Oʻzbekiston
Respublikasi Oliy
Majlisi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi —
Oʻzbekiston
parlamenti, oliy davlat vakillik, qonun
chiqaruvchi organi. Dastlab bir palatali parlament sifatida tashkil etilgan va fuqarolarning
umumiy, teng , toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqi asosida shakllantirilgan. 1-chaqiriq Oliy Majlis
koʻp partiyalilik asosda 3 turda — 1994-yil 25-dekabr, 1995-yil 8- va 22-yanvarda boʻlib oʻtgan
saylovlarda saylangan va 1995—99 yillarda faoliyat koʻrsatgan. 2-chaqiriq Oliy Majlisga
saylovlar 1999 yil 5 va 19 dek.da boʻlib oʻtgan va u 2000— 2004 yillarda faoliyat koʻrsatgan. Bir
palatali parlament 250 deputatdan iborat boʻlib, u ishlagan davrda 10 ta kodeks, ikkita milliy
dastur, 240 ta qonun, 468 ta qaror qabul qilingan, qonun hujjatlariga 1573 ta qoʻshimcha va
oʻzgartirishlar kiritilgan. Bu yillarda parlament, oʻz konstitutsiyaviy vakolatlariga asoslanib,
demokratik jamiyatning huquqiy asoslarini shakllantirish, bozor iqtisodiyoti prinsiplarini
rivojlantirish boʻyicha muayyan ishlarni amalga oshirdi. Qonunchilik, davlat boshqaruvi, oʻtish
davri muammolarini yechishda muayyan tajribaga ega boʻldi. 2002-yil 27-yanvarda oʻtkazilgan
referendumda ikki palatali parlamentni tuzish masalasi Oʻzbekiston xalqi tomonidan qoʻllab
quvvatlandi. 2004-yil 26-dekabr va 2005-yil 9-yanvarda Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga,
2005-yil 17—20-yanvarda Oliy Majlis Senatiga saylovlar boʻlib oʻtdi va Oliy Majlis 2 palatadan —
Qonunchilik palatasi (quyi palata) va Senatdan (yuqori palatadan) iborat qilib shakllantirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi faoliyatining huquqiy asosini Oʻzbekiston Respublikasining
Konstitutsiyasi, "Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyatini tashkil etishning asosiy
prinsiplari toʻgʻrisida" (2002-yil 4-aprel), "Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik
palatasi toʻgʻrisida" (2002-yil 12-dekabr), "Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati
toʻgʻrisida"gi (2002-yil 12-dekabr) Konstitutsiyaviy qonunlar, "Oʻzbekiston Respublikasi Oliy
Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida" (2003-yil 29-avgust), "Oʻzbekiston
Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida" (2003-yil 29-avgust) kabi qonunlar
tashkil etadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Qonunchilik palatasi hududiy, bir mandatli saylov okruglari
boʻyicha koʻp partiyalilik asosida saylanadigan 120 deputatdan iborat. Qonunchilik palatasi
deputatlari umumiy, teng va toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yoʻli
bilan saylanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati hududiy vakillik palatasi boʻlib, Senat
aʼzolaridan (senatorlardan) tarkib topadi. Senat aʼzolari Qoraqalpogʻiston Respublikasi,
viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda — 6 kishidan saylanadi. Senatga saylov
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat
hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qoʻshma majlislarida mazкur deputatlar
orasidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkaziladi. Senatning 16 nafar aʼzosi fan, sanʼat,
adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida
katta amaliy tajribaga ega boʻlgan hamda alohida xizmat кoʻrsatgan eng obroʻli fuqarolar
orasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi.
Har ikkala palataning vakolat muddati — 5 yil. Qonunchilik palatasiga saylanish huquqiga 25
yoshga toʻlgan hamda kamida 5 yil Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan
fuqarolar egadirlar. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining , viloyat, tuman, shahar
davlat hokimiyati vakillik organining 25 yoshga toʻlgan hamda kamida 5 yil Oʻzbekiston
Respublikasi hududida muqim yashayotgan deputati Senat aʼzoligiga saylanish uchun nomzod
boʻlishi mumkin.
Oʻzbekiston parlamenti keng, koʻp qirrali vakolatlarga ega. U hokimiyatning qonun chiqaruvchi,
ijro etuvchi va sud hokimiyatiga boʻlinish prinsipiga asoslanib, davlatning boshqa idoralari bilan
hamkorlik qilib, qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi. Qonunchilik, davlat
boshqaruvining muhim masalalarini koʻrib chiqishda va hal etishda ishtirok etadi, davlat
byudjetini tasdiqlaydi, parlament nazoratini amalga oshiradi hamda qator davlat organlarini
shakllantirishda qatnashadi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati oʻz vakolatlariga kiritilgan
masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi. Qonunchilik palatasi tarkibida quyidagi deputatlar
fraksiyalari: Oʻzbekiston Liberal demokratik partiyasi deputatlar fraksiyasi, Oʻzbekiston
Fidokorlar milliy demokratik partiyasi deputatlar fraksiyasi, Oʻzbekiston "Adolat"
sotsialdemokratik partiyasi deputatlar fraksiyasi (bu uchchala fraksiya "Demokratik blok"ka
birlashgan), Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi deputatlar fraksiyasi, Oʻzbekiston Milliy
tiklanish demokratik partiyasi deputatlar fraksiyasi faoliyat olib borayapti. Qonunchilik palatasi
deputatlari professional, doimiy asosda ishlaydi. Senatda doimiy asosda ishlovchi
senatorlarning soni senatorlar umumiy sonining 1/4 igacha boʻlgan miqdorda belgilangan.
Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi Spiker va uning oʻrinbosarlarini, Oliy Majlisning Senati esa
Senat raisi va uning oʻrinbosarlarini saylaydi.
Parlamentning Qonunchilik palatasi majlislari sessiyalar davrida oʻtkaziladi. Sessiyalar, qoida
tariqasida, sentyabrning 1ish kunidan boshlab kelgusi yilning iyun oyi oxirgi ish quniga qadar
oʻtkaziladi. Senat majlislari zaruratga qarab, lekin yiliga kamida 3 marta oʻtkaziladi. Qonunchilik
palatasi va Senat majlislarida, shuningdek, ularning organlari majlislarida Uzbekiston
Respublikasi Prezidenti, Bosh Vazir, Vazirlar Mahkamasining aʼzolari, respublika Konstitutsiyaviy
sudi, Oliy sudi, Oliy xoʻjalik sudi raislari, Bosh prokurori, Markaziy bank boshqaruvining raisi
ishtirok etishlari mumkin. Qonunchilik palatasi va uning organlari majlislarida Senat raisi, Senat va
uning organlari majlislarida Qonunchilik palatasi Spikeri ishtirok etishi mumkin. Qonunchilik
palatasi va Senat alohidaalohida majlis oʻtkazadilar. Qonunchilik palatasi va Senatning qoʻshma
majlislari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qasamyod qilganda, mamlakat ijtimoiyiqtisodiy
hayotining , ichki va tashqi siyosatining eng muhim masalalari yuzasidan nutq soʻzlaganda, chet
davlatlarning rahbarlari nutq soʻzlaganda oʻtkaziladi. Palatalarning kelishuviga binoan qoʻshma
majlislar boshqa masalalar yuzasidan ham oʻtkazilishi mumkin.
Parlamentning Qonunchilik palatasi va Senati faoliyatini samarali tashkil etish, qoʻmitalar ishini
muvofiqlashtirib borish, kun tartibi boʻyicha takliflar tayyorlash, qonunlarni dastlabki tarzda
koʻrib chiqishni tashkil etish maqsadida ularning tarkibida Kengashlar tuziladi. Oʻzbekiston
Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi oʻz vakolatlari muddatiga tegishincha
deputatlar va senatorlar orasidan qoʻmitalarni saylaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari (2005) Byudjet va
iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi; Qonunchilik va sudhuquq masalalari qoʻmitasi; Mehnat
va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi; Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi; Xalqaro ishlar va
parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi; Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi; Agrar, suv
xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi; Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi;
Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari
qoʻmitasi; Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qoʻmitasi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qoʻmitalari (2005) Byudjet va iqtisodiy
islohotlar masalalari qoʻmitasi; Qonunchilik va sudhuquq masalalari qoʻmitasi;Mudofaa va
xavfsizlik masalalari qoʻmitasi; Tashqi siyosat masalalari qoʻmitasi; Fan, taʼlim, madaniyat va
sport masalalari qoʻmitasi; Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi.
Qonun loyihasi qonunchilik tashabbusi huquqiga ega boʻlgan subʼyektlar tomonidan dastlab
Qonunchilik palatasiga kiritiladi. Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonun Senatga
yuboriladi. Senat esa qonunni maʼqullash yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Agar qonun
loyihasi Senat tomonidan rad etilsa, u Qonunchilik palatasiga qaytariladi. Parlamentning yuqori
va quyi palatalari oʻrtasida yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish maqsadida kelishuv
komissiyasi tuzishi mumkin. Oliy Majlis Senati tomonidan maʼqullangan qonun 10 kun ichida
Prezidentga imzolash uchun yuboriladi. Prezidentning qonunni imzolash muddati 30 kun etib
belgilangan. Respublika Prezidenti qaytadan muhokama qilish va ovoz berishni oʻtkazish uchun
qonunni oʻz eʼtirozlari bilan parlamentga qaytarishga haqli. Agar qonun avvalgi qabul qilingan
tahririda Oliy Majlisning ikkala palatasida ham uchdan ikki qismdan iborat koʻpchilik ovoz bilan
maʼqullansa, qonun Prezident tomonidan 14 kun ichida imzolanishi kerak. Qonun belgilangan
tartibda eʼlon qilinishi lozim.
Qonunchilik palatasi deputatlari hamda Senatda doimiy asosda ishlovchi Senat aʼzolari oʻz
vakolatlari davrida ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa turdagi
faoliyat bilan shugʻullanishlari mumkin emas. Qonunchilik palatasi deputati va Senat aʼzolari
daxlsizlik huquqidan foydalanadilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining nashrlari: "Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
palatalarining Axborotnomasi", "Xalq soʻzi" — "Narodnoye slovo" gazetalari.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi parlamentlararo hamkorlikni keng yoʻlga qoʻygan. MDH
davlatlari va boshqa rivojlangan xorijiy mamlakatlar parlamentlari bilan shartnomalar tuzilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisida Yevropa Ittifoqi Komissiyasining "Oʻzbekistonda
demokratiyalashtirish jarayonining rivojlanishiga koʻmaklashish" va "Oʻzbekistonda demokratik
islohotlarni yanada kuchaytirish" loyihalari muvaffaqiyatli bajarildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Toshkent shahrining Xalklar
doʻstligi prospektidagi binoda, Senat esa Mustaqillik maydonidagi binoda ish olib boradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi binosi mujassamoti yechimida meʼmor
maʼmuriy jamoat binolariga xos mumtoz uslubdan foydalangan. Bino tarhi murabba shaklida
(86x86 m), ustunlar qatori bilan qamrab olingan, ustunlar boshasiga barglar guldastasi ishlangan.
Bino tarzlari tilla rang yaxlit oynalar bilan qoplangan, oynavand devor tepadan pastga
tushguncha 3 marta ichkariga kiritilib oʻziga xos koʻrinish kasb etgan. Bino feruza rang gumbaz
(balandligi 11,5 m, diametri 34,5 m) bilan yopilgan, gumbaz ustiga anʼanaviy tojsimon oynavand
tuynuk ishlangan. Bino atrofidagi oq ustunlar feruza gumbaz hamda tilla rang oynalar bilan
uygʻunlikda binoga koʻrkamlik, salobat baxsh etgan. Binoning 500 oʻrinli majlislar zali aylana
shaklidagi amfiteatr uslubida hal etilgan (Prezidium va notiqlar minbari ham boʻlinmalarning
biriga joylashtirilgan), zalning galereyali 2yarusidan mehmonlar va ommaviy axborot vakillariga
joy ajratilgan. 1,2 va 3qavatlarda ish xonalari, parlament guruhlarining majlislari uchun kichik zallar
joylashgan. Bino ichki bezaklarida yogʻoch oʻymakorligi (S. Rahmatullayev, H. Odilov, H. Gʻaniyev,
M. Ibrohimova), ganchkorlik (M. Sultonov, Mirvohid Usmonov, A.Poʻlatov, M. Qosimov va
boshqalar), naqqoshlik (X. Nuraliyev, 3. Boltaboyev va boshqalar)dan mahorat bilan
foydalanilgan (ayniqsa, gumbaz osti naqshlari jozibador), miniatyura rasmlar bilan ziynatlangan
(Gʻ. Kamolov, X. Nazarov, F. Rahmatullayev).
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining binosi — 2005-yil sobiq Hukumat uyi binosi
oʻrnida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov tashabbusi bilan bunyod etildi. Bino 3
qismdan tashkil topgan: markaziy kirish qismi va uning ikki yonidagi oʻng va chap qanotlardan
iborat, 4 qavatli qilib qurilgan, shuningdek yer osti qavatiga ham ega. Markaziy qismi hashamatli
4 ta ustunda joylashgan 3 ta ichki gumbazli peshtoqdan tashkil topgan, peshtoq orqali keng va
yorugʻ miyonsaroy (vestibyul)ga kiriladi, miyonsaroy aylana shaklidagi salobatli majlislar zali bilan
bogʻlangan. Miyonsaroyning tepasidagi qavatda kichik majlislar zallari joylashgan. Binoning chap
qanotida senatorlar ish xonalari, qabulxonalar, Konstitutsion sud ishchi xonalari hamda Hisob
palatasi ishxonalari va zallari joilashgan. Binoning oʻng qanotini senatorlarning ishxonalari,
saqlanib qolgan va taʼmirlangan "Bahor" konsert zali uchun mashq zallari va boshqalar
qoʻshimcha xonalar egallagan. Binoning ichki va tashqi pardozlarida mahalliy va zamonaviy
ashyolardan tayyorlangan milliy meʼmoriy bezaklar ishlatilgan. Ichki bezaklarda ganchkorlik (M.
Usmonov, A. Poʻlatov, X.Azizov va boshqalar), naqqoshlik (A.Karimov va boshqalar),
toshtaroshlik (haykaltarosh R. Buzrukov va boshqalar) mahorat bilan qoʻllanilgan; namoyonlar
(V.I.Burmakin, R.Xudoyberganov va boshqalar), gobelen (A. Ikromjonov eskizi) va boshqalar bilan
ziynatlangan. Bino Mustaqillik maydonidagi inshootlar va koʻkalamzorlar, favvoralar bilan ajoyib
uygʻunlikda, Anhor boʻyiga tutashgan tomonidagi hududda soʻlim maskan hosil qilingan.
Ko‘proq o‘rganish
Ushbu maqolada
Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi
(2000-2005)
maʼlumotlaridan foydalanilgan.
"
https://uz.wikipedia.org/w/index
.php?
title=O zbekiston_Respublikasi_Ol
Do'stlaringiz bilan baham: |