Himoya vositalarini saqlash tartibi
Himoya vositalarining sozligi va ishlatishga yaroqliliga ta’minlanadigan sharoitda saqlash va tashish zarur. SHuning uchun ular namlikdan, ifloslanishdan va mexanik buzilishlardan himoyalangan bo‘lishi kerak.
Himoya vositalari berk xonalarda saqlanishi zarur. Rezinadan tayyorlangan himoya vositalari maxsus shkaf, tokcha, quti va hokazolarda alohida saqlanishi kerak. Ular yog‘, benzin va rezinani emiradigan boshqa moddalardan, hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushadigan quyosh nuri va isitkich asboblari ta’siridan himoyalangan bo‘lishi lozim. Ombordagi zaxiraga olib qo‘yilgan rezinadan tayyorlangan himoya vositalari harorati 0 - 25°S bo‘lgan quruq xonalarda saqlanishi kerak.
Izolyasiyalovchi shtanga va qisqichlar xona devorlariga tegmaslik hamda egilmaslik choralari ko‘rilgan holatda saqlanishi zarur. Kuchlanish ko‘rsatgichi va elektr o‘lchovchi qisqichlar jild yoki g‘iloflarda saqlanishi lozim. Ko‘chma erga ulagichlarni saqlashga mo‘ljallangan maxsus joylarga tartib raqami qo‘yiladi, ularning raqamlari ko‘chma erga ulagichlardagi raqamlarga mos kelishi kerak.
Protivogazlar maxsus sumkalarga joylangan bo‘lib, quruq xonalarda saqlanishi shart.
Ishlatilayotgan himoya vositalari maxsus ajratilgan joylarda, odatda, xonalarning kirish joylarida va elektr uskunalarini boshqaruv shchitlarida joylashtiriladi. Ushbu joylarda himoya vositalarining ro‘yxati bo‘lishi kerak. Saqlanish joylarida shtangalar, qisqichlar, ko‘chma erga ulagichlar, xavfsizlik plakatlari va belgilari uchun kronshtyoyn yoki ilgaklar bo‘lishi, shuningdek, dielektrik qo‘lqop, dielektrik kalish, dielektrik etik, dielektrik gilamcha, dielektrik qalpoq, izolyasiyalovchi taglik va qoplama qo‘lqop, himoya belbog‘i va arqonlari, himoya ko‘zoynagi, protivogaz va kuchlanish ko‘rsatgichlar va boshqalar uchun shkaflar hamda tokchalar bilan jihozlangan bo‘lishi zarur.
Tezkor chiqadigan va ta’mirlash brigadalari, laboratoriyadagi yoki shaxsiy foydalanishda bo‘lgan elektr himoya vositalari quti, sumka yoki jildlarda saqlanishi lozim.
Kuchlanish ostida ta’mirlash ishlarini olib borishda ishlatiladigan izolyasiyalovchi vositalar quruq va havosi shamollatiladigan xonalarda saqlanishi, ularni tashishda va ochiq havoda vaqtinchalik saqlaganda jildlarga solingan bo‘lishi zarur. Izolyasiyalovchi qurilmalar va moslamalarni ishlatishdan oldin quruq latta bilan artish, ishlatish mobaynida namlanishiga yo‘l qo‘ymaslik talab qilinadi. Izolyasiyalovchi vositalar namiqqan bo‘lsa, ularni quritish va navbatdan tashqari elektr sinovidan o‘tkazish darkor.
Do'stlaringiz bilan baham: |