7.4. Qon aylanishining boshqarilishi. Tanada qon aylanish nerv va gumoral yo‘llar bilan idora qilinib turiladi. Qon aylanishining nerv yo‘li bilan idora qilinishi adashgan nerv va simpatik tola shoxchalari ishtirokida amalga oshiriladi. Simpatik nerv tolasining qo‘zg‘alishida yurak urishi tezlashib, uning faoliyati kuchayadi. Bu tolalar markazi 1-5 orqa miya segmentida joylashgan. Adashgan nerv uzunchoq miyadan boshlanib, u yurak ishiga tormozlovchi ta’sir ko‘rsatadi. Nerv tolalaridan yurakka impulslarning berilishi mediatorlar orqali bo‘ladi. Simpatik tola uchida noradrenalin hosil bo‘lsa, adashgan nerv tolalari uchida atsetilxolin hosil bo‘ladi. Yurak faoliyati reflektor ravishda idora qilib turiladi.
Yurak ishining gumoral boshqarilishi deganda, yurakka qondagi gormonlar va ba’zi moddalar ta’siri tushuniladi. Buyrak usti bezidan ajraladigan adrenalin va noradrenalin gormonlari yurak urishini tezlashtiradi va kuchaytiradi. Qon tarkibida kaliy ionlarining ko‘payishi tufayli yurak urishi sekinlashib qoladi. Qalsiy ioni ko‘payganda esa teskari holat ro‘y beradi (yurak urishi tezlashadi). YUrak tomirlar tizimining o‘z o‘zini boshqarishida ishtirok etuvchi tomirli refleksogen zonalarning retseptorlari tomirlarda qon bosimi ko‘tarilganda qo‘zg‘aladi, shu sababli ularni baroretseptorlar yoki pressoretseptorlar deb yuritiladi.7 Hozirgi ma’lumotlarga ko‘ra, qon tomirlari va yurak faoliyatiga ta’sir etuvchi markazlar gipotalamusdagi ba’zi markazlarga bo‘ysunadi va ular ustidan umumiy nazoratni miya pustlog‘ida joylashgan shartli markazlar olib boradi. Qon tarkibidagi karbonat angidrid tomirlarni toraytiradi va nafas olishni tezlashtiradi. Qon tarkibidagi adrenalin tomirlarning torayishiga olib kelishi mumkin. Gipofizning orqa qismidan ishlab chiqariladigan vazopressin ham o‘z navbatida qon tomirlarni toraytiradi. Qon tomirlarni kengaytiradigan kimyoviy moddalarga atsetilxolin va gistaminlar kiradi. Demak, organizmda qon aylanishi nerv va gumoral mexanizmlar yordamida idora qilib turiladi.
Yurak – tomir tizimining gigienasi jismoniy tarbiya bilan bog‘liq. Muntazam jismoniy mashq va harakat bilan shug‘ullanadigan bolalarda har qanday ruhiy va jismoniy yuklamaga yurakning ishi o‘zgaradi. YUrak-tomir tizimini chiniqishda yurish va yugurishlardan boshlash kerak. Har kuni maktab o‘quvchisi kun tartibiga 4-8 km yurishini kiritish lozim. Qilinadigan harakatlar yoshiga, jinsiga, sog‘liqning holatiga to‘g‘ri kelishlari zarur. Kun tartibiga rioya qilish, aqliy va jismoniy ishni almashtirib turish, kelgusi ishlarni to‘g‘ri rejalashtirish va ularni amalga oshirish yurak –tomir tiziminining me’yorida ishlashini ta’minlaydi.