1.Til madaniyati. 2. Nutq madaniyati yoki so‘zlashuv madaniyati.
Tilshunoslikda nutq madaniyati tushunchasini til madaniyati va so‘zlash madaniyati tushunchasiga ajratish izchillikka ega emas. Umuman, bu ikki tushuncha, asosan, birga yoki qorishtirilgan holda nutq madaniyati yoki til madaniyati termini bilan yuritilmoqda. Demak, bu holda til madaniyati termini nutq madaniyati terminiga ekvivalent bo‘lib kelmoqda. Shu sababli ham, biz nutq madaniyati nomi bilan umumiy tarzda yuritilayotgan tushuncha (hodisa)dagi ikki holatni til madaniyati va nutq, ya’ni so‘zlash madaniyatini farqlash tarafdorimiz. Nutq madaniyati tushunchasi va termini keltirilgan ikki hodisa uchun umumiy tasavvur va umumiy nom tarzida tushunilishi mumkin. Xo‘sh, til madaniyati tushunchasi nima ?
Til madaniyati tushunchasi nutq madaniyati sohasida til sistemasining o‘zini, masalan, o‘zbek adabiy tilining vosita va imkoniyatlarini, «madaniylashtirishni» ko‘zda tutadi. Demak, til madaniyati termini bilan ataluvchi tushuncha til sistemasining madaniylik darajasini, ya’ni uning qanchalik ishlanganligi, normalanganligini ko‘rsatadi»
Ko‘rinadiki, garchi «til madaniyati» va «nutq madaniyati» tushunchalari tilga oid atama sifatida bir-birlaridan farqlansa ham, aslida ularning birini ikkinchisidan ajratib bo‘lmaydigan, biri ikkinchisini taqozo qiladigan tushunchalardir. «Nutq madaniyati» aniq ma’noda til birliklarini nutq jarayonida qo‘llashning me’yori, maqsadga muvofiqligini anglatsa ham, umumiy ma’noda ma’lum millatning umumtil doirasida qaraladi. To‘g‘ri, nutq til va tildan tashqaridagi (lingvistik va ekstralingvistik) omillarni o‘z ichiga oladigan murakkab jarayon bo‘lib, u mantiq, ruhshunoslik, pedagogika, etika, estetika masalalari bilan ham bog‘liq. Ammo nutq uchun tilning birinchi darajada turishini hyech kim inkor eta olmaydi.
Ma’lum bo‘ladiki, til birliklarini me’yorlashtirish, hamma uchun umumiy va tushunarli bo‘lgan bir qolipga keltirish umuman tilshunoslikning vazifasi sanalsa ham, u nutq madaniyati sohasining xizmatlarini inkor etmaydi. Binobarin, me’yor muammolari hamisha ushbu sohaning tadqiqot obyekti bo‘lib qolaveradi. Nutq madaniyati tilda ma’lum me’yorda keltirilgan til birliklarining nutqda qo‘llanish shart-sharoitlarini, qonuniyatlarini nazariy jihatdan asoslaydi hamda bu me’yorga amal qilishni ma’lum ma’noda nazorat ham qilib boradi. Nutqdagi yutuq va kamchiliklar tahlil qilinib, kamchiliklarni tugatishning eng ma’qul yo‘llari ko‘rsatib turiladi. «Nutq madaniyati keng miqyosdagi til tarbiyasini va ommaviy stilistik savodlilikni, boshqacha aytganda, so‘zlovchi va yozuvchi omma orasida til haqidagi fanning hozirgi zamon yutuqlarini tadbiq etishni o‘z oldiga vazifa qilib qo‘yadi» .
Do'stlaringiz bilan baham: |