II.2. Markaziy Osiyo mintaqasidagi diniy ekstremistik va terroristik tashkilotlar.
O‘zbekiston Islom harakati.
Vujudga kelish tarixi.
1990-1992 yillar davomida Abdulla O‘tanev va Tohir Yo‘ldoshev boshchiligida har biri bir necha guruhdan tashkil topgan, o‘ziga o‘zi «Islom lashkarlari» va «Adolat», deb nom bergan diniy-siyosiy to‘dalar vujudga keltirgan.
Asosiy maqsad – Farg‘ona vodiyida islomiy davlat qurish sanalgan bunday harakatlar, o‘sha davrda, arab dunyosining ayrim vakillari tomonidan moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlab borilgan. Biroq O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar ta’siriga duchor bo‘lgan ushbu buzg‘unchi kuchlar o‘z faoliyatini bas qilib, qo‘shni Tojikiston va Afg‘oniston hududiga qochib o‘tishga majbur bo‘lgan.
2. Hizb ut-tahrir al-islomiy (Islom ozodlik partiyasi)
Vujudga kelish tarixi
Hizb ut-tahrir al-islamiy (risola matni davomida – Hizb ut-tahrir, deb yuritiladi) diniy-siyosiy tashkilotiga Misrning Al-Azhar universitetini tamomlagan shayx Toqiy ad-din Nabhoniy al-Falastini (1909-1979) tomonidan 1953 yili Isroilda asos solingan.
Hizb ut-tahrirga 1953-1979 yillari o‘z asoschisi T. Nabhoniy, 1979-2003 yillari Abdulqadim Zallum rahbarlik qilgan. 2003 yildan e’tiboran esa asli falastinlik Ato Abu Rushta (Abu Yosin) boshchilik qilmoqda.
Jamiyat barqarorligini izdan chiqarishga uringan bir qator mutaassib guruhlar o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun «g‘oyaviy kurash» uslubini tanlagan. Ko‘zlangan maqsadlari va amalga oshirayotgan faoliyati doirasida bir nechta oqim va guruhlarning yuzaga kelishiga «manba» bo‘lib xizmat qilgan Hizb ut-tahrir ham, aynan shu uslubni qo‘llayotgani kuzatilmoqda.
3. Akromiylar
Vujudga kelish tarixi
Vijdon erkinligi mustaqillikning ilk davrida yurtimizning milliy qonun hujjatlari ila kafolatlandi. Biroq ayrim aqidaparast guruhlar hurriyat sharofati bilan qo‘lga kiritilgan bunday huquq va imkoniyatlarni suiiste’mol qildi. Chunonchi, buzg‘unchi Hizb ut-tahrirning respublikamiz fuqarolari orasidan chiqqan tarafdorlari o‘zining radikal, biron-bir o‘lkada xayrixoh topmagan g‘oya va qarashlarini aholi ongiga singdirib, sog‘lom turmush tarzini o‘zgartirishga urinib ko‘rdi. Oqimning o‘ng qanotiga aylangan Akromiylar ham aynan Hizb ut-tahrir ta’limotini respublikamiz muhitiga moslashtirilgan shakli asosida faoliyat boshladi.
Ekstremistik diniy oqim tavsifiga ega Akromiylar tashkiloti 1996 yili Andijon shahrida tashkil topgan. Tashkilotga shartli ravishda, ushbu diniy guruh rahbari Akram Yo‘ldoshev nomi berilgan.
Oqim nazariyasi
A. Yuldoshev 1990-1992 yillari diniy kitoblarni mustaqil ravishda o‘zlashtirib, Qur’on va hadislarni o‘rgana boshlaydi va yuqorida zikr etilgan «Iymonga yo‘l» kitobini yozishga kirishadi. Vaqt o‘tib, xayrihohlar topishga muvaffaq bo‘ladi va ularni o‘z uyida yig‘ib, mashg‘ulotlar o‘tkazadi. Shu tariqa, Akromiylar jamoasi shakllana boshlaydi.
1996 yil o‘rtasiga kelib, mulohaza yuritilayotgan oqim a’zolarining soni ellik kishiga etdi va endi u uyushgan, muayyan maqsadni ko‘zlagan, o‘z vazifalarini aniq belgilab olgan jamoaga aylandi.
4. «Shohidiylar» oqimi
«Shohidiylar» diniy oqimi hozirgi kundagi etakchisi 1944 yilda tug‘ilgan do‘ppi do‘zlik bilan shug‘ullanuvchi Andijon shahrida yashovchi Karimov Xabib hisoblanib, ushbu oqimga u 1991 yilda toshkentlik, tatar millatiga mansub «Akif» ismli shaxs orqali jalb qilingan, hamda ushbu tashkilot g‘oyalari asosida toshkentlik «Abduraxmon» ismli shaxsdan diniy ta’lim olgan.
Ushbu oqim a’zolari barcha payg‘ambarlarni va faqat «Qur’on» ni tan olishadi, boshqa hadis va adabiyotlarni o‘qishmaydi. Oqim a’zolariga ma’lum miqdorda spirtli ichimliklar iste’mol qilish ruxsat berilgan, besh mahal namoz o‘qish majburiyati belgilanmagan bo‘lib, masjidlarga borish man etiladi va imom-xatiblarni «sof dindan adashganlar», ya’ni «kofirlar» deb atashadi. Shuningdek, ular to‘y va janoza marosimlarini o‘tkazishni gunoh hisoblab, mahalla tomonidan o‘tkaziladigan diniy marosimlarda umuman ishtirok etishmaydi.
Xulosa
Ildizi ibtidoiy tarixga borib taqaladigan terrorizm bugungi kunga qadar odamlarni dahshatga solishga uringancha, sodir etib kelinayotgan o‘ta og‘ir jinoyat turidir. «Terror» termini ilk bor Aristotel tomonidan qo‘llanilgan bo‘lib, tarjimasi «dahshat», «qo‘rquv» degan ma’nolarni anglatadigan yunoncha «terror» so‘zidan olingan.
Terrorchilar o‘z maqsadlariga erishish yo‘lida jismoniy zo‘ravonlik va qurolli kurashning turli vositalaridan keng foydalanar ekan, terrorizm siyosiy ekstremizmning beshafqat shakllaridan biri, deb e’tirof etiladi.
Terrorizm aksariyat hollarda salbiy siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar natijasida yuzaga kelib, davlatlararo va xalqaro terrorizmga farq qiladi. Uning namoyon bo‘lishiga olib keladigan sabablar jumlasiga, odatda:
davlatlararo ziddiyatlar;
etnik va diniy ziddiyatlar;
ishsizlik, qahatchilik, qimmatchilik va qashshoqlik;
odamlar ongida hosil bo‘lgan mafkuraviy bo‘shliq va shu kabi, boshqa salbiy omillar kiradi.
Davlatlararo terrorizm – agressor davlat tomonidan terroristik vositalar qo‘llanilib, dushman davlatga ta’sir o‘tkazish va dahshatga solish usuli.
Davlatlararo terrorizmning maqsadi dushman davlatning siyosiy rahbarlari va harbiy qo‘mondonlik vakillarini jismonan yo‘q qilish yoki aholiga qarshi terroristik harakatlarni uyushtirish orqali dushman hududida ommaviy vahima va tartibsizlikni yuzaga keltirishdan iboratdir.
Davlatlararo terrorizmning eng xavfli ko‘rinishi butun boshli xalqni yo‘q qilishni (genotsidni) o‘z maqsadi, deb bilgan natsizm sanaladi.
Xalqaro terrorizm – millatchilik ruhidagi xalqaro ekstremistik harakatlar yoki diniy mutaassiblar uyushmalari (to‘dalari), diniy ekstremistik tashkilotlar tomonidan davlat va jamoat arboblari, xalqaro tashkilot xodimlari va tinch aholiga qarshi qaratilgan terroristik harakatlarni amalga oshirish orqali davlatlarga (xalqlar, elatlar yoki milliy guruhlarga) dahshat solish usuli.
Xalqaro terrorizmning (aniqroq aytiladigan bo‘lsa, jinoiy baynalmilallikning) moddiy (moliyaviy) negizi sifatida, odatda, g‘ayriqonuniy korchalonlik, jumladan, odam savdosi, narkotik moddalar bozori, yashirin migratsiya, moliya sohasidagi turli-tuman jinoyatlar va shu kabi jinoiy harakatlar xizmat qiladi.
Odatda, xalqaro terrorizm qat’iy intizom, sir saqlash qoidalari, homiylar (shu jumladan, agressor davlatlar), da’vat etuvchi-tashkilotchilar va ijrochi-janggarilar bo‘lishi ko‘zda tutiladigan hokimiyat ierarxiyasi va aniq ichki tuzilish qoidasiga so‘zsiz amal qilishga asoslanadi.
Aksariyat hollarda xalqaro terrorizm bir qator ko‘rinishlarda, xususan:
haddan tashqari milliy va diniy murosasizlik;
siyosiy rejimi beqaror davlatlarda ichki ijtimoiy-iqtisodiy, milliy va xurofiy qarama-qarshiliklarga jiddiy tus berish;
xalqaro jamiyat tomonidan murakkab davlatlararo, diniy va etnik mojarolarning hal etilishiga nisbatan umidsizlik kayfiyatini qaror toptirib, ommalashtirish;
«Sovuq urush» oqibati, ya’ni bunday urush davomida uning ishtirokchilari o‘z dushmanlariga qarshi buzg‘unchilik va qo‘poruvchilik ishlarini amalga oshirganligining oqibati, qolaversa, ushbu urushda ishtirok etgan davlatlar tomonidan terroristik va hattoki harbiy harakatlarni tashkillashtirish uchun millatchilik ruhidagi turli-tuman xalqaro ekstremistik yoki diniy tuzilmalar, diniy ekstremistik tashkilotlar xizmatidan foydalanganlikning (ba’zan esa bunday ekstremistlarni tayyorlash va qurollantirish bilan shug‘ullanganlikning) hosilasi sifatida namoyon bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |