2.7. Shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish prinsipi
Shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish prinsipi shaxsning daxlsizligi davlat tomonidan kafolatlanishining ifodasidir. Shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish jinoyat ishini yuritishda ishtirok etayotgan barcha organlar va mansabdor shaxslar uchun majburiydir.
Mazkur prinsip O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 13
va 26-moddalari normalariga asoslangan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplariga asoslanishi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi, hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emasligi, xuddi shuningdek hech kimda uning roziligisiz tibbiy yoki ilmiy tajribalar o‘tkazilishi mumkin emasligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy prinsiplarni jinoyat protsessining asosiy prinsiplaridan biri sifatida mustahkamlaydi.
2.8. Fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish prinsipi
Jinoyat ishini yuritishga mas’ul bo‘lgan davlat organlari va mansabdor shaxslarning protsess ishtirokchilarining huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, buzilgan huquqlarini tiklash va ularning o‘z huquqlarini biron-bir to‘siqlarsiz amalga oshirishlari uchun sharoitlar yaratish bo‘yicha majburiyatlari mazkur prinsipning mazmunini tashkil etadi.
Mazkur prinsipning normalari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 43-moddasida bayon etilgan, davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlashi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy prinsipni jinoyat protsessi prinsipi sifatida ifodalab, jinoyat protsessiga jalb etilgan har bir shaxsning huquq va erkinliklari muhofaza qilinishini kafolatlaydi.
2.9. Sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi prinsipi
Jinoyat protsessining mazkur prinsipi qonun tomonidan quyidagi tarzda tartibga solinadi: “Barcha sudlarda, davlat sirlarini qo‘riqlash manfaatlariga zid keladigan, shuningdek jinsiy jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlar ko‘riladigan hollarni istisno qilganda, jinoyat ishlari oshkora ko‘riladi” (O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi birinchi qismi).
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarning jinoyatlari to‘g‘risidagi ishlarni, shuningdek fuqarolarning shaxsiy hayotiga oid ma’lumotlarni yoki ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan ma’lumotlarni oshkor qilmaslik maqsadida jabrlanuvchining, guvohning yoki ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning, xuddi shuningdek ularning oila a’zolari yoki yaqin qarindoshlarining xavfsizligini ta’minlash taqozo etgan hollarda boshqa ishlarni ham sud tomonidan ajrim chiqarib, yopiq sud majlisida ko‘rishga yo‘l qo‘yiladi. Ushbu ishlar bo‘yicha ishning to‘liq yoki qisman yopiq sud majlisida ko‘rilishi zaruriyatiga sabab bo‘ladigan aniq holatlar mavjudligini sud har bir vaziyatda alohida aniqlaydi. Mazkur holatlar mavjudligida sud butun protsessni yoki uning alohida bir qismini “yopiq eshiklarda” o‘tkazishga nafaqat haqli, balki majbur ham.
Do'stlaringiz bilan baham: |