O‘zA
O`zbek
05.04.2012 19:35:34
Maktabdan – kollej va litseylarga
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida maktab bitiruvchilarini ta’limning keyingi bosqichiga qamrab olish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi hamkorligida tashkil etilgan mazkur anjumanda ta’lim sohasi rahbarlari, o‘qituvchilar, amaliyotchi-psixologlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinborsari B.Doniyorov, O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi direktorining birinchi o‘rinbosari K.Jo‘raboyev va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizni izchil taraqqiy ettirishda ta’lim sohasida olib borilayotgan tub islohotlar ustuvor ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Joriy yilda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9-sinfini 560 ming nafardan ortiq o‘quvchi tamomlaydi. Ularni ta’limning keyingi bosqichiga yo‘naltirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi hamkorligida izchil ishlar bajarilmoqda.
O‘quvchilar o‘rtasida so‘rovlar va tanlovlar o‘tkazish orqali ularning muayyan sohani tanlashiga ko‘mak berilmoqda. Bu jarayonga ota-onalar ham keng jalb etilayotgani ayniqsa samarali bo‘layotir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi kasb-hunar kollejlari, akademik litseylarda “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi. Ularda 9-sinf bitiruvchilari bilan birga ularning ota-onalari, mahalla, xotin-qizlar qo‘mitalarining faollari, joylardagi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bo‘limlari mutaxassislari, o‘rta maxsus, kasb-hunar tizimi vakillari ishtirok etdi. Bilim dargohlarida o‘tkazilgan kasblar oyligi doirasida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
Maktab psixologlari ishtirokida yuqori sinf o‘quvchilarining kasbiy moyilligi va qiziqishini aniqlash uchun amaliyotda “Kasbiy moyilliklar”, “Qiziqishlar xaritasi”, “Kommunikativ va tashkiliy qobiliyatlarning dastlabki belgilari” kabi psixologik-pedagogik tashxis usullaridan keng foydalanildi. Bunda o‘quvchilarning qobiliyati, layoqati, qiziqishi, orzu-intilishlariga e’tibor qaratildi.
– Joriy o‘quv yilida maktabimizning 9-sinfini 64 nafar o‘quvchi tamomlaydi, – deydi poytaxtimizning Yakkasaroy tumanidagi 100-maktab direktori Feruza Soatova. – Ularni kasbga yo‘naltirishda o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv muassasalari bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda. Kasblar festivali, turli korxona va tashkilotlar, o‘quv dargohlariga sayohatlar yoshlardagi ixtisosliklarga bo‘lgan qiziqishning ortishida asosiy omil bo‘lmoqda.
Matbuot anjumanida maktab bitiruvchilarini ta’limning keyingi bosqichiga qamrab olish, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga oid masalalar xususida so‘z yuritildi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytarildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |