Takrorlash uchun savollar va topshiriqlar.
Bozor iqtisodiyotiga o’tishning jahon tajribasida sinalgan asosiy yo’llari (modellari)ni ta’riflab bering. Ularning umumiy va o’ziga xos tomonlarini ko’rsating.
O’zbekistonning bozor munosabatlariga o’tish yo’li qanday xususiyatlarga ega? Respublika iqtisodiyotini isloh qilishga qanday tamoyillar asos qilib olinadi?
Bozor munosabatlarini bosqichma-bosqich qaror toptirish tamoyilining mazmunini batafsil tushuntiring. Har bir bosqichning maqsad va vazifalarini to’laroq bayon qiling.
Respublikada iqtisodiyotni isloh qilish qanday yyo’nalishlar bo’yicha amalga oshiriladi? Har bir yyo’nalish bo’yicha o’zingizning fikr-mulohazalaringizni bildiring.
Bozor munosabatlariga o’tishda iqtisodiy islohatlar o’z oldiga qanday vazifalarni qo’yadi? Bu vazifalarning to’laroq tavsifini bering.
Bozor iqtisodiyotini shakllantirish davrida davlatning etakchilik faoliyati nimadan iborat ekanligini tushuntirib bering.
7-MAVZU. TALAB , TAKLIF VA BOZOR MUVOZANATI
REJA:
1. Talab tushunchasi va uning miqdoriga ta’sir qiluvchi omillar. Talab qonuni.
2. Taklif tushunchasi. Taklif miqdoriga ta’sir qiluvchi omillar. Taklif qonuni.
Bozor iqtisodiyotining amal qilishida talab va taklif qonunlari muhim o’rin tutadi. Talab va taklif narxni shakllantiradi, shu bilan birga narx talab va taklif o’rtasidagi nisbatni aniqlab beradi. Bu mavzuda avvalo talab va taklifning har qaysisiga narx ta’sirini alohida-alohida qarab chiqamiz. Keyin talab va taklif ta’sirida muvozanatli narxning o’rnatilishi tushuntirib beriladi. Bu erda talab va taklif qonunlari, ularning miqdoriga ta’sir etuvchi omillarni, ular o’rtasidagi mutanosiblikni tushuntirishga alohida e’tibor beriladi.
1. Talab tushunchasi va uning miqdoriga ta’sir
qiluvchi omillar. Talab qonuni
Ehtiyoj kishilarning hayotiy vositalariga bo’lgan zaruriyatini ifodalovchi ilmiy kategoriya sifatida taraqqiyotning hamma bosqichlari uchun umumiy va doimiydir. Uning bozor iqtisodiyoti sharoitidagi tarixiy ko’rinishi talab tushunchasidir. Talab ehtiyojdan farq qilib, mustaqil iqtisodiy kategoriya (ilmiy tushuncha) sifatida amal qiladi.
Ehtiyojning faqat pul bilan ta’minlangan qismi talabga aylanadi. Demak, talab – bu pul bilan ta’minlangan ehtiyojdir. Ehtiyoj zarur miqdordagi pul bilan ta’minlanmasa, u «xohish», «istak» bo’lib qolaveradi. Talabning bir qator muqobil variantlari mavjud bo’ladi, chunki narx o’zgarishi bilan tovarning sotib olinadigan miqdori ham o’zgaradi. Shu bog’liqlikdan kelib chiqib, talabga quyidagicha ta’rif berish mumkin: ma’lum vaqt oralig’ida, narxlarning mavjud darajasida iste’molchilarning tovar va xizmatlar ma’lum turlarini sotib olishga qodir bo’lgan ehtiyoji talab deyiladi.
Talablar turlicha bo’lib, odatda bir xil tovar yoki xizmatlarga bo’lgan talabning ikki turi farq qilinadi: yakka talab va bozor talabi. Har bir iste’molchining, ya’ni alohida shaxs, oila, korxona, firmaning tovarning shu turiga bo’lgan talabi yakka talab deyiladi.Bir qancha (ko’pchilik) iste’molchilarning shu turdagi tovar yoki xizmatga bo’lgan talablari yig’indisi bozor talabi deyiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |