6-mavzu: Adabiy tur va janrlar
REJA:
Adabiyotshunoslikda adabiy tur va janr tushunchasi.
Lirik tur. Lirik asarda «lirik qahramon» tushushunchasi.
Lirik tur janrlari:
a) g‘arb she’riyatida lirik tur janrlari;
b) sharq she’riyatida lirik tur janrlari.
4. She’riy vaznlar.
5. Liro-epik asar xususiyatlari va janrlari.
TAYANCH iboralar
1. Tur va janr. 2. Epik tur. 3. Lirik tur. Lirik tur janrlari SHe’riy vaznlar.
Dars maqsadi: tur va janr tushunchalari haqida tasavvur yaratish, bu boradagi bahslar va ularning natijalari, mazkur masalada G‘arb va Sharq olimlarining qarashlarini bayon etish.
Adabiyot tarixi ayrim tur va janrlarning paydo bo‘lishi va taraqqiyoti tarixidir. Bu tur va janrlarning paydo bo‘lishi va taqdiri tarixiy taraqqiyot taqozosi bilan bog‘liqdir.
Ma’lumki, adabiyot so‘z san’ati bo‘lib, voqelikni so‘z yordamida obrazlar orqali aks ettiradi. Adabiyot dastavval og‘zaki tarzda paydo bo‘lgan, yozuv paydo bo‘lgandan keyin esa yozma shaklga o‘tgan. Adabiyot so‘z orqali inson his-tuyg‘ularini keng va chuqur aks ettirish imkoniyatlariga ega. Shu boisdan u san’atning eng ommaviy sohasi hisoblanadi. Bu san’at turi bilan hamma vaqt shug‘ullanishga vaqt ham, sharoit ham topiladi. Avtobusda yoki metroda ham badiiy adabiyot bilan band bo‘lish mumkin. Biroq xaykal yoki naqshlardan bahra olish uchun ataylab vaqt ajratish lozim.
Badiiy adabiyotning etakchi uch turi-epos, lirika, drama mavjud. Bu tasnif Aristoteldan qolgan. Uning mash’ur «Poetika» asarining 3-bobida ana shu turlar haqida fikr yuritilgan. Bu guruhlarning har biri adabiyotshunoslikda «adabiy turlar» yoki «adabiy jinslar» deb yuritiladi. Badiiy asarlarni ana shunday «tur» yoki «jins»Larga bo‘lish ular orasidagi muayyan farqlarga-mazmuni, shakli, vazifasi, o‘ziga xos tasvir usullariga asoslanadi. Epos voqelikning o‘zini in’ikos etadi, lirikada esa insonning voqelikdan olgan taassurotlari, u orqali paydo bo‘lgan his-tuyg‘ulari qo‘shib tasvirlanadi. Adabiy turlar va adabiy janrlar tarixiy kategoriya hisoblanadi. Chunki adabiy turlar va janrlarning paydo bo‘lishi ijtimoiy-tarixiy taraqqiyot hamda adabiy jarayon bilan uzviy bog‘liqdir. Shu sababdan adabiy turlar va janrlar muammosini chuqur va batafsil o‘rganish adabiyotshunoslikning muhim vazifalaridan biridir.
Adabiyotshunoslik badiiy adabiyotni, uning mazmun-mohiyatini, o‘ziga xos xususiyatlari, paydo bo‘lishi va rivojlanish bosqichlari, ijtimoiy funksiyasi, ijodiy jarayon qonuniyatlarini o‘rganadigan fandir. G‘arb adabiyotshunosligida Aristotelning «Poetika» asari adabiyotshunoslik faniga oid asosiy manba sifatida hozirga qadar qo‘llanib kelinadi. 17-18 asrdan boshlab Bualo, Didro, Gerder, Gyote, Shiller kabi olim va adiblar tomonidan adabiyot qoidalariga oid nazariy ma’lumotlar bayon qilingan.
Sharq qadimdan she’riyat tuyg‘ulari o‘lkasi bo‘lgan. Shu boisdan Sharq badiiy adabiyotida ayniqsa, lirika ko‘proq rivojlangan. Drama hayotda ro‘y bergan voqealarni harakatda ifodalab, muallif nutqisiz aks ettiradi. Adabiyotda qorishiq turlar ham uchraydi. Masalan, lirika va epos xususiyatlari birlashib, liro-epik turni tashkil etadi. Liro-epik turga poema, doston, ballada, masal, she’riy roman kabi janrlar kiradi. Ammo adabiyotning keng tarqalgan bu turi ilmiy manbalarda alohida ko‘rsatilmaydi. Masalan, rus va o‘zbek tilida nashr qilingan adabiyotshunoslik hamda adabiyot nazariyasi fanlariga oid darsliklar, qo‘llanmalar, monografiyalarning birontasida ham liro-epik asarlar alohida tur sifatida tilga olinmaydi. YUqorida qayd qilingan janrlar epos turiga kiritilgan.
Epos, odatda, 3 ga bo‘linadi:
Kichik epik shakllar (latifa, ertak, ocherk, hikoya);
O‘rta epik shallar (qissa);
Katta epik shallar (roman).
Lirika mazmun va shakliga ko‘ra g‘azal, muxammas, marsiya, ruboiy, qasida, sonet, qo‘shiq singari 20 dan ziyod janrlardan iborat. Bu janrlar to‘g‘risida bu lirik tur xususiyatlari haqida gaplashganimizda alohida to‘xtalamiz. Dramaturgiya ham adabiyotning keng ommalashgan turi hisoblanadi. Uning shu paytgacha drama, komediya, tragediya (fojia) kabi uchta janri hisobga olinardi. Keyingi yillarda uning tragikomediya deb atalgan janri ham paydo bo‘ldi.
Adabiyot ham san’atning boshqa so’alari singari mafkuraviy hodisadir. Adabiyotda voqelikni aks ettirish tamoyiliga ko‘ra adibning ijodiy uslubi namoyon bo‘ladi. Bu yerda «uslub» atamasi bilan «usul» iborasining farqiga eotibor berish kerak bo‘ladi. Uslub, bu san’atkorning boshqalardan farqli belgilari, faqat o‘zigagina xos bo‘lganijodiy individualligidir. Uslub yozuvchining biror asa ryoki adabiyot janrining turli badiiy tasvir vositalaridan (til, nutq) foydalanishdagi o‘ziga xosligidir. Rus tilida bu atamani stil deydilar. Uslub ko‘zgudir, «Stilg‘-eto chelovek» degan ibora bor. Bir odam ikkinchisiga o‘xshamagani kabi bir yozuvchi o‘z uslubi jihatdan boshqasidan farq qiladi. Oybek uslubi, G‘.G‘ulom uslubi, O‘.Hoshimov yoki Sh.Xolmirzaev uslubi deb atash shundan kelib chiqqan. Rahbarlik uslubi degan ibora ham bor.
Usul esa yo‘l, yo‘nalish kabi ma’nolarni anglatadi. «Usul (a)-biror narsani yuzaga chiqarish, amalga oshirish yo‘li, harakat tarzi, xili, tartibi. Ikkinchisidan, biror ish yoki faoliyatda qo‘llaniladigan yo‘l-yo‘riqlar, harakat tartiblari sistemasi, degan ma’nolarni anglatadi. SHuningdek, insonning hatti-harakatida namoyon bo‘ladigan noz-qarashma, ishva, o‘ziga xos sho‘x qiliq ham usul deyiladi. Masalan raqs tushganda shunday usullardan foydalaniladi. Orkestr yoki ansanblda kuy suratini boshqarib, unga usul berib turadigan sozanda (ko‘pincha doirachi bo‘ladi) usulchi deb ataladi. Binobarin, usul so‘zi ko‘prq san’atning musiqa so’asida ishlatiladi. (qarang: O‘TIL, 2-t., M., 1981). Usul - hammaga tegishli hodisadir.
Adabiyot to‘la ma’noda milliy hodisa bo‘lib, har bir xalq madaniyatining tarkibiy qismi hisoblanadi. Xalqning tarixiy hayotidagi va ruhiyatidagi xususiyatlari adabiyotning milliyligi mazmunini tashkil etadi va o‘ziga xos milliy shaklni yuzaga keltiradi. Milliy shaklning yuzaga kelishida adabiyot tomonidan uzoq davr mobaynida yig‘ilgan tajriba va an’analarning ahamiyati katta. Xalq hayotida ro‘y bergan yangi ijtimoiy-siyosiy voqealar adabiyotni yangi, yuqori bosqichga ko‘taradi, uni shaklan va mazmunan boyitadi. Yangilangan adabiyot o‘z navbatida yangi jamiyatning mustahkamlanishida qudratli qurol vazifasini o‘taydi.
Mustaqillik davri adabiyoti xuddi shunday hodisadir. Milliy mustaqillikka erishgan o‘zbek xalqi barcha jab’alarda o‘zligini ochish namoyon etmoqda. Shunga ko‘ra, istiqlol davri adabiyoti tub sifat o‘zgarishlariga erishmoqda. Bu davr adabiyotida tasvirlanayotgan inson o‘zining bashariyat, Vatan, el-yurt oldidagi masouliyatini chuqur his etgan holda namoyon bo‘lmoqda. Istiqlol davri adabiyoti mavzu nuqtai nazaridan ham, badiiy tasvir tamoyillari jihatidan ham ilgarigi qoliplarga sig‘maydigan, tabiiy ravishda rivojlanayotgan yangi hodisadir.
Adabiy turlar va janrlar masalasiga tarixiy jihatdan konkret yondashishi uni shakliy poetik tomondangina emas, balki mazmunan ham tasnif etish imkonini beradi. Ma’lumki, badiiy adabiyotning uzoq davom etgan tarixiy taraqqiyoti natijasida mazmun va shakl jihatdan xilma-xil asarlar yaratilgan. Adabiy asarlarda, shakli hamda hajmiga ko‘ra farqlanadi. Adabiy turlar va janrlarni ilmiy-nazariy jihatdan tahlil etishda ma’lum an’anaga egamiz. Hozirgi adabiyotshunoslik badiiy asarlarni tur va janrlar bo‘yicha tasnif etishda ana shu an’ana va tajribalarga asoslanadi. Adabiy turlar va janrlar masalasida Aristoteldan keyin buyuk rus tanqidchisi V.G.Belinskiyning nazariy fikrlari qimmatlidir. U o‘zining «Poeziyaning tur va xillarga bo‘linishi» maqolasida (tanqidchi poeziya atamasi ostida butun bir adabiyotni anglaydi-Y.Solijonov) badiiy asarlarni Aristotel singari uchga-lirik, epik va dramatik poeziya turlariga bo‘ladi. L.I.Timofeev, G.A.Abramovich, V.Kojinov, N.Shepilova kabi adabiyotshunoslar ham adabiy turlar va janrlarni tasnif etishda Belinskiy prinsipiga asoslanadilar.
O‘zbek adabiyotshunosligida ham shu tasnif XX asrning 90-yillar o‘rtalarigacha barqaror bo‘lib keldi. I.Sultonning adabiyot nazariyasiga oid tadqiqotlarida ham, T.Boboevning darslik va qo‘llanmalarida ham. «Adabiy turlar va janrlar» nomli 3 tomlik kitobda ham yangi adabiy turlar, hatto liro-epik tur ham hisobga olinmay keldi. Vaholanki, adabiyot uzluksiz rivojlanib, shaklan va mazmunan boyib bordi. 90-yillar o‘rtalarida f.f.d.professor B.Sarimsoqov «To‘rtinchi adabiy tur» sifatida paremiya (paremiologiya: xalq og‘zaki ijodiyotining maqol, matal, hikmatli so‘zlar, topishmoq, aforizm kabi janrlar majmui) turini ilgari surdi. Agar bizning 20-30-yillardan beri liro-epik turni 4-adabiy tur sifatida qo‘llab kelayotganimizinobatga olinsa, paremiya 5- adabiy tur bo‘ladi.
Hozirda ham adabiyot hayotni aks ettirish usuliga ko‘ra uch turga bo‘linadi. Har bir tur, o‘z navbatida, hayotni ifodalash shakliga qarab, o‘z ichida bir necha janrlarga bo‘linadi. Masalan, epik tur:
- epos, roman, roman-epopeya, qissa, hikoya, ocherk.
Do'stlaringiz bilan baham: |