Hikoyalar turlari va ularni o’rgatishning izchilligi.
Hikoya – biron-bir fakt, voqeaning mustaqil tuzilgan keng qamrovli bayonidir. Bolalarni hikoya tuzishga o’rgatish. Hikoya tuzish – hikoya qilib berishga nisbatan ancha murakkab faoliyatdir, chunki bolalarning o’zi ushbu mavzu bo’yicha hikoya mazmuni, uning nutqiy shaklini tanlashlari, uni ketma-ket (tarbiyachi yoki o’z rejasi asosida) bayon qilishlari zarur.
Maktabgacha yoshdagi bolalar uchun hikoyalarning uchta turini ko’rsatish mumkin:
qabul qilinishiga qarab aytiladigan hikoyalar (bolaning hikoya paytida nimani ko’rayotganligi haqida hikoya);
xotira asosida hikoya qilish (bola hikoya aytish paytida nimalarni qabul qilganligi haqida hikoya);
tasavvur asosida hikoya qilish (o’ylab topilgan hikoya).
Qabul qilish va xotira asosidagi hikoyalar faktli materiallarga asoslangan bo’lib, bolalar faktlarni bayon qiladilar.
Tasavvurga asoslangan hikoyalar ijod mahsuli bo’lib, unda hikoyachi bola mavzuga qarab o’z tajribasining shaklini o’zgartiradi hamda yangi vaziyat va obrazlar yaratadi. Bitta mashg’ulotda bitta fikrda hikoyalar turlarining aralashib ketishiga yo’l qo’yish mumkin: bola o’yinchoqni tavsiflab (qabul qilish asosidagi hikoya) bo’lganidan so’ng uni qaerdan sotib olganligi yoki uni qanday qilib tuzatganini (xotira asosidagi hikoya) aytib berishi mumkin.
Yuqorida sanab o’tilgan barcha hikoyalar turlari ta’lim maqsadlaridan kelib chiqqan holda tavsiflash, bayon qilish yoki shunchaki mulohaza yuritish sifatida bajarilishi mumkin.
Masalan, tarbiyachi to’tiqushlar haqida mashg’ulot o’tkazib, bolalarga hikoya qilib berishni topshirishdan oldin to’tiqushlar haqida savollar beradi:
To’tiqushning patlari qanaqa rangda?
To’tiqush patlari uning hamma еrida bir xil ko’rinishdami? Dumi, boshidagi patlari qanday? Qayerida uzunroq, qayerida kaltaroq?
Idishga suv solib qafasga qo’yamiz, qushlar nima qiladi, cho’miladimi, uchadimi?
Qushlar qanday uchadi, bir-birining patini nega cho’qiydi, nima uchun shoxdan-shoxga qo’nadi?
Qafasning ichiga don, tuxum, tvorog, sabzi, olma solamiz.
To’tiqushlarimiz ularning qaysi birini xush ko’rib еydi?
Bu savollar vositasida bolalar qushlar bilan ishlashga o’rganadilar, savollar natijasida va kuzatishlar asosida «Men qushlarga don berdim» mavzusida hikoya tuzish topshiriladi.
So’ng 5-6 boladan hikoyani so’zlab berish so’raladi.
Zebinisoning hikoyasi hammaning diqqatini tortadi:
«Dadam menga bozordan ikkita to’ti sotib olib berdilar. To’tilar kichkina qafaschada edi. Ikkinchi kuni ini bor, chiroyli, katta qafas olib keldilar va to’tilarni unga qo’yib yubordilar. To’tilar keng qafasga kirgandan so’ng sayray boshladilar, ham yayrab o’ynay boshladilar. To’tilarning pati yashil, havorang, sariq, kulrang bo’lib, tovlanib turar edi. Ular bir-birlarining patlarini tozalay boshladilar. To’tilarning patlari bosh qismida kalta, dumida, qanotlarida uzun, kichik-kichik xolchalari ham bor. Xuddi ataylab chizilgandek.
Hikoya tugagandan so’ng tarbiyachi hikoyalarni tahlil etib, eng yaxshi tasviriy lavhalarga, parchalarga bolalar diqqatini tortadi: masalan, to’tiqushning patlari rangini Dilnoza sariq, yashil, kulrang, oq, havorang deb tasvirlaydi.
«To’tiqushlar nima uchun shoxdan-shoxga qo’nadi?» degan savolga Dilbar:
«To’tiqushlar mitti, jonsarak qushlar, o’ynashni yaxshi ko’radi», - dedi.
Sarvar esa: «To’tiqushlar don cho’qiydi, tuxumni yaxshi ko’radi, sabzi, olma bersak ham еydi. To’tilarga meva va sabzavotlar juda foydali», - deydi. Syujetli hikoyada ham biror voqea-hodisa hikoya qilinadi.
Masalan, «Bizning oila», «Mening do’stlarim», «Alla», «Do’kon», «Bizning doktor», «Mening ko’cham», «Ko’cha harakati qoidalari», «Men kim bo’lmoqchiman», «Sayrda», «Paxta terimida», «Mehrjon bayrami», «Bizning qishloq» kabi mavzulardagi hikoyalar shakl jihatidangina emas, mazmunan ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu hikoyalarni tuzishda bolalarning nimalarga e’tibor berishi tushuntiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |