Nazorat savollari
1. Ma’naviyatni anglash deganda nimani tushunasiz?
2. Ma’naviyat tushunchasiga ta’rif bering?
3. Ma’naviyatni shakllantiradigan asosiy mezonlarni aytib bering?
4. «Yuksak ma’naviyat-yengilmas kuch» asari haqida gapirib bering?
Foydalanilgan adabiyotlar
1.Erkin va farovon, demokratik O’zbekiston davlatini birgalikda barpo etamiz. Sh.Mirziyoyev. – Toshkent: “O’zbekiston”, 2016.
2.Tanqidiy taxlil, qat’iy tartib intizom va shaxsiy javobgarlik – har bir rahbarning kundalik qoidasi bo’lishi kerak. Sh.M.Mirziyoyev. – Toshkent: “O’zbekiston”, 2017.
3.Qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini ta’minlash – yurt taraqqiyoti va xalq farovonligini garovi. Sh.M.Mirziyoyev. – Toshkent: “O’zbekiston”, 2017.
4.Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz. Sh.M.Mirziyoyev. – Toshkent: “O’zbekiston”, 2017.
5. Milliy taraqqiyot yo’limizni qat’iyat bilan davom ettirib, yangi bosqichga ko’taramiz. Sh.M.Mirziyoyev. – Toshkent: “O’zbekiston”, 2017.
4-MAVZU: O‘QUVCHILARNING JAMOAT JOYIDAGI MUOMALA MADANIYATI.
Reja:
1. Muomala madaniyati haqida.
2. Husmuomalalik oliy fazilat.
Xalqimizda “Yaxshi gap bilan ilon inidan chiqadi”, degan naql bor. Ma’nosi shuki, inson har qanday murakkab vaziyatdan yoqimli so‘z, mulohaza, vazmin bosiqlik, aql-zakovat, mushohada bilan chiqib ketishi, eng og‘ir muammoni ham oson hal qilishi mumkin. Naqlda shunga ishora bor. Chunki, so‘zdan ko‘ra ta’sirchan, qudratli vosita yo‘q bu dunyoda. Zero, xalq ertaklarida ham hatto yovuz devlarning tavoze va odob bilan salom bergan kishiga rahm qilishi, joniga qasd qilmasligi bejiz aytilmagan.
Muomala madaniyati har bir kishida yoshlikdan, aniqrog‘i bolalikdan shakllanadi. Oiladagi muhit, ota-ona hamda boshqa katta yoshdagilarning o‘zaro muomalasi, so‘zlashuv odobi, bir-biriga nisbatan hurmat-ehtiromi bola qalbiga muhrlanib boradi. Bu madaniyatda bosiqlik, kuzatuvchanlik, avval o‘ylab, keyin so‘zlash, suhbatdoshni, u xoh katta, xoh kichik bo‘lsin, diqqat bilan tinglash, so‘zini bo‘lmaslik, biror muammo yuzasidan fikr bildirayotganida, unga bepisand nigoh bilan qaramaslik g‘oyat muhim fazilat hisoblanadi. Sharq donishmandlari: “Agar sen komillikda juda baland darajaga etgan bo‘lsang-da, huzuringga kelgan kishiga, uning martabasi, ko‘rinishi, kiyim-boshi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, avvalo hurmat-ehtirom ko‘rsat, fikrini bil, nima demoqchiligini, oldingga ne muddaoda kelganini angla va shunga yarasha muomala qil, toki huzuringdan xotirjam bo‘lmay chiqib ketmasin”, deb uqdiradilar.
Bu — juda ulug‘ nasihat. Afsuski, hammamiz uchun ertayu kech zarur bo‘lgan bu odobga hamisha ham rioya qilavermaymiz. Hayot tajribasi shundan dalolat beradiki, bir qarashda hatto nohaqligi shundoq ko‘rinib turgan kishida ham ma’lum bir haqiqat bo‘ladi. Hamisha bir tomon haq bo‘lavermaydi, adolatli xulosa chiqarish uchun ikkinchi, uchinchi tomonlarni eshitish zarur.
Yaqinda bo‘lajak jurnalist talabaning baxt haqida yozgan inshosini o‘qidim. Shu inshodagi ba’zi fikrlar xotiramga muhrlanib qoldi: “Baxtni hamma o‘zicha tushunadi. Kim uchundir baxt timsoli bo‘lgan narsa yoki biror hayotiy holat boshqa bir kishi uchun mutlaqo ahamiyatsiz bo‘lishi mumkin. Kim uchundir baxt — bu boylik, yana kim uchundir bu dunyoda amal otiga minishdan ko‘ra lazzatli ish yo‘q. Baxtni men ham o‘zimcha tasavvur qilaman. Ko‘pincha shunday bo‘ladi: katta yoshlilar, ba’zi ota-onalar yoshlarni, o‘z farzandlarini e’tibor bilan tinglamaydilar. Hatto muhim bir yangilikni gapirsangiz ham, ko‘zingizga istehzo bilan boqishadi. Ulg‘ayib borayotganingizni, fikringiz tiniqlashayotganini sezishmaydi. “Seni tushunsalar, shuning o‘zi baxt” degan gap juda to‘g‘ri aytilgan”.
Hayotning o‘ziga yarasha murakkabliklari, nogahoniy sinovlari bor, yutuqlar, quvonchli voqea-hodisalar, turfa xil yangiliklar hamisha bo‘lib turadi, ammo muammolar ham borki, ular hech bir kishini butunlay chetlab o‘tmaydi. Ba’zan hayot tajribasi etarli, ko‘pni ko‘rgan kishilar ham biror maslahat, yo‘l-yo‘riq, taklif yoki oddiy tasalliga muhtoj bo‘lib qoladilar. Bunday paytda samimiy muloqot, tinglash madaniyati va odobi asqotadi. Biror rahbar yoki obro‘li kishi huzuriga kelganlarning muammolarini birdaniga hal qilishi qiyin, biroq ularning ko‘nglini ko‘tarish, tushkunlikdan chiqish yo‘llarini ko‘rsatish, zarur maslahat berish, yanada muhimi - ularda yaxshi taassurot qoldirishning o‘zi ham katta yordam, insoniy fazilat hisoblanadi.
Gazeta tahririyatiga kelgan maktublardan birida o‘qiganman: yoshi saksonni qoralab qolgan bir otaxon tibbiyot oliy o‘quv yurtini bitirib kelgan vrachning qabuliga kelibdi. Havo o‘zgarsa oyoqlari qaqshab og‘rishini, tez-tez darmoni qurishini aytgan ekan, yosh shifokor miyig‘ida kulib: “Otaxon, saksonga yaqinlashib qolibsiz, oyog‘ingizda haqingiz qolmabdi, buyog‘i endi shunaqa...” debdi. “Do‘xtirxonaga shifo izlab borgan edim, ammo dilim og‘rib, kasalim battar zo‘rayib qaytdim. Bu yigit muomala kitobini o‘qimagan ekan”, deb yozibdi otaxon.
Tumanlardan birida o‘zim guvoh bo‘lgan voqea. Xizmat safarida edim, idoralardan birining yangi rahbari oldiga kirib, ishim bitishi u yoqda tursin, kayfiyatim shu qadar buzildiki, bir-ikki kun qo‘limga qalam ololmay yurdim. Yosh boshliq o‘ziga ortiqcha bino qo‘yganlardan ekan, meni deyarli eshitmadi. Endi gap boshlaganimda, yo xizmat telefoni yo qo‘l telefoni jiringlab qoladi. Oldida odam borligini unutib, qo‘ng‘iroq qilayotgan kishi bilan bemalol gaplashadi, hiringlab kuladi, suhbatdoshiga: “E, boplabsiz, qotiribsiz, vot imenno, yashang, shunday qilish kerak bunaqalarni” deydi. Toqat bilan kutib turdim. Miriqib suhbatlashgach, go‘shakni joyiga ilib, avzoyi buzilgancha: “Birodar, hali ham shu yerdamisiz” deganday menga, xuddi birinchi marta ko‘rayotganday, ajablanib qaraydi. Og‘zimni endi juftlaganimda telefon qurg‘ur yana jiringlab qoladi. Bu ham mayli, tugmachani bosib, xodimlarni chaqiradi, ulardan bir nimalarni so‘raydi, dag‘allik, qo‘rslik qiladi.
Ko‘ngilni xira qiladigan boshqa bir voqea shahar markazidan Qibray tumaniga qatnaydigan avtobuslardan birida yuz berdi. Keksa otaxon Qibray sanatoriyasi bekatida tushishi kerak ekan, bu joyga avval kelmagani uchun, avtobus haydovchisiga boradigan joyini yo‘l boshidayoq aytib, iltimos qilibdi. Haydovchi bo‘lsa beparvo ekan, avtobus otaxon tushadigan bekatdan o‘tib ketibdi. Tuman markaziga etganimizda, sihatgohga davolangani kelayotgan kishi: “O‘g‘lim, sizdan iltimos qiluvdim, aytib qo‘ymabsiz-ku” deyishi bilan, haydovchi bobillab: “Men yo‘lga qaraymi yo sizlarga qaraymi, bitta o‘zim bo‘lsam?” deya otaxonga qo‘pol muomala qildi. Bir-ikki kishi haydovchiga tanbeh berishmoqchi bo‘lgandi, ularni ham ayab o‘tirmadi, “chol kishi uyda o‘tirsa-da”, deya to‘ng‘illadi.
Afsuski, bunday holatlarga jamoat transportida, ayniqsa, bozorlarimizda tez-tez duch kelamiz. Oldilarida katta yoshli kishilar, ayollar, yosh bolalar borligini unutib, haqoratli so‘zlarni ishlatayotgan, behayo xatti-harakatlar qilayotgan ayrim yoshlarni ko‘rib, ko‘ngil xijil tortadi.
Boshqa bir misol. Bir yig‘inda yosh hofiz Alisher Navoiy, Mashrab g‘azallari bilan ijro etiladigan qo‘shiqlarni kuyladi, ovozi yomon emas, ammo u g‘azal so‘zlarini shu qadar buzib, chalkashtirib aytdiki, davrada o‘tirgan ko‘pchilikning asabi buzildi. Ziyoli bir kishi tadbir so‘nggida qo‘shiqchi yigitni bir chetga imlab, kamchiliklarini yotig‘i bilan tushuntirmoqchi bo‘lganida, hofiz: “Menga o‘rgatishning hojati yo‘q, qandoq aytishni yaxshi bilaman, siz o‘zi kimsiz, yoqmayotgan bo‘lsa eshitmang”, deya qo‘rs javob berdi. SHu yigit ustoz ko‘rgan, madaniyatli inson bo‘lganida, otasi tengi kishining so‘zlariga quloq tutib, xatolarini tuzatib olgan bo‘lardi. Afsuski, u bunday qilmadi. To‘ylarimizda, konsertlarda kuylab, tinglovchilarning asabiga tegayotgan, ulug‘ ajdodlarimiz merosiga hurmatsizlik qilayotgan ijrochilar, afsuski, oz emas.
Ulug‘ ajdodlarimiz o‘z o‘gitlarida “Ilmli, fahm-farosatli kishilar, ayniqsa, yoshlar bilimdonliklarini huda-behudaga pesh qilavermaydilar, kattalar oldida so‘zamollik qilishdan tiyiladilar, boshqalarni ko‘proq eshitadilar, zarurat bo‘lmasa, odob bilan sukut saqlaydilar”, deb ta’lim berishgan. Ustozlarning yana bir ta’limi — biror bir yig‘in yoki mashvaratda kimdir u qadar to‘g‘ri bo‘lmagan yoxud bahsli fikrlarni aytayotgan bo‘lsa, uni keskin to‘xtatish, xatolarini yuziga solish muomala madaniyatiga kirmaydi. Bunday paytda notiqni tinglab bo‘lib, unga kamchiliklari nimada ekanini yotig‘i bilan, izzat-nafsiga tegmaydigan qilib tushuntirish yaxshi samara beradi.
Pand-nasihat kitoblarida akani uka oldida, otani bola oldida izza qilmaslik to‘g‘risida ko‘p aytilgan. Muomala madaniyati shundayki, hatto, to‘g‘ri, zarur so‘zni aytishning ham o‘rni va vaqti bo‘ladi. Ruhshunoslar, biror kishini ko‘pchilik oldida uyaltirish tarbiya vositasi emasligini, bunday qilinsa, natija aksincha bo‘lishini ta’kidlaydilar. ya’ni, har qanday gapni ham mavridi bilan, qalovini topib aytish kerak. Bunga quyidagi “tajriba” misol bo‘la oladi.
Bir kishi o‘g‘lini taniqli musavvirning oldiga olib kelib, uni rassomlikka o‘rgatishni iltimos qilibdi. Musavvir bola bilan suhbatlashibdi, topshiriq berib, layoqatini sinab ko‘ribdi va ishonch hosil qilibdiki, bolada rassomlikka mayl yo‘q. Bolaning otasi hurmatli kishi ekan, uni xijolatga qo‘ymaslik uchun chora izlay boshlabdi. Bolaga tayyor rasmlar joylashtiriladigan yog‘och ramkalar tayyorlashni buyuribdi. Bola ishga shu qadar berilib ketibdiki, u yasagan ramkalar o‘zining nozik va mustahkamligi bilan ustozini hayratga solibdi. Bola duradgor bo‘lishni orzulab yurgan ekan, imkoniyat tug‘ilganidan xursand bo‘lib, ilhom bilan ishlay boshlabdi.
Oradan bir muddat o‘tib, ota o‘g‘lidan xabar olgani kelibdi. Mussavvir ramkalarga joylashtirilgan bir necha rasmlarni ko‘rsatib, unga shunday debdi:
— Bu ishlarimiz juda katta mehnat, izlanish evaziga yuzaga kelgan. Ammo sizning layoqatli, mehnatsevar o‘g‘lingiz surat ma’nosini tushunib, mana bunday go‘zal ramkalarni tayyorlab bermaganida, ular shunchaki surat bo‘lib qolaverar, muxlislar qalbiga yetib bormagan bo‘lar edi. Shunday qobiliyatli o‘g‘ilni tarbiya qilganingiz va shogirdlikka olib kelganingiz uchun sizdan minnatdorman.
Bu gapdan ota ko‘p xursand bo‘libdi. Mussavvir bordi-yu: “O‘g‘lingizda rassomlik layoqati yo‘q, yaxshisi duradgorlikka bering” deganida, otaning ko‘ngli nechog‘li cho‘kishini tasavvur qilish mumkin. Bundan anglashiladigan xulosa shuki, so‘zda sehr bor, faqat uni anglamoq zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |