G. Kirshenshteynerning pedagogik nazariyasi maktablarda bolalarning sust qabul qilishidan faol harakatdagi ehtiyojlarini ijodiy amalga oshirishga, ijodga ko‘ra isloh qilish g‘oyasiga asoslanadi. Kirshenshteynerning ijtimoiy-pedagogik qarashlarining asosini bolalarni jamiyatda har tomonlama tayyorlash uchun mehnat maktablarini yaratish, hamkorlik malakalarini rivojlantirish, davlat manfaatiga xizmat qiluvchi bolalarning fuqarolik tarbiyasini amalga oshirish kerakligi tashkil etadi.
Jon Dyui pragmatik pedagogika asoschisi hisoblanadi. Amaliy natija hamda biznesda muvaffaqiyatga erishish mazkur pedagogikaning oliy qadriyatlari hisoblanadi. Jon D’yui xizmatlari shundaki, u maktab bilan hayotning aloqasi, ta’limning individuallashuvi kabi ijtimoiy psixologik g‘oyalarga murojaat qilganidadir.
Hozirgacha turli davlat olimlari o‘rtasida ijtimoiy pedagogikaning boshqa pedagogik fanlar orasidagi o‘rni borasida “Bu mustaqil fan bo‘la oladimi yoki faqatgina yosh guruhlarini o‘rganish bilan cheklanadigan pedagogikaning bir sohasi bo‘lib qolaveradimi?”, degan masalada bahs-munozaralar davom etmoqda.
Bu bahslar, yangi fan tushunchasining shakllanmaganligi ijtimoiy pedagogika mohiyatini inkor etuvchi ba’zi pedagoglar nazariyalarida paydo bo‘lgan. Masalan G Noll va G Boymer (1920-1930 y.) ijtimoiy pedagogikani bolalarga yordam berish va voyaga yetmagan huquqbuzarlarning profilaktikasi, deb tushunishgan.
Ijtimoiy pedagogikaning mohiyatini nemis olimi Paul Natorp(XX asrning 20-yillari) umuman boshqacha ta’riflagan. U ijtimoiy pyedagogika xalqning madaniy va axloqiy darajasini ko‘tarish maqsadida jamiyatning barcha tarbiyaviy kuchlarini yaqinlashtirish muammosini tadqiq etadi, deb hisoblagan. Bunaqa tushunish yangi davrning buyurtmasiga ko‘proq mos kelgan va ijtimoiy pedagogika insonni hayoti davomida tarbiyalash haqidagi bilim sohasi ekanligini tasdiqlagan.
XVIII asrning 60-yillarida ijtimoiy pedagogika huquqbuzarlik sodir etgan bolalarga yordam berish, bolalar uylarida tarbiyaviy ishlarni olib borish, ijtimoiy pedagogik faoliyat olib boruvchi mutaxassislarni tayyorlash kabi masalalarni o‘z ichiga qamrab oladi. Xususan, XX asrning 70-yillaridan boshlab Germaniyada oliy ma’lumotli ijtimoiy pedagoglar tayyorlana boshlangan.
XX asrning ikkinchi yarmiga kelib ijtimoiy pedagogik muammolarning global darajaga yetganiga BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1959 yilning 20 noyabrida va 1989 yilning 20 noyabrida qabul qilingan «Bola huquqlari Deklarasiyasi» guvohlik beradi. Unda alohida e’tibor yetimlarning ijtimoiy himoyasiga, ko‘p bolali va kam ta’minlangan oilalar bolalariga ijtimoiy yordam ko‘rsatilishiga va boshqa bir qator muammolarni hal qilishga qaratilgan.
O‘zbekistonda ijtimoiy pedagogikaning an’ana va tamoyillarini tiklanishi murakkab sharoitlarda amalga oshmoqda. Davlat ta’lim standartlarini va darsliklarni yaratish, mugaxassislar tayyorlash, o‘quv rejalari va dasturlarni tuzish mavjud tajriba va chet el mutaxassislari bilan yaqin hamkorlik asosida amalga oshirilishi kerak. Chunki Germaniya, Angliya, AQSH kabi davlatlarda boy ijtimoiy pedagogik tajriba mavjud.