1. O‘zbekiston Respublikasida turizmni rivojlantirish siyosatining asosiy yo‘nalishlari
«Turistik siyosat» tushunchasi turizm ommaviy ijtimoiy-iqtisoiy hodisaga aylanib, iqtisodiyotda sezilarli rol o‘ynay boshlashi bilan paydo bo‘ldi.
Turistik siyosat – ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy, tashqi siyosiy, madaniy va boshqa tusdagi metodlar, ta’sirlar va tadbirlar tizimi bo‘lib, u turistik faoliyat, turistik tarmoqni boshqarish va muvofiqlashtrish, uning rivojlanishi uchun sharoitlar yaratib berishga javobgar bo‘lgan parlamentlar, hukumatlar, davlatlar, tijorat va xususiy tashkilotlar, assotsiatsiyalar va muassasalar tomonidan amalga oshiriladi.
Turistik siyosatda asosiy yo‘nalish vakolatli organlar tomonidan turizmni rivojlantirishga ongli ravishda ta’sir ko‘rsatishi hisoblanadi. U belgilangan va amalga oshiriladigan bosqichdan kelib chiqib, turistik faoliyat bilan shug‘ullanadigan davlat, mintaqaviy va alohida korxonalarning siyosatini ajratib ko‘rsatish mumkin.
Davlat turistik siyosati davlatning umumiy siyosati tizimida turistik faoliyatning o‘ziga xos qirralarini namoyon qiladi.
Mamlakatimizda turizm sohasidagi davlat siyosati O‘zbekiston Respublikasining «Turizm to‘g‘risida»gi qonundan kelib chiqib belgilanadi. Unda bu sohaning asosiy yo‘nalishlari bayon qilingan.
Turizmga davlat tomonidan ta’sir ko‘rsatilishi zarurligi jahon amaliyotiga mos tushadi. Masalan, 1989 yil aprelda qabul qilingan Turizm bo‘yicha Gaaga deklaratsiyasida shunday deyilgan:
«Turizm davlat organlari, shuningdek mintaqalar va turistik sanoat hokimiyatlari tomonidan kompleks va izchil asosda ushbu hodisaning barcha qirralarini hisobga olgan holda rejalashtirilishi kerak».
Mamlakat xalq xo‘jaligida turizm iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari kabi ahamiyatga egaligi va ilmiy-texnika taraqqiyoti va odamlarda bo‘sh vaqt ko‘payib borishi bilan milliy turistik ma’muriyatlarning huquq va majburiyatlarini ularni xalq xo‘jaligining boshqa yirik sektorlari ega bo‘lgan darajaga tenglashtira borib, kengaytirish zarur tuyuladi.
O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish siyosati – turistik faoliyatning turli jihatlariga taalluqli bo‘lgan qoidalar paketidir. Ulardan asosiylari quyidagilar hisoblanadi:
mamlakat yoki mintaqani rivojlantirishning umumiy siyosatiga mos kelish;
turizmni, turistik infratsrukturani, diqqatga sazovor joylarni, faoliyat turlarini va turistik mahsulot bozorlarining mavjud modellarini tadqiq qilish va tahlil etish asosida shakllanish;
ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik omillarni hisobga olish.
Milliy va mintaqaviy vazifalar yakka tartibdagi, guruhiy yoki shaxsiy manfaatlardan ustun turadi. Lekin umumiy siyosat shunday tuzilishni belgilab berishi kerakki, toki uning doirasida har qanday mulkchilik shaklidagi turistik korxona samarali faoliyat ko‘rsatsin.
Turistik siyosatni ishlab chiqishda quyidagi asosiy masalalar nazarda tutiladi:
iqtisodiy foydalar – daromadlarni oshirish, aholining bandligini ta’minlash, chet el valyutasini olish, davlat daromadlarini ko‘paytirish, turizmdan xalq xo‘jaligining boshqa tarmoqlarini rivojlantiruvchi katalizator sifatida foydalanish;
ijtimoiy foydalar – xorijiy turizmni madaniyatlararo almashish va rivojlantirishni rag‘batlantirish, mahalliy aholining ma’rifiy bilimlarini oshirish, ichki turizmni rivojlantirishni ta’minlash;
atrof-muhitni saqlab qolish sohasidagi vazifalarni hal qilish.
Turizm siyosatini rejalashtirishda quyidagi talablar bajariladi:
xalqaro va ichki turizmning eng maqsadga muvofiq shakllari va turlarini tanlab olish. Alohida mamlakatda yoki yirik mintaqada turizmning bir qancha shakllari va turlarini, ba’zi zonalar (rayonlar)da uning faqat bitta shaklini nazarda tutish mumkin. Lekin, shunday sharoitlarda ham sifatli turizmni, ayniqsa qabul qiluvchi markazlar va rayonlarda, rejalashtirish lozim;
turizmning turlarini bozorning rivojlanishi darajasidan qat’i nazar, turistlarning keng doriasini jalb qila oladigan va atrof-muhit hamda jamiyat bilan (hatto unchalik katta bo‘lmagan iqtiosdiy foyda holatida ham) moslasha oladigan shakllariga mo‘ljallashtirish;
rivojlanishning yo‘l qo‘yiladigan darajasiga erishish, ya’ni turizmning rivojlanishini cheklash, uni o‘rta darajada ushlab turish yoki u iqtisodiyotning muhim sektorida aylanadigan darajada rag‘batlatirish;
rivojlantirish sur’atlarini tanlab olish – sekin, o‘rta yoki jadallashtirilgan. Agar hatto turizmni tez rivojlantirish uchun barcha sharoitlar bo‘lganda ham rejalashtirishda bunday sur’atlarga to‘sqinlik qiluvchi holatlarni nazarda tutish kerak.
Buning uchun quyidagi chora-tadbirlar rejada nazarda tutilgan bo‘lishi lozim:
ijtimoiy (mahalliy aholi tomonidan faoliyatning yangi turlarini o‘zlashtirish, tegishli kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash);
qurilishga oid (turizm infrastrukturasi va ob’ektlarini rivojlantirish);
iqtisodiy (turizmni rivojlantirishni xalq xo‘jaligining boshqa sohalari bilan bog‘lash).
Turizmni rivojlantirish siyosatining barcha masalalari o‘zaro shartlangan va strukturaviy rejada nazarda tutilgan bo‘lishi shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |