O‘zbekiston respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi



Download 435.5 Kb.
bet1/9
Sana16.10.2019
Hajmi435.5 Kb.
  1   2   3   4   5   6   7   8   9

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI AXBOROT TEXNOLOGIYALARI VA KOMMUNIKATSIYALARINI RIVOJLANTIRISH VAZIRLIGI


TOSHKENT AXBOROT TEXNOLOGIYALARI UNIVERSITETI


“GUMANITAR FANLAR” КАFEDRASI


O’ZBEKISTON TARIXI FANIDAN

( uslubiy qo’llanma)


Toshkent - 2015
1-mavzu: O’zbekiston tarixi fanining predmeti, uni o’rganishning nazariy – metodologik asoslari, manbalari va ahamiyati. Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyasining ajralmas qismi.
Reja:

1. Tarixning fan sifatidagi o‘rni. Vatanimiz tarixining predmeti va o‘rganish ob'yektlari.

2. Tarixni o‘rganishning ilmiy-nazariy va uslubiy asoslari, manbalari.

3. Sivilizatsiya tushunchasi va uning vujudga kelishidagi tarixiy sharoitlar.

4. O‘rta Osiyoda ijtimoiy taraqqiyotning paydo bo‘lishi. Ibtidoiy jamiyat bosqichlari va uning asosiy belgilari.

5. Mintaqadagi qadimgi madaniyat, aholining diniy e'tiqodlari. "Avesto" Zardushtiylikning muqaddas kitobi.


O'zbekistonning davlat mustaqilligi xalqimizning uzoq yillar davomida olib borgan og'ir va mashaqqatli kurashining qonuniy natijasidir. Vatanimiz tarixi mustaqillik xalqimizga nihoyatda qimmatga tushganidan, bu yo'lda katta qurbonlar berilganligidan guvohlik beradi. Endilikda xalqimizning o'z taqdiri o'z qo'lida, o'z mamlakatining mustaqilligini mustahkamlash yo'lida astoydil mehnat qilmoqda.

O'zbekiston mustaqillik tufayli xalqaro maydonga chiqdi, davlatimiz mustaqilligini dunyodagi barcha nufuzli davlatlar tan oldi, jahon hamjamiyatiga qo'shildi, barcha katta-yu kichik mamlakatlar doirasida o'zining munosib o'rnini egalladi.

O'zbekiston Respublikasi Markaziy Osiyo mintaqasida, Amudaryo va Sirdaryo oralig'ida joylashgan bo'lib, qadim zamonlardan beri Sharq bilan G'arbni bog'lab kelgan. Uning maydoni 447,4 ming kv.kmni tashkil etib, G'arbdan Sharqgacha 1425 kmga, Shimoldan Janubgacha 930 kmga cho'zilgan. U hududining hajmiga ko'ra dunyodagi 200 dan ortiq davlatlar orasida 56-o'rinni egallaydi.

Respublikamiz aholisi 31 milliondan ortiq bo'lib, jahonda 35 o'rinda turadi. Aholini to'rtdan uch qismiga yaqini o'zbeklardir. Sayyoramizda 1600 dan ortiq millat va elat yashaydi. O'zbek millatiga mansub aholi son jihatidan dastlabki ellik yirik millatlar qatoridan joy oladi. O'zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat yashaydi, ulardan to'rtdan bir qismi ruslar, tojiklar, qozoqlar, qoraqalpoqlar, tatarlar, uyg'urlar, koreyslar, ukrainlar, armanlar va boshqalar. Respublika aholisining yarmidan ko'proq qismi qishloq joylarida istiqomat qiladi.

Har qaysi mamlakat, har bir xalq o'zining uzoq va betakror tarixiga ega bo'lganidek, O'zbekistonning, o'zbek xalqining tarixi ham boy va sermazmundir. Qadim zamonlardayoq Turon, Turkiston deb e'tirof etilgan ona Vatanimiz turli tarixiy yozma va arxeologik manbalarga ko'ra Xitoy, Hindiston, Eron, Misr, Rim kabi qadimiy va buyuk mamlakatlar qatori dunyoda mashhurdir. Vatanimiz jahon tarixining turli xalqlar, sivilizatsiyalar tutashgan eng qaynoq shiddatli chorrahalaridan biri bo'lib, bu zaminda mahalliy aholining fors, hind, xitoy, yunon, arab, rus xalqlari bilan ma'lum darajada aralashuvi sodir bo'lgan, ularning madaniyati, fani, san'ati va umuman turmush tarzi bir-biridan baxra olgan, mushtaraklashgan.

Tariximiz ildizlari necha-necha ming yillarga borib taqaladi. O'zbekiston xalqining boy va qadimiy davlatchilik tajribasi bor. Hozirgi O'zbekiston hududida dastlabki mustaqil davlat tuzilmalari miloddan avvalgi birinchi ming yillik boshlaridayoq paydo bo'lib, qariyb 3000 yil davomida takomillashib borgani va dunyo davlatchiligi rivojida eng yuksak darajaga ko'tarilgani jahonga ma'lum.

Tariximizni o'rganar ekanmiz, yana shuni inobatga olmoq lozimki, o'zbek davlatchiligi sarhadlari hozirgi mustaqil respublikamiz hududidan ancha keng bo'lgan. Shu boisdan ham turli davrlarni o'rganishda Markaziy Osiyoga oid ma'lumotlar ham yoritiladi va bu tarixiy jarayonni to'laroq anglashga yordam beradi.

Tarix - arabcha so'z bo'lib, "tadqiq etish", "tekshirish", "voqealar haqida aniq hikoya qilish" ma'nolarini anglatadi. Tarix insonlar haqidagi, ularning uzoq o'tmishdan bizgacha yetib kelgan hayotiy tajribasi haqidagi fandir.

"O'zbekiston tarixi" fanining predmeti xalqimizning eng qadimgi zamonlardan to hozirgi kunlargacha bosib o'tgan uzoq va murakkab tarixiy yo'lini, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy va ma'naviy hayotini xolisona o'rganishdan, tushuntirishdan iboratdir.

O'zbekiston tarixi ajdodlarimizning yashash uchun kurash, uzluksiz mehnat tufayli takomillashib borish va hozirgi odamlar darajasiga ko'tarilish jarayonini, dini, yozuvi, ilm-fani, adabiyot va san'atini yoritadi. Vatanimiz tarixi o'zbeklarning xalq, millat bo'lib shakllanish jarayonini, ajdodlarimiz qoldirgan boy ma'naviy merosni, davlatlarning tashkil topishi va ularning ichki va tashqi siyosatini o'rgatadi. Vatanimiz tarixi xalqimizning ma'lum bir davrlarda boshqa davlatlarga qaram bo'lib qolganligini, qaramlik azobining naqadar ayanchli, mashaqqatli bo'lganligini, ajdodlarimizning ajnabiy bosqinchilarga qarshi mustaqillik va ozodlik uchun kurashini va bunda mardlik, jasorat ko'rsatgan xalq qahramonlari va davlat arboblari faoliyatlarini keng, teran o'rgatadi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning "Tarixiy xotirasiz kelajak yo'q" risolasida va boshqa asarlarida olg'a surilgan tariximizga tegishli dolzarb masalalar o'tmishimizni o'rganishda muhim nazariy va konseptual-uslubiy poydevor rolini o'ynaydi.

I.A.Karimov o'tmishni o'rganishda tarixiy tahlilni ilmiy jihatdan xolisona va halol amalga oshirish asosiy vazifadir, deb uqdirgan edi. Bu vazifani amalga oshirish O'zbekiston tarixi fanini o'rganishning ilmiy va uslubiy asoslariga tayanishni talab etadi.

Insoniyat tarixini, tarixiy voqea, hodisalarni to'g'ri yoritish va o'rganish uchun bir qator muhim nazariy-metodologik prinsiplarga tayanmoq zarur.

Dialektik metod ana shunday prinsiplardan biridir. Insoniyat hayoti, jamiyat taraqqiyoti dialektik jarayondir. Dialektika olam yagona va yaxlit, unda sodir bo'ladigan hodisalar, voqealar umumiy va o'zaro bog'lanishda, uzluksiz harakatda, ziddiyatli taraqqiyotda bo'ladi deb ta'lim beradi.

Dialektik metodologiya har qanday mamlakat tarixini, shu jumladan, O'zbekiston tarixini, o'zbek xalqi tarixini jahon xalqlari tarixi bilan bog'liq holda o'rganishni taqozo etadi. Negaki, har bir xalq tarixida milliylik, o'ziga xos betakror xususiyatlari bilan birga jahon tarixi, butun insoniyat taraqqiyoti bilan umumiy bog'lanishdadir.

O'zbekiston tarixi avvalo Markaziy Osiyo mamlakatlari tarixi bilan, qolaversa, butun jahon xalqlari tarixi bilan chambarchas bog'langan. Qadim zamonlardan buyon Vatanimiz Markaziy Osiyo mintaqasidagi ko'pgina davlatlar bilan yagona iqtisodiy va madaniy makonda bo'lib kelgan. Bu jihatdan doimo o'zaro ta'sirda va aloqada bo'lganlar, qo'shilish jarayonini boshidan kechirganlar, ularning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, ma'naviy hayoti bir-birlari bilan uzviy bog'liq o'tgan. Shu sababdan O'zbekiston tarixini qo'shni mamlakatlar tarixi bilan bog'liq holda, bir xalqni ikkinchi bir xalqqa qarama-qarshi qo'ymagan holda o'rganish taqozo etiladi.

Tarixiy voqea, hodisalarni o'rganish, tahlil qilish va yoritishda ularga xolisona, haqqoniy, ilmiy yondashuv muhim metodologik prinsiplardir.

Xolislik qoidasi tarixiy voqea, hodisalarni o'rganayotganda ular bilan bog'liq bo'lgan barcha faktlarning hech bir istisnosiz butun majmuini birga olib tekshirishni, aniq, haqqoniy dalillarga asoslanishni talab qiladi. Tarixiy hodisalarni bir butun holda, o'zaro aloqada va munosabatda deb o'rganish darkor.

Tarixni o'rganishda tarixiylik prinsipi muhim ahamiyatga ega. Tarixiylik qoidasi voqea, hodisalarni o'z davrining aniq tarixiy sharoitidan, o'sha davr muhitidan, tarixiy rivojlanish jarayonidan kelib chiqqan holda o'rganishni taqozo etadi. Har bir voqea, hodisani boshqa voqealar, hodisalar bilan bog'lab o'rgangandagina mazkur voqea-hodisaning umumiy tarixiy jarayondagi o'rnini to'g'ri aniqlash, belgilash mumkin bo'ladi. Har bir voqea, hodisaga umumiy tarixiy jarayonning bir qismi, bo'lagi deb qaramoq zarur. Masalan, bironta davlat faoliyatiga tarixiylik nuqtai nazaridan turib baho bermoqchi bo'lsak, u birinchidan qachon, qanday tarixiy sharoitda paydo bo'ldi, ikkinchidan u o'z taraqqiyotida qanday bosqichlarni bosib o'tdi, uchinchidan uning tarixiy o'rni, mavqei qanday, degan savollarga aniq javob berish zarur bo'ladi.

Tarixni o'rganishda yuqorida qayd etilgan metodologik prinsiplar bilan bir qatorda faktlarni taqqoslash, mantiqiy-qiyosiy xulosalar chiqarish, falsafiy tafakkur, davrlashtirish, sotsiologik tadqiqotlarni o'tkazish, statistik, matematik va boshqa usullardan ham foydalanish zarur.

Vatanimiz tarixini tadqiq etish, o'rganishda uni to'g'ri davrlashtirishning ahamiyati kattadir.

Olimlar o'tmish jarayonini ma'lum bir davrlarga bo'lganlar. Bu davrlar insoniyat tarixida yirik ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy o'zgarishlar, taraqqiyot bosqichlari bilan bog'liq. Xususan, O'zbekiston tarixi 5 davrga bo'lingan. Ular quyidagilardir:

1. Eng qadimgi davr (miloddan oldingi ikki minginchi yillar o'rtalaridan to milodiy IV asr oxirlarigacha).

2. O'rta asrlar davri (V - XIX asr boshlari).

3. Chorizm mustamlakasi davri (XIX asr o'rtalari - XX asr boshlari).

4. O'zbekiston sovetlar hukmronligi davrida (1917-1991 yillar).

5. Milliy istiqlol davri (1991 yildan boshlab).

Bu davrlarning har biri yana o'ziga xos, kichik davrlarga bo'linadiki, uni mazkur qo'llanmaning mazmuni va mundarijasidan yaqqol ko'rish mumkin.

Tarixiy voqealar, xalqlar hayoti nom-nishonsiz yo'q bo'lib ketmaydi, ulardan tarixiy manbalar guvoh bo'lib qoladi. Tarixiy manbalar ikkiga - moddiy va yozma manbalarga bo'linadi.

Qadimgi odamlardan bizgacha yetib kelgan mehnat qurollari, idish-tovoqlar, tanga pullar, harbiy qurol-yaroqlar, uy-joylar, qal'alar, shaharlar, qabrlar, rasmlar va boshqa narsalar moddiy tarixiy manbalar deb ataladi. Vatanimiz hududida olib borilgan arxeologik izlanishlar natijasida topilgan moddiy topilmalar, ularning tahliliy xulosalari odamlar hayotini bilishga imkoniyat yaratadi.

Qadimgi davrlardayoq odamlar o'z fikrlarini yozma bayon etish uchun yozuv belgilari ixtiro qilganlar. Savodxon kishilar o'zlari yashab turgan, yoki borib ko'rgan mamlakatlari haqida, ko'rgan-kechirganlarini daraxtlarning po’stlog'iga, toshga, teriga, keyinchalik qog’ozga yozib qoldirganlar. Xalqlarning hayoti, yuz bergan voqea va hodisalar haqida yozilgan kitoblar mavjud. Yer va qimmatbaho narsalarni in'om qilish, meros qoldirish, sotib olish hujjatlar bilan rasmiylashtirilgan. Podshoh va hokimlarning yozma shakldagi qonunlari va farmonlari saqlanib qolgan. Bular yozma manbalar deyiladi.

Ajdodlarimizning miloddan avvalgi VIII-VII asrlardagi hayotini o'rganishda "Avesto" kitobi qimmatli yozma manba hisoblanadi. Mazkur nodir kitobda ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar, dastlabki davlat tuzilmalarining shakllanish jarayonlari o'z ifodasini topgan.

Miloddan avvalgi V-II asrlarga oid yunon, xitoy, eron, vizantiy, hindi yozma manbalarida ham Vatanimiz tarixiga oid ma'lumotlar uchraydi.

O'zbek xalqining o'rta asrlardagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma'naviy-madaniy hayotini o'rganishda Abu Nasr Forobiyning "Fozil odamlar shahri", Abu Rayhon Beruniyning "Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar", Yusuf Xos Hojibning "Qutadg'u bilig", M.Qoshg'ariyning "Devonu lug'otit-turk. Uch jildlik", Abu Toxirxo'janing "Samariya", Narshaxiyning "Buxoro tarixi", Nizomulmulkning "Siyosatnoma yoki siyar ul-muluk", Amir Temurning "Temur tuzuklari", Mirzo Ulug'bekning "To'rt ulus tarixi" va boshqa nodir kitoblar muhim tarixiy manba bo'lib xizmat qiladi.

Bizgacha yetib kelgan bunday moddiy va yozma manbalar O'zbekiston tarixini o'rganishda muhim ahamiyatga ega. O'zbekiston Fanlar Akademiyasining Sharqshunoslik instituti, Sharq qo'lyozmalar fondi dunyodagi eng yirik qo'lyozmalar xazinalaridan biri hisoblanadi. Bu yerda 40 mingdan ziyod qo'lyozma nusxalari, 30 mingdan ortiq toshbosma kitoblar va 10 mingdan ortiq Sharq tillarida yozilgan xujjatlar mavjud. Shuningdek, Vatanimiz tarixiga oid muhim qo'lyozma hujjatlar, nodir kitoblar, qimmatli ma'lumotlar horijiy mamlakatlardagi ilm maskanlari, kutubxonalarda saqlanmoqda. Ana shu qo'lyozma hujjatlar va kitoblarning hozirgi o'zbek tiliga tarjima qilinishi va nashr etilishi Vatanimiz tarixini yanada to’laroq, xolisona yoritilishiga, tariximiz sahifalaridagi "oq" va "qora" dog'larning barham topishiga ko'maklashadi.

Vatanimiz tarixini o'rganishda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti asarlari, ma'ruza va nutqlari, farmon va farmoyishlari, mustaqillik davrida qabul qilingan qonunlar va boshqa me'yoriy hujjatlar muhim nazariy metodologik asos bo'lib xizmat qiladi.

Ajdodlarimiz hayotini, turmush tarzini o'rganishda arxeologiya (qadimshunoslik), etnografiya (xalqlarni tasvirlash), antropologiya (odamning kelib chiqishi va evolyusiyasi) va boshqa fanlar ko'maklashadi.

Tabiiyki, tarix fani o'tmish merosini yangi avlodlarga to'laqonli yetkazish bilan ularning ma'naviy tarbiyasiga, komil insonlar bo'lib yetishuviga o'z munosib hissasini qo'shmoqda. Yurtimiz o'tmishi xalq xotirasi, avlodlar o'rganib saboq oluvchi hayot maktabidir. Tarix - bu nafaqat o'tmish, uning tahlili, bugungi kunimiz uchun muhim xulosalar manbai bo'lib, balki u istiqbolimiz rejasini aniqlashda ham katta ahamiyat kasb etadi.

Tarixning tarbiyaviy ahamiyati ham kattadir. O'zbekiston tarixi yoshlarga xalqimizning o'tmishi, tarixi haqida bilim berish bilan chegaralanib qolmaydi, u yoshlarni vatanparvar, ma'naviy jihatdan komil fuqaro etib shakllantiradi. Prezident Islom Karimov ta'kidlaganlaridek, yurtimiz tarixi "Har bir fuqaroni, jumladan, yoshlarimizni boy madaniy merosimizni qadrlashga, uni ko'z qorachig'iday avaylab-asrashga, yurak-yurakdan iftixor qilishga o'rgatadi. O'zimizning boy o'tmish merosimizdan madad va ibrat olishga imkon beradi. Odamlar qalbida ezgulik tuyg'ularini uyg'otib, bugungi avlod kimlarning avlodi, kimlarning zoti va vorislari ekanini anglashga undaydi".

Insonda tarixiy xotira o'z Vatani tarixini, o'z xalqi, ajdodlari tarixini bilish orqali shakllanadi. Yaqin o'tmishda mustamlakachilar, totalitar tuzum mutasaddilari ko'pgina xalqlarni, jumladan, o'zbek xalqini o'z tarixidan judo qilish, ularni o'z o'tmishiga loqaydlik bilan qaraydigan, nasl-nasabini eslolmaydigan manqurtlarga aylantirish siyosatini yuritdi, amaliyotda esa xalqimiz tashqi dunyodan butunlay uzib qo'yildi, uning bir necha ming yillik boy tarixi soxtalashtirildi, uni yoshlarga o'qitish va o'rgatishga izn berilmadi.

Mustaqillik sharofati bilan Vatanimiz tarixi o'z o'rnini topdi, barcha o'quv maskanlarida talaba-o'quvchilarga Vatan tarixini o'qitish davlat siyosati darajasiga ko'tarildi, Vatan tarixini o'qitish yo'lga qo'yildi. Vatanimiz tarixi millatning, yoshlarning haqiqiy tarbiyachisiga aylanmoqda. Bu borada Prezident Islom Karimovning "Tarixiy xotirasiz barkamol kishi bo'lmaganidek, o'z tarixini bilmagan xalqning kelajagi ham bo'lmaydi", "Tarix - xalq ma'naviyatining asosidir", "Tarixiy xotirasiz kelajak yo'q", "O'zlikni anglash tarixni bilishdan boshlanadi", "Inson uchun tarixdan judo bo'lish -hayotdan judo bo'lish demakdir" degan ifodali -so'zlari va ko'rsatmalari dasturiamal bo'lib xizmat qilmoqda.

O'z o'tmishini, ajdodlari tarixini yaxshi bilgan insonning irodasi kuchli bo'ladi, uni har xil aqidalar girdobiga tushishdan saqlaydi. O'tmishni bilgan, tarix saboqlarini anglab yetgan inson hozirgi zamonni yaxshi tushunadi, kelajakni to'g'ri tasavvur etadi.

O'zbekiston tarixi talaba-o'quvchilarga bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning mohiyati va natijalarini, milliy, huquqiy davlatchilikni barpo etish, demokratik, fuqarolik jamiyat qurish, ijtimoiy yo'naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirish jarayonlarini o'rgatadi. Bu o'z navbatida yoshlarda ilmiy dunyoqarashni, siyosiy madaniyatni tarbiyalaydi, jamiyatda o'z o'rnini to'g'ri belgilashga ko'maklashadi.

Xalqimizning buyukligi, kuchi, uning boy ma'naviy merosga ega ekanligi bilan belgilanadi. Ajdodlarimiz yetishtirib bergan o'nlab, yuzlab jahonga mashhur olimu-ulamolar, me'moru-binokorlar, naqqoshlar, zargarlar, hunarmandlar, davlat arboblari, xalq qahramonlari hayoti, dunyoda birinchilar qatorida bunyod etilgan ilm va ta'lim maskanlari faoliyati talaba-o'quvchilar uchun katta ibrat maktabi, tarix sabog'idir. Kelajak uchun intilayotgan yoshlar uchun bu boy ma'naviy meros mustahkam tayanchdir. Uning zaminida tinimsiz va mashaqqatli mehnat, har qanday to'siqlarni yengish, ilmga va ziyoga intilish kabi xislatlar yotadi. Bunday xislatlar Vatan tarixini o'qitish orqali yoshlarga singdiriladi.

Tarixiy xotira, ajdodlarimiz qoldirgan boy ma'naviy merosni egallash talaba-o'quvchilarda halollik, odillik, rostgo'ylik, mehr-oqibat, mehnatsevarlik, ilmga intilish kabi insoniy fazilatlarni shakllantirishga ko'maklashadi.

Shu boisdan Vatan tarixini har tomonlama, chuqur o'rganish muhim ahamiyatga molik vazifadir. Mamlakatimizda mustaqillik sharofati tufayli bog'chalardan tortib Oliy o'quv yurtlarigacha bo'lgan ta'lim-tarbiya tizimlarida O'zbekiston tarixi fanini o'qitishga davlat darajasiga ko'tarilgan vazifa sifatida katta e'tibor berilmoqda, g'amxo'rlik qilinmoqda. "Tarix millatning haqiqiy tarbiyachisiga aylanib bormoqda. Buyuk ajdodlarimizning ishlari va jasoratlari tarixiy xotiramizni jonlantirib, yangi fuqarolik ongini shakllantirmoqda. Axloqiy tarbiya va ibrat manbaiga aylanmoqda".

Demak, tarixiy xotira, haqiqatni bilish, ajdodlarimiz qoldirgan boy ma'naviy merosini egallash talabalarda vatanparvarlik, odillik, xalollik, mehr-oqibat, bag'rikenglik, mehnatsevarlik, ilmga intilish kabi insoniy fazilatlar shakllanishga yordam beradi. Xulosa qilib aytganda, tarix bu tafakkur bulog'i. U bizni o'tmish voqealariga ochiq ko'z bilan qarashga, oq-qorani aniqroq ko'rishga, ziyraklik bilan anglashga o'rgatadigan, tarixiy shaxslar faoliyatini, hodisalarni qiyoslash, taqqoslash asosida mustaqil xulosa qilishga da'vat etadi. Shu boisdan tariximizning buyuk murabbiyligini doimo yodda tutaylik, e'tibor va ehtirom bilan o'rganaylik.
Odamzodda ong paydo bo'libdiki, o'z davriga xos turmush tarziga, moddiy va ma'naviy madaniyatiga, ya'ni ma'lum darajadagi sivilizatsiyasiga ega bo'la boshlagan. Markaziy Osiyo, xususan O'zbekiston xalqlari ham qadim zamonlardan beri hayot tarzini takomillashtirar ekan, turli qulayliklar yaratgan, odatlar, rusumlar esa an'anaga aylangan.

Ajdodlarimiz qoldirgan bu bebaho meros keyingi yillarda chuqur o'rganilmoqda. Qadimshunoslar va boshqa olimlar o'lkamiz o'tmishini tadqiq etib, bu makon jahon sivilizatsiyasining o'choqlaridan biri ekanligini ta'kidlaydilar. O'zbekiston Prezidenti I.A.Karimov "Tarixiy xotirasiz kelajak yo'q" asarida "Hozir O'zbekiston deb ataluvchi hudud" ya'ni bizning Vatanimiz nafaqat Sharq, balki umumjahon sivilizatsiyasi beshiklaridan biri bo'lganligini jahon tan olmoqda", - deydi.

"Sivilizatsiya" qanday ma'noni bildiradi? Bu so'z lotinchadan olingan bo'lib, u hozirgi zamonda odamning komillikka, yetuklikka intilish mazmunida talqin etiladi, shuningdek, u inson hayoti uchun qulayliklar yaratish jarayonini ifodalovchi tushuncha ham. Adabiyotda bu so'z "tamaddun" deb ham ataladi, va madaniy hayotga, taraqqiyotga erishuv jarayoni ma'nosida ishlatiladi. Qomusiy kitoblarda sivilizatsiya - jamiyat taraqqiyoti jarayonida yaratilgan moddiy va ma'naviy boyliklar. Shuningdek, ularni yanada ko'paytirib va takomillashib borish usullarining majmui deyiladi.

Ibtidoiy jamiyat va uning davrlari insoniyat qadim-qadimdan o'z davriga xos turmush tarziga, moddiy va ma'naviy madaniyatga ya'ni ma'lum darajadagi sivilizatsiyaga ega bo'lgan. Davrlar o'tishi natijasida insoniyat sivilizatsiyasi darajasi o'sib, rivojlanib, takomillashib borgan. Bu jarayon odamlarning mehnat qilish usuli, qanchalik darajada moddiy va ma'naviy boyliklarni yaratish va ko'paytirib borishi bilan bog'liq kechgan.

U yoki bu sivilizatsiya haqida so'z borganda insoniyatning yashash uchun kurashi, tinimsiz mehnati, ma'naviyat va ma'rifatga intilishi tufayli o'zi uchun yaratgan jismoniy va madaniy qulayliklar, ov va mehnat qurollari, kiyim bosh, uy-joy va oilaviy munosabatlari, ishlab chiqarish usullari, maishiy xizmat vositalari, ijtimoiy ong va ma'naviy dunyosi, ijtimoiy-siyosiy hayoti, axloqiy-huquqiy munosabatlari darajasi asosida tavsiflanadigan ma'lum bir tarixiy davr tushuniladi. Masalan, qadimgi Sharq sivilizatsiyasi, Antik Yevropa sivilizatsiyasi, Islom sivilizatsiyasi, Xristian sivilizatsiyasi hozirgi zamon sivilizatsiyasi kabi tushunchalarda insoniyatning iqtisodiy - ijtimoiy, siyosiy hayoti, turmush tarzi, ahloqi, bilim saviyasi, mehnat qurollari va hokazo jihatlari mujassamlashgan bo'ladi.

Har bir mintaqada sivilizatsiya davriy nuqtai nazaridan ertaroq yoki kechroq, o'ziga xos shaklda shakllanib, rivojlanib borgan. Tarixiy, ilmiy tadqiqotlar bizning Vatanimiz - O'zbekiston insoniyat sivilizatsiyasining qadimgi o'choqlaridan biri ekanligidan dalolat bermoqda.

XX asrning birinchi yarmidan boshlab arxeolog olim V.L.Vyatkin boshliq guruh Samarqand, Xorazm va Termizda, M.E.Mossop boshliq arxeologik guruh Ohangaron vodiysida, A.A.Potapov Farg'ona vodiysida qidiruv va nozim ishlarini olib bordi. 30-40 yillarda O'zbekiston, Moskva va Leningrad olimlari hamkorligida bir necha arxeologik ekspeditsiyalar tashkil etildi.

Ikkinchi jahon urushidan so'ng Markaziy Osiyo xalqlarining qadimgi tarixini o'rganish maqsadida yirik arxeologik ekspeditsiya guruhlari tashkil etildi. Keyingi yillarda respublikamizning taniqli arxeolog olimlari A.Asqarov, O.Islomov, A.R.Muhammadjonov, Ye.V.Rtveladze, T.Shirinov va boshqalar yetakchiligidagi tadqiqotchilar O'zbekiston qadimgi tarixini o'rgandilar. Ular tomonidan qator ilmiy, ommabop o'quv qo'llanmalar yaratildi. Bular orasida A.Asqarovning "Buxoroning ibtidoiy davr tarixidan lavhalar" (T.Fan. 19736), "Sopollitepa" (T-1973), O.Islomovning "Peshchera Machay" (T-1975), "Obishirskaya kultura" (T-1980), Ye.V.Rtveladze, A.X.Saidov va Yu.V.Abdullaevning "Qadimgi O'zbekiston sivilizatsiyasi: davlatchilik va huquq tarixidan lavhalar" (T-2001) kabi asarlari alohida o'rin tutadi.

Mazkur asarlarni, shuningdek, Vatanimizning qadimgi davri tarixiga oid boshqa asarlarni o'rganish orqali O'zbekiston odamzod ilk bor paydo bo'lgan o'lka ekanligini aniqlash ajdodlarimizning qadimgi hayoti turmush tarzi, moddiy va ma'naviy madaniyati haqida zarur bilimga ega bo'lish mumkin. Ibtidoiy jamiyat odamlarining yashash tarzi, jismoniy va aqliy tuzilishi, ular tomonidan yasalgan mehnat qurollarining turi va materialiga ko'ra bir qancha davrlarga bo'linadi.

Kishilik tarixining ilk bosqichi hisoblangan bu uzoq o'tmish bir necha million yillar davom etgan. Bu davrda ming yilliklar osha ibtidoiy odam nihoyatda sekinlik bilan kamol topib, hozirgi zamon odami qiyofasiga kirgan. Uning mehnat qurollari, asosan, toshdan yasalgani bois odamzod o'tmishining bu ilk bosqichi fanda "tosh davri" yoki "ibtidoiy to'da" davri deb yuritildi.

Bu ulkan davr Yevropada 3 bosqichga bo'lib o'rganiladi: paleolit - qadimgi tosh davri (mil. av. 3 mln. yil - 10-11 ming yillik); mezolit - o'rta tosh davri (mil. av. 11-10 ming yil - 8-7 ming yillik) va neolit yangi tosh davri (8-7 ming yil - 6-5 ming yillik).

Paliolit. Bu bosqich o'z navbatida 3 pog'onaga bo'linadi. Quyi polialit, o'rta polialit, yuqori paliolit.

Quyi poliolit (Ibtidoiy to'da davrining boshlanishi). Bu davr mil. av. 3-1,5-1 mil. yil - 100 ming yillikni o'z ichiga oladi.

Hozirgi O'zbekiston yerlarining tabiati kishilik tarixini ilk bosqichlaridayoq bu yerlarda ibtidoiy odamzod to'dalarining yashashi uchun qulay bo'lgan Turon yerlarida bundan qariyib 700 ming - 1-1,5 mil. yil muqaddam ibtidoiy odamlar yashagan.

Kishilikning ibtidoiy to'da bosqichida odamlar tabiiy sharoit taqozosi bilan yirtqich hayvonlar xavfi tufayli to'da-to'da bo'lib yashashga majbur edi. Ov vaqtida yolg'iz hayvonga ko'pchilik bo'lib ov qilganlar. Ibtidoiy to'da davrida odamlar o'rtasida oilaviy aloqalar hali aniq tartibga tushmagan. Markaziy Osiyoda yashagan ibtidoiy odamlar fanda sinantron nomi bilan ataladi.

Ilk paliolit odamlari ov qilish, terib-termachlab ozuqa topish uchun toshdan, daraxt shoxlaridan turli mehnat qurollari yasaganlar. Shu tufayli ular "Homohobilis" - "bilag'on odam" deyiladi.

O'zbekiston hududida ilk paliolit davri odamlari yashagan manzilgohlar Farg'ona vodiysining So'x tumanidagi Semung'ur g'oridan va Toshkent viloyatining Angren shahri yaqinidagi Ko'lbuloq makonidan topilgan va o'rganilgan. Bu davr ibtidoiy odamlarining suyak qoldiqlari (bosh suyagining bir bo'lagi, yelka suyagi va o'ndan ortiq tishlari) arxeolog O'.Aslonov tomonidan Selung'ur g'oridan topilgan. Fanda unga "Fergantron" ("Farg'ona odami") shartli nom berilgan. Selung'urdagi topilmalar va ularni o'rganish yer yuzida odamzodning paydo bo'lish muammosi yechimiga qo'shilgan ulkan hissa bo'ldi. Endilikda Markaziy Osiyo ibtidoiy odamzod ilk paydo bo'lgan joylar qatoriga kiritildi.

Arxeolog M.Qosimov rahbarligida Ko'lbuloq makoni tadqiq etilib, uning oshil davriga oid 22 ta, muste davriga oid 24 ta qatlam o'rganildi. Ko'lbuloq topilmalari (tosh qurollar, hayvon va parranda suyaklari, o'simlik qoldiqlari va x.k.) ibtidoiy odam to'dalarining mashaqqatli hayoti, tosh qurollar yasash texnikasi bu yerlarning tabiati hamda ibtidoiy ovchi va termogilarning turmushda sodir bo'lgan tadrijiy siljishlarni aniqlash imkonini berdi.

Shunday qilib, qadimgi odamlarning mashg'ulotlari terib ozuqa topish, hayvonlarni ovlash, tosh qurollar yasash va ularni mukammallashtirishdan iborat bo'lgan. Mana shundan mehnat jarayonida odamlarning o'zlari ham o'zgarib, takomillashib borgan.

O'rta poliolit (m.av. 100 ming yillik - 40-32 ming yillik) Ibtidoiy to'da davrining so'ngi bosqichi arxeologiya fani davriy tizimida Mute madaniyati deb yuritiladi. Bu davrda yashogan ajdodlar esa ibtidoiy odam shajarasida neandertal nomi bilan fanga kiritilgan. Hozirgi vaqtda O'rta Osiyoda neandertal zamondoshlari yashagan makonlar 90dan ortiq joyda uchratilgan. Toshkent viloyatida Obiraxmat g'ori, Xo'jakent, Poltov, Ko'lbuloq makoni, Samarqand viloyatida Omonqo'ton g'ori, Qo'tirbuloq, Zirabuloq, Novoiy viloyatida Uchtutda topilgan va tadqiq qilingan.

Teshiktosh g'oridan topilgan neandertal odamning suyak qoldiqlari fan olamida jiddiy kashfiyot bo'ldi. Odam suyaklari atrofiga terib chiqilgan arxar va Buxoro bug'usi shoxlarining topilishi odamni dafn qilish marosimining ibtidoiy ko'rinishlari bilan bog'liq.

Xullas, O'rta poliolit davrida odamlar olov chiqarishni, gulxanlar yoqib, sovuqdan va xavf-xatardan saqlanishni, go'shtni o'tda pishirib iste'mol qilishni bilib olganlar. Dastlabki diniy e'tiqod paydo bo'lgan.

Yuqori poliolit. M.av. 40-33 ming yil avval tosh davrining so'nggi bosqichi - yuqori poliolit boshlandi. U mil.av. 1210 ming yilliklargacha davom etgan. Bu davrda hozirgi zamon odami (kramanon) shakllandi. O'sha davr odamlari fanda "Xomo-sopines" - idrokli odam deb nomlangan.

Mehnat qurollari takomillashdi, tosh bilan birga suyak va yog'ochdan ham foydalanildi. Odamlar bu davrda faqat g'orlarda emas, balki tekisliklarda ham makon qura boshlaganlar.

Hozirgi zamon odamining 3 irqi yevropoid, negroid va mongoloid qiyofalari ham o'sha vaqtda vujudga kelgan. Ona tomonidan urug'doshlik mustahkamlanib matrearxat paydo bo'ldi. Tasviriy va amaliy san'atning ibtidosi ham o'sha davrdan boshlandi. Hozirgi kunda O'rta Osiyoda bu davrga mansub 30dan ortiq yodgorliklar topib o'rganilgan. Ular orasida ayniqsa Samarqand makoni, Toshkent viloyatida Oqtosh makoni va Ko'lbuloq topilmalari muhim.

Yuqori poliolit bosqichida muzlik davri tugab, iqlim issiqlash boshladi. O'simlik va hayvonot dunyosi ham asta-sekin hozirgi qiyofaga kirdi.

Mezolit - bu davr o'rta tosh davr (mil.av. 11-7ming yilliklar orasi) ham deyiladi. Mezolitda o'q-yoy kashf etilgan va bu o'sha davr odamlari hayotida buyuk burilish bo'ldi, chunki ovdan keladigan yemaklik hajmi ortdi. Tosh qurollar va ularni yasash takomillashdi, hayvonlarni qo'lga o'rgatish boshlandi.

Mezolit davrida ungurlar devoriga o'yib chizilgan yoki rangli bo'yoqlar bilan tasvirlangan ibtidoiy san'at paydo bo'ldi.

O'zbekistonda Obishir g'orlari xilma-xil mayda tosh qurollari bilan ajralib turadi. Bu davrga oid bir qancha yodgorliklar Toshkent atrofida Qo'shilish (Bo'zsuv yoqasida), Surxandaryoda Magay g'orida o'rganildi.

Neolit - bu davr yangi tosh davri (mil.av 8-5 ming yillik)dir. Neolit odamlari tosh qurollarni yasashda yangi usullar - silliqlash, parmalash, arralash usullarini ixtiro etadilar. Bu davrda mikrolit qurollar yasash takomillashdi. Ovchi jamoalar endilikda yerto'la, chayla yoki kapalar qurib ba'zan guvalalardan kulbalar bino qilib, o'troq hayot kechirishga o'tadilar. Bu joylarda neolit davrining ilk qishloqlari qad ko'targan. O'troq turmush tarzining qaror topishi bilan dehqonchilik va chorvachilik vujudga keldi. Kulolchilik kashf qilindi. Jundan ip yigirish, mato to'qish va tikuvchilik ixtiro qilindi.

Mil. av. 5-3 ming yillikda hozirgi O'zbekiston yerlarida (Xorazm va Buxoro vohasi) Kaltaminor madaniyatiga mansub ovchi va baliqchilar yashagan. Bu madaniyatning eng nodir va muhim yodgorligi Janbos IV - Janbos qal'a makoni va Tolstov manzilgohlaridir.

Eneolit davri. Mil.av. 4-3 ming yilliklarda tosh davri tugab, eneolit (mis tosh) davri boshlandi. Bu davrda tosh bilan birga, metaldan, dastavval misdan qurol yasashga o'tildi. Biroq mis tarkiban yumshoq va mo'rt metall bo'lgani sababli mehnat va ov qurollarining aksariyati hamon toshdan ishlanar edi.

Bu davr arxeologik yodgorliklari Zarafshon quyi oqimida "Kaptarning qumi", shuningdek, Nomozgohtepa Qoratepa (Turkmaniston) kabilarda o'rganilgan.

Jez davri. Bu davr O'zbekiston yerlarida mil.av. 3 ming yillik oxiri - 2 ming yillikka to'g'ri keladi. Mis, qalay va qo'rg'oshin qorishmasidan jez (bronza) kashf etildi. Natijada mehnat qurollarining turi ko'paydi, jezdan keskin tig'li qurol yarog'lar, ro'zg'or va kosmetika (pardoz) buyumlari, ma'budalar, naqshdor muhrlar yasala boshlandi. Ot, eshak, tuya va xo'kizdan transport vositasi sifatida foydalanildi, hayvonlarga qo'shiladigan aravalar vujudga keldi va g'ildirak kashf etildi. Birinchi mehnat taqsimoti dehqonchilikdan chorvachilik ajralib chiqdi.

Jez davri manzilgohlari Sopolitepa, Sarazm, Zomonbobo kabilardir.

Temir davri. Temir davri yodgorliklari O'zbekiston yerlarida mil.av. IX-VI asrlar va undan keyingi davrlarga oid. Ular Xorazm, Baqtriya, Sug'd, Choch yerlarida va Farg'ona vodiysida o'rganilgan. Temirdan xo'jalik hamda qurol yarog'lar yasashda keng ko'lamda foydalanila boshlandi. Dehqonchilik maydonlari kengaydi va sug'orish inshootlari qurish rivojlandi. Chorvachilik ham o'sdi. Bu davrga kelib hunarmandchilik dehqonchilikdan ajralib chiqdi. Mehnat unumdorligi o'sishi bilan qo'shimcha mahsulot ishlab chiqarila boshlandi. Bu esa ibtidoiy jamoa tuzumining yemirilishiga olib keldi. Temir va po'latdan yasalgan buyumlardan keng miqyosda foydalanish qishloqlar taraqqiyotiga ham samarali ta'sir ko'rsatdi.

Qishloqlar murakkab mudofaa inshootli qal'alarga aylantirib mustahkamlandi. Bindixontepa, Kuchuktepa, Qiziltepa, Talashqontepa va boshqa yodgorliklar shular jumlasidandir. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, O'zbekiston qadimgi shahar sivilizatsiyasi ilk bor shakllangan hududga kiradi. Bunga Sopolitepa va Jarkuton topilmalari misol bo'la oladi.

Dastlabki sivilizatsiya ma'lum darajada til va yozuvlar bilan bog'liq. Yozuv madaniyatining eng qadimgi o'choqlari Misr, Mesopotamiya, Old Osiyodir. Markaziy Osiyoda ham yozuv mil.av. paydo bo'lgan. Yozuv yaratish harakatlarining dastlabki qadamlarini xalqamizdagi qoyatoshlarga ishlangan ajoyib

suratlarda ko'ramiz. Bundan 2,5 ming yil avval yurtimiz xalqlari ilk bor chizma belgilarda nutq tovushini ifodalovchi (fonetik) yozuv tajribasini yarata boshlagan. Bu harakat axmoniylar davrida ma'lum bir yozuvga aylangan. Mutaxassis olimlar mil. av. V-III asrlarda oramiy yozuvlari tajribasi asosida So'g'd, Xorazm, Baxtar, Parfiya kabi o'lkalarda mahalliy tillarni ifodalashga mo'ljallangan yangi yozuvlar yaratildi, deb ta'kidlaydilar. Bular fonetik ifoda jihatdan oramiydan farq qiluvchi mustaqil yozuv tizimlari bo'lgan. Mil. av. IV-III asrlarda, shuningdek, Yunon imlosi ham ishlatilgan. Ajdodlarimiz turkiy-run (Urxun-Enasoy), uyg'ur, so'g'd yozuvlarini qo'llaganlar.

Demak, mintaqamizda qadim paytlarda turli yozuvlar paydo bo'lib, ular takomillasha borgan, mahalliy tillar va lahjalar xususiyatlarini aks ettirgan va shu tariqa Markaziy Osiyo madaniyatining rivojiga o'z ulushini qo'shgan. Respublikamiz xududida tillarning shakllanishi bir necha ming yillarni o'z ichiga oladi. Manbalarga asoslanib aytish mumkinki, bu yerlarda qadimgi mahalliy tillar-turkiy, so'g'diy bo'lgan. O'rta asrlarda esa ular bilan birga forsiy, arab, chig'atoy va eski o'zbek tillari rivoj topa boshlagan.

Qadim zamon odamlarida turli tabiiy va g'ayri tabiiy kuchlarga ishonch tuyg'ulari paydo bo'ladi. Shu alfozda urug'chilik davrida totemizm, ajdodlar ruhiga sig'inishlar, sehrgarlik, shamanlik kabi e'tiqod va marosimlar vujudga keladi va tarqaladi. Bu dastlabki e'tiqodlar, ayniqsa totemizm o'sha paytda paydo bo'la boshlagan san'atda turli hayvonlar siymosi sifatida o'z aksini topgan edi. Bunday siymolar Fargonaning ayrim qishloqlaridan, Toshkent viloyatining Chinoz, Sijjak tumanlaridan, Samarqand atrofidan, Amudaryo sohillaridan topilgan Keyingi davrlarda tabiatning turli hodisa va namoyondalarini ilohiylashtirish, ularga e'tiqod qilish va sig'inish davom etgan.

Ajdodlarimiz ko'pincha voqelikni afsonaviy tarzda tushunganlar. O'sha paytlarda asta-sekin mifologik tafakkur yuzaga kelgan. Tadqiqotchilarning aytishlaricha, insoniyat qabilachilikkacha bo'lgan davrda totemizmga amal qilgan bo'lsa, mifologiya qabilachilik davrining mahsuli bo'lgan. Xususan, miloddan avval Turon zaminida yaratilgan va Markaziy Osiyo xalklarida mashhur bo'lgan "O'g'iznoma" dostonidan bu jarayon o'z ifodasini topgan. Bu asar o'sha paytdan beri og'izdan-og'izga o'tib ma'lum darajada o'zgarib mintaqa xalqlari folklorida bugun ham nufuzli o’rin egallaydi.

Ibtidoiy jamiyatning yemirilib borishi jarayonida yangi diniy aqidalar vujudga kela boshladi. Shu jumladan, odamsimon xudolar, ajdodlar ruhiga sig'inish, oxirat to'g'risidagi afsonalar paydo bo'ladi. Endi diniy tasavvurlar ancha murakkablashadi, milliy aqidalar asosida jahon dinlari, xususan, zardushtiylik shakllana boradi.

Shuningdek, arxeologik topilmalar va yozma yodgorliklar bundan 2-2,5 ming yil avval Surxondaryo va Farg'ona viloyatlarida zardushtiylarning olovxonalari bilan bir qatorda buddaviylarning ibodatxonalari bo'lgani, ulardan minglab e'tiqod qiluvchilar foydalanganligidan xabar beradi.

Ajdodlarimiz ma'lum bir odatlar, rasm-rusumlar, udumlarni o'ylab topganlar, ular asta-sekin an'analarga, hayot qoidalariga aylangan. Shunday alfozda qadriyatlar vujudga kelgan, ular esa, o'z navbatida, kishilarni ma'naviy yetuklikka da'vat etgan. Bunga yorqin misol Navro'z udumlaridir.

Tadqiqotchilarning fikricha, Navro'z bayrami bundan taxminan 3,5-4 ming yil avval paydo bo'lgan. Markaziy Osiyoda qadimgi dehqonlar qishni kuzatib, bahorni qarshilash marosimini shunday deb ataganlar. U davrlarda aholining aksariyati dehqonchilik va chorvachilik bilan shug'ullangan. Navro'z yangilanish, poklanish ramzi, inson umidlari, niyatlarini ifodalash belgisi sifatida paydo bo'lgan. Uni bayram qilish turli udum, urf-odatlar, irimlar bilan qilgan asrlar osha yangi an'analar bilan boyib borgan. Demak, qadimgi ajdodlarimiz tabiat mavsumlarini anglaganlar, ularni e'zozlaganlar, ularga asoslanib o'z maqsad va niyatlarini amalga oshirishga intilganlar.

Mintaqamizning muhim xususiyatlaridan biri uning murakkab etnik-madaniy chorrahada joylashganidir. Aholi bir qancha turli qavm, qabila va elatlardan tashkil topgan va ular etnik jihatdan aralashgan holda yashaganlar. Shu bilan birga aholining ko'pchiligini turkiy va forsiy- tojik ajdodlari bo'lgan, ular o'zaro hamjihatda yashaganlar, san-manga bormaganlar. Bu ham bag'rikenglik, tolerantlik hislatlarining sarchashmalari bo'lsa kerak.

Qadimda o'lkamizda yashagan aholining ma'naviy va madaniy qiyofasi mashhur "Avesto" mazmunida o'z ifodasini topgan. Ma'lumki, bu muqaddas kitob Markaziy Osiyo xalqlari to'g'risidagi dastlabki noyob manbadir. "Avesto" avval xalq og'zaki ijodi shaklida tarqalgan va bir necha asrlar davomida og'izdan-og'izga o'tib, qadimgi Turon, Xuroson, Eron, Ozarbayjon elatlarining ijtimoiy-iqtisodiy hayotini, olam haqidagi tasavvurlarini va diniy qarashlarini o'zida aks

ettirgan. Bu asar ko'p yillar davomida zardushtiylik-otashparastlik dinining ulamo qoxinlari tomonidan to'ldirilib, takomillashtirilgan. Abu Rayxon Beruniyning "O'tmish xalqlardan qolgan yodgorliklar" kitobida ta'kidlanishicha, "Avesto" ilk bor mil. av. VI asr boshlarida to'liq holda 12 ming qoramol ( xo'kiz) terisiga zarxal xarflar bilan bitilgan. Iskandar Zulqarnayn (Aleksandr Makedonskiy) sharqni zabt etganda "Avesto"ning nodir nushasidan o'ziga ma'qul bo'lgan joylarini tarjima qildirib olib qolgan, boshqa qismini esa yoqtirib yuborgan. Shu sabab, bu qomusiy asarning 5 dan 3 qismi kuydirib yuborilgan. Keyinchalik-milodiy I-IV asrlarda "Avesto"ning qolgan qismlari jamlanib, ayrim joylari qayta tiklanib, yangidan kitob holiga keltirilgan. Bizga qadar "Avesto"ning ayrim qismlarigina yetib kelgan. Bular: "Yasna" - ibodat paytida ijro etiladigan matnlar, "Yasht"-otashparastlarning tangrini ta'riflash madhiyalari, "Vendidot" - zulm timsoli - devlarga qarshi qonunlar va afsonalar, "Visparat" - ibodat yo'sinlari va mazmuni haqida ma'lumotlardir.

"Avesto" katta hajmda bo'lganligi sabab, dindorlarning kundalik faoliyatida foydalanishi uchun kichik "Avesto" ham yaratilgan. Unga katta "Avesto"dan tanlab olingan duolar kiritilgan. Demak, "Avesto"da zardushtiylik dinining qonun-qoidalari, ibodat vaqtida ijro etiladigan qo'shiqlari bitilgan.

"Avesto" ta'limotining asoschisi tarixda payg'ambar nomi bilan tanilgan Zardushtra (Zardust) ismli shaxs bo'lgan. Zardushtra - oltin tuyali yoki oltin tuya yetaklovchisi degan ma'noda ishlatilgan. Zardushtra otashparastlik g'oyalarini o'z hamfikrlari bilan birgalikda Katta Xorazm, Baqtriya, So'g'diyona, Eron, Ozarbayjon qisman Hindiston aholisi o'rtasida targ'ib etgan.

Beruniy keltirgan rivoyatga ko'ra, Baqtriya podshosi Vishtasp va malika Xutaosa birinchilardan bo'lib zardushtiylik e'tiqodini qabul etganlar, so'ng bu din keng yoyilgan.

"Avesto"da dunyo ezgulik va yovuzlikning doimiy kurashidan iborat, ezgulik xudosi Axuramazda (Xurmuzd) yovuzlik tangrisi Axriman ustidan g'alaba qozonishi bayon etilgan. Zardushtiylik dinida olov muqaddaslashtirilib, u insonning baxtu-saodati ramzi sifatida ulug'langan.

Zardushtiylik jamiyatda barcha odamlar tanasining rangidan, tili, urf-odatlari va yashagan joylaridan qat'i nazar, osoyishtalik bilan yorqin hayot kechirishga haqlidir, deb hisoblaydi. Bu din odamlarni jur'atli, dovyurak, yetuk insonlar bo'lishga da'vat etadi. Otashparastlikda zamin (er), suv, quyosh va xavo ilohiyat darajasiga ko'tariladi va ularni ifloslash og'ir gunoh hisoblanadi. Kitobda aytilishicha, Zardusht odamlarga murojaat qilib, yerga, tuproqqa sifatli urug'lar sepinglar, pirovard natijada o'zlaringiz har xil illatlardan va balolardan holi bo'lasizlar. Bilib qo'yinglar, ishlov berilmagan tashlandiq yerlarda turli kasalliklar, iflos narsalar va balo-qazolar paydo bo'ladi. Demak, sizlar yerga ishlov berib, unga yaxshi urug' sepib, tuproqni e'zozlasangiz har xil balolardan qutulasiz, hayotga, insonga ishonchingiz kuchayadi, yashagan joyingizga, vataningizga mehringiz oshadi, deydi. Ko'rib turibmizki, zardushtiylikda tabiatga ehtirom asosiy yo'nalish bo'lgan. Zardushtiylik diniga oid turli buyumlar, rasmlar, urf-odat asoratlari qadimgi Xorazm, So'g'd va boshqa o'lkalarda ko'plab topilgan.

Ko'pchilik tadqiqotchilarning fikricha, "Avesto"ning Vatani Amudaryo sohili, aniqrog'i qadimgi Xorazmdir. Bu asarda olingan 16 yirik hududiy-geografik nomlarning ko'pchiligi O'rta Osiyoga taalluqlidir. Bular Xorazm, So'g'd, Baqtriya yurtlari, Xisor, Pomir, Tiyonshon tog'lari, Kaspiy, Orol, Issiqko'l suv xavzalari, Amudaryo va Sirdaryolardir. Demak, bu muqaddas asarda geografiyaga oid mulohazalar ham bisyor.

"Avesto" jahon olimlari tan olgan boqiy yodgorlik, noyob tarixiy manba. U dunyoning ko'p tillariga tarjima qilingan. Kitob fransuz, ingliz, rus, nemis, fors va boshqa tillarda chop etilgan. Asarning jahon madaniyati va dinlar tarixida tutgan o'rni beqiyosdir. Shuning uchun ham 1999 yil noyabrda YUNESKO bosh konferensiyasi "Avesto" yaratilganligining 2700 yilligini dunyo miqyosida keng nishonlashga qaror qildi, 2001 yil oktabrida Xorazm zaminida "Avesto" va uning insoniyat taraqqiyotidagi o'rni mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o'tkazildi.

Ma'lumki, qadimgi zamon moddiy va ma'naviy taraqqiyoti fanda antik, ya'ni, qadimgi sivilizatsiya deb ataladi Jahonning turli mintaqalarida vujudga kelgan bunyodkorlik va taraqqiyot bora-bora umuminsoniy qadriyatlarga, madaniyatga, sivilizatsiyaga aylandi. O'zbekiston esa insoniyat sivilizatsiyasining qadimgi o'choqlaridan biri bo'lgan. Demak, o'lkamizda yashab o'tgan qadimgi odamlar jahon ravnaqiga, uning bugungi rivojiga o'zining munosib hissalarini qo'shganlar. Shu bois bugungi mustaqil O'zbekiston xalqlarida milliy g'urur bilan birga taraqqiyotga, sivilizatsiyaga intilish hissi kattadir.



Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2019
ma'muriyatiga murojaat qiling

    Bosh sahifa