86
☛
Esimni taniganimdan buyon qishlog'imiz odamlarining ataylab sayohatga chiqqanini eslay olmayman. Yoshi ulug'lar farzandi yoki nabiralari oldida maqtanmoqchi bo'lsa, viloyat markazi, nari borsa, faqatgina Toshkent shahriga borganini, ko'p mo'`jizalar ko'rgani-yu, hayratda qolganini aytishardi.
O'zbekchilikda ichki sayohat tushunchasi amalda o'zgacharoq talqin etiladi. Ya`ni, ma`lum bir sabab bilan yo'lga chiqsa, shu sayohat. Olaylik, farzandini poytaxtda o'qitish yoki o'zi bemor bo'lsa davolanish, biror hududda ishlayotgan o'g'li yoki turmushga uzatgan qizini ko'rish kabi sabablargina bizni safarga undaydi. Boisi, oilaparvarmiz: topganimizni ro'zg'or butligi, ota-ona roziligi, farzandlarimiz tarbiyasi uchun sarflaymiz. To'g'ri, istisno holatlar ham bor: kursdoshlar yoki jamoa bilan aylanish, tanishlarning to'yi, endi-endi urf bo'layotgan oilaviy safarlar kabi sayohatbop vaziyatlar ham hayotimizda uchrab turadi.
Otamning men uchun ham qadrdon bo'lib qolgan, turli yillar xotiralarini eslatuvchi albomlari bor. Unda Qarshi davlat universitetida o'qib yurgan kezlari Samarqand shahriga uyushtirilgan sayohat aks etgan rasmlar ham borki, otam hamon ajib bir zavq va sog'inch bilan o'sha safar taassurotlarini so'zlab berishni xush ko'radi.
O'zbekiston bo'ylab sayohat qil!
Yuqoridagi mulohazalar O'zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 7 fevraldagi «Ichki turizmni jadal rivojlantirishni ta`minlash chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarori sabab xayolimdan bir-bir o'ta boshladi. Angladimki, ushbu hujjat xalqimiz madaniy hayotida yangi sahifa ochdi. Turizm borasidagi ishlar, ayniqsa, o'tgan bir yil davomida ancha jadallashdi. Qator farmon va qarorlar qabul qilindi. Jumladan, Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi tashkil etilib, faoliyat yo'nalishlari aniq belgilab berildi. Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz va Qo'qon kabi qadimiy shaharlarimizda o'zi xos sayohatbop iqlim, turistlar uchun qulay sharoitlar yaratishga kirishildi.
Bu boradagi infrastruktura ham xalqaro standartlar darajasida rivojlanayapti. Soha istiqbolida yangi yo'nalishlar kashf etilib, keng qamrovli loyihalar joriy etilmoqda. Alpinizm, otda, tuyada, velosipedda sayohat qilish, off-road sayyohatlari, baliq ovi, rafting, xeliski, geoturizm, ta`lim turizmi, tibbiy turizm kabi yangi sayyohlik yo'nalishlari ommalashayapti.
Mazkur qaror ushbu islohotlar jarayonini yuqori bosqichga ko'tarish barobarida, xalqimiz manfaati yo'lidagi muhim qadamlardan bo'ldi. Bu aholining sayohatlarga bo'lgan qiziqishini oshirib, madaniy hayotda ko'plab yorqin sahifalar ochilishiga, odamlarning yashashdan zavq tuyishiga olib keladi. Qarorga muvofiq tasdiqlangan «O'zbekiston bo'ylab sayohat qil!» ichki turizmni rivojlantirish dasturini amalga oshirish bo'yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi muhim o'rin tutishi, shubhasiz. Reja ijrosini muvofiqlashtirish Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi, mahalliy hokimiyatlar qatori Kasaba uyushmalari Federasiyasi, O'zbekiston yoshlar ittifoqi, Xotin-qizlar qo'mitasi, «Mahalla» xayriya jamoat fondi hamda O'zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo'llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg'armasi kabi xalqqa yaqin, ularning turli toifalarini qamrab oluvchi jamoat tashkilotlari zimmasiga yuklangani ham bejiz emas.
— Qarorga ko'ra, jamoa shartnomalariga rag'batlantirish chorasi sifatida davlat organlari va boshqa tashkilotlarning byudjetdan tashqari mablag'lari hisobiga o'z xodimlarining kamida 10 foizini oila a`zolari bilan birgalikda har yili dam olishga (ichki turizmga) yuborishni nazarda tutadigan jamoaviy va oilaviy dam olishini tashkil qilish normasi kiritilishi belgilandi, — deydi O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi Kengashi bo'lim mudiri Mahmudjon Isaev. — Bundan tashqari, xodimlarga mehnat qonunchiligiga muvofiq ular uchun qulay bo'lgan vaqtda sayohat qilish va dam olish uchun ta`tilning foydalanilmay qolgan qismi hisobidan ham dam olish kunlari berish ko'zda tutilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |