O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Latviya Respublikasi Hukumati o‘rtasida
Bitim
Uyushgan
jinoyatchilik, terrorizm, giyohvandlik vositalar, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy yurgizilishiga qarshi kurashda hamkorlik to‘g‘risida
2002-yil 17-iyun, Toshkent
LexUZ sharhi
Mazkur Bitim O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 14-avgustdagi 352-sonli “Xalqaro shartnomalarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan.
(O‘zbekiston Respublikasi uchun 2003-yil 25 sntyabrdan kuchga kirgan)
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Latviya Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
uyushgan jinoyatchilik, terrorizm, giyohvandlik vositalar, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy yurgizilish miqyosi hamda yo‘nalishining rivojlanishidan tashvishlanayotganliklarini ifodalab,
Tomonlar davlatlari fuqarolari, Tomonlar davlatlarining hududlarida istiqomat qilayotgan boshqa shaxslarning hayotlari, huquqlari va qonuniy manfaatlariga, jamiyat va davlatning manfaatlariga qilingan jinoiy tajovuzlardan ishonchli himoyani ta’minlashga bo‘lgan
intilishdan kelib chiqib,
uyushgan jinoyatchilik, terrorizm, giyohvandlik vositalar, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy yurgizilishiga qarshi kurashda xalqaro hamkorlikka muhim ahamiyat berib,
Birlashgan Millatlar Tashkilotining jinoyatchilikni oldini olish va jinoiy odil sudlovni amalga oshirish sohasidagi xalqaro konvensiya hamda qarorlarini hisobga olib,
quyidagilar to‘g‘risida ahdlashib oldilar:
1-modda
Hamkorlikning sohasi va subyektlari
1. Tomonlar o‘z davlatlarining qonunlari va xalqaro majburiyatlariga amal qilib, o‘zlarining markaziy vakolatli organlari orqali ushbu Bitimning qoidalariga muvofiq uyushgan jinoyatchilik, terrorizm, giyohvandlik vositalar, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy yurgizilishiga qarshi kurashda hamkorlik qiladilar.
2. Ushbu Bitim jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish va ekstraditsiya masalalariga daxl qilmaydi.
3. Ushbu Bitim maqsadlarida Tomonlarning markaziy vakolatli organlari:
O‘zbekiston Respublikasi uchun:
Bosh prokuratura;
Ichki
ishlar vazirligi;
Davlat soliq qo‘mitasi;
Davlat bojxona qo‘mitasi;
Milliy xavfsizlik qo‘mitasi;
Adliya vazirligi;
Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo‘mita.
Latviya Respublikasi uchun:
Ichki ishlar vazirligi;
Moliya vazirligi;
Adliya vazirligi;
Farovonlik vazirligi hisoblanadilar.
4. Tomonlarning har biri o‘zlarining markaziy vakolatli organlarini ro‘yxatning o‘zgargani to‘g‘risida boshqa Tomonni o‘z vaqtida diplomatik kanallar orqali xabardor qiladi.
5. Markaziy vakolatli organlar ushbu Bitimni bajarish maqsadida bir-birlari bilan bevosita hamkorlik qiladilar.
2-modda
Hamkorlikning yo‘nalishlari
1. Tomonlar quyidagilarga qarshi kurashda hamkorlik qiladilar:
a) uyushgan jinoyatchilik;
b) terrorizm;
v) o‘q otar qurollar va qurol-yarog‘, portlovchi hamda zaharli vositalar, shuningdek radioaktiv materiallarning noqonuniy yurgizilishi;
g) giyohvandlik vositalar va psixotrop moddalar, shuningdek prekursorlarning noqonuniy yurgizilishi;
d) iqtisodiy, kredit-moliya va bank sohasidagi jinoyatlar;
e) korrupsiya;
j) jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni qonuniylashtirish;
z) pullarni, qimmatbaho qog‘ozlarni va rasmiy
hujjatlarni qalbakilashtirish;
i) ko‘char madaniy va tarixiy boyliklarga jinoiy xurujlar;
k) avtotransport vositalarida noqonuniy operatsiyalar;
l) fohishabozlikdan foydalanish;
shuningdek, agar ko‘rsatilgan huquqqa zid harakatlar ikkala Tomon davlatlarining manfaatlariga daxl qilsa, shaxsiyatga qarshi boshqa jinoyatlar.
2. Tomonlar shuningdek quyidagi sohalarda hamkorlik qiladilar:
a) havo va temir yo‘l transport sohalarida xavfsizlikni ta’minlash;
b) kadrlarni tayyorlash va markaziy vakolatli organlar faoliyatini moddiy-texnikaviy ta’minlash.
3. Ikkala Tomonning o‘zaro roziligiga ko‘ra hamkorlik sohalari kengaytirilishi mumkin.
3-modda
Hamkorlikning shakllari
1. Tomonlar quyidagi shakllardagi hamkorlikni amalga oshiradilar:
a) jinoyatlarni fosh qilish, oldini olish va tergov qilishga, shuningdek ushbu Bitimning 2-moddasiga muvofiq boshqa vazifalarni hal qilishga ko‘maklashishi mumkin bo‘lgan axborotni almashish;
b) ushbu Bitimning 2-moddasida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni fosh qilish, oldini olish va bartaraf qilishda jismoniy va yuridik shaxslarning faoliyatini o‘rganish, shaxslar, predmetlar hamda hujjatlarni tegishli hisob bo‘yicha tekshirish orqali ko‘maklashish;
v) ish tajribasini almashish, xususan, stajirovka, maslahatlashuv va seminarlar o‘tkazish orqali, shuningdek ushbu Bitim predmetiga taalluqli qonunlar va uning qo‘llanishi to‘g‘risida axborot almashish;
g) kontrakt bo‘yicha jinoyatchilikka qarshi kurashda foydalanish
uchun aloqa vositalari, kriminalistika va maxsus texnika, tegishli uskunalar hamda transport vositalarini yetkazib berish.
2. Hamkorlikning hajmi va konkret shakllari Tomonlar markaziy vakolatli organlarining ahdlashuviga binoan aniqlanadi.
4-modda
Konkret jinoyatlar to‘g‘risida axborotni almashish
Ushbu Bitimning 3-modda 1-band a) kichik bandida ko‘zda tutilgan axborotni almashish konkret jinoyatlarga daxl qiladi, xususan:
a) bir Tomon davlatining hududida uyushgan guruhlar tarafidan tayyorlanayotgan yoki sodir etilgan, agar bu guruhlar tarkibiga boshqa Tomon davlatining fuqarolari va boshqa Tomon davlatining hududida istiqomat qiluvchi boshqa shaxslar kirsa, yoki bunday jinoyatlar boshqacha tarzda bu davlatning manfaatlariga daxl qilsa;
b) agar bir Tomonning davlatiga boshqa Tomon davlatidan, jumladan uchinchi davlatlardan tranzit orqali keladigan giyohvandlik vositalar va psixotrop moddalar, shuningdek prekursorlarning noqonuniy yurgizilishini tashkil etuvchi, shuningdek bir Tomon davlatida giyohvandlik moddalarni noqonuniy tayyorlash yoki savdosida boshqa Tomon davlatining fuqarolari aloqador bo‘lsa;
v) bir Tomon davlatining hududi yoki muassasasi boshqa Tomon davlatining fuqarolari tarafidan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni qonuniylashtirishda foydalanish bilan bog‘liq bo‘lsa;
g) agar ko‘rsatilgan faoliyat boshqa Tomon davlatining manfaatlariga daxl qilsa, tayyorlanayotgan va sodir etilgan terrorchilik xurujlari hamda ularga taalluqli shaxslar to‘g‘risida.
5-modda
Jinoiy faoliyat to‘g‘risida axborot almashish
Tomonlar, shuningdek quyidagilar to‘g‘risida axborot almashadilar:
a) uyushgan guruhlar sodir etgan jinoyatlar turlari, ularning tarkibi,
tuzilmasi, faoliyat sohasi va jinoiy aloqalari;
b) giyohvandlik moddalarni yashirishning yangi usullari va ularni oshkor qilish metodlari, ularni noqonuniy tashishning yangi yo‘nalish hamda kanallari, noqonuniy yurgizilishga kelib tushayotgan giyohvandlik moddalarning yangi turlari, ularning xususiyatlari va tayyorlash texnologiyalari;
v) agar boshqa Tomon davlatining manfaatlariga daxl qilsa, terroristik faoliyatning shakl va metodlari, terroristik guruhlar hamda tashkilotlarning tuzilishi va tarkibi, ular foydalanadigan qurol-yarog‘ hamda texnik vositalar;
g) jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni qonuniylashtirish usullari, bunday turdagi faoliyatga aloqador shubhalanayotgan jismoniy va yuridik shaxslar;
d) ushbu Bitimning 2-moddasida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etganlikda shubhalanayotgan boshqa Tomon davlatining hududida doimiy istiqomat qiluvchi yoki vaqtincha bo‘lib turgan Tomonlar davlatlarining fuqarolari;
e) ushbu Bitimning 2-moddasida belgilangan hamkorlik sohalarida boshqa Tomon davlatining fuqarolari tarafidan bir Tomon davlatining qonunchiligi buzilganligi to‘g‘risida ro‘yxatga olingan faktlari.
6-modda
Hamkorlikni amalga oshirish shartlari
1. Ushbu Bitimning 3-moddasida ko‘zda tutilgan axborotni berish va boshqa xatti-harakatlar Tomonlarning markaziy vakolatli organlari tarafidan so‘rovga muvofiq amalga oshiriladi.
2. Ushbu moddaning 1-bandida ko‘zda tutilgan so‘rov yozma ravishda yuborilishi hamda quyidagilar aks ettirilishi lozim:
a) so‘rovni yuboruvchi markaziy vakolatli organning va murojaat
qilingan organning nomlanishi;
b) so‘rov yuborilayotgan ishning mantig‘i to‘g‘risida, mazkur ish bo‘yicha o‘tayotgan yoki unga aloqador shaxslar to‘g‘risida, faktlar, predmetlar va hujjatlar to‘g‘risida talab qilinayotgan axborot haqida imkon qadar to‘liqroq ma’lumotlar;
v) bajarilishi talab qilinayotgan konkret protseduraning qo‘llanish sabablari hamda batafsil tavsifi;
g) zarur bo‘lganda so‘rovning bajarilishi kutilayotgan muddatni ko‘rsatish.
3. Ushbu Bitimning 3-modda 1-bandi a) kichik bandida ko‘zda tutilgan axborot boshqa Tomon uchun qiziqish uyg‘otadi dyeyishga asos bo‘lsa, Tomonlarning markaziy vakolatli organlari tarafidan shaxsiy tashabbuslariga ko‘ra so‘rovsiz bir-birlariga yo‘llanishi mumkin.
4. So‘rovlarni bajarish imkon qadar qisqa muddatlarda amalga oshirilishi lozim. Zarur hollarda, Tomonlarning markaziy vakolatli organlari so‘rovning bajarilishini yengillashtiruvchi qo‘shimcha ma’lumotlarni so‘rash huquqiga egadirlar.
7- modda
So‘rovni bajarishni rad etish
1. So‘rovning bajarilishi inson huquqlarining buzilishiga olib kelishi mumkin bo‘lsa, davlat suvereniteti yoki xavfsizligiga zarar yetkazsa yoxud so‘ralayotgan Tomon davlatining qonunlariga zid kelsa, so‘rovni bajarishni to‘laligicha yoki qisman rad etish mumkin.
2. So‘rovni bajarishni rad etilganligi to‘g‘risida qaror qabul qilingan holda, Tomonlarning markaziy vakolatli organlari bu to‘g‘rida bir-birlarini yozma ravishda rad etilishining sababini ko‘rsatib xabardor qiladilar.
8- modda
Hamkorlikning boshqa shakllari va kadrlarni tayyorlash
1. Tomonlar ushbu Bitimning 2-moddasida so‘z borgan jinoyatlarni bartaraf qilishi uchun huquqni muhofaza qilish choralarining samaradorligini oshirish maqsadida o‘zlarining huquqiy va ma’muriy tizimlariga muvofiq ravishda harakat qilgan holda, bir-birlari bilan yaqindan hamkorlikda bo‘ladilar.
2. Tomonlar quyidagilarni ko‘zda tutuvchi konkret bitim va ahdlashuvlarni imkon qadar qisqa muddatlarda ishlab chiqish hamda erishishni o‘zlarining markaziy vakolatli organlariga topshiradilar:
a) ular o‘rtasida aloqa kanallarini o‘rnatish va saqlash, ushbu Bitimning 2-moddasida so‘z boradigan jinoyatlarning barcha jihatlariga daxldor axborotni ishonchli va tez sur’atlarda almashish hamda boshqa vazifalarni hal qilish;
b) ushbu Bitimning 2-moddasida so‘z boradigan va bunday jinoyatlarni sodir etganlikda shubhalanayotgan shaxslarni fosh qilish maqsadida xalqaro xaraktyerga ega jinoyatlarni bartaraf etish va fosh qilishda hamkorlik qilish;
v) bunday jinoyatlarni bartaraf qilish uchun boshqa xatti-harakatlar, ayniqsa, agar bunday xatti-harakatlar Tomonlar davlatlarining qonunlariga zid kelmasa va yuqorida ko‘rsatilgan maqsadlarga erishish uchun zarur deb topilsa, giyohvandlik vositalar va psixotrop moddalarning noqonuniy yurgizilishi.
3. Tomonlar jinoyatchilikka qarshi kurash manfaatlarida fan va texnika sohasida tadqiqot dasturlarini rejalashtirish hamda amalga oshirishda, maxsus bilimlarni almashishda bir-birlariga ko‘maklashadilar
hamda shu maqsadlarda, shuningdek tegishli hollarda, o‘zaro qiziqish uyg‘otadigan hamkorlikni rivojlantirish hamda muammolarni muhokama qilish uchun xalqaro anjumanlar va seminarlardan foydalanadilar.
4. Tomonlar huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun kadrlar tayyorlash sohasida o‘zaro manfaatli asosda hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
9-modda
Jinoyatchilikning oldini olishda hamkorlik qilish
1. Tomonlar jinoyatning oldini olish sohasida, jumladan, huquqni buzgan shaxslar, ayniqsa, voyaga yetmaganlarni oqlash va ijtimoiy integratsiya bo‘yicha dasturlarda, shuningdek o‘z davlatlarida giyohvand moddalarga bo‘lgan talab va giyohvandlik ko‘lamini qisqartirish maqsadida hamkorlik qiladilar. Shu maqsadlarda, xususan, penitensiar sistemalarning amal qilish tajribasidan foydalaniladi, mahbuslarni ozodlikdan mahrum qilish joylarida saqlash sharoitlarini yaxshilashda, jinoyatlarni sodir etganligi uchun jazoni o‘tayotgan shaxslarning ijtimoiy moslashish markazlarida ishlashda o‘zaro harakat amalga oshiriladi.
2. Tomonlar jinoyatchilikning oldini olish, uning o‘sishiga ko‘maklashadigan shart-sharoitlarni yo‘qotish maqsadida davlat organlari va jamoat uyushmalarining, ular o‘rtasida munosabatlarning o‘rnatilganidan boshlab Tomonlar davlatlarining qonunlariga zid kelmaydigan istalgan xatti-harakatlarni rag‘batlantiradilar.
10-modda
Axborotni berish
Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiliklariga zid kelmasa va quyidagi shartlarga rioya qilgan holda, Tomonlar axborotni beradilar:
1. Agar axborot yopiq xaraktyerga ega bo‘lsa yoki uni berayotgan Tomon uning oshkor etilishini maqsadga
muvofiq emas deb topsa, Tomonlarning markaziy vakolatli organlari bir-birlaridan oladigan axborotning maxfiyligini ta’minlaydilar. Ushbu texnik vositalar, uskunalar va materiallarga teng ravishda taalluqli.
2. Zarur hollarda, ushbu Bitim doirasida olingan axborot, texnik vositalar, uskunalar va materiallarni uchinchi tomonga berishda ularni bergan markaziy vakolatli organlarning yozma roziligi kerak bo‘ladi;
3. Jismoniy shaxslar to‘g‘risida Tomonlardan olingan ma’lumotlar ushbu Bitimda belgilangan maqsadlardagina foydalanilishi mumkin. Berayotgan Tomon bunday ma’lumotlarning ishonchliligini, shuningdek zarur bo‘lganda tegishli o‘zgartish va to‘ldirishlarni o‘z vaqtida berishni ta’minlaydilar. Jismoniy shaxslar to‘g‘risida axborotni qabul qilish, ro‘yxatga olish, saqlash, foydalanish va yo‘q qilish Tomonlar davlatlarining qonunlariga muvofiq amalga oshiriladi. Ushbu Bitimning amal qilishi to‘xtatilgan holda, barcha ilgari olingan axborot yo‘q qilinishi lozim;
4. Barcha hollarda, manbalardan begonalarning foydalanishidan, ularni ogohlantirmasdan o‘zgartirish, yo‘q qilish yoki tarqatishdan Tomonlar samarali himoya qiladilar.
11-modda
Xarajatlar va majburiyatlar
1. Ushbu Bitimni bajarish bo‘yicha xarajatlarni Tomonlar o‘z majburiyatlarini bajarish zarur bo‘lgan darajada mustaqil ravishda qoplaydilar.
2. Zarur hollarda, har bir alohida holatda o‘zaro ma’qul ahdlashuvlar orqali rasmiylashtiriladigan, ushbu Bitimdan kelib chiqadigan xatti-harakatlarni amalga oshirish uchun Tomonlar birgalikdagi xarajatlarni qoplaydilar. Birgalikdagi xarajatlar bo‘yicha Tomonlarning majburiyatlari ushbu ahdlashuvlar bilan hal qilinadi.
3. Tomonlar zarur hollarda, ushbu Bitimning 2-moddasida so‘z boradigan jinoyatlarni bartaraf qilish uchun zarur uskunalar va materiallarni berish bilan bir-birlariga beg‘araz yordam berishlari mumkin.
12-modda
Hamkorlikning
amaliy tili
Ushbu Bitim doirasidagi hamkorlikning amaliy tili rus tili hisoblanadi.
13-modda
Qo‘shma komissiya
1. Ushbu Bitimning qoidalarini amalga oshirish maqsadida Tomonlar uning kuchga kirganidan keyin bir oy muddat ichida Tomonlarning vakolatli vakillaridan tashkil topgan Qo‘shma komissiyani tuzadilar.
2. Qo‘shma komissiya navbatma-navbat, zaruratga ko‘ra o‘zaro qiziqish uyg‘otadigan masalalarni ko‘rib chiqish uchun Toshkentda va Rigada yig‘iladi hamda o‘zaro ma’qul qarorlarni qabul qiladi. Qo‘shma komissiya qarorlarni tayyorlash, shuningdek boshqa faoliyat uchun Tomonlarning markaziy vakolatli organlarining vakillaridan tashkil topgan ishchi guruhlarni tuzishlari mumkin.
14-modda
Bahsli masalalarni hal qilish
Ushbu Bitimni talqin qilish yoki qo‘llash bilan bog‘liq yuzaga keladigan kelishmovchiliklar Tomonlar o‘rtasida maslahatlashuv va muzokaralar orqali hal qilinadi.
15-modda
O‘zgartish va to‘ldirishlar
Tomonlarning o‘zaro roziliklariga ko‘ra ushbu Bitimga, alohida bayonnomalar orqali rasmiylashtiriladigan va ushbu Bitimning 17-modda 1-bandida ko‘zda tutilgan protseduralarga muvofiq kuchga kiradigan, yozma ravishda o‘zgartish va to‘ldirishlar kiritilishi mumkin.
16-modda
Boshqa shartnomalarga munosabat
Ushbu Bitim O‘zbekiston Respublikasi va Latviya Respublikasi ishtirok etgan boshqa xalqaro shartnomalar bo‘yicha Tomonlarning huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
17-modda
Kuchga kirishi, amal qilish muddati, denonsatsiya qilinishi
1. Ushbu Bitim uning kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan davlat ichki protseduralarini Tomonlar bajarganliklari to‘g‘risida diplomatik kanallar orqali oxirgi yozma xabarnoma olingan sanadan boshlab 30 (o‘ttiz) kun o‘tgach kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim belgilanmagan muddatga tuzilgan va Tomonlarning birontasi boshqa Tomondan ushbu Bitimning amal qilishini to‘xtatish niyati to‘g‘risida diplomatik kanallar orqali yozma xabarnomani olgan kundan boshlab olti oy o‘tguniga qadar amal qiladi.
Toshkent shahrida 2002-yil 17-iyunda ikki nusxada, har biri o‘zbek, latish va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda rus tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)