41
4-mavzu. O‘zbek xalqining etnik shakllanishi.
1
Etnogenez va uni o‘rganish masalalari
Hozirgi kunga kelib, Respublikamizda milliy-ma’naviy qadriyatlarni tiklash va
rivojlantirish, milliy mafkura g‘oyalarini fuqorolarimiz ongiga yanada chuqurroq singdirish
va yanada teran anglatish kuchayib, O‘zbekiston xalqlarining o‘z o‘tmish va kelib chiqishiga
qiziqishi ortib bormoqda. Xususan, o‘zbek xalqining etnik tarixi, uning xalq sifatida
shakillanishi masalalari dolzarb ekanligi yurtboshimiz I.A.Karimovning “Tarixiy xotirasiz
kelajak yo‘q“ asarida (1998) har tomonlama asoslab berildi. Bu yo‘nalishda tarixchilarimiz
oldiga yechimi hayotiy zarur bo‘lgan vazifalar qo‘yildi. Jumladan, yurtboshimiz
ta’kidlaganidek, “Movaraunnahr sarhadlariga uzoq tariximiz davomida ne-ne bosqinchilar
kirib kelmagan, ko‘p yillar, balki, asrlar davomida yutrimizda ne-ne o‘zga sulolalar
hukmronlik qilmagan deysiz... Erondan Ahmoniylar, Yunonistondan Aleksandr keldi,
Arabistondan Qutayba, Mug‘ulistondan Chingizxon keldi, rus istilochilari keldi. Lekin xalq
qoldiku?..., ana shunday har tomonlama mudhish, chetdan qaraganda xalqimiz, uning
madaniyati, milliy tafakkuri, urf-odatlari, turmush tarzi, hech bir mubolag‘asiz aytish
mumkinki, nasl-nasabi yo‘q bo‘lib ketishi kerak bo‘lgan sharoitda baribir, qator yo‘qotishlar
bilan bo‘lsa ham, millatimiz o‘zligini saqlab qololdimi, yo yo‘qmi? Olimlarimiz ana shu
savolga javob bersinlar”.
Etnogenez yoki birorta xalqning kelib chiqish tarixi masalalari tarix fanining
yutuqlari bilan chambarchas bog‘liqligi ko‘pchilik tadqiqotchilar tomonidan e’tirof etilgani
ma’lum. Ammo, tarix fanining boshqa yo‘nalishlariga (arxeologiya, etnografiya, antropoliya
va bosh.) nisbatan o‘zbek xalqi etnogenezi hamon jiddiy tadqiqotlar talab etadi. Etnogenez
va etnik tarix masalalari tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, bu yo‘nalishdagi ayrim
kuzatishlarni yunon, xitoy, rim, arab, eroniy va turkiy tillarda yozilgan qadimgi hamda o‘rta
asr mualliflari va sayyohlari asarlarida uchratish mumkin. Ular o‘z asarlarida xalqlarning
tashqi qiyofasidagi umumiylik, ba’zi urf-odatlarning yaqinligi va tillarning o‘xshashligini
ta’kidlaganlar. Ammo ular bu jarayonlarning asl sabablarini ochib bera olmaganlar. XIX-XX
asr boshlarida olib borilgan tadqiqotlar nisbatan samarali bo‘lishiga qaramay, bu tadqiqotlar
ham xalqlarning etnik kelib chiqishi, madaniyati va tillaridagi o‘xshashlik sabablari va
mohiyatini to‘la ochib bera olmadi.
So‘nggi 20-25 yil ichida Respublikamiz hududlarida olib borilgan arxeologik,
antropologik va etnografik tadqiqotlar natijalarini umumlashtirgan antropolog olim T.Q.
Xo‘jayov har bir xalqning etnogenezini o‘rganishda quyidagi tamoyillarga asosiy e’tibor
berishni taklif etadi:
1) biror xalqning kelib chiqishi tarixi ko‘p qirralik jarayon bo‘lib, u o‘z ichiga shu
xalqning madaniyati va ijtimoiy tuzilmasi, uning biologik xususiyatlari, o‘zining jamiyatda
tutgan o‘rnini tushunish, tili va o‘zligini tanishni qamrab oladi;
2) etnogenez masalasiga bir tomonlama qarab, uni soddalashtirish bilan chegaralanib
qolmasdan, shu xalqning kelib chiqish tarixida ma’lum ahamiyat kasb etgan barcha tarkibiy
qismlar ham e’tiborga olinishi shart;
3) etnogenez murakkab va uzoq davom etgan jarayon. Binobarin, bu jarayonni
bosqichma-bosqich tiklash maqsadga muvofiqdir.
Shuningdek, A.A. Asqarov o‘zbek xalqi etnogeneziga bag‘ishlangan so‘nggi
yillardagi (2002-y.) ishlaridan birida har bir xalq etnogenezi va etnik tarixini o‘rganishda
quyidagi nazariy va ilmiy metodologik tamoyillarga amal qilish talab etilishini ta’kidlaydi:
-
birinchidan, etnogenez va etnik tarixni o‘rganishda tadqiqotchi birinchi navbatda
o‘rgananyotgan xalq etnogenezisi qachondan boshlanganligini aniqlab olmog‘i
1
Ushbu mavzuni tayyorlashda K.SH.Shoniyozovning yangi chop etilgan ma’lumotlaridan foydalanildi.
42
kerak. Chunki etnos faqat kishilik jamiyati taraqqiyotining ma’lum bir
bosqichida paydo bo‘ladi. Etnogenezning boshlang‘ich nuqtasi esa etnosning
qadim zamonlarda yashagan «ajdodlariga» borib taqaladi. Bu jarayon mil.avv. II
ming yillik oxirlarida yuz berdi.
-
Ikkinchidan, etnos bu biologik hosila emas, balki ijtimoiy hodisadir. U kishilik
taraqqiyoti ma’lum bir bosqichining hosilasidir. Etnos o‘zining shakllanish
jarayonida bir xil sabablarga ko‘ra uning tarkibiga yangidan-yangi etnik
qatlamlar qo‘shilib boradi. Yer yuzining barcha xalqlari kelib chiqishi jihatidan
ko‘p etnik qatlamlidir. Darhaqiqat, o‘zbek xalqi etnogenezining ilk
bosqichlaridan, to xalq sifatida shakllanib bo‘lguniga qadar uning asosiy
tarkibini tashkil etgan mahalliy (avtoxton) so‘g‘du-xorazmiy va qadimgi
turkiyzabon qatlamlardan tashqari o‘ziga turli davrda har xil miqdorda mahalliy
va tevarak atroflardan kelib qo‘shilgan etnik guruhlarni singdirib yubordi.
-
Uchinchidan, har bir xalqning etnik tarixini o‘rganish, etnik birlikning
shakllanish jarayonini ilk bosqichidan boshlashni taqozo etadi. Chunki etnik
birlikning paydo bo‘lishi, rivojlanishi va uning etnosga aylanishi juda qadim-
qadimgi zamonlardan boshlanib hozirgi kungacha davom etayotgan butun bir
tarixiy jarayondir.
-
To‘rtinchidan, har bir xalqning etnik tarixi bilan shug‘ullanganda nafaqat etnik
birlikning boshlang‘ich jarayonini, balki uning keyingi davrlarini, unga xos
muhim etnik belgi va alomatlarni aniqlab, o‘rganib borish talab etiladi.
-
Beshinchidan, etnogenetik jarayonni o‘rganishda masalaga har tomonlama
yondoshish, ya’ni etnogenezga aloqador fan yutuqlaridan foydalanish muammo
yechimiga obyektiv ilmiylik bag‘ishlaydi. Etnogenez muammolarini hal etishda
foydalanilayotgan birlamchi manbalarning nisbati va xususiyatini bilish
muhimdir. Bu manbalar antropologiya, arxeologiya, etnografiya, yozma
yodgorliklar, tilshunoslik, epigrafika va boshqalardir.
Yuqoridagi tamoyillarga to‘la rioya qilingan holdagina, ayrim xalq etnogeneziga oid
muammolarni ilmiy nuqtai nazardan mukammal va har tomonlama ochib berish imkoniyati
paydo bo‘ladi. Ammo O‘rta Osiyoda, xususan O‘zbekiston hududlarida qadimgi davrlardan
sodir bo‘lib kelayotgan etnik jarayonlarni har tomonlama yoritishdan avval ayrim fanlar
sohasida qo‘lga kiritilgan yutuqlarni oxiriga yetkazish bilan undan boshqa soha
mutaxassislari ham foydalanishi mumkin bo‘lgan darajasiga chiqarish maqsadga muvofiqdir.
So‘nggi yillardagi arxeologik izlanishlar qadimgi aholining moddiy va ma’naviy madaniyati,
uning turmush tarzi, uy-ro‘zg‘or ashyolari, an’anaviy xo‘jaligi va boshqalar haqida muhim
ma’lumotlar olish imkonini berdi. Bu jarayon esa yangi antropologik ma’lumotlar to‘plash
va ularni tahlil etishga asos bo‘ldi.
Etnogenez jarayoni turli xalqlarning ajdodlari tarixidan boshlanadi. O‘zbek xalqi
ajdodlarining tarixi juda katta tarixiy davrni o‘z ichiga oladi. Uzoq tarixiy taraqqiyot yo‘lida
ajdodlarimiz murakkab etnogenez jarayonlarini boshdan kechirganlar. Bu jarayonlar
antropologik qiyofalar, qabilalar, xalqlar va elatlarning aralashib ketishi, madaniy
an’analarning qo‘shilib yangi asosda rivojlanishi bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan.
Tarixiy adabiyotlardan bizga ma’lumki, fanning ko‘pgina tarmoqlariga, jumladan,
xalqlar haqidagi fanga bundan 2-2,5 ming yil ilgari qadimgi Yunonistonda asos solingan.
Shuning uchun ham zamonaviy fanda yunon tilidan olingan so‘zlar ko‘p uchraydi. Bunday
so‘zlarni xalqlar haqidagi fanlarda ham uchratish mumkin. Qadimgi yunonlarda “xalq“
tushunchasini ifodalovchi bir necha so‘zlar bo‘lgan. Shulardan biri “demos” bo‘lib, bu so‘z
orqali aholining asosiy qismi tushunilgan (mas. “demokratiya”-”xalq hokimiyati”,
“demografiya”- ”xalqlarni ta’riflash” va boshq.). Shunday so‘zlardan yana biri “etnos”
bo‘lib, aynan tarjimasi “xalq“ demakdir. Etnografik tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, har qanday
43
etnos o‘z shakllanishining dastlabki pallasida bir-biri bilan iqtisodiy jihatdan o‘zaro bog‘liq
odamlar jamoasidan iborat bo‘ladi.
Ayrim etnoslarni bir-biridan farqlovchi muhim belgilaridan biri bu madaniy
xususiyatlardir. Bu xususiyatlarni har bir xalq o‘z tarixiy-madaniy rivojlanish jarayonida
o‘zlashtiradi va avloddan avlodga qoldiradi. Fanda bu jarayon “etnik an’analar” deyiladi.
Bunday an’analar har bir xalqning ijtimoiy-iqtisodiy va tabiiy geografik shart-sharoitlari
bilan bog‘liq bo‘lgan u yoki bu tarixiy davrlarda shakllanadi. Etnosni qisqacha qilib,
uyushgan til-madaniy jamoasi deyish mumkin. Ilmiy adabiyotlarda “etnik jamoa” degan so‘z
ham ko‘p ishlatiladi. Faqatgina alohida xalqlarni emas, balki ularning kelib chiqishida
qarindoshchiligi bo‘lgan guruhlarni ham etnik jamoa deb atash mumkin.
Tadqiqotchilarning fikricha, qarindosh-urug‘chilik etnik jamoalari asta-sekinlik bilan
urug‘ jamoalariga aylanib boradi. Urug‘-birga yashab, hamkorlikda mehnat qilgan
qarindoshlar uyushmasi bo‘lib, ma’lum xalqlarning etnik shakllanishidagi dastlabki
bosqichlardan biri sifatida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |