dedi. Eshik oldida ich kiyimdagi Alimardonning gavdasi ko’rindi. - Odamning yuragini yorib yuboray dedingiz! – Muqaddam erkalash ohangiga to’lgan ovoz bilan Alimardonni koyidi. Keyin jilmayib Shavkatni baland ko’tardi. – Mana, bizlar keldik... U Alimardonning chehrasiga qaradi-yu, qo’rqib ketdi. Erining turqi shu topda dahshatli bo’lib ketgandi. Uning rangi quv o’chgan, negadir titrar, ko’zlarining qorachig’i kichrayib, dum-dumaloq bo’lib qolgandi. Nihoyat, uning tili kalimaga keldi: - Muqad... ASARDAGI YECHIM Menimcha, qizning oʻzida ham ayb bor, unda qatʼiyat yetishmaydi. U ehtirosli qiz va har doim yigit kishining keskinroq harakat qilishini, erkalashini istaydi. Muqaddam oxir-oqibatda vujudidagi mana shu istakning qurboni boʻldi. Negaki, Anvardan kuta-kuta shu paytgacha “ololmagan narsalar”ni birinchi uchrashganidayoq Alimardondan oldi. Shuning uchun uning harakatlariga qarshi qattiq qarshilik koʻrsatmayotgandek koʻrindi menga. Agar istamasa, endigina kasaldan turayotgan Alimardonga boʻy bermasdi. Chunki muallifning taʼkidlashicha, “Muqaddam kuchli edi”. Xullas, Muqaddamning Alimardon bilan olishuvi tasvirlangan epizodni oʻqib turib, avvalo, Muqaddamning oʻzida istak, xayrixohlik bor ekan-da, deb oʻyladim. Axir, bundan qaltisroq vaziyatlarda Gavhar (“Shamol esaveradi” qissasi qahramoni), Robiya (“Ikki eshik orasi” romani) singari qizlar qutulib ketadi-ku! Vaholanki, ularga hujum qilgan erkaklar Alimardondan kuchliroq, makon esa qoʻrqinchliroq edi. Ehtimol men yanglishayotgandirman? Yozuvchining oʻz gʻoyaviy niyati bordir (yuqoridagi qaldirgʻoch detali singari). Yoki bu muallifning xohish-istagiga boʻysundirilganmi? - Yuqoridagi holatlarni hisobga olib, men ham bu voqeada koʻproq Muqaddam aybdor deb bilaman. Agar qiz bola xohlamasa, erkak kishi uni urib, behush qilib, keyingina oʻz “murod”iga yetishi mumkin. Negaki ayol kishining vujudida, aytish mumkinki, ruhiyatida oʻz nomusini himoya qilish instinkti va shunga loyiq kuch boʻladi. Adib buni bilmasligi mumkin emas. Siz aytayotgan “Shamol esaveradi”, “Ikki eshik orasi” asarlarida ham shunga oʻxshash holatlar tasviri bor. Talʼat bilan olishayotgan yosh qizaloq Gavhar, xastalikdan yangi turgan, bemajol Robiya hirsdek kuchli Umar zakunchi changalidan qanday qilib chiqib ketdi? Gap shundaki, Gavharning koʻz oʻngida sevgilisi Mansur, Robiya xayolida Kimsan akasi turar edi. Ularda sadoqat bor edi. Bu ularga kuch bagʻishladi. Muqaddam biron marta Anvarni eslab qoʻydimi? Aksincha, badaniga erkak qoʻli tegib, dimogʻiga hidi urilgan Muqaddam koʻpdan kutgan narsasiga yetgandek birdan boʻshashib, jimib qoladi. Gavhar bilan Robiya kuchi boricha qarshilik koʻrsatsa, Muqaddamning qoʻllari bir ozdan soʻng yigitning yuzlarini silay boshlaydi. Muqaddam xarakteridagi bu ojizlik uning bir umr bebaxt boʻlishiga olib keldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |