Maar turi (Bandaysan). Bu turdagi vulkan otilishi o‘tgan geologik epoxalarda kuzatilgan. Ular kuchli gaz portlashi bilan farq qilgan, ko‘p miqdorda gaz va qattiq mahsulotlar ajratib chiqargan. Magmaning qovushoqligi juda yuqori bo‘lganligi sababli lava oqib chiqmasdan vulkan bo‘g‘izini yopib qo‘yib, portlashga olib kelgan. Kuchli portlash tufayli diametri yuzlab metrdan bir necha kilometrga boruvchi voronkalar hosil bo‘lgan. Voronkasimon quvur kraterining eni 250 dan 3000 m gacha bo‘lib, atrofida jinslar aylana shaklida to‘planadi. Bunday vulkanlar Yevropada Reynbo‘yi viloyati yaqinida uchraydi. Uning krateri ko‘pincha suv bilan to‘lgan bo‘lib, mahalliy nom bilan maar deb ataladi.
Maarlar konussiz nisbatan yassi tubli kraterlar bo‘lib, diametri 200 dan 3000 m gacha, chuqurligi esa 150 dan 400 m gacha boradi.
Krateri otilib chiqqan mahsulotlardan to‘plangan g‘ovlar bilan o‘ralgan va suv bilan to‘lgan bo‘ladi.
Maar turidagi portlash trubkalariga diatmerlar juda o‘xshash Ular Sibir, Janubiy Afrikada va boshqa joylarda mavjud. Bu qatlamlarning vertikal kesib o‘tuvchi silindrik trubka bo‘lib, voronkasimon kengayish bilan tugaydi. Diatmerlar slanets va qum bo‘laklaridan tarkib topgan brekchiyalar bilan to‘ldirilgan bo‘ladi. Brekchiyalarda olmos mavjud bo‘ladi, ulardan olmos sanoat miqyosida qazib olinadi.Keyingi vaqtda (1975-1980) Mars bilan Oyning yuzasini tekshirib, u yerdagi kuzatiladigan chuqurlar kometa urilishdan hosil bulgan deb taxmin qilinmoqda. Yer yuzidagi maar tipidagi chuqurlar ham shunday urilishdan hosil bo‘lgan deb hisoblanmoqda. Alyaskadagi 1912 yilda otilgan Katmay vulkani va boshqa vulkanlar ham Banday-san vulkani guruhiga kiradi.
Vulkanlarning geografik tarqalishi. Hozirgi vaqtda ma’lum bo‘lgan harakatdagi vulkanlar 500 dan ortiq. 1970 yillarda okeanlarni tekshirishlar natijasida vulkanlarning quruqlik va okean ostida ma’lum bir yo‘nalishda joylashganligi aniqlandi.
Vulkanlar asosan ikki qambarda tarqalgan bo‘lib, birinchisi Tinch okean «olovli» halqasi deb ataladi. Bu yerda ma’lum bo‘lgan barcha harakatdagi vulkanlarning 60% joylashgan. Tinch okeanning g‘arbida Kamchatka yarimorolidan boshlangan bu vulkan halqasi Kuril orollari orqali janubiy-g‘arbga davom etadi. Yaponiya, Filippin, Yangi Gvineyadan o‘tib, Yangi Zelandiyagacha cho‘zilib boradi. Tinch okeanning sharqidan Amerika materigining janubidagi Olovli Yer orolidan shimol tomonga - And, Kordilera tog‘larining yonidan o‘tadi va shimolda Aleut orollari va Alyaska orqali yana Kamchatka yarimoroliga tutashadi. Bu vulkan halqasini «Tinch okean geosinklinal mintaqasi» deb yuritiladi.
Bundan tashqari Tinch okeanning markaziy qismida ham bir qancha harakatdagi vulkanlar bor. Masalan, ekvator yaqinidagi Galapagos orolida ikkita harakatdagi vulkan bor, undan janubda Pasxi va Xuan Fernandes, g‘arbda Samoya, Tonga, Kermadek vulkanli orollari mavjud.
Ikkinchi yirik vulkan halqasi yosh tog‘lar o‘lkasida joylashgan bo‘lib, O‘rta yer dengizi - Himolay - Janubiy-Sharqiy Osiyo mintaqasini egallaydi. Bu halqaga Vezuviy, Etna vulkanlari, Lipari orollaridagi va Egey dengizdagi vulkanlar (Santorik) va Kavkaz tog‘laridagi so‘ngan Elbrus, Kazbek, Ararat, Erondagi Demavenit vulkanlari, Malayya arxipelagi va undan janubdagi harakatlanuvchi vulkanlardan Sumatradagi 11 ta, Yavadagi 15 ta, Kichik Zont orollaridagi 3 ta vulkan kiradi. Konusi aniq ifodalangan vulkanlardan biri Filippindagi Mayon vulkan hisoblanadi.
Bulardan tashqari Atlantika okeanida 3 ta yirik vulkanli o‘lka: shimolda Yan - Mayen, janubroqda Katta Antil orollarida mashhur Mon-Pele vulkani otilib turibdi.
Hind okeanida ham bir necha so‘nmagan vulkanlar, masalan, Madagaskar yaqinidagi Komor, Mavrikiy, Reyunon orollarida va Antarktika materigi atrofidagi orollarda ham so‘nmagan (Erebus) vulkanlar bor. Hozirgi vaqtda 513 ta harakatdagi va 228 ta so‘ngan vulkanlar qayd etilgan.
O‘zbekistonda Qurama, Oloy, Turkiston tog‘larida va Toshkentdan 80 km sharqdagi Chotqol tog‘ tizmasidagi Go‘sh, Shovas, Oqsoqota soylari atrofida nordon vulkan jinslari ko‘p. Vulkanlarning harakati va Yer sharida tarqalishi tarixini o‘rganish ma’danli konlarni qidirishda ilmiy va amaliy ahamiyatga egadir.
Okean o‘rtasidagi yoki chekka orollardagi harakatdagi vulkanlardan ko‘pincha asosli lava, materik chekkasidagi va o‘rtasidagilardan nordon va o‘rta tarkibli lavalar chiqadi. Bu xususiyat yer po‘stining rivojlanishini o‘rganishda katta ilmiy va amaliy ahamiyatga molik.
Do'stlaringiz bilan baham: |