Xizmat ko‘rsatilmaydigan» akkumulyatorlar batareyasi. Oddiy qo‘rg‘oshin-kislotali akkumulyator batareyalariga xos kamchiliklarning (elektrolit sathining tez kamayib ketishi, musbat qutbli plastinalarning tezyemirilishi, o‘z-o‘zidan razryad bo‘lishi va hokazo) ko‘pchiligi plastina panjaralari tarkibida 4...6% surma borligidan kelib chiqadi.
Surma elektrolit tarkibidagi suv elektroliz bo‘lishiga katalizator sifatida ta’sir qiladi. Suv vodorod va kislorodga parchalanish potentsialini generatorning ishchi kuchlanishlari darajasigacha pasaytirib, surma akkumulyatordan gazlar ajralib chiqishni tezlatadi. Natijada, akkumulyatordagi elektrolit sathi nisbatan tez pasayadi, ajralib chiqayotgan gazlar musbat plastina panjaralari, qutb quloqlari va avtomobillarning metall qismlari korroziyalanishiga olib keladi.
Oddiy akkumulyator batareyalarining yuqorida keltirilgan kamchiliklarini bartaraf qilish maqsadida "xizmat ko‘rsatilmaydigan" akkumulyatorlar ishlab chiqildi. "Xizmat ko‘rsatilmaydigan" akkumulyatorni ishlab chiqishdagi izlanishlar asosan gaz ajralib chiqishini tezlatuvchi plastinalar tarkibidagi surmani butunlay istisno qilishga yoki miqdorinikamaytirishga yo‘naltirildi. Ilmiy tadqiqotlarning natijalari, plastina panjaralari qo‘rg‘oshin- kaltsiy-qalay qotishmasidan tayyorlansa, akkumulyatordan ajralib chiqayotgan gaz miqdori juda kam bo‘lishini ko‘rsatdi. Hozirgi vaqtda sanoatda ishlab chiqarilayotgan "xizmat ko‘rsatilmaydigan" turdagi akkumulyator batareyalarda manfiy plastina panjaralari qo‘rg‘oshindan quyilib unga 0,06-0,09% atrofida kaltsiy va 0,1-1,0% gacha qalay qo‘shiladi. Musbat plastinalarning panjarasi esa qo‘rg‘oshin, 1,25% surma va 1,5% kadmiydan tashkil topgan.
Plastina panjaralarini qo‘rg‘oshin-kaltsiy-qalay qotishmasidan tayyorlash, akkumu-lyator ishlab chiqarish jarayonini to‘la o‘zgartirishni taqozo qiladi. Shuning uchun, akkumulyatorlarni ishlab chiqarishdagi yo‘lga qo‘yilgan texnologik jarayonni saqlab qolish bilan bir vaqtda uning xususiyatlarini yaxshilash maqsadida, plastina panjaralari tarkibidagi surma miqdori 2,0-2,5% gacha kamaytirilib, panjaralarni mustahkamligini oshirishga mo‘ljallangan legirlovchi qo‘shimchalar qo‘shish bilan cheklaniladi. Bu usulda tayyorlangan akkumulyatorlar "kam xizmat ko‘rsatiladigan" akkumulyator deb yuritiladi va ularda gaz ajralib chiqishi, odatdagi akkumulyatorlarga nisbatan bir necha barobar kam bo‘ladi.
90 yillarning oxirida AQSH va g‘arbiy yevropada har ikkala plastina panjaralari qo‘rg‘oshin-kaltsiyli qotishmadan tayyorlangan va ko‘p komponentli legirovchi elementlar, shu jumladan kumush qo‘shilgan batareyalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bu akkumulyatorlar kuchli razryad qilinganda ham qo‘rg‘oshin-kaltsiyli texnologiya bo‘yicha tayyorlangan birinchi avlod batareyalariga nisbatan sig‘imini kamroq va sekinroq yo‘qotish qobilyatiga ega bo‘ldi. Bu batareyalarda suvning sarfi juda kam bo‘lganligi uchun qopqoqdagi suyuqlik quyish teshiklari olib tashlandi va akkumulyator butun ishlash davrida mutlaqo suv quyilmaydigan holga keltirildi.
Albatta batareyalar konstruktsiyasining bu darajada o‘zgarishi va xizmat ko‘rsatil-maydigan akkumulyatorlarning imkoniyatlaridan to‘la foydalanish uchun avtomobilning generator qurilmasi benuqson ishlashi, belgilangan zaryad kuchlanishi ±0,1V aniqlik bilan barqaror ta’minlanishi zarur bo‘ladi. Shuning uchun avtomobillarni ishlatish davrida generator va kuchlanish rostlagichlarini me’yorida ishlashiga, elektr jihozlarda tokni oqib ketish hollari bo‘lmasligiga katta e’tibor berish kerak.
"Xizmat ko‘rsatilmaydigan" va "kam xizmat ko‘rsatiladigan" akkumulyatorlarda separatorlarning yangi turi - "separator-konvert" (3.3-rasm,b) o‘rnatilmokda. Bu separatorlar yuqori g‘ovoklikga ega bo‘lgan polietelendan konvert ko‘rinishida tayyorlanib, ikki yoni va ostki qismi kavsharlangan bo‘ladi. Separator-konvertga akkumulyatorning musbat qutbli (ba’zi hollarda manfiy qutblisi) plastinasi joylashtiriladi. Bu ko‘rinishdagi separatorlarni qo‘llash, elektrodlarning aktiv massasidan to‘kiladigan cho‘kmalar orqali plastinalar orasida qisqa tutashuv bo‘lishini istisno qiladi. Natijada, akkumulyator yaxlit qobig‘ining tubidagi qovurg‘alarga ehtiyoj yo‘qoladi. Separator-konvertlar ishlatilishi, plastina bloklarini bevosita akkumulyator qobig‘i-ning tubiga joylashtirish va shuni hisobiga qobiq balandligini o‘zgartirmasdan plas-tinalar yuzasini hamda akkumulyatorga quyiladigan elektrolit miqdorini oshirish imkonini beradi .
«Xizmat ko‘rsatilmaydigan» bata-reya plastinalarini shaklanish jarayoni odatda blok usulida amalga oshiriladi. Bu usulda akkumulyator batareyasi avval to‘la yig‘iladi, keyin unga zichligi ,25 g/sm3 bo‘lgan elektrolit quyiladi va tasdiqlangan tartibda plastinalarni shakllanishi o‘tkaziladi.
"Xizmat ko‘rsatilmaydigan" akkumulyatorlarning ba’zi turlari elektrolit quyiladigan tuynuksiz, ichki bo‘shlig‘i atrof muhitga umumiy qopqoqning chekka qismidagi kichik shamollatish teshiklari orqali bog‘langan bo‘ladi. Bu akkumulyatorlarning razryadlanganlik darajasini elektrolit zichligi orqali aniqlash imkoniyati yo‘q. Shuning uchun, bunday akkumulyatorlarning qopqog‘ida maxsus razryadlanganlik ko‘rsatkichi - indikator o‘rnatiladi Indikator shaffof yorug‘lik o‘tkazgichdan tashkil topgan bo‘lib, uning pastki qismiga bitta yoki ikkita rangli zo‘ldirli (odatda zo‘ldircha bitta bo‘lsa rangi yashil bo‘ladi, ikkita bo‘lsa biri yashil, ikkinchisi esa qizil rangda bo‘ladi) kasseta joylashtirilgan. Zo‘ldirchalar kassetaning qiya kanallarida yuqoriga va pastga harakatlanishi mumkin.
Zo‘ldircha kislotaga chidamli polimerdan yasalgan bo‘lib, uning zichligi akkumulyatorni ishlatish jarayonida elektrolitning yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan eng minimal zichligiga teng qilib olinadi. Akkumulyatorning zaryadlanganlik darajasi 65% dan yuqori bo‘lsa, elektrolitning zichligi yashil zo‘ldircha materialining zichligidan yuqori bo‘ladi va zo‘ldircha kassetaning yuqori qismga alqib chiqadi. Yorug‘lik o‘tkazgichdan tushgan nur zo‘ldirchadan qaytib indikatorning ko‘zchasiga yashil rang beradi.
Batareya razryadlanib, elektrolitning zichligi kamaysa, zo‘ldircha kasseta kanalining pastki qismiga cho‘kadi va yorug‘lik o‘tkazgichdan tushgan nur elektrolitdan qaytib indikatorning ko‘zchasini qora rangga bo‘yaydi.
Agar elektrolit sathi belgilangan me’yordan pasayib ketsa, zo‘ldircha kasseta kanali-ning paski qismida bo‘ladi va yorug‘lik o‘tkazgichdan tushgan nur kassetaning yuqori qismi, ya’ni plastmassadan qaytadi va indikator ko‘zchasi oq yoki sariq rangga buyaladi. Bu akkumulyator batareyasini darhol diagnostika qilish va elektrolit sathini me’yordan pasayib ketish sababini aniqlashni taqozo qiladi.
Zaryadlanganlik darajasini ko‘rsatuvchi indikatordan olinadigan ma’lumot oltita bankadan faqat bittasiga, ya’ni indikator o‘rnatilgan bankaga tegishli bo‘ladi. Agar batareyaning indikator o‘rnatilmagan bankalarida nosozlik yuzaga kelsa indikator buni aks ettirmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |