Og‘ish turlari. Me’yordan chetga chiqishni shartli ravishda to‘rt guruhga ajratsak bo‘ladi: jismoniy, ruhiy, pedagogik va ijtimoiy. Quyida ularga batafsil to‘xtalib o‘tamiz.
Me’yordan jismoniy og‘ish, avvalambor, inson sog‘ligiga bog‘liq. Sog‘liqdagi og‘ish irsiy omillar yoki biror-bir tashqi holatlar og‘ir ekologik vaziyat, ichimlik suvining sifatsizligi, oila hayoti darajasining pastligi va boshqalar asosida yuzaga kelishi mumkin.
Sog‘ligida va rivojlanishida og‘ishga moyillarning xilma xil tasniflari mavjud. Umumjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 1980 yilda cheklangan imkoniyatlarning uch bo‘g‘ini shkalasining britancha variantini qabul qildi:
1) kasallik, xastalik-ruhiy yoki fiziologik funksiyalar, anatomik struktura unsurlarini har qanday yo‘qotish yoki ularning anomaliyasi;
2) cheklangan imkoniyat - inson uchun norma hisoblangan chegarada biror-bir faoliyatni bajarish qobiliyatini yo‘qotish yoki cheklab qo‘yish;
3) nogironlik yosh, jins yoki ijtimoiy omillardan kelib chiqib, insonning biron-bir faoliyatni bajarishini cheklovchi yoki unga to‘sqinlik qiluvchi cheklangan imkoniyat.
Gʻarb davlatlarida “imkoniyatlari cheklangan shaxs” tushunchasi mavjud. Ularga ta’lim standartlarini o‘zlashtirishga to‘sqinlik qiluvchi jismoniy yoki ruhiy kamchiliklarga ega bo‘lgan bolalar kiradi. Shuningdek, “nuqson” tushunchasi ham mavjud bo‘lib, uning to‘rt turi: ruhiy, jismoniy, murakkab va og‘ir turlari mavjud.
Jismoniy nuqsonlarga inson organining faoliyat yurgizishiga yoki rivojlanishiga halaqit beradigan doimiy yoki vaqtinchalik kamchiliklar, shuningdek, har qanday somatik yoki yuqumli xastaliklar kiradi.
Ruhiy nuqsonlarga insonning ruhiy rivojlanishidagi doimiy yoki vaqtinchalik kamchilik kiradi. Bularga nutq va miya faoliyatining, shuningdek, aqliy rivojlanishning buzilishlari xosdir.
Murakkab nuqson belgilangan tartibda tasdiqlangan jismoniy va ruhiy kamchiliklarni o‘zida mujassam etadi.
Og‘ir nuqson belgilangan tartibda tasdiklangan shunday nuqsonki, bu nuqson mavjud bo‘lgan holatda davlat ta’lim standartlariga mos ravishda ta’lim olishning iloji umuman bo‘lmaydi.
Bola jismoniy rivojlanishidagi og‘ishlarga kasallik, ko‘rish, eshitish qobiliyatlarining buzilishlari kiradi. Ruhiy og‘ishlar, avvalambor, bolaning aqliy rivojlanishi hamda ruhiy nuqsonlariga bog‘liqdir. Bu turdagi og‘ishlarga ruhiy rivojlanishning to‘xtab qolishi va oqibatda, bolalarning aqliy jihatdan ortda qolishi kiradi. Aqliy qoloqlik asab tizimining tug‘ma nuqsonlari yoki jarohati asosida paydo bo‘ladi. Bolalarda aqliy qoloqlik turli darajada yengil aqliy zaiflikdan, chuqur-tentaklikkacha namoyon bo‘ladi. Ruhiy og‘ishlarga turli darajadagi nutq buzilishlari ham kiradi. Ruhiy og‘ishlarning yana bir turi emosional-irodaviy sohadagi faoliyatning buzilishidir. Bu og‘ish turining eng og‘ir shakllari deb autizm (yunoncha au1oz-o‘zim) - muloqotga ehtiyoj sezmaslik va suisid (o‘z-o‘zini o‘ldirish) kabilarni keltirish mumkin.
Bolalarning o‘ta iqtidorliligi alohida og‘ish turi hisoblanadi. Bu biror-bir faoliyatni muvaffaqiyatli bajarilishini ta’minlab beruvchi qobiliyatlarning o‘ziga xos uyg‘unligidir. Iqtidorlilik darajasi nafaqat qobiliyatlarga qarab, balki faoliyat mahsullari tavsifga qarab ham belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |