Bog'liq 21 O‘zbekiston Respublikasi geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi
O‘zbekiston Respublikasi geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi
O‘tgan vaqt mobaynida respublikada yer qa’ridan foydalanish samaradorligini oshirish va uni muhofaza qilish, mineral-xomashyo resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash, shuningdek, hududlarda zamonaviy sanoat ishlab chiqarishini tashkil etish uchun shart-sharoitlar yaratish yuzasidan bir qator kompleks chora-tadbirlar maqsadli amalga oshirildi.
Yer qa’rini kompleks geologik o‘rganish, uzoq istiqbolga mo‘ljallangan mineral-xomashyo bazani rivojlantirish va takror ishlab chiqarish dasturlarini samarali amalga oshirish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha yagona geologiya xizmati tashkil qilindi.
Shu bilan birga, ishlarning amaldagi holatini o‘rganish ushbu sohada foydali qazilmalar zaxiralarini ko‘paytirish va oqilona foydalanishni ta’minlashga, shuningdek, investitsiyaviy jozibadorlik ko‘rsatkichlariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan tizimli muammolar mavjudligidan dalolat bermoqda, jumladan:
birinchidan, aynan bir funksiyalar boshqa nazorat qiluvchi organlar tomonidan amalga oshirilishi tufayli yer qa’ridan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish sohasida geologiya tashkilotlari vakolatlarini amalga oshirishning aniq mexanizmi mavjud emas, buning natijasida konlarni qazib olishda foydali qazilmalarning makonda joylashish omillari va ularni kelgusida aniqlanish istiqbollari hisobga olinmayapti;
ikkinchidan, geologiya tashkilotlarining tashkiliy-shtat tuzilmasi foydali qazilmalarni qazib olish obyektlari to‘liq qamrab olinishini va mineral-xomashyo resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash, shuningdek, yer qa’ridan foydalanish ustidan nazoratni samarali amalga oshirish uchun mavjud resurslarni jalb qilish imkonini bermayapti;
uchinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi va uning tarkibiy bo‘linmalari o‘rtasida ish uchastkalari va faoliyat yo‘nalishlari aniqlashtirilmagan, bu esa vazifalar nooqilona taqsimlanishiga va bir-birini takrorlovchi funksiyalar amalga oshirilishiga sabab bo‘lmoqda;
to‘rtinchidan, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari geologiya tashkilotlari faoliyatiga yetarlicha joriy etilmasligi davlat xizmatlarini ko‘rsatishda shaffoflik va tezkorlikning yetarli darajasini, yer qa’ridan foydalanish va muhofaza qilish masalalari bo‘yicha samarali idoralararo hamkorlikni ta’minlamayapti;
beshinchidan, geologiya tashkilotlari mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish va ularni moddiy rag‘batlantirishning amaldagi tizimi darajasi pastligi halol va yuqori malakali xodimlarni jalb qilishga to‘sqinlik qilmoqda, bu esa o‘z navbatida geologiya-qidiruv ishlarining sifatli bajarilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Yagona geologiya tizimini tashkil qilish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga har tomonlama ko‘maklashish, ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarining shaffofligini maksimal ta’minlash, yer qa’ridan oqilona foydalanish yuzasidan nazoratni kuchaytirish maqsadida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasini 2017 — 2021-yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasi vazifalariga va O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasiga muvofiq:
1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda — Davlat geologiya qo‘mitasi), Bosh prokuratura, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining:
a) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qa’rini geologik o‘rganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasining (keyingi o‘rinlarda — “Sanoatgeokontexnazorat” DI) yer qa’ridan foydalanish va muhofaza qilish ustidan nazorat qilish vazifalarini O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasiga topshirish;
Oldingi tahrirga qarang. b) O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi huzurida xodimlarning umumiy soni 100 nafar bo‘lgan Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda Inspeksiya deb ataladi) va uning hududiy inspeksiyalarini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin.
(1-bandning “b” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-iyuldagi PQ-4401-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.07.2019-y., 07/19/4401/3470-son) 2. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
yer qa’rini geologik o‘rganishda undan foydalanish va muhofaza qilish foydali qazilmalarni (shu jumladan, chuchuk, mineral, termal va sanoat yer osti suvlarini) qazib olishda, mineral-xomashyoni qayta ishlashda muhofaza qilish, shuningdek, kon ishlarini geologiya-marksheyderlik bilan ta’minlash sohasida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan qonun hujjatlari va normativ hujjatlar talablariga rioya qilinishi ustidan davlat nazoratni amalga oshirish;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi huzuridagi Foydali qazilmalar zaxiralari bo‘yicha davlat komissiyasining foydali qazilmalar zaxiralarini tasdiqlashda qabul qilingan qaror va xulosalari yer qa’ridan foydalanuvchilar tomonidan bajarilishini nazorat qilish;
mineral xomashyoni qazib olish va qayta ishlashda foydali qazilmalarning normativdan ortiqcha yo‘qotilishiga yo‘l qo‘yilganligini aniqlash va O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlik choralarini ko‘rish.
3. Belgilansinki, Inspeksiya budjet tashkiloti hisoblanadi va uning ta’minoti O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari, yer qa’ridan foydalanish sohasida belgilangan talablar buzilganligi uchun undiriladigan jarimalardan tushadigan moliyaviy tushumlar hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
Davlat geologiya qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyati ustidan nazorat qilish inspeksiyasining nizomini ikki oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Foydali qazilmalar bo‘yicha davlat komissiyasi tugatilsin, Davlat geologiya qo‘mitasi huzurida 1-ilovaga muvofiq tarkibda Foydali qazilmalar zaxiralari bo‘yicha davlat komissiyasi tashkil etilsin.
Quyidagilar Foydali qazilmalar zaxiralari bo‘yicha davlat komissiyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
oqilona iqtisodiy va ekologik asosda konlar zaxiralarini to‘liq va kompleks qazib olishning talablariga mos keluvchi foydali qazilmalar zaxiralarini aniq hisoblash uchun konditsiyalarni tasdiqlash;
respublika mineral-xomashyo bazasini rivojlantirishni ta’minlovchi barcha turdagi foydali qazilmalar zaxiralarini tasdiqlash;
geologik materiallarning davlat ekspertizasini o‘tkazish;
foydali qazilmalarni tasniflash va zaxiralarini hisoblash, ularni geologik-iqtisodiy baholash va sanoatdagi ahamiyatini aniqlashning maqbul prinsiplarini belgilash sohasida yagona siyosatni amalga oshirish.
Davlat geologiya qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi huzuridagi Foydali qazilmalar zaxiralari bo‘yicha davlat komissiyasi to‘g‘risidagi Nizomni ikki oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.