Mis (Cu). Tuproqdagi misning o‘rtacha miqdori 0,02 foizni tashkil etib, asosan tuproqning gumusli gorizontlarida organik-mineral kompleks shaklida va singdirilgan holatda bo‘ladi. Misning bir qismi birlamchi va ikkilamchi minerallar tarkibiga kiradi. Tuproq kislotaliligining ortishi bilan misning harakatchanligi ham oshadi. Neytral va ishqorli tuproqlarda ko‘pincha o‘simliklar uchun mis etarli bo‘lmaydi. Tuproqdagi mis ona jins tarkibiga bog‘liq. Jumladan, Zarafshon vodiysidagi kuzatishlarga ko‘ra slanetslarning g‘ovak jinslarida granitga nisbatan mis 2-3 barobar ko‘pligi kuzatilgan (E.K.Kruglova, 1981).
Rux (Zn) tuproqning gumusli gorizontida ko‘proq to‘planadi va organik moddalar bilan murakkab birikmalar hosil qiladi. Shuningdek, rux tuproq kolloidlarida singdirilgan holda va turli minerallar tarkibida uchraydi. Rux miqdori tuproqda o‘rtacha 0,005 foizni tashkil etadi. Rux o‘simliklardagi biologik jarayonlarni kuchaytiradi va nafas olishda qatnashadigan fermentlar faoliyatini kuchaytiradi. Rux etishmasa o‘simlikdagi oqsil tez parchalanadi. Yorug‘likning kuchayishi bilan o‘simliklarning ruxga bo‘lgan talabi oshadi. O‘rta Osiyoning sug‘oriladigan yerlarida rux juda kam bo‘lib, ayniqsa sabzavot ekinlari, makkajo‘xori va mevali daraxtlar uchun rux etishmaydi. Bunday tuproqlarga rux sulfat, rux oksidi va rux qo‘shilgan o‘g‘itlar qo‘llanilganda, ekinlar hosili oshadi va uning sifati yaxshilanadi.
Bor (V). Tuproqdagi alyumosilikatlar, ayniqsa chirindi qatlamidagi organik birikmalar tarkibida bor ko‘proq to‘planadi. Tuproqdagi borning o‘rtacha miqdori 0,001 foiz atrofida. Bor elementi o‘simliklardagi uglevodlar almashinuvida va gulining changlanish jarayonida katta rol uynaydi. Bor etishmaganda changlanmagan gullar tushib ketadi va hosil ham kamayadi. O‘rta Osiyoning bo‘z tuproqlari, ayniqsa gumusi ko‘proq o‘tloq tuproqlarda harakatchan bor miqdori ancha ko‘proq. Bor etishmaydigan yerlarga bor kislotasi, bura va bor mikroelementi bilan boyitilgan o‘g‘itlar yaxshi samara beradi.
Molibden (Mo) qator minerallar tarkibiga kiradi va tuproq organik moddalarida, singdirilgan holda ham bo‘ladi. Uning tuproqdagi o‘rtacha miqdori 0,0003 foiz. Molibden kislotali tuproqlarda marganets, mis, rux va kobaltga nisbatan kam harakatchan bo‘ladi. Molibden yuqori biogen xususiyatga ega bo‘lgan mikroelement bo‘lib, dukkakli o‘simliklarda ko‘p to‘planadi. O‘simliklarda azot almashinuvida, ayniqsa azot to‘plovchi azotobakteriyalar va tuganak bakteriyalar faoliyatida muhim ahamiyatga ega. Molibden etishmasa, dukkaklilar ildizida tuganaklar hosil bo‘lmaydi. Barcha o‘simliklarga oz miqdorda bo‘lsa-da, molibden zarur. Molibden o‘simliklar hujayrasida selitrani ammoniyga aylantiradigan nitrat reduktaza fermentining tarkibiga ham kiradi. Bu ferment etishmasa oqsil moddalarning sintezlanishi pasayadi. O‘simliklarga molibden saqlovchi o‘g‘itlar qo‘llanilganda va chigit ammoniy molibdenning 0,01 foizli eritmasida namlab ekilganda, yaxshi natija beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |