Vintli birikmalar. Vintli birikmalar shpilkali birikmalarga o’xshagan bo’lib, unda birikuvchi detallar vint yordamida biriktiriladi. Vintlar, ularning ishlatish joylariga qarab, birikuvchi va o’rnatuvchi turlarga bo’linadi. Biriktiruvchi vintlar ajraladigan birikmalarda ishlatiladi. Birikuvchi detallarga burab kiritish uchun vint sterjenining bir tomoniga rezba
o’yiladi. Uning ikkinchi tomoni esa silindrsimon (GOST 1491-80), yarim yumaloq (GOST 17433-80), yashirin (GOST 17475-80) va yarim yashirin (GOST 17474-80) o’yiqli (shlisali) kallaklardan iborat (12-shakl, a, b, v, g).
O’rnatish vintlari biriktiruvchi vintlardan shu bilan farq qiladiki, rezba sterjen uzunligi bo’yicha o’yiladi va ularning uchlari tekis konussimon va sfera shaklida ishlanadi. Mashina uskunalarining yig’ilishda bir detalni ikkinchi detal bilan mahkam ushlab turish uchun o’rnatish vintlari qo’ laniladi. Aylanuvchi detallar uchun kallaksiz o’yiqli vint ishlatiladi. Vintlarga mayda va yirik qadamli metrik rezba ishlatiladi.
Vintlarni belgilash biriktiruvchi vint, yirik qadamli rezba, rezba diametri d=12 mm, sterjenning uzunligi 50 mm, mustahkamlik darajasi 5,8 GOST 17 473-80 ga tegishli vint quyidagicha belgilanadi: Vint M12X5058 GOST 17 473-80.
Yarim yumaloq kallakli vint, ikkinchi bajarilishdagi, diametri 12 mm, mayda qadamli metrik rezbaning qadami 1,25 ga teng bo’lgan vint, vint 2M12X1,25 GOST 17 473-80 tarzda belgilanadi.
Texnikada ikki detalni vint (1,2) va shaybalar (3) yordamida biriktirish keng tarqalgan (13-shakl, a, b). Agar birikish yashirin kallakli va o’rnatish vintlari yordamida bajarilsa, shayba qo’yilmaydi. Agar vintning diametri (d) va uning uzunligi (l) berilsa, ular asosida qolgan o’lchamlar standartlardan aniqlanadi va vint birikmalari chiziladi. Birikuvchi detallarning biriga rezba uyasi, ikkinchisiga d0=1.1d diametrda silliq qilib teshik o’yiladi.
Vintni detal uyasiga burab kiritiladigan rezba qismining uzunligi birikuvchi detalning materialiga nisbatan quyidagicha bo’ladi: po’lat uchun L1=d, cho’yan uchun L1=1,25d va alyuminiy uchun L=2d.
Rezba uyasining chuqurligi l2=L1+6p (R – rezba qadami) bo’ladi. Quyidagi formula bo’yicha vintning uzunligi aniqlanadi:
L=B+L1+Ssh, mm
Bu yerda: B – birikuvchi detalning qalinligi; L1 – vintning rezba uyasiga buralib kiradigan qismi; Ssh – shayba qalinligi.
Masalan, vint sterjenining rezba qismi diametri M16; V=40 bo’lgan vint birikmasini chizish kerak bo’lsin. Buning uchun GOST 1491-80 dan M16 vint uchun, rezba qadami R=2 mm, o’yiqning eni n=4 mm, o’yiqning chuqurligi t=4 mm, kallakning diametri D=24 mm, kallakning balandligi K=9 mm, R=1,6 mm; GOST 6402-70 dan prujinali shaybaning diametri dsh=16,3 mm va shaybaning qalinligi Ssh=3,5 mm ekanligi aniqlanadi. So’ngra quyidagi qiymatlar hisoblab chiqiladi:
Po’lat uchun L1=d=16 mm, rezba uyasining chuqurligi L2=16+6p=28 mm; vintning uzunligi L=B1L1+Ssh=40+16+3,5=59,9 mm.
Ammo GOST 1491-80 bo’yicha vint uzunligi L=60 mm ga teng. Vint bilan birikuvchi detallar orasidagi masofa d0=1,1d=1,1 16=17,6 mm ga teng.
Shunday qilib aniqlangan o’lchamlariga ko’ra vintning birikmasi quyidagicha yoziladi: M16X60 GOST 1491-80. Agar vint kallagining diametri 12 mm dan kam bo’lsa, chizmada uning o’yig’i bitta uzluksiz yo’g’on chiziq bilan ko’rsatiladi. Vint kallagining ustdan ko’rinishida o’yiqni 45o ga burib chiziladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |