§ 1. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda ko‘zda tutilgan tartibda budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ijtimoiy sug‘urta bo‘yicha quyidagi nafaqalar beriladi:
Oldingi tahrirga qarang.
(xatboshi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2007-yil 25-iyundagi M-31-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 1136-2, 28.07.2007-y.) bilan chiqarilgan — O‘R QHT, 2007-y., 31-32-son, 326-modda)
homiladorlik va tug‘ish uchun;
bola tug‘ilgani uchun;
qo‘shimcha dam olish kuni uchun;
dafn etish marosimi uchun.
Oldingi tahrirga qarang.
2007-yil 1-yanvardan boshlab vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlarga nafaqa to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar:
Budjet tashkilotlari tomonidan — mehnat haqi jamg‘armasiga ajratiladigan budjet mablag‘lari doirasida;
Xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan — foyda solig‘ini hisoblashda mazkur xarajatlar soliqqa tortiladigan bazadan chiqarib tashlangan holda shaxsiy mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
(1-band mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2007-yil 25-iyundagi M-31-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 1136-2, 28.07.2007-y.) asosida xatboshilar bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2007-y., 31-32-son, 326-modda)
2. Nizomning 1-bandida ko‘rsatilgan nafaqalar ijtimoiy sug‘urta joriy qilinadigan xodimlarga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ko‘zda tutilgan hollarda boshqa fuqarolarga ham beriladi.
Ish beruvchining davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha badal to‘lamaganligi, sug‘urta qilingan xodimni davlat ijtimoiy sug‘urtasi nafaqalari bilan ta’minlanish huquqidan mahrum qilmaydi.
3. Umumiy qoidaga ko‘ra xodimga nafaqa, agar uni olish huquqi ish beruvchi bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan davrda (sinov davri hamda ishdan bo‘shatilgan kunni ham qo‘shib) paydo bo‘lsa beriladi.
Yuridik shaxs bo‘lmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslarga hamda dehqon xo‘jaligi a’zolariga nafaqa, agar uni olish huquqi ular tomonidan belgilangan tartibda sug‘urta badalini to‘lash davrida paydo bo‘lsa, beriladi.
4. Ayrim hollarda, ya’ni mehnat shartnomasi alohida asoslarga ko‘ra bekor qilingandan (Mehnat kodeksining 67-moddasi) keyin bir oy ichida vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik yoki homiladorlik va tug‘ish ta’tili boshlangan bo‘lsa, nafaqa yashash joyidagi tuman (shahar) ijtimoiy ta’minot bo‘limi tomonidan to‘lanadi.
Ushbu tartib O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlaridagi muddatli xizmat safidan bo‘shatilgan sobiq harbiy xizmatchilarga ham qo‘llaniladi.
5. Nafaqa, mehnat qobiliyati tiklangan, nogironlik belgilangan, homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugagan, vafot etgan yoki bola tug‘ilgan kundan boshlab 6 oy muddat ichida murojaat qilinganda to‘lanadi. Bunda, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi uni olish uchun murojaat qilingan kungacha bo‘lgan 12 oydan oshmagan davr uchun beriladi.
6. Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik (homiladorlik va tug‘ish ta’tili) kunlari xodimning ishdan noqonuniy bo‘shatilgani to‘g‘risida nizo ko‘rilayotgan davrga to‘g‘ri kelgan hollarda, u ishga tiklangan taqdirdagina (barcha mehnatga qobiliyatsiz kunlar uchun) nafaqa olish huquqiga ega bo‘ladi.
7. Nafaqa oyiga bir marta — oyning ikkinchi yarmi uchun beriladigan ish haqi bilan birga to‘lanadi.
8. Ijtimoiy ta’minot bo‘limlari tomonidan ijtimoiy sug‘urta bo‘yicha nafaqalarning to‘g‘ri hisoblanishi ustidan nazorat O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Korxona, muassasa, tashkilot (bundan buyon korxona)lar tomonidan ish joyida budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘larining ijtimoiy sug‘urta bo‘yicha nafaqalar uchun maqsadga muvofiq sarflanishi ustidan nazorat qilish Davlat soliq xizmati organlari tomonidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
(8-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
Do'stlaringiz bilan baham: |