Birinchi tamoyil – iqtisodiyotning siyosatga nisbatan ustuvorligini ta’minlash. Bu qoida iqtisodiy faoliyat ijtimoiy hayotning barcha sohalari uchun poydevor vazifasini o‘tashini, ya’ni O‘zbekistonda iqtisodiyot ijtimoiy taraqqiyotning asosi bo‘lishini anglatadi. Tamoyilda iqtisodiyotning o‘ziga xos ob’ektiv qonunlari mavjudligi, ularni e’tiborga olmasdan ish yuritish mumkin emasligi aks etgan. Iqtisodiy qonunlarning ob’ektivligini tan olib, xo‘jalik faoliyatini ular talabiga mos holda yuritish – o‘tish davri uchun muhim ahamiyatga ega ekanligi qayd etilgan. Iqtisodiyot o‘z qonunlariga ega bo‘lgani sababli uni siyosiy kurashlar, turli mafkuralar qurboniga aylantirish mumkin emas. Iqtisodiyot mafkuraviy tazyiqlarsiz o‘ziga xos ichki qonunlarga muvofiq rivojlanishi lozim. Biroq, bu iqtisodiyotga siyosat ta’siridan tamomila holi deb qarashni bildirmaydi. O‘zbekistondagi taraqqiyot zaruratidan kelib chiqqan siyosat iqtisodiyotga faol ta’sir qilishi lozim bo‘ladi.
Ikkinchi tamoyil – davlat bosh islohotchi bo‘lishi lozim. Davlat islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berishi, ularni amalga oshirish yo‘lini ishlab chiqishi va unga izchillik bilan rioya etishi, eskilik tarafdorlari qarshiligini bartaraf etishi shart. Bu qoida madaniy bozor iqtisodiyoti konsepsiyasiga tayanadi. O‘zbekiston mustabid-rejali, ma’muriy-buyruqbozlik uslubida boshqarilgan iqtisodiyotdan erkin demokratik iqtisodiyot tomon borar ekan, G‘arb mamlakatlari asrlar davomida boshidan kechirgan tarixiy jarayonni o‘tashi shart emas. G‘arbda “beayov va tartibsiz” bozor iqtisodiyoti “yovvoyi kapitalizm” nomini olgan va uzoq davr amalda bo‘lgan.
O‘zbekistonda esa madaniy bozor iqtisodiyotiga tartibli ravishda o‘tish madaniy raqobatni shakllantirishi, sheriklik aloqalari, iqtisodiy barqarorlikning ustun bo‘lishi, ommaviy farovonlik kabi belgilarga xos bo‘lishi kerakki, ularni davlatning ishtirokisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ikkinchi tamoyil davlat iqtisodiyotga minimal darajada aralashib, uni o‘z holiga qo‘yishi zarur, degan g‘oyalarni inkor etadi va davlatning bu borada faolligini bildiradi. Jahonda davlatning iqtisodiy sohadagi funksiyasiga oid to‘plangan tajriba demokratik jamiyatda davlatdan o‘zga umummilliy manfaatni ifodalovchi siyosiy institut bo‘lmasligini ko‘rsatdi.
Uchinchi tamoyil – qonunlarning va ularga rioya qilishning ustuvorligini ta’minlash. Buning ma’nosi shuki, demokratik yo‘l bilan qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarini hech qanday istisnosiz hamma hurmat qilishi va ularga so‘zsiz rioya qilishi lozim. Bu tamoyilga ko‘ra, qonunlar siyosiy hokimiyatni ta’minlovchi kuch, ularga jamiyat a’zolarini yuridik qonunlarga bo‘ysundiruvchi mexanizm sifatida qaraladi. Qonunlar va qonun osti hujjatlar barchaning faoliyatiga tegishli, ammo ular ham eskiradi, ularni hayot taqozosiga ko‘ra yangi qonunlarbilan almashtirish zarur, ya’ni qonunchilikka ijodiy yondoshuv talab qilinadi. Iqtisodiy hayotga xos bo‘lgan o‘zgaruvchanlik yuridik qonunlarni ham o‘zgartirib borishni talab qiladi. Uchinchi tamoyil talablari yangicha qonunchilikni yaratishni taqozo etadiki, bu birinchidan, O‘zbekistonning milliy mustaqilligini, ikkinchidan, bozor islohotlarini amalga oshirish uchun huquqiy baza yaratadi. Uchinchi tamoyil siyosiy tizimning bozor iqtisodiyoti talablariga monand tarzda demokratlashuvini bildiradi. Bu tizim sharoitida inson huquqlari, erki, farovonligini ta’minlash bosh vazifaga aylanadi.
To‘rtinchi tamoyil – faol ijtimoiy siyosat o‘tkazish. O‘zbekistonda bozor munosabatlarini joriy etish bilan bir vaqtda, aholining demografik holatini hisobga olgan holda,uni ijtimoiy himoyalash yuzasidan oldindan ta’sirchan choralar ko‘rish lozim bo‘ladi. Bu tamoyil iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarning dialektik aloqadorligiga tayanga holda sotsial siyosat yuritish zarurligini asoslaydi. O‘zbekistonning iqtisodiy taraqqiyoti ijtimoiy sohaning moddiy bazasini mustahkamlashi, ijtimoiy sohaning rivojlanishi esa inson omilini faollashtirib, iqtisodiyotga kuchli ta’sir ko‘rsatishi zarur. Ikki sohaning dialektik aloqadorligi ishlab chiqarishning moddiy va insoniy omillari yaxlitligidan kelib chiqadi. O‘zbekistonning bozor iqtisodiyotiga o‘tish modeli bozor iqtisodiyotidagi ijtimoiy yo‘naltirilgan, xalq farovonligini ta’minlashga qaratilgan bozor xo‘jaligi bo‘lishini anglatadi. Shu maqsad yo‘lida yuritiladigan ijtimoiy siyosatning kuchliligi ijtimoiy adolatni ta’minlashi, kishilarda boqimandalik kayfiyatini bartaraf etishi va ularda faollikni yuzaga keltirish bilan jamiyatdagi sotsial inoqlikni, sotsial guruhlar o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashni bildiradi. Bu siyosat inson omilini kuchaytirib shu orqali iqtisodiy taraqqiyotga kuchli ta’sir etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |