O‘zbekiston Respublikasi
Ichki ishlar vazirining
buyrug‘i
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kasbiy tayyorgarlik fakultetiga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 27-oktabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2941]
LexUZ sharhi
Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi ishlar vazirining 2021-yil 3-noyabrdagi 415-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining kasbiy tayyorgarlik fakultetiga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3342, 14.12.2021-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-avgustdagi PQ-3216-son “Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kasbiy tayyorgarlik fakultetiga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Vazir P. BOBOJONOV
Toshkent sh.,
2017-yil 23-sentabr,
207-son
O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2017-yil 23-sentabrdagi 207-son buyrug‘iga
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kasbiy tayyorgarlik fakultetiga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-avgustdagi PQ-3216-son “Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi (bundan buyon matnda Akademiya deb yuritiladi) kasbiy tayyorgarlik fakultetiga (bundan buyon matnda Fakultet deb yuritiladi) o‘qishga qabul qilish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Fakultetga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonuni
talablariga javob beradigan, yoshi o‘n sakkizdan kichik va o‘ttizdan katta bo‘lmagan, o‘rta maxsus, boshlang‘ich professional, o‘rta professional, o‘rta maxsus professional (bundan buyon matnda boshlang‘ich, o‘rta, o‘rta maxsus professional deb yuritiladi) va oliy ma’lumotga ega bo‘lgan, harbiy xizmatni o‘tagan (erkaklar uchun), sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra va jismoniy tayyorgarligi bo‘yicha ichki ishlar organlarida xizmat qilishga yaroqli deb topilgan, dastlabki va maxsus-professional tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan shaxslar hamda ichki ishlar organlarining xodimlari va harbiy xizmatchilari qabul qilinadi.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2020-yil 26-fevraldagi 84-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2941-1, 25.03.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari
milliy bazasi, 25.03.2020-y., 10/20/2941-1/0359-son)
2. Fakultetda o‘qish muddati ichki ishlar organlarining ofitserlar tarkibi xodimlarini maxsus kasbiy tayyorlash yo‘nalishida 6 oy, ichki ishlar organlarining serjantlar tarkibi xodimlarini maxsus kasbiy tayyorlash yo‘nalishida 5 oyni tashkil qiladi.
3. Fakultetning “Profilaktika faoliyati” ta’lim mutaxassisligida faqat ichki ishlar organlarining ofitserlar tarkibi xodimlarini maxsus kasbiy tayyorlash yo‘nalishi bo‘yicha o‘qitiladi.
4. Fakultetga o‘qishga qabul qilish ichki ishlar vaziri tomonidan tasdiqlangan qabul kvotalari asosida amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan Fakultetdagi ta’lim mutaxassisliklari ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.
5. Fakultetning ichki ishlar organlarining ofitserlar tarkibi xodimlarini maxsus kasbiy tayyorlash yo‘nalishida oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar tanlovda ishtirok etadi.
6. Fakultetning ichki ishlar organlarining serjantlar tarkibi xodimlarini maxsus kasbiy tayyorlash yo‘nalishida o‘rta maxsus, boshlang‘ich, o‘rta, o‘rta maxsus professional yoki oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar tanlovda ishtirok etadi.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2020-yil 26-fevraldagi 84-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2941-1, 25.03.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 25.03.2020-y., 10/20/2941-1/0359-son)
7. Ofitserlar tarkibi lavozimlari uchun qabul e’lon qilingan ta’lim mutaxassisliklariga ta’lim yo‘nalishi yoki mutaxassisligi mos kelmagan oliy ma’lumotli shaxslar serjantlar tarkibi xodimlarini maxsus kasbiy tayyorlash yo‘nalishiga o‘qishga kirish uchun tanlovda ishtirok etadi.
8. Fakultetda o‘qishga munosib nomzodlarni tanlab olish uchun muntazam ravishda targ‘ibot-tashviqot ishlari olib boriladi, ta’lim muassasalarida,
harbiy qismlar, aholi turar joylarida, tashkilot va muassasalarda uchrashuvlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ta’lim muassasalarida ochiq eshiklar kuni o‘tkaziladi.
9. Fakultetga o‘qishga qabul qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan tanlov e’lon qilinadi. Tanlovlarni o‘tkazish muddatlari va qabul qilish shartlari ommaviy axborot vositalari, shuningdek Akademiyaning rasmiy veb-sayti orqali keng yoritiladi.
10. Tanlov shartlarida Fakultetga qabul e’lon qilingan ta’lim mutaxassisliklariga muvofiq keladigan ta’lim yo‘nalishlari yoki mutaxassisliklari bo‘yicha ma’lumotlar ko‘rsatiladi.
11. Fakultetga tinglovchilarni qabul qilish bosqichma-bosqich dastlabki tanlov hamda maxsus-professional tanlov asosida amalga oshiriladi:
12. Dastlabki tanlovda quyidagi tadbirlar o‘tkaziladi:
hujjatlarni to‘plash va o‘rganish;
dastlabki yakka tartibdagi suhbat;
umumjismoniy tayyorgarlikni baholash;
tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish.
Ichki ishlar organlarining xodimlari va harbiy xizmatchilari dastlabki tanlovning hujjatlarni to‘plash va o‘rganish hamda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tadbirlarida ishtirok etadi.
13. Maxsus-professional tanlov Akademiyada o‘tkaziladi, tanlov davomida quyidagi tadbirlar o‘tkaziladi:
hujjatlarni o‘rganish;
tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;
ichki ishlar organlarida xizmatga kasbiy-psixologik layoqatini baholash;
yakka tartibdagi yakuniy suhbat.
14. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining bosh boshqarma, boshqarma, Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari (bundan buyon matnda IIV-IIBB-IIB deb yuritiladi) boshliqlarining buyrug‘i bilan Fakultetga qabul qilish bo‘yicha targ‘ibot va dastlabki tanlov tadbirlarini tashkil etish hamda amalga oshirish uchun ishchi guruh tuziladi. Ishchi guruh o‘z faoliyatini qabul yilining yanvar oyi birinchi ish kunidan oktyabr oyi birinchi ish kuniga qadar olib boradi.
15. Fakultetga o‘qishga qabul qilishni sifatli tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan qabul komissiyasi (bundan buyon matnda qabul komissiyasi deb yuritiladi) tuziladi hamda uning tarkibidagi kichik komissiyalar tarkibi tasdiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari — Kadrlar bosh boshqarmasi boshlig‘i Qabul komissiyasining raisi, Ichki ishlar vazirligi Kadrlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari va Akademiya boshlig‘i Qabul komissiyasi raisining o‘rinbosarlari etib tayinlanadi.
16. Qabul komissiyasi o‘z faoliyatini qabul yilining 15-aprel kunidan 15-oktabr kuniga qadar Akademiyada olib boradi. Bunda Akademiya boshlig‘i — Qabul komissiyasi raisining o‘rinbosari Qabul komissiyasining ishlashi uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi va kichik komissiyalar ishini tashkillashtiradi hamda vazifalarini belgilaydi.
17. Qabul komissiyasi tarkibiga Ichki ishlar vazirligi sohaviy xizmatlarining va Akademiyaning xodimlari kiritiladi.
Qabul komissiyasi tarkibiga respublikaning turdosh oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari kelishuv asosida jalb qilinishi mumkin.
18. Qabul komissiyasi tarkibida quyidagi kichik komissiyalar tuziladi:
nomzodlarning hujjatlarini o‘rganish bo‘yicha kichik komissiya;
ichki ishlar organlarida xizmatga kasbiy-psixologik layoqatni baholash bo‘yicha kichik komissiya.
Qabul komissiyasiga yuklatilgan barcha vazifalarning sifatli bajarilishini ta’minlash bo‘yicha javobgarlik qabul komissiyasining raisi, uning o‘rinbosarlari, kichik komissiya raislari va qabul komissiyasining mas’ul kotibi zimmasiga yuklatiladi.
19. Ishchi guruhlari va qabul komissiyasining faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Kadrlar bosh boshqarmasida ishchi guruh tuziladi.
2-bob. Fakultetga qabul qilish bo‘yicha targ‘ibot
20. Fakultetga qabul qilish bo‘yicha targ‘ibotning asosiy maqsadi yoshlarga ichki ishlar organlarida xizmat qilishning mohiyatini va unga qo‘yiladigan talablarni ochib berish hisoblanadi. Fakultetga qabul qilish bo‘yicha targ‘ibot doirasida yoshlarga kasbga doir maslahatlar beriladi, nomzodlarning shaxsiy fazilatlari, qiziqishlari va qobiliyatlarini hisobga olgan holda ichki ishlar organlarida muayyan yo‘nalishlar bo‘yicha xizmat qilishni tanlashda bevosita yordam ko‘rsatiladi.
21. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Kadrlar bosh boshqarmasi tomonidan targ‘ibot bo‘yicha ishlarning tashkil etilishi va o‘tkazilishi, Internet tarmog‘ida Akademiyaning veb-saytlarida ularning faoliyatini aks ettiruvchi materiallar vaqti-vaqti bilan yangilanib turilishini nazorat qilib boriladi.
22. Fakultetga qabul qilish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini o‘tkazishda Akademiya zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatiladi:
Fakultetdagi hayot va o‘qishning o‘ziga xosligi to‘g‘risidagi plakatlar,
bukletlar, videoroliklar shaklidagi axborot materiallarini IIV-IIBB-IIBlarga tarqatish;
umumta’lim maktablari, akademik litsey va boshlang‘ich, o‘rta, o‘rta maxsus professional ta’lim muassasalari, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademik litseylari o‘quvchilari uchun ochiq eshiklar kunlari o‘tkazish.
(22-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2020-yil 26-fevraldagi 84-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2941-1, 25.03.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 25.03.2020-y., 10/20/2941-1/0359-son)
23. Fakultetga qabul qilish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini o‘tkazishda IIV-IIBB-IIBlar zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatiladi:
ichki ishlar organlarining faoliyati, Fakultetdagi o‘quv-tarbiyaviy jarayon to‘g‘risidagi videoroliklar namoyish qilish, shuningdek faxriylar va Akademiyaning vakillari bilan muntazam uchrashuvlarni tashkil etish;
yoshlar bilan ichki ishlar organlaridagi xizmat to‘g‘risida davra suhbatlari tashkil etish hamda yakka tartibda tushuntirish
ishlarini olib borish;
Akademiya bilan mustahkam aloqalar tashkil etish va bog‘lash.
3-bob. Dastlabki tanlov tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish
24. Dastlabki tanlovning asosiy maqsadi Fakultetga o‘qishga kirish istagini bildirgan nomzodlarning kelgusida ichki ishlar organlarida xizmat qilishi uchun sog‘lig‘i va ruhiy mosligi, barqaror ichki e’tiqodi, ma’naviy-axloqiy fazilatlarini aniqlash hisoblanadi.
25. Fakultetga o‘qishga kirish uchun arizalar (bildirgilar) qabul yilining 15-fevralidan 15-apreliga qadar qabul qilinadi.
26. Fakultetga o‘qishga kirishni xohlagan fuqarolar o‘zlarining yashash joyidagi ichki ishlar organiga mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakldagi ariza bilan, ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilari xizmat o‘tash joyi bo‘yicha rahbar nomiga mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shakldagi bildirgi bilan murojaat qiladi.
27. Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
pasport nusxasi;
tug‘ilganlik haqida guvohnoma nusxasi. Tug‘ilganlik haqida guvohnoma almashtirilgan yoxud familiya, ismi, ota ismi va boshqa ma’lumotlar o‘zgartirilgan bo‘lsa, bu haqda FHDY organining ma’lumotnomasi;
yaqin
qarindoshlarining pasporti, tug‘ilganlik haqida guvohnomasi, nikoh tuzilganligi haqida guvohnomasi, nikohdan ajralganlik haqida guvohnomasi, vafot etganlar bo‘lsa, ularning o‘lim
haqida guvohnomasi nusxalari;
3 x 4 santimetr o‘lchamdagi 6 ta fotosurat (bosh kiyimsiz) hamda 9 x 12 santimetr o‘lchamdagi 2 ta fotosurat (bosh kiyimsiz);
nomzod tomonidan qo‘lda va kompyuterda yozilgan tarjimai hol;
anketa;
o‘qish yoki ish joyidan (agar o‘qiyotgan yoki ishlayotgan bo‘lsa) va o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan tavsifnoma;
ma’lumoti to‘g‘risidagi (o‘rta maxsus, boshlang‘ich, o‘rta, o‘rta maxsus professional, oliy) hujjatlar nusxasi hamda baholar ko‘rsatilgan ilovasi nusxasi;
(27-bandning sakkizinchi va to‘qqizinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2020-yil 26-fevraldagi 84-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2941-1, 25.03.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 25.03.2020-y., 10/20/2941-1/0359-son)
harbiy guvohnomasi nusxasi;
mehnat daftarchasi nusxasi yoki mehnat stajini tasdiqlovchi “Elektron mehnat daftarchasi” tizimidan ko‘chirma (agar mavjud bo‘lsa).
(27-bandning o‘n birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2020-yil 26-fevraldagi 84-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2941-1, 25.03.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 25.03.2020-y., 10/20/2941-1/0359-son)
Arizani qabul qilgan ichki ishlar organi xodimi mazkur bandda ko‘rsatilgan hujjatlarning aslini tekshirib oladi.
28. Ichki ishlar organi xodimlarining bildirgisiga quyidagilar ilova qilinadi:
yaqin qarindoshlarining pasporti, tug‘ilganlik haqida guvohnomasi, vafot etganlar bo‘lsa, ularning o‘lim haqida guvohnoma nusxalari;
3 x 4 santimetr o‘lchamdagi 6 ta fotosurat (bosh kiyimsiz) hamda 9 x 12 santimetr o‘lchamdagi 2 ta fotosurat (bosh kiyimsiz).
29. Fakultetga o‘qishga kirish istagini bildirgan nomzodlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni o‘rganishda quyidagilar birlamchi vazifa hisoblanadi:
taqdim etilgan hujjatlarni o‘rganish, nomzod to‘g‘risidagi ma’lumotlarni rejali jamlash va tizimlashtirish;
nomzodning ijtimoiy faolligi va ma’naviy-axloqiy fazilatlarini aniqlash.
30. Dastlabki yakka tartibdagi suhbat fuqarolar IIV-IIBB-IIB kadrlar boshqarmalari boshliqlari tomonidan yakka tartibda o‘tkaziladi. Dastlabki yakka tartibdagi suhbat nomzod ariza (bildirgi) bilan murojaat qilgan kundan boshlab 10 kun ichida o‘tkaziladi. Suhbat natijasi bo‘yicha mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shaklda yakka tartibdagi suhbat varaqasi to‘ldiriladi.
31. Dastlabki yakka tartibdagi suhbatda nomzodga quyidagilar tushuntiriladi:
mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyati va ahamiyati, nomzodning davlatni himoya qilish bo‘yicha konstitutsiyaviy majburiyatlari;
yuqori darajadagi hushyorlik hamda yot mafkuraga va huquqbuzarliklarga nisbatan murosasiz turishning ahamiyati;
burchni his etish, qat’iyatlilik, ishchanlilik va mehnatsevarlik xislatlariga ega bo‘lish;
ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tash tartibi va moddiy ta’minoti.
32. Dastlabki yakka tartibdagi suhbat o‘tkazilgandan keyin 15 kun ichida IIV-IIBB-IIB ishchi guruhi tarkibiga kiritilgan mutaxassislar tomonidan mazkur Nizomning 4-ilovasida keltirilgan metodikaga muvofiq nomzodlarning umumjismoniy tayyorgarligi baholanadi. Umumjismoniy tayyorgarlik bo‘yicha sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarga tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun yo‘llanma beriladi.
Umumjismoniy tayyorgarlik bo‘yicha sinovlardan o‘tolmagan nomzodlar dastlabki tanlovning keyingi tadbirlariga qo‘yilmaydi. Bunda nomzodning hujjatlarini to‘plash va o‘rganish ishlari to‘xtatiladi.
33. Nomzodlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 26-sentabrdagi 764-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarida tibbiy tekshiruvni tashkil etish va harbiy-tibbiy ekspertizani o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq harbiy-tibbiy komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi.
(33-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2020-yil 26-fevraldagi 84-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2941-1, 25.03.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 25.03.2020-y., 10/20/2941-1/0359-son)
Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish natijalari bo‘yicha nomzodning sog‘lig‘iga ko‘ra ichki ishlar organlarida xizmat qilishga yaroqliligi to‘g‘risida xulosa chiqariladi.
Sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra ichki ishlar organlarida xizmat qilishga yaroqsiz deb topilgan nomzodlar maxsus-professional tanlov tadbirlariga qo‘yilmaydi.
34. Nomzodlarning hujjatlarini rasmiylashtirish jarayonida ichki ishlar organlarida xizmat qilishga to‘sqinlik qiluvchi salbiy ma’lumotlar aniqlanganda yoki sog‘lig‘ining holati bo‘yicha xizmatga yaroqsiz deb topilgan taqdirda hujjatlarini rasmiylashtirilishi to‘xtatilib, ularni ichki ishlar organlariga qabul qilish maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida qaror qabul qilinadi va bu haqida nomzodga yozma xabar qilinadi.
35. Dastlabki tanlov tadbirlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan hamda shaxsiy hujjatlari yig‘ma jildi o‘rnatilgan tartibda to‘liq rasmiylashtirilgan nomzodlarni maxsus-professional tanlov tadbirlarida ishtirok etishga yuborish to‘g‘risida IIV-IIBB-IIB tomonidan mazkur Nizomning 5-ilovasiga muvofiq shaklda xulosa qabul qilinadi.
36. Nomzodlarning shaxsiy hujjatlari yig‘ma jildlari IIV-IIBB-IIBlar tomonidan qabul yilining 15-avgust kuniga qadar Akademiyaga yuboriladi.
4-bob. Maxsus-professional tanlov
37. Nomzodlarning intellektual salohiyati, ma’naviy-axloqiy saviyasini, umumiy dunyoqarashini, o‘z nuqtai nazarini asoslab berish qobiliyatini hamda ichki ishlar organlarining o‘ziga xos kasbiy faoliyatiga qo‘yiladigan talablarga muvofiqligini aniqlash maxsus-professional tanlovning asosiy maqsadi hisoblanadi.
38. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Kadrlar Bosh boshqarmasida tashkil etilgan ishchi guruhi tomonidan har yili 5-sentabrga qadar qabul komissiyasi bilan kelishilgan holda maxsus-professional tanlov tadbirlarini o‘tkazish muddatlari belgilangan reja-jadval ishlab chiqilib, IIV-IIBB-IIBga yuboriladi.
IIV-IIBB-IIB ishchi guruhlari reja-jadvalga muvofiq nomzodlarni maxsus-professional tanlov tadbirlarini o‘tkazish muddatlari bilan tanishtiradi, ularning belgilangan muddatlarda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan to‘liq holda yetib kelishlarini ta’minlaydi.
39. Maxsus-professional tanlov tadbirlarini o‘tkazish davomida nomzodlar turar joy va oziq-ovqat bilan ta’minlanmaydi.
40. Qabul komissiya tarkibidagi nomzodlarning hujjatlarini o‘rganish bo‘yicha kichik komissiya taqdim etilgan shaxsiy hujjatlar yig‘ma jildlarini ro‘yxatga oladi hamda ularning belgilangan talablarga muvofiqligini tekshiradi.
41. Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan tasdiqlanadigan, tibbiyot mutaxassislaridan maxsus shakllantiriladigan harbiy-tibbiy komissiya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 26-sentabrdagi 764-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarida tibbiy tekshiruvni tashkil etish va harbiy-tibbiy ekspertizani o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq o‘tkaziladi.
(41-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2020-yil 26-fevraldagi 84-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2941-1, 25.03.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 25.03.2020-y., 10/20/2941-1/0359-son)
Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish natijalari bo‘yicha sog‘lig‘iga ko‘ra nomzodning ichki ishlar organlarida xizmat qilishga yaroqliligi to‘g‘risida xulosa chiqariladi. Sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra ishlar organlarida xizmat qilishga yaroqsiz deb hisoblangan nomzodlar maxsus-professional tanlovning keyingi tadbirlariga qo‘yilmaydi.
42. Nomzodlarning ichki ishlar organlarida xizmatga kasbiy-psixologik layoqatini baholash mazkur Nizomning 6-ilovasida keltirilgan metodikaga muvofiq qabul komissiyasi tarkibidagi kichik komissiya tomonidan o‘tkaziladi.
43. Yakka tartibdagi yakuniy suhbat kollegial prinsip bo‘yicha mazkur Nizomning 7-ilovasida keltirilgan metodika asosida qabul komissiyasi tomonidan o‘tkaziladi.
44. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademik litseylarining bitiruvchilari bo‘lgan nomzodlarga ichki ishlar organlarida xizmatga kasbiy-psixologik layoqatini baholash va yakka tartibdagi yakuniy suhbatda to‘plagan umumiy ballarining 20 foizi miqdorida imtiyoz balli qo‘shib beriladi.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishga munosib hissa qo‘shgan profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilariga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘ining tavsiyasiga asosan Fakultetga kvota asosida o‘qishga kirish huquqi beriladi.
(44-band O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2020-yil 26-fevraldagi 84-sonli buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 2941-1, 25.03.2020-y.) asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 25.03.2020-y., 10/20/2941-1/0359-son)
5-bob. O‘qishga
qabul qilish tartibi
45. Maxsus-professional tanlov tadbirlari yakunida Qabul komissiyasi nomzodlarni o‘qishga qabul qilish masalasini ko‘rib chiqadi hamda o‘tkazilgan ichki ishlar organlarida xizmatga kasbiy-psixologik layoqatini baholash va yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijalarining umumiy yig‘indisiga ko‘ra hududiy qabul kvotalari (o‘rinlar) bo‘yicha nomzodni Fakultetga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Fakultetga o‘qishga qabul qilingan nomzodlar ro‘yxati Akademiyaning qabul yig‘ini o‘tkaziladigan joyga osib qo‘yiladi.
46. Qabul komissiyasining qarori mazkur Nizomning 8-ilovasida ko‘rsatilgan shakldagi bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Mazkur bayonnoma nomzodlarni Fakultetga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risidagi buyruqlarni rasmiylashtirish uchun asos hisoblanadi.
47. Fakultetga o‘qishga qabul qilingan ichki ishlar organlari harbiy xizmatchilari va xodimlariga o‘z xizmat o‘tash joylariga taqdim etish uchun ularning o‘qishga qabul qilinganligi bo‘yicha buyruqdan ko‘chirma beriladi.
48. Maxsus-professional tanlovga belgilangan muddatda yetib kelmagan nomzodlar uchun qo‘shimcha ravishda tadbirlar o‘tkazilmaydi.
49. Ichki ishlar organlarida xizmatga kasbiy-psixologik layoqatni baholash va yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijalariga ko‘ra ikki yoki undan ortiq nomzodlarning to‘plagan umumiy ballari teng bo‘lib qolgan taqdirda ularning barchasi o‘qishga qabul qilinadi.
50. Maxsus professional tanlov boshlanishidan oldin ichki ishlar organlarida xizmatga kasbiy-psixologik layoqatni baholash va yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijalari yuzasidan nomzodlarning ariza va shikoyatlarini ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining buyrug‘iga asosan Apellatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
51. Apellatsiya komissiyasiga nomzodlar tomonidan ariza va shikoyatlar qabul komissiyasi yig‘ilishining o‘qishga qabul qilish to‘g‘risidagi bayonnomasi e’lon qilingan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida berilishi mumkin.
Apellatsiya komissiyasi taqdim etilgan ariza va shikoyatlarni ular kelib tushgan kundan boshlab uch ish kunidan oshmagan muddatda murojaat qilgan nomzod ishtirokida ko‘rib chiqadi. Apellatsiya komissiyasi qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
6-bob. Yakuniy qoidalar
52. Nomzodlar belgilangan qoidalarga va xizmat intizomiga rioya qilmagan taqdirda Qabul komissiyasi qarori asosida tanlovning istalgan bosqichida undan chetlatilishi mumkin.
53. Fakultetga o‘qishga kira olmagan nomzodlarning shaxsiy hujjatlari yig‘ma jildlari maxsus-professional tanlov natijalari e’lon qilingan kundan e’tiboran 10 kun ichida tegishli IIV-IIBB-IIBga qaytarib yuboriladi.
54. Nomzodlarni o‘qishga qabul qilish uchun asos bo‘lgan hujjatlar Akademiyada saqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi kasbiy tayyorgarlik fakultetiga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
| | | | | |
____________________________________ga (ichki ishlar organi boshlig‘ining F.I.O.)
|
| | | | | |
____________________________________da (nomzodning yashash joyi)
|
| | | | | |
yashovchi____________________________ dan (nomzodning F.I.O.)
|
| | | | | | | | | |
| | | | | | | | | |
| | | |
ARIZA
| | | | |
| | | | | | | | | |
Menga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi kasbiy tayyorgarlik fakultetining_____________
|
_____________________________________________________________________________________ yo‘nalishining
(maxsus kasbiy tayyorlash yo‘nalishi nomi)
|
______________________________________________________________________________ mutaxassisligi bo‘yicha(ta’lim mutaxassisligining nomi)
|
o‘qishga kirish uchun hujjatlarimni rasmiylashtirishga ruxsat berishingizni so‘rayman.
|
Xizmat zaruratiga ko‘ra lozim topilgan hududda xizmat qilishga tayyorman. Xizmat bo‘yicha menga ma’lum bo‘lgan davlat,
|
harbiy va xizmatga oid ma’lumotlarni sir saqlashga va’da beraman.
|
Oilamda o‘zgarishlar bo‘lganda hamda yaqin qarindoshlarimdan birortasi jinoiy javobgarlikka tortilgan taqdirda
|
belgilangan muddatda boshliqlarimga va kadrlar boshqarmasiga yozma ravishda xabar beraman.
|
| | | | | | | | | |
| | | | | | | | | |
_________(imzo)
| |
____________________________(F.I.O.)
| | | | | |
| | | | | | | | | |
20___ yil “____” _____________
| | | | | | | |
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi kasbiy tayyorgarlik fakultetiga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
2-ILOVA
| | | | | |
____________________________________ga (ichki ishlar organi boshlig‘ining F.I.O.)
|
| | | | | | | | | |
| | | | | | | | | |
| | | |
|