi bo’yicha IV kurs talablariga mo’ljallangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |