Mahsulot tayyorlash. Sedana mevasi pishishiga yaqin qolganda o‘rib olinadi. Uni yaxshilab quritib, yanchib urug‘lari elakdan o‘tkaziladi va quruq joylarda saqlanadi. Uning hosili iyul-avgust oylarida yig‘ib olinadi. Sedana ekilgan maydonning har bir gektaridan 1—1,2 tonna hosil yig‘ib olish mumkin. SHuni aytish kerakki, sedanani O‘zbekistonda xushmanzara o‘simlik sifatida ham ekish mumkin.
Bo‘yoqdor masxarni o‘stirish texnologiyasi
Bo‘yoqdor masxar o‘simligini O‘zbekistonning barcha turdagi tuproqlarida, shu jumladan sho‘rlangan yerlarda ham ekib o‘stirish mumkin. Uni kech kuzda va erta bahorda sug‘oriladigan va lalmikor yerlarda ham ekish mumkin. Lekin u unumdor, oziqa elementlarga boy, mexanik tarkibi o‘rtacha bo‘lgan tuproqlarda yaxshi hosil beradi.
Bo‘yoqdor maxsar o‘simligini yaxshi rivojlanishi, undan sifatli va mo‘l hosil yetishtirish uchun ularni o‘z vaqtida o‘g‘itlash, sug‘orish muddatlarini to‘g‘ri belgilash, zararkunanda, kasallik va begona o‘tlarga qarshi kurashishga qaratish asosiy agrotexnik tadbirlardan hisoblanadi.
Bo‘yoqdor masxar ekiladigan yerlarni kuzda yer haydash oldidan organik o‘g‘itlar va fosfor o‘g‘iti bilan oziqlantirib, 22—25 sm chuqurlikda haydash lozim bo‘ladi. Agar yog‘ingarchilik kam bo‘layotgan mintaqalarda yer xaydash bilan birga gektar hisobiga 20—30 kg azot o‘g‘itini qo‘llash maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Uning urug‘larini erta bahorda va kech kuzda ekilsa ham bo‘ladi.
Chunki uning maysalari 10—15°S sovuqqa bardosh beradi.
Urug‘larni ekishga tayyorlashda GOST qoidalariga rioya qilish zarur; urug‘ konditsiyaga yetgan va 1 yoki 2 klass bo‘lishi kerak; tozaligi 90—95 va uchuvchanligi 75—80% dan kam bo‘lmasligi lozim.
Bo‘yoqdor masxar urug‘ini erta bahorda ekishdan oldin, yerlarni borona va mola bilan tekislab, begona o‘tlar ildizidan tozalab, 4—6 sm chuqurlikda qadaladi. Relefi tekis bo‘lgan tuproqlarda ekilsa, gektariga 7—8 kg, tog‘ oldi mintaqalarda ekilganda gektariga 18—20 kg urug‘ sarflanadi. Urug‘lar don yoki sabzavot ekish uskunalari yordamida qator oralari 30, 40 va 60 sm qilib ekiladi. Tuproq harorati 10—15°S bo‘lganda urug‘lar 8—10 kundan keyin unib chiqadi. Nihollar unib chiqmasdan oldin uni borona va kultivatsiya qilinadi, begona o‘tlardan tozalanadi.
Egatlarning qator orasi 60 sm ko‘chatlar oralig‘i 15—20 sm dan qilib, har bir uyaga 1—2 tadan o‘simlik qoldirilib yagana qilinadi.
O‘simlikni birinchi oziqlantirish maysalar unib chiqqandan keyin gektar hisobiga 20 kg dan azot va fosfor o‘g‘iti berishdan boshlanadi.
Bo‘yoqdor masxar azotli va fosforli o‘g‘itlarga talabchan o‘simlik bo‘lgani uchun ikkinchi oziqlantirishni shonalash fazasida gektar hisobiga 30 kg azot va 20 kg dan kaliy o‘g‘iti berish bilan boshlash maqsadga muvofiq bo‘ladi. O‘g‘itlarni 8—10 sm chuqurlikka solish ma’qul bo‘ladi. Oziqlantirish har bir sug‘orish oldidan amalga oshiriladi. Sug‘orilgandan keyin o‘simlik ekilgan maydonlarning qator oralari kultivatsiya qilinib, begona o‘tlardan tozalanadi.
Masxar gullash davrida o‘g‘itlarni ko‘proq talab qiladi va oxirgi oziqlantirish gektariga 30 kg azot va 20 kg kaliy o‘g‘iti berish bilan tugallanadi. Vegetatsiya davomida bo‘yoqli masxar ekilgan yerlarga o‘rtacha 70— 80 kg azot 50 kg fosfor va 30 kg kaliy o‘g‘iti bilan oziqlantirilsa, yuqori hosil yetishtirish mumkin bo‘ladi. Masxar dehqonchilik borasida vaqtli ekiladigan o‘simliklar turlariga kiradi.
Professor D. YOrmatovaning yozishicha, uning ildizlari baquvvat bo‘lgani bois tuproqning 2,5—3 metr pastidan namni o‘zlashtirib, o‘simlik rivojlanishi uchun sharoit yaratadi, namni juda tejab sarflaydi. O‘simlik gullagan vaqtida havo nam bo‘lib, yomg‘ir ko‘p yog‘sa, uning changlanishi kamayadi.
Masxar past haroratga bardosh berish bilan birga issiqqa ham chidamli o‘simlik hisoblanadi. Havo quruq kelsa, garmsel shamollar bo‘lsa, gullari urug‘lanmaydi va natijada puch bo‘lib qoladi. O‘simlik suvga ham unchalik talabchan emas. Vegetatsiya davomida 3—4 marta sug‘orilsa, uning o‘sishi va rivojlanishi uchun yetarli hisoblanadi.
Masxar to‘liq gullab bo‘lgandan keyin 20—25 kun ichida pishadi. Avvalo, bosh poyaning eng yuqorisidagi, keyin yon shoxlarning savatchalaridagi urug‘lar yetiladi. Urug‘lari pishib ketsa ham to‘kilmaydi. Chunki savatcha barglar bilan mahkam o‘ralgan bo‘ladi. Bu hosilni nobud qilmasdan don kombaynlari yordamida yig‘ishtirib olish imkonini beradi. Hosilni yig‘ishtirib olib, uni birdaniga o‘rib yanchish lozim. Agar u avval o‘rib, keyinroq yanchilsa, savatchalari yerda qolib ketadi va hosil cho‘g‘i kamayadi.
Agar agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida o‘tkazilsa, bo‘yoqli masxar o‘simligi ekilgan maydonning har gektaridan 200—250 kg gacha gul barglari va o‘rtacha 12—15 sentnergacha urug‘ yig‘ishtirib olish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |