O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Litva Respublikasi Hukumati o‘rtasida
Bitim
Investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoyalash to‘g‘risida
2002-yil 18-fevral, Toshkent
LexUZ sharhi
Mazkur Bitim O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 24-martdagi 92-sonli “Hukumatlararo bitimlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan.
(O‘zbekiston Respublikasi uchun 2002-yil 11-noyabrdan kuchga kirgan)
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Litva Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
o‘zaro foydali shart-sharoitlarda o‘zaro iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishni istab,
bir Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalari uchun boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida qulay sharoitlarni yaratishga intilib,
investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoyalash ikkala davlatlarning individual ishchi tashabbusi hamda farovonligining o‘sishida rag‘batlantirishini anglab,
quyidagilar to‘g‘risida ahdlashib oldilar:
1-modda
Ta’riflar
Ushbu Bitim maqsadlarida:
1. “Investitsiya” atamasi bir Ahdlashuvchi Tomonning investori boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida uning qonunchiligiga muvofiq kiritgan mulkiy boyliklarining barcha ko‘rinishlarini, xususan quyidagilarni, ammo nafaqat ularni, o‘z ichiga oladi:
a) ko‘char va ko‘chmas mulklar, shuningdek ipoteka bo‘yicha talabnoma, hibsga olingan mulkka bo‘lgan huquq, garov kabi boshqa har qanday mulkiy huquqlar va shu singari o‘zga huquqlar;
b) aksiyalar, badallar, obligatsiyalar, qarz majburiyatlari va korxonadagi ishtirokning har qanday boshqa shakllari;
v) iqtisodiy boyliklar yaratish uchun sarflangan pul mablag‘lariga taalluqli talabnoma huquqlari yoki iqtisodiy qiymatga ega bo‘lgan har qanday faoliyat uchun talabnoma huquqlari;
g) intellektual mulkka bo‘lgan huquqlar, shu jumladan mualliflik huquqi, sanoat mulkiga bo‘lgan huquq (patentlar, sanoat namunalari va modellari mahsulot belgilari, mahsulot nomlari kabi) sanoat mulkiga bo‘lgan huquqlar, shuningdek nou-xau va ishbilarmon obro‘-e’tibor;
d) iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish uchun qonun yoki shartnoma beriladigan har qanday huquq, shu jumladan tabiiy resurslarni izlash, qazish va foydalanish uchun konsessiyalar.
Kiritilgan investitsiyalangan yoki qayta investitsiyalangan mulkiy boyliklar shaklining investitsiyalarni qabul qiluvchi davlat qonunchiligiga muvofiq har qanday tarzda o‘zgartirilishi ularni investitsiya sifatidagi xarakteriga ta’sir ko‘rsatmaydi,
2. “Investor” atamasi:
a) O‘zbekiston Respublikasiga nisbatan:
O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq uning fuqarosi hisoblanuvchi jismoniy shaxsni;
O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ta’sis etilgan va boshqa davlatlar hududida investitsiyalarni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan har qanday yuridik shaxsni bildiradi.
b) Litva Respublikasiga nisbatan:
Litva Respublikasi qonunchiligiga muvofiq uning fuqarosi hisoblanuvchi yoki u yerda doimiy yashovchi jismoniy shaxsni;
Litva Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ta’sis etilgan har qanday xo‘jalik subyektini anglatadi.
3. “Daromadlar” atamasi investitsiyalar natijasida olingan qiymatlarni, ammo nafaqat ularni, xususan: foyda, foizlar, sarmoyalarni o‘sishidan kelgan daromadlar, dividendlar, mualliflik gonorarlari va o‘zga mukofotlarni anglatadi.
Investitsiya yoki qayta investitsiyalashdan olingan daromadlar ham investitsiyalar kabi himoya bilan ta’minlanadi.
4. “Hudud” atamasi Ahdlashuvchi Tomonlardan har biriga nisbatan ana shu Ahdlashuvchi Tomonning suveren hududini hamda shu Ahdlashuvchi Tomon xalqaro huquq me’yorlariga muvofiq o‘z suveren huquqlari va yurisdiksiyasini amalga oshiradigan boshqa har qanday makonni anglatadi.
5. “Ahdlashuvchi Tomon” atamasi, matn mazmunidan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi yoki Litva Respublikasini anglatadi.
2-modda
Investitsiyalarni rag‘batlantirish
Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri o‘z hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarini investitsiyalarni amalga oshirishda rag‘batlantiradi hamda o‘z qonunchiligiga muvofiq bunday investitsiyalarni qabul qiladi.
3-modda
Investitsiyalar himoyasi va rejimi
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investorlari amalga oshirgan investitsiyalarini doimo adolatli va teng huquqli rejimini, shuningdek to‘liq himoya hamda xavfsizlikni ta’minlaydi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlarning hech biri bir tomonlama yoki kamsitish choralarini qo‘llash yo‘li orqali boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlari amalga oshirgan investitsiyalarni boshqarish, yuritish, foydalanish, egalik qilish va tasarruf etishga to‘sqinlik qilmaydi.
3. Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri rejimlardan qaysi biri qulayligiga bog‘liq ravishda, boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalari uchun o‘z investorlarining investitsiyalari yoki istalgan uchinchi davlat investorlarining investitsiyalari uchun yaratganidan kam bo‘lmagan qulay rejim yaratadi.
4. Quyidagi hollarda, ushbu Bitim qoidalari Ahdlashuvchi Tomonlardan hech birini istalgan uchinchi davlat investorlari uchun yaratgan afzalliklar, yengilliklar yoki imtiyozlarni boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investorlariga nisbatan tatbiq etishga majbur etmaydi:
a) mavjud bo‘lgan yoxud kelgusida tashkil etiladigan bojxona uyushmasi, umumiy bozor, erkin savdo zonasi yoki mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikning boshqa shakllari yoinki shu singari boshqa har qanday xalqaro bitim ishtirokchisi bo‘lish yoki keyinchalik ishtirok etishi mumkin bo‘lish hollarida;
b) mavjud bo‘lgan yoki kelgusida tuziladigan ikki tomonlama soliqqa tortilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida shartnomalar yoki soliqqa tortilishiga oid har qanday boshqa bitimga a’zo bo‘lish hollarida.
4-modda
Ekspropriatsiya
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning hech biri boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining investorlari amalga oshirgan investitsiyalarga nisbatan ekspropriatsiya qilish, davlat mulkiga aylantirish (bundan buyon “ekspropritsiya” yuritiladi) va shunday oqibatlarga olib keladigan choralarni qo‘llamaydi, quyidagi holatlar bundan mustasno, agar:
a) bunday ekspropriatsiya jamoat manfaatlari yo‘lida va qonunchilikda belgilangan tartibga muvofiq amalga oshirilsa;
b) bunday ekspropriatsiya kamsitmaslik asosida amalga oshirilsa;
v) kechiktirishsiz adekvat va samarali kompensatsiya to‘lansa.
2. Ushbu moddaning 1-bandi v) qismida qayd etilgan kompensatsiya ekspropriatsiya qilingan investitsiyalarning ekspropriatsiya qilingan vaqtda yoki bundan avval qanday hol yuz berganligiga bog‘liq ravishda, ekspropriatsiya qilish to‘g‘risidagi qaror barchaga ovoza qilingan vaqtda belgilangan bozor narxiga muvofiq bo‘ladi. Bunday kompensatsiya kechiktirilmasdan amalga oshiriladi va ekspropriatsiya qilish vaqtidan boshlab London banklararo birjasi (LIBOR)ning kursi bo‘yicha hisoblangan foizlarni qamrab oladi.
3. Ushbu Bitimning 8-moddasida ko‘zda tutilgan huquqlari buzilmagan holda, mulkiy boyliklari ekspropriatsiya qilinayotgan investorlar bunday ekspropriatsiya va kompensatsiyaning ushbu moddada qayd etilgan prinsiplar hamda ekspropriatsiyani amalga oshiruvchi Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligiga muvofiqligini aniqlash maqsadida, o‘z ishlarini ekspropriatsiya qiluvchi Ahdlashuvchi Tomonning tegishli sud yoki boshqa vakolatli organi tomonidan kechiktirmasdan ko‘rib chiqilishini talab qilish huquqiga ega.
4. Agar, ekspropriatsiya qilayotgan Ahdlashuvchi Tomonning investitsiyalarini himoyalash to‘g‘risida tuzgan boshqa Bitimi qoidalariga muvofiq investorlarga kompensatsiya to‘langan bo‘lsa, ular ushbu moddaning qoidalariga asoslangan holda talabnoma taqdim etishga haqli emas.
5-modda
Zararlarni to‘lash
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining investorlariga boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida urush, favqulodda holat kiritilishi, isyon, qo‘zg‘olon yoki shunga o‘xshash boshqa voqealar oqibatida zarar yetkazilganda, rejimlarning qaysi biri qulayligidan kelib chiqqan holda, boshqa Ahdlashuvchi Tomon o‘z investorlari yoki istalgan uchinchi davlat investorlariga yaratganidan kam bo‘lmagan qulay rejim yaratadi. Bu borada to‘lanadigan har qanday kompensatsiya kechiktirishlarsiz amalga oshiriladi hamda to‘siqlarsiz o‘tkaziladi.
2. Ushbu moddaning 1-band qoidalaridan qat’i nazar, boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida
a) investitsiyalarini boshqa Ahdlashuvchi Tomonning harbiy kuchlari yoxud hokimiyat idoralari tomonidan butunlay yoki qisman rekvizitsiya qilish, yoki
b) zaruriyat taqozo etgan holda, investitsiyalarni boshqa Ahdlashuvchi Tomonning harbiy kuchlari yoxud hokimiyat idoralari tomonidan butunlay yoki qisman nobud qilish oqibatida zarar ko‘rgan Ahdlashuvchi Tomonlardan birining investorlariga,
restitutsiya beriladi yoki o‘z vaqtida, aynan bir xil va samarali kompensatsiya to‘lanadi.
6-modda
O‘tkazishlar
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalar bilan bog‘liq to‘lovlarini to‘sqinliklarsiz o‘tkazilishini kafolatlaydi, xususan:
a) investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash va kengaytirish uchun sarflanadigan dastlabki sarmoyalar va qo‘shimcha qiymatlar;
b) daromadlar;
v) sarflangan mablag‘ning butunlay yoki qisman tugatilishi natijasida olingan tushumlar;
g) bevosita ravishda investitsiyalar bilan bog‘liq bo‘lgan zayomlar to‘lovi uchun mo‘ljallangan qiymatlar;
d) ushbu Bitimning 4 va 5-moddalari qoidalariga muvofiq beriladigan kompensatsiyalar;
e) investitsiyalar munosabati bilan uning hududida ishlovchi xorijiy xodimlarga to‘lanadigan ish haqi.
2. Pul o‘tkazish investitsiyalar amalga oshirilgan konvertirlanadigan valyutada yoki investorlarning roziligiga binoan, pul o‘tkazilayotgan sanada qo‘llanayotgan almashtirish kursi bo‘yicha istalgan boshqa valyutada va hududida investitsiyalar amalga oshirilgan Ahdlashuvchi Tomon belgilagan tartibga muvofiq asossiz kechiktirishlarsiz amalga oshiriladi.
3. Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalari bilan bog‘liq daromadlarini o‘tkazish uchun istalgan uchinchi davlat investorlari amalga oshirgan investitsiyalari bilan bog‘liq daromadlarini o‘tkazish uchun yaratganidan kam bo‘lmagan qulay rejimni yaratadi.
4. Ushbu modda qoidalaridan qat’i nazar, Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri adolatli ravishda hamda kamsitmaslik asosida soliq solish kreditorlar huquqini himoyalash yoki boshqa qonunlar va huquqiy hujjatlarni amalga oshirish bilan bog‘liq choralarni qo‘llashi mumkin.
7-modda
Subrogatsiya
Ahdlashuvchi Tomonlardan birontasi yoxud uning vakolatli organi (“birinchi Ahdlashuvchi Tomon”) investorga sug‘urta kontrakti asosida yoki boshqa Ahdlashuvchi Tomon (“ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon”) hududida investitsiyalarga taalluqli to‘lovlarni amalga oshirgan bo‘lsa, ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon:
a) kompensatsiya olgan investorning qonunchilik yoki huquqiy bitishuvlar bo‘yicha barcha huquq va talabnomalari birinchi Ahdlashuvchi Tomonga o‘tishini, va
b) subrogatsiya tartibiga muvofiq birinchi Ahdlashuvchi Tomon ham kompensatsiya olgan investor bilan bir xil hajmda shunday huquqlarni amalga oshirish va shunday talabnomalari qondirilishiga erishish huquqiga ega ekanligini e’tirof etadi.
8-modda
Investitsiyaviy nizolarni hal etish
1. Bir Ahdlashuvchi Tomon bilan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investori o‘rtasida shu investorning investitsiyalari borasida yuzaga kelgan har qanday nizo do‘stona tarzda hal etiladi. Investor hududida investitsiyalar amalga oshirilgan Ahdlashuvchi Tomonga yuzaga kelgan nizo va uning tafsilotlari bayon qilingan yozma xabarnomani yuboradi.
2. Agar bunday nizo ushbu moddaning 1-bandida qayd etilgan yozma xabarnoma yuborilgan kundan boshlab olti oy mobaynida do‘stona tarzda hal etilmasa, istalgan tomonning iltimosiga binoan va investorlarning xohishiga ko‘ra nizo hal etish uchun
ikkala Ahdlashuvchi Tomon ham 1965-yil 18-martda Vashingtonda imzolash uchun ochilgan Davlatlar va boshqa davlatlarning fuqarolari o‘rtasidagi investitsiyaviy nizolarni hal etish tartibi to‘g‘risidagi Konvensiyaga qo‘shilgan bo‘lsa, investor, yarashtirish yoki ushbu Konvensiyaga asosan ta’sis etilgan Investitsiyaviy nizolarni hal etuvchi xalqaro markaz (IKSID) qoidalariga muvofiq arbitraj tartibotlari asosida arbitraj sudida ko‘rib chiqish uchun IKSIDga, yoki
BMTning Xalqaro savdo huquqi bo‘yicha komissiyasi (YuNSITRAL)ning arbitraj reglamentiga muvofiq arbitraj tartibida ko‘rib chiqish uchun ad hoc arbitraj sudiga topshiriladi. Ahdlashuvchi Tomonlarning o‘zaro kelishuviga binoan ushbu qoidalarga tegishli tuzatishlar kiritilishi mumkin.
3. Arbitraj sudining qarorlari har ikkala Tomon uchun ham tugal va majburiy hisoblanadi. Har bir Ahdlashuvchi Tomon ularni tezda bajaradi hamda o‘z hududida ularning samarali ravishda bajarilishi uchun zaruriy choralar ko‘radi.
4. Xech qaysi Ahdlashuvchi Tomon yetkazilgan zarar uchun sug‘urta kontrakti yoki kafolat asosida investorga to‘liq yoki qisman ravishda kompensatsiya to‘lovlari amalga oshirilganligi yoxud amalga oshirilishi himoya vositasi sifatida asoslanishi mumkin emas.
9-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar o‘rtasidagi nizolarni hal etish
1. Ushbu Bitimni talqin qilish va qo‘llashga taalluqli, Ahdlashuvchi Tomonlar o‘rtasidagi har qanday nizo imkon qadar diplomatik kanallar orqali hal etiladi.
2. Agar Ahdlashuvchi Tomonlar nizo yuzaga kelgan vaqtdan boshlab olti oy mobaynida murosaga kelolmasalar, istalgan Ahdlashuvchi Tomonning talabiga ko‘ra nizoni ko‘rib chiqish uchun arbitraj sudiga topshiriladi.
3. Bunday arbitraj sudi har bir alohida holat uchun quyidagi tarzda tashkil etiladi. Ahdlashuvchi Tomonlardan biri boshqa Ahdlashuvchi Tomondan arbitraj sudi to‘g‘risida talabnoma olgan kundan boshlab ikki oy mobaynida har bir Ahdlashuvchi Tomon bittadan arbitraj sudi a’zosini tayinlaydi. So‘ngra bu arbitraj sudining ikki a’zosi keyingi ikki oy mobaynida uchinchi davlat fuqarosi bo‘lishi lozim bo‘lgan arbitraj sudining uchinchi a’zosini tanlaydi. Ikkala Ahdlashuvchi Tomonning maqulloviga ko‘ra arbitraj sudining uchinchi a’zosi arbitraj sudining raisi etib tayinlanadi.
4. Agar ushbu moddaning 3-bandida qayd etilgan davrda arbitraj sudi ta’sis etilmasa, boshqa kelishuvlar mavjud bo‘lmagan holda, istalgan Ahdlashuvchi Tomon zaruriy tayinlovlarni amalga oshirish xususida Xalqaro sud raisiga iltimos bilan murojaat etishi mumkin. Basharti, Rais Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi bo‘lsa yoki boshqa sabablarga ko‘ra qayd etilgan vazifani bajara olmasa, zaruriy tayinlovlar Rais muovini tomonidan amalga oshiriladi. Agar Rais muovini ham Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi bo‘lsa, yoki boshqa sabablarga ko‘ra ushbu vazifani bajara olmasa, zaruriy tayinlovlarni amalga oshirish uchun Ahdlashuvchi Tomon hech qaysisining fuqarosi bo‘lmagan, Xalqaro sudning yuqori lavozimdagi a’zosi taklif etilishi mumkin.
5. Arbitraj sudi ushbu Bitim qoidalari va xalqaro huquq me’yorlariga amal qilgan holda, o‘z ish tartibini belgilaydi. Arbitraj sudi ko‘pchilik ovoz bilan qaror qabul qiladi. Arbitraj sudining qarorlari har ikki Ahdlashuvchi Tomop uchun ham tugal hamda majburiy hisoblanadi.
6. Har bir tomon arbitraj tartibotlaridagi o‘zining arbitraj sudi a’zosi va vakillari faoliyati bilan bog‘liq xarajatlarni to‘laydi, Raisning faoliyati uchun sarflanadigan, shuningdek boshqa chiqimlar Ahdlashuvchi Tomonlar o‘rtasida teng qoplanadi. Biroq, Arbitraj sudi o‘z qarorda Ahdlashuvchi Tomonlardan biri uchun ko‘proq xarajatlar belgilashi mumkin va bundan qaror ikkala Ahdlashuvchi Tomon uchun ham majburiy hisoblanadi.
10-modda
Qulayroq sharoitlar
Ahdlashuvchi Tomonlardan birining qonunchiligiga yoki hozirda mavjud bo‘lgan yoxud keyinchalik xalqaro huquqqa muvofiq qabul qilinadigan majburiyatlarga muvofiq, boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlaring investitsiyalari uchun ushbu Bitimga binoan yaratiladigan rejimdan ko‘ra qulayroq rejim yaratilishi ko‘zda tutilsa, qulayroq sharoitlar tatbiq etiladi.
11-modda
Maslahatlashuvlar
Ahdlashuvchi Tomonlardan birining iltimosiga binoan ushbu Bitimni talqin qilish yoki qo‘llash masalalari yuzasidan maslahatlashuvlar o‘tkaziladi.
Boshqa Ahdlashuvchi Tomon bunday maslahatlashuvlarni o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan barcha choralarni qo‘llaydi.
12-modda
Bitimning qo‘llanishi
1. Ushbu Bitim bir Ahdlashuvchi Tomon investorining ushbu Bitim kuchga kirishidan avval va undan so‘ng boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida uning qonunchiligiga muvofiq amalga oshirilgan investitsiyalariga nisbatan qo‘llanadi. Biroq, ushbu Bitim kuchga kirishidan avval yuzaga kelgan yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan investitsiyalarga taalluqli nizolarga yoxud u kuchga kirgunga qadar hal etilgan har qanday talabnomalarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Ushbu Bitimning qoidalari yer sotib olish, egalik qilish, foydalanish va idora qilishga doir masalalarga nisbatan qo‘llanmaydi. Bunday masalalar Ahdlashuvchi Tomonlarning qonunchiligiga muvofiq tartibga solib boriladi.
13-modda
O‘zgartish va qo‘shimchalarni kiritish
Ushbu Bitim kuchga kirayotgan vaqtda yoki u kuchga kirgandan so‘ng istalgan vaqtda Ahdlashuvchi Tomonlarning yozma ravishdagi o‘zaro roziliklariga ko‘ra ushbu Bitimga o‘zgartish yoki qo‘shimchalar kiritilishi mumkin. Bunday o‘zgartish va qo‘shimchalar ularning kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan davlat ichki protseduralari bajarilganligi to‘g‘risida Ahdlashuvchi Tomonlar bir-birlariga yozma xabarnoma yuborganlaridan so‘ng kuchga kiradi.
14-modda
Bitimning kuchga kirishi amal qilish muddati va to‘xtatilishi
1. Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar tarafidan uning kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan barcha davlat ichki protseduralari bajarilganligi to‘g‘risida oxirgi yozma xabarnoma yuborilgan kundan boshlab kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim o‘n besh (15) yil muddatga tuzilgan. Shu muddat tugagandan so‘ng Ahdlashuvchi Tomonlardan birontasi ushbu Bitimning amal qilishini to‘xtatish niyati to‘g‘risida boshqa Ahdlashuvchi Tomonni yozma ravishda xabardor etgan sanadan boshlab o‘n ikki oy mobaynida u o‘z kuchini saqlab qoladi.
3. Ushbu Bitim amal qilishdan to‘xtatilgunga qadar amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan 1 — 12 moddalarining qoidalari keyingi o‘n (10) yillik davr mobaynida o‘z kuchini saqlab qoladi.
Toshkent shahrida 2002-yil 18-fevralda ikki nusxada, har biri o‘zbek, litva va rus tillarida tuzilgan, bunda barcha matnlar bir xil kuchga egadir. Talqin qilishda farqlar mavjud bo‘lgan holda, rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)