Mashg‘ulotning rejasi:
1. Himoyalovchi yerga ulash qurilmalarni hisoblash;
2. Elektr jihozlarini yerga ulash ko‘rsatkichlarini hisoblash tartibi;
3. Himoyalovchi yerga ulash qurilmalarni hisoblashga doir namunaviy misollar.
4. Amaliy mashg‘ulotni bajarish uchun berilgan masalalar;
5. Sinov savollari.
Tayanch so‘zlar va iboralar: elektr toki, himoyalovchi yerga ulash, po‘lat truba, burchaksimon po‘lat, armatura, elektrod, o‘zgaruvchan tok, yerga ulash qurilmasining qarshiligi, amper-voltmetr xarakteristika, M-416, M-1103 markali megometr, tuproqning solishtirma qarshiligi, burchaksimon po‘lat materiallar va po‘lat trubalardan tayyorlangan vertikal elektrodlar.
1. Himoyalovchi yerga ulash qurilmalarni hisoblash.
Insonlarni elektr tokidan himoya qilishning ishonchli va keng tarqalgan usullaridan biri elektr uskunalarini yerga ulash yoki nollashtirishdir. Yerga ulash qurilmasi elektrodlar (1) va ularni birlashtiruvchi o‘tkazgichlardan (2) tashkil topgan bo‘ladi (4-rasm).
4-rasm. Ishchi va himoyalovchi yerga ulash sxemasi.
a - himoyalangan neytral bilan 1000 B gacha tarmoqqa ulanganda;
b - yerga ulangan neytral bilan 1000 B dan yuqori tarmoqqa ulanganda.
1-elektrodlar; 2-yerga ulanadigan uskuna
Yerga ulash elektrodlari sun’iy (aynan shu maqsad uchun maxsus o‘rnatilgan po‘lat truba, burchaksimon po‘lat, armatura) va tabiiy (boshqa maqsadlarda yerga o‘rnatilgan po‘lat materiallar) bo‘lishi mumkin. Tabiiy elektrodlarga po‘lat suv quvurlari, bino va inshootlarning temir-beton konstruksiyasidagi yerga ulangan metall materiallar va boshqalarni misol qilish mumkin.
Sun’iy elektrodlar sifatida ishlatilishi lozim bo‘lgan trubalar yoki burchakli materiallarning o‘zunligi 2-3 m, qalinligi esa 3,5 mm dan kam bo‘lmasligi kerak. Elektrodlarni bir-biriga ulashda ko‘ndalang kesimining o‘lchami 4x12 mm2 bo‘lgan yoki diametri 6 mm dan kam bo‘lmagan po‘lat materiallardan foydalaniladi.
Elektr uskunalari va jihozlari quyidagi hollarda yerga ulanishi kerak:
- 380 V va undan yuqori nominal kuchlanishdagi o‘zgaruvchan tok, hamda 440 V va undan yuqori kuchlanishdagi o‘zgarmas tok bilan ishlovchi uskuna va jihozlarning barchasi;
- 42 V dan 380 V gacha bo‘lgan kuchlanishdagi o‘zgaruvchan, hamda 110 V dan 440 V gacha bo‘lgan kuchlanishdagi o‘zgarmas tok bilan yuqori va o‘ta xavfli sharoitlarda ishlovchi elektr jihozlari;
- 42 V va undan kichik kuchlanishdagi o‘zgaruvchan tok, hamda 110 V va undan kichik kuchlanishdagi o‘zgarmas tok bilan ishlovchi portlashga moyil elektr jihozlari va payvandlash transformatorlarining ikkilamchi chulg‘am o‘ramlari. Bu kuchlanishdagi boshqa elektr jihozlarini yerga ulash shart emas.
Amaldagi Davlat standartlariga ko‘ra kuchlanishi 1000 V gacha bo‘lgan uskunalar uchun yerga ulash tizimining qarshiligi 4 Om, kuchlanishi 1000 V gacha va quvvati 10 kVt gacha bo‘lgan elektr dvigatellar, generatorlar, hamda transformatorlar uchun esa, 10 Om gacha ruxsat etiladi. Elektr uskunalarining yerga ulash qurilmasini tekshirishda ularning elektrodlari va o‘tkazgichlarini holati ko‘zdan kechiriladi va qarshiligi o‘lchanadi. Tekshirish har 6 oyda bir marta, yuqori va o‘ta xavfli elektr uskunalari uchun har 3 oyda bir marotaba o‘tkazilishi shart. Ularning qarshiligi esa, bir yilda bir marta o‘lchanadi. Bundan tashqari elektr jihozlarni ta’mirlashdan so‘ng yoki o‘zoq muddat ishlamasdan turganda ham yerga ulash qurilmasining qarshiligi tekshirilishi zarur.
Yerga ulash qurilmasining qarshiligi amper-voltmetr yoki M-416, M-1103 markali megometrlar (2-rasm) yordamida aniqlanishi mumkin. Bu jihozlar yordamida elektr qarshiligini o‘lchash uchun yerga 0,7-0,8 m chuqurlikda 2 ta qo‘shimcha elektrod o‘rnatiladi. Yordamchi elektrodlar bilan asosiy elektrodlar orasidagi masofa 20 m dan kam bo‘lmasligi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |